O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlik, o‘zaro ishonch va ochiqlik asosiga qurilgan diplomatik munosabatlar, milliy manfaatlar yo‘lidagi mustahkam aloqalar – mamlakatimiz taraqqiyoti rivojida muhim o‘ringa ega. Ikki mamlakatning umumiy tarixi, xalqlarimizning o‘zaro do‘stona aloqalari, shuningdek, mazkur davlat rahbarlarining muntazamlik kasb etgan uchrashuvlari tarixiy aloqalar rivojida ahamiyatlidir.
Xususan, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin taklifiga binoan rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘lgani o‘zaro hamkorlik aloqalarida yangi sahifa ochdi.
Davlatimiz rahbari rasmiy tashrifning birinchi manzili bo‘lgan Qozon shahriga yetib kelar ekan, Abdulla To‘qay nomidagi xalqaro aeroportda Rossiya Hukumati O‘zbekiston yetakchisini yuksak hurmat va do‘stona samimiyat bilan kutib oldi.
Darvoqe, do‘stona samimiyat xususida so‘z ketganda qayd etish kerakki, o‘zbek va rus xalqining do‘stligi kechagi tariximizning ajralmas bir bo‘lagidir. Bu o‘tmish esa buyuk sarkarda Amir Temur nomi bilan uzviy bog‘liqdir. Oltin O‘rda davlatining tanazzulidan keyin O‘rta Osiyo xalqlari va Rossiya orasida turli aloqalar o‘rnatilgani, xususan, Buxoro va Xiva xonliklari bilan o‘zaro manfaatli savdo-sotiq ishlari yo‘lga qo‘yilganligi, keyinchalik davlatlararo diplomatik aloqalarning jadallashuvi, ilmiy-madaniy hamkorliklar olib borilgani tarixiy haqiqat. Bugungi kundagi munosabatlar genezisining o‘sha davrlarga borib taqalishi esa bu aloqalarning mustahkam ildizga ega ekanligidan dalolat beradi.
Aytish kerakki, hozirgi kunda Rossiya O‘zbekistonning strategik hamkori, yaqin qo‘shnisi va ittifoqchisidir. Bu ikki mamlakat taraqqiyoti rivoji har tomonlama bir-biriga bog‘liq. Keyingi yillarda O‘zbekiston – Rossiya o‘rtasidagi hamkorlik munosabatlari sezilarli darajada yuksalib bormoqda. Masalan, faqatgina iqtisodiyotning o‘ziga nazar tashlaydigan bo‘lsak, Rossiya O‘zbekiston iqtisodiyotidagi asosiy sarmoyador davlatlardan biri sifatida baholanadi. Bugungi kunda davlatimiz hududidagi xorijiy korxonalarning ko‘pligi bilan Rossiya Federatsiyasi oldingi o‘rinni egallamoqda.
Rasmiy tashrif doirasida davlatimiz rahbari dastlab Qozon shahriga keldi va Tatariston Respublikasi Raisi – Rustam Minnixanov bilan uchrashuv o‘tkazdi. O‘zbekiston va Tatariston davlatlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorliklar, ayniqsa, so‘nggi yillarda kuchaygani diqqatga molikdir.
Jumladan, savdo va investitsiyalar hajmining yildan-yilga ortib borayotgani, Toshkent viloyatida faoliyat ko‘rsatayotgan “Chirchiq” kimyo-industrial texnoparki faoliyatidagi rivojlanishlar, shuningdek, kimyo sanoati va mashinasozlikda amalga oshirilayotgan yirik kooperatsiya loyihalari va erishilayotgan yutuqlar har ikki davlat uchun foydali ekani shubhasiz. Tashrif davomida davlatimiz rahbari Tataristonning yetakchi korxonalari sanoat mahsulotlari va texnologiyalari bilan tanishdi, “Qozon Kremli” tarixiy-me’moriy va badiiy muzey-qo‘riqxonasida bo‘ldi, "Qul Sharif" masjidini ziyorat qildi.
Farg‘ona viloyati delegatsiyasi ham Qozon shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston – Rossiya hududlararo hamkorlik bo‘yicha III forumida ishtirok etib, umumiy qiymati 362 million dollar bo‘lgan 71 ta investitsiyaviy kelishuv va savdo shartnomalari imzolandi. Bu ham hududlararo hamkorlikni rivojlantirishda muhim samara beradi.
Tashrifning asosiy bosqichida bo‘lib o‘tgan Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuvlarda O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni, eng avvalo, savdo-iqtisodiyot, investitsiya, energetika, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar sohalarda va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda kengaytirishning dolzarb masalalari atroflicha ko‘rib chiqilgani - teng sheriklik va ittifoqchilik aloqalarini har tomonlama mustahkamlash imkonini yaratdi.
“Munosabatlarimiz juda muvaffaqiyatli rivojlanmoqda. Biz ittifoqchilik munosabatlarimizning yuqori darajasi va xususiyatini tasdiqlaymiz. Bu yo‘nalishda harakatlanishda davom etamiz”, - deya ta’kidladi Rossiya Federatsiyasi rahbari Kremlda O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev bilan muzokaralarda.
Bu qat’iy e’tirof esa Ўзбекистон-Rossiya munosabatlarida barcha yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlik yanada izchil kengayib borishi va salmoqli darajada yuksalishiga ishonchli kafolat bo‘ldi.
Tashrif doirasida bo‘lib o‘tgan bir qator muhim tadbirlar, jumladan, hukumat rahbarlari darajasidagi Qo‘shma komissiyaning to‘rtinchi yig‘ilishi, O‘zbekiston va Rossiya oliy ta’lim muassasalari rektorlarining hududlararo konferensiyasi, uchinchi hududlararo hamkorlik forumi, Butunrossiya ko‘rgazma markazida “O‘zbekiston” pavilonining ochilishi, Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha ikki tomonlama hukumatlararo komissiya kichik komissiyalarining yig‘ilishlari - ikki tomonlama hamkorlik istiqbollarini o‘zida namoyon etdi.
