Buxoro davlat universitetida Sankt-Peterburg davlat iqtisodiyot universiteti bilan hamkorlikda “Yashil iqtisodiyot: ko‘p qutbli iqtisodiyot sharoitida ekologiya va tabiiy resurslardan foydalanish muammolari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.
Anjumanda, O‘zbekiston va Rossiyaning yetakchi olimlari hamda iqtisodiyot, ekologiya va innovatsiya sohalarida faoliyat yuritayotgan mutaxassislar ishtirok etdi. Unda barqaror iqtisodiy rivojlanish, ekologiyani muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va “yashil” texnologiyalarni joriy etish masalalari atroflicha muhokama qilindi.


Tadbir universitetning 95 yillik tantanalari doirasida tashkil etildi. Anjumanni BuxDU rektori Obidjon Hamidov ochdi va ishtirokchilarni qutladi. Professor Anatoliy Asaul BuxDU prorektori Kamoliddin Samiyevga ekologik g‘oyalarni ifoda etuvchi elektrobus modeli va ilmiy asarni ramziy sovg‘a sifatida topshirdi.

Tadbir yakunida ikki universitet o‘rtasida qo‘shma ilmiy-ta’limiy loyihalarni amalga oshirish va hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.