English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston – Rossiya: iqtisodiy sheriklikni rivojlantirish yo‘lida navbatdagi qadamlar
15:58 / 2021-03-17

Moskva shahrida O‘zbekiston — Rossiya iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiya (HK) hamraislari, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov va Rossiya Federatsiyasi iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Reshetnikov o‘rtasida norasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Muloqot davomida Hukumatlararo komissiyaning 2020 yil 12 oktyabrda bo‘lib o‘tgan 21-yig‘ilishi yakunida erishilgan kelishuvlar ijrosi tahlil qilindi.

Sheriklikning alohida yo‘nalishlarini rivojlantirish bo‘yicha ishchi guruhlar hisoboti tinglandi, boshqa dolzarb masalalar ko‘rib chiqildi va o‘zaro manfaatli yechimlar ishlab chiqildi.

Shu o‘rinda, tomonlar o‘zaro savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va sanoat hamkorligining muhim masalalarini muhokama qilish uchun HK hamraislari darajasida har oy turli shaklda o‘tkazilayotgan muzokaralar ahamiyatini ta’kidladilar. Iqtisodiy sheriklikni yuksaltirishga oid konstruktiv takliflar ishlab chiqish bo‘yicha vazirlik, idoralar sa’y-harakatini faollashtirishga kelishildi. Buning uchun yaqin kelajakda hamkorlik masalasini muhokama qilish maqsadida tegishli yo‘nalishlardagi quyi komissiyalar yig‘ilishlari tashkil etiladi.

Iqtisodiyotning turli tarmoqlarida yangi istiqbolli loyihalarni birgalikda ishlab chiqishni nazarda tutgan holda investitsiyaviy hamkorlik kengaytirilishi mumkin bo‘lgan ustuvor yo‘nalishlar borasida yagona fikrga kelindi.

Ikki mamlakat hukumatining ham o‘zaro savdo hajmi barqaror o‘sishini saqlab qolishga intilishda sodiqligi alohida ta’kidlandi. Shu munosabat bilan tomonlar hududlar orqali to‘siqsiz yuk tashishni ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlarni, shuningdek, savdo aylanmasini ko‘paytirish va diversifikatsiya qilish imkonini beradigan tarif va notarif tartibga solish usullarini birlashtirishga oid istiqbolli mexanizmlarni ishlab chiqish va amalga oshirishni davom ettirishga kelishib oldilar.

Uchrashuv yakunida erishilgan kelishuvlarni sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirish, qolaversa, yangi investitsiya loyihalari va savdo shartnomalarini ishlab chiqish maqsadida tegishli vazirlik, idoralarning kengaytirilgan tarkibdagi muntazam muzokaralarini o‘tkazish amaliyotini tizimli ravishda davom ettirishga kelishdilar.