Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston –Rossiya: tibbiy narkologiya sohasida hamkorlik
18:15 / 2023-05-08

Respublika Ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Buxoro filiali hamda Rossiya federatsiyasi Astraxan viloyatining narkologiya dispanseri o‘rtasida narkologik xizmatni takomillashtirish bo‘yicha o‘zaro hamkorlik yo‘lga qo‘yildi.

Astraxan viloyatining narkologiya dispanseri bosh vrachi Tatyana Ulezko hamda dispanser bosh vrachi o‘rinbosari Inna Netrebalar Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Buxoro filialida bo‘ldi. Mehmonlar narkologiya sohasida olib borilayotgan tibbiy xizmat faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Bu boradagi ishlarni takomillashtirish va o‘zaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirish maqsadida viloyat filiali direktori Jahongir Xolov bilan muloqotda bo‘ldi. Natijada ikki tomonlama memorandum imzolandi.  

– Memorandumdan maqsad narkologik xizmat ko‘rsatishda zamonaviy ilmiy-amaliy tajribani o‘zlashtirish va o‘zaro tajriba almashishdan iborat, –deydi viloyat hokimligi Sog‘liqni saqlash boshqarmasi jamoatchilik bilan ishlash sho‘’basi rahbari Ma’muraxon Safoyeva. – Shuningdek, narkologik bemorlarni barvaqt aniqlash, yuqori texnologik usulda davolash, ularni tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya qilish, narkologik bemorlardagi xulq-atvor va ruhiy buzilishlarni bartaraf etish, psixofaol moddalarning zararli oqibatlarini oldini olish, qolaversa, kadrlar salohiyatini oshirish, sohaning dolzarb muammolariga doir onlayn telemeditsina shaklida o‘quv-amaliy seminarlar o‘tkazishdir.  

–O‘tgan asr saksoninchi yillari oxirida tashkil topgan viloyat narkologiya dispanseri mustaqillik yillarida o‘z faoliyatini tubdan yangiladi. Bugunga kelib to‘laqonli, sog‘lom hayotga qaytish maqsadida ixtiyoriy kelib davolanadigan va tegishlicha sud qarori asosida majburiy davo muolajalariga mo‘ljallangan uch bo‘limdan iborat 142 bemor o‘rniga va alohida 75 qatnovga ega ambulatoriyasiga ega shifoxonaga aylangan, – deydi Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Buxoro filiali direktori Jahongir Xolov.  –Ayni paytda narkologiya dispanserida faoliyat yuritayotgan 32 nafar tor doiradagi vrachning 21 nafari oliy toifali mutaxassis bo‘lib, oyiga 300 nafargacha bemorga tibbiy xizmat ko‘rsatmoqda.  

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 16 maydagi “Aholiga narkologik yordam ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qaroriga muvofiq muassasa so‘nggi yillarda ko‘p funksiyali EKG, UZI kabi yuqori aniqlikda tashxis qo‘yish imkoniga ega tibbiy uskunalar bilan ta’minlangani moddiy-texnik imkoniyatlarini oshirmoqda.  

Shu nuqtai nazardan, rossiyalik hamkorlar bilan imzolangan kelishuv bitimi filial tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini yanada yaxshilashga xizmat qiladi. Memorandum tufayli shu yil yakunigacha 8 nafar vrach mutaxassisni xorijga yuborib, malakasini oshirish ko‘zda tutilmoqda.  

Zarif Komilov, O‘zA