So‘nggi yillarda O‘zbekiston iqtisodiyotida sanoat tarmog‘i yetakchi sohalardan biri sifatida shakllanib bormoqda. Ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish, investitsiya loyihalarini amalga oshirish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish natijasida sanoat hajmlari izchil o‘smoqda.
Milliy statistika qo‘mitasining dastlabki ma’lumotlari ham 2025 yilda mamlakat sanoatida yuqori o‘sish sur’atlari saqlanib qolganini ko‘rsatmoqda. Unga ko‘ra, 2025 yilda O‘zbekistonda sanoat mahsulotlari hajmi 1,1 kvadrillion so‘mni tashkil etdi.
Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 6,8 foizga o‘sishni anglatadi. Aholi jon boshiga sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi respublika bo‘yicha 29,1 million so‘mga teng bo‘ldi. Bu ko‘rsatkich iqtisodiy faoliyatning barqaror o‘sishi va aholining ishlab chiqarish salohiyatining o‘sishini aks ettiruvchi muhim indikator hisoblanadi. 2026 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, respublikamizda 59,8 mingta sanoat korxonalari faoliyat yuritmoqda.
Ushbu korxonalar turli sohalarda ishlab chiqarishni amalga oshirmoqda. Tekstil va kiyim-kechak sanoati, oziq-ovqat sanoati, mashinasozlik va metallurgiya, kimyo va farmatsevtika sanoati, qurilish materiallari ishlab chiqarish sohalari shular jumlasidan.
Sanoat hajmining o‘sishi asosan ishlab chiqarish quvvatlari modernizatsiyasi, investitsiya loyihalari, shuningdek, ijtimoiy va iqtisodiy dasturlar samarasi bilan bog‘liq. Bu, o‘z navbatida ichki bozorni qondirish va eksport salohiyatini kengaytirishga xizmat qilmoqda. Ekspertlar ta’kidlashicha, sanoatning barqaror o‘sishi iqtisodiy rivojlanish, yangi ish o‘rinlari yaratish va respublika iqtisodiyotini diversifikatsiya qilish uchun muhim ahamiyatga ega.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA