French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston sanoatida gidroagregatlar milliy brendi yaratilmoqda (+video)
17:32 / 2025-08-22

Mamlakatimizda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan samarali foydalanish orqali iqtisodiy o‘sish va ekologik barqarorlikka erishish ustuvor yo‘nalishga aylandi. Bu jarayonda gidroenergetika tarmog‘i muhim o‘rin egallaydi.

Shuning amaliy ifodasi sifatida Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida joylashgan “UzHydroPower” qo‘shma korxonasi mahalliy ishlab chiqarish salohiyatini kuchaytirish va iqtisodiy mustaqillikni ta’minlashga xizmat qilmoqda. Kuni kecha tashkil etilgan press-tur chog‘ida jurnalistlarga zavod imkoniyatlari, mahsulot turlari va ishlab chiqarish jarayoni tanishtirildi.

Zavod Xitoyning “Zhejiang Jinlun Electromechanic Co., Ltd.” kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan bo‘lib, quvvati 1 kVt dan 40 MVt gacha bo‘lgan zamonaviy gidroagregatlar, turbinalar va generatorlar ishlab chiqarilmoqda. Mahsulot tarkibining 72 foizi mahalliy xomashyodan iborat bo‘lib, narxi xorijdagi o‘xshash uskunalardan arzon. 2026 yildan eksport yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan.

Zavodda 255 mutaxassis mehnat qilmoqda, yaqin kelajakda bu ko‘rsatkich 350 taga yetkaziladi. Ishchi-xodimlar uchun zamonaviy mehnat va dam olish sharoitlari yaratilgan. Xotin-qizlar ham mas’uliyatli lavozimlarda ishlayapti.

“UzHydroPower” mahsulotlari allaqachon Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Surxondaryodagi kichik GESlarda muvaffaqiyatli ishga tushirildi. Zavod uskunalari hozir Chotqol va Norin daryosida qurilayotgan yirik GESlar uchun tayyorlanmoqda.

Yaqin istiqbolda “UzHydroPower” O‘zbekistonning gidroenergetika sohasidagi yetakchi maqomini mustahkamlab, ichki va tashqi bozor talablarini qondirish, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda energetik barqarorlikka hissa qo‘shishi kutilmoqda.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/94kgIHu8cMM" title="O‘zbekiston sanoatida gidroagregatlar milliy brendi yaratilmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Nasiba Ziyodullayeva, Doniyor Yoqubov, Anvarxo‘ja Ahmedov (video, montaj), O‘zA