O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Rossiya Federatsiyasiga tashrifi arafasida 18 noyabr kuni OAV sohasi bo‘yicha O‘zbekiston – Rossiya ikkinchi media forumi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi hamda Rossiya Federatsiyasining Raqamli rivojlanish, aloqa va ommaviy kommunikatsiyalar vazirligi hamkorligida videokonferens aloqa shaklida tashkil etilgan mazkur tadbir ikki mamlakatning axborot sohasidagi aloqalari ko‘lamini kengaytirish, media sohasi vakillarining o‘zaro yaqindan tanishuvi, kontent almashish hamda kadrlar tayyorlash bo‘yicha hamkorlikni mustahkamlashga qaratildi.
[gallery-4723]
Media forumda O‘zbekiston va Rossiyaning yetakchi ommaviy axborot vositalari vakillari, professor-o‘qituvchilar, talabalar ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Asadjon Xodjayev so‘nggi yillarda O‘zbekistonda barcha sohalarda keng qamrovli islohotlar amalga oshirilayotganiga alohida to‘xtaldi. Mazkur o‘zgarishlar matbuot sohasida ham yaqqol ko‘zga tashlanayotgani, ayniqsa, jurnalistlar, umuman ijod ahliga e’tibor kuchaygani, Prezident farmoni bilan Toshkentda O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti tashkil etilgani ta’kidlandi.
– Hozirgi tezkor zamonda axborotga bo‘lgan ehtiyoj sezilarli ravishda oshdi, – dedi Rossiya Federatsiyasi Raqamli rivojlanish, aloqalar va ommaviy kommunikatsiyalar vaziri o‘rinbosari Bella Cherkesova. – Bunday sharoitda xabarning dolzarbligi va ishonchliligi juda muhim. Shu ma’noda noxolis va yolg‘on ma’lumot tarqatilishiga qarshi kurashish soha vakillari oldidagi muhim masala hisoblanadi.
Anjuman doirasida media sohasi vakillari sessiyalarga bo‘linib “Jurnalistika, ommaviy kommunikatsiyalar va axborot texnologiyalari sohasida malakali kadrlar tayyorlashda zamonaviy yondashuvlar”, “Ommaviy axborot vositalarini raqamlashtirish sharoitida jurnalistik ta’lim: kasbiy vakolatlar va qadriyatlar”, “Jurnalistlar malakasini oshirishda O‘zbekiston va Rossiya hamkorligi istiqbollari” mavzularida fikr almashdilar.
Keyingi sho‘’ba yig‘ilishida kontent almashish mavzusi muhokama qilinib, annimatsion kontentni ishlab chiqarish va tarqatish, telekommunikatsiyalar orqali qulay imij shakllantirish, o‘zaro kontent almashish uchun “Rutube” video xostingidan foydalanish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari xususida chiqishlar qilindi.
Shuningdek, media forum doirasida rossiyalik mutaxassislar ishtirokida “Yangi axborot texnologiyalarining zamonaviy jurnalistika va OAV rivojiga ta’siri”, “Interaktiv texnologiyalar multimedia jurnalistikasini qanday o‘zgartirmoqda?”, “Yangi texnologiyalar – yangi kadrlar. Media va IT sohasida kadrlar tayyorlashga zamonaviy yondashuvlar” kabi sohaga taalluqli o‘ndan ortiq mavzuda treninglar tashkil etildi.
Media forum ilk bor 2018 yil oktyabr oyida o‘tkazilgan edi. Ishtirokchilar ushbu voqea ikki mamlakat ommaviy axborot vositalari vakillari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etishini e’tirof etdilar. Bu galgi anjuman esa shubhasiz, O‘zbekiston va Rossiya OAV vakillari o‘rtasidagi aloqalarni yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qilishi shubhasiz.
Saidmurod RAHIMOV,
O‘zA muxbiri