E’tiborlisi, O‘zbekiston Prezidenti Rossiya va Qozog‘iston Prezidentlari bilan birga Rossiyadan mamlakatimizga gaz yetkazishni boshlash marosimida ishtirok этгани, ayniqsa, Rossiyadan Qozog‘iston hududi orqali O‘zbekistonga tabiiy gaz yetkazib berilishiga start berilganligi, Rossiya gazini “revers” tarzda import qilish boshlanayotgani - O‘zbekiston uchun strategik ahamiyatga ega voqelik bo‘ldi. Bu esa mamlakatimiz yetakchisi amalga oshirayotgan ko‘p vektorli tashqi siyosatning asosiy tamoyillari - milliy manfaatlarimizga qaratilganligini yaqqol ifoda etdi.
Shuningdek, o‘zaro muzokaralarda ta’lim, turizm, axborot-kommunikatsiya, uy-joy, kommunal sohalarida istiqbolli loyihalarni amalda joriy etishga qaratilgan muhim qarorlar qabul qilindi.
Bundan tashqari, ta’lim va fan sohasidagi hamkorlikka e’tibor qaratsak, so‘nggi yillarda ta’lim sohasidagi mamlakatlararo aloqalar sur’ati jadallashganini ko‘rish mumkin. O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan Rossiya fan va madaniyat markazi, yoshlarimizning Rossiyada ta’lim olish imkoniyatiga ega ekanligi, Rossiya oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olayotgan talabalar soni 40 ming nafardan ortganligi, yurtimizda ko‘plab Rossiya oliy ta’lim muassasalarining filiallari faoliyat ko‘rsatayotganligi, 2022 yildagi O‘zbekiston-Rossiya ta’lim forumi doirasida 20 dan ortiq universitetlar hamkorligining olib borilishi - bu sohadagi samarali ishlarning natijasidir.
Ayniqsa, yurtimizda oliy ta’lim tizimini yangi rivojlanish bosqichiga ko‘tarish, халқаро oliy ta’lim yutuqlarini o‘zlashtirish va ta’lim sifatini dunyo standartlari darajasiga olib chiqishga erishish yo‘lida dadil qadamlar qo‘yildi. Zero, oliy ta’lim tizimidagi xalqaro hamkorlik ufqlarining kengayishi mamlakatda ilm-fan rivoji va kadrlar salohiyatining o‘sishiga asos bo‘lmoqda.
Xususan, Farg‘ona davlat universiteti jamoasi ham bu borada islohotlarga yelkadosh bo‘lib, xalqaro hamkorlik taraqqiyotiga o‘zining munosib hissasini qo‘shmoqda. Darhaqiqat, bugungi kunda FarDU va Rossiya Federatsiyasi oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida 40 dan ortiq hamkorlik shartnomalari mavjud.
Quvonarlisi, 2021-2022-o‘quv yilidan boshlab Rossiyaning Qozon federal universiteti bilan hamkorlikda filologiya va tillarni o‘qitish: rus tili yo‘nalishida 3+1 qo‘shma ta’lim dasturi tashkil etilgan. Hozirda ushbu dastur bo‘yicha 30 nafar talaba ta’lim olmoqda.
Ushbu universitet bilan hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan “Yozgi universitet” loyihasida “Yoshlar, innovatsiya, hamdo‘stlik” dasturi ham amalga oshirildi. Shu bilan birga, Sankt-Peterburg davlat universitetida 2 nafar professor-o‘qituvchilarimiz malaka oshirib, talabalarga dars mashg‘ulotlarini o‘tib keldi.
“Mirrolla” dori-darmon ishlab chiqarish farmkompaniyasi bilan hamkorlik o‘rnatish maqsadida kimyo kafedrasi dotsenti P.Turdaliyeva Sankt-Peterburg shahriga, B.Yelsin nomidagi Ural Federal universitetida o‘tkazilayotgan xalqaro forumda ishtirok etish, mazkur universitet talabalariga seminar-treninglar olib borish maqsadida 3 nafar jamoadoshimiz Yekaterinburg shahriga, ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish uchun 1 nafar katta o‘qituvchi Qozon Federal universitetiga, yana shu maqsadlarda 2 nafar dotsentlarimiz A.S.Pushkin institutiga, 2 nafar kafedra mudirlari G.V.Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetida xizmat safariga yuborildi. Bu kabi xalqaro yo‘nalishdagi dasturlar, ularning onlayn formatdagi o‘quvlari, mamlakatda sifatli ta’lim darajasini ko‘tarish va har tomonlama yetuk kadrlar yetishtirish maqsadlariga qaratilgan loyihalar universitetda faol amalga oshmoqda.
E’tiborli jihati esa, mazkur munosabatlarda integratsiyalash tajribasi yaratilmoqda, xususan, maktab ta’limidagi dolzarb masalalar, boshlang‘ich ta’limdan tortib oliy ta’limgacha bo‘lgan jarayonning xalqaro talablarga muvofiqlik tamoyillari ustida muntazam ishlab kelinadi.
Ta’kidlash joizki, nafaqat ta’lim misolida, balki davlat siyosati darajasidagi muhim yo‘nalishlarda ikki mamlakatning bunday iliq aloqalari rivojlanib borayotganligi - yurtimizni har tomonlama o‘sib, Yangi Renessans jarayonlaridan o‘tishida muhim tayanch bo‘ladi.
Bahodirjon Shermuhammadov,
Farg‘ona davlat universiteti rektori
O‘zA