O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Olimjon Abdullayev boshchiligidagi delegatsiya amaliy tashrif bilan Rossiyaning Shimoliy Kavkaz federal okrugiga bordi. Bu haqda vazirlik xabar berdi.
Mamlakatimiz delegatsiyasi 21 avgust kuni Stavropol o‘lkasi hukumati raisi o‘rinbosari Nikolay Afanasov bilan uchrashdi.

Uchrashuvda mintaqadagi O‘zbekiston fuqarolarini ijtimoiy himoya qilish, ularning malakasini tan olish va kasbiy ta’limni rivojlantirish, noqonuniy migratsiyani kamaytirish hamda jinoyatchilikka qarshi kurashish masalalari muhokama qilindi.
O‘z navbatida, tomonlar iqtisodiyot, investitsiya, logistika, ta’lim va madaniyat sohalarida hamkorlik istiqbollarini ko‘rib chiqdi. Hududlararo aloqalarni rivojlantirish va qo‘shma ishbilarmonlik tashabbuslarini ilgari surishda ham manfaatdorlik bildirildi.

Muzokaralar yakunida noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish va qonuniy bandlikni kengaytirish uchun ishchi guruh tuzishga kelishildi. Shuningdek, erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish maqsadida qo‘shma "Yo‘l xaritasi" ishlab chiqilishi va muntazam muloqot olib borilishi belgilandi.
Delegatsiya tashrif doirasida Shimoliy Kavkaz federal universitetida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar hamda "YugInvestStroy" kompaniyasi va "Yantar" savdo markazida faoliyat yuritayotgan yurtdoshlarimiz bilan ham uchrashuvlar o‘tkazdi.
N.Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA