Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston – Rossiya: farmatsevtika sohasidagi hamkorlik istiqboli muhokama qilindi
14:55 / 2021-01-28

Ayni paytda O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi va Rossiya Federatsiyasi Sanoat va savdo vazirligi o‘rtasidagi hamkorlik sanoat, mashinasozlik, metallurgiya sohalarida qo‘shma loyihalar hamda mintaqalararo aloqalarni jadallashtirish bo‘yicha tashabbuslarni qamrab oladigan keng ko‘lamli yo‘nalishlarda faol rivojlanish xususiyatiga ega.

Bu yo‘nalishlarning barchasi hamkor tomon bilan birgalikda tashkil etilgan «Loyiha ofisi» doirasida ishlab chiqilmoqda. Jumladan, ikki mamlakat vazirlik va idoralarining manzilli uchrashuvlari tashkil etilib, bo‘lajak sheriklar o‘rtasidagi hamkorlikning amaliy jihatlari muhokama etiladi.

Masalan, Rossiya farmatsevtika kompaniyalari delegatsiyasi tashrifi davomida tarmoq doirasida hamkorlikni rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlarini o‘rganish, O‘zbekistonda farmatsevtika sanoatini ravnaq topshtirish rejasi bilan tanishish, mamlakatimiz farmatsevtika kompaniyalarining ishlab chiqarish, texnologik va iqtisodiy imkoniyatini tahlil qilish va baholash rejalashtirmoqda. O‘rganish natijasiga muvofiq, Rossiya farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari bilan investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun bo‘lajak hamkorlar aniqlanadi.

Tashrif doirasida Rossiya Federatsiyasi Sanoat va savdo vazirligi vakillari hamda Rossiya farmatsevtika kompaniyalari rahbariyati va O‘zbekistonning tegishli vazirlik, idoralari rahbarlari o‘rtasida kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda hamkorlikning keng ko‘lamli amaliy jihatlari, xususan, O‘zbekiston tibbiyot muassasalarida amalda bo‘lgan dori-darmon, tibbiy asbob-uskuna va boshqa mahsulotlar xarid qilish va mazkur tibbiy vositalardan foydalanish bo‘yicha qoida, tartiblar muhokama etildi.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, vazirlik huzuridagi Investitsiya loyihalarini ishlab chiqish markazi, shuningdek, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi rahbariyati, ekspertlar mehmonlarni sohani rivojlantirishning joriy holati hamda istiqbolli yo‘nalishlari, loyihalarni xorijiy kompaniyalar bilan birgalikda hayotga tatbiq etishga jalb qilish uchun mo‘ljallangan amaldagi imtiyozlar, preferensiyalar, tartibga soluvchi chora va shartlar, ishlab chiqariladigan va import qilinadigan dori vositalari ro‘yxati bilan tanishtirdi.

Delegatsiya vakillari bilan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun Rossiya kompaniyalarini jalb etish bo‘yicha ishlab chiqilgan aniq loyihaviy takliflar ko‘rib chiqildi hamda ularga farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan «Tashkent Pharma Park» innovatsion tadqiqot va ishlab chiqarish klasteri hamda bir qator erkin iqtisodiy zonalar kabi Respublikada tashkil qilingan investitsiyalarga va ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan maydonlar haqida batafsil ma’lumot berildi.

Yaqin orada delegatsiya a’zolari O‘zbekiston farmatsevtika sanoati sub’ektlari bilan hamkorlik qilish mexanizmini ishlab chiqish maqsadida o‘zbek tadbirkorlari bilan bevosita aloqalarni yo‘lga qo‘yish hamda aniq loyihaviy takliflarni belgilash ishlarini davom ettiradi. Delegatsiyaning Respublikadagi faoliyati doirasida mamlakatimizning turli hududlaridagi korxonalarga borish, 25 dan ortiq o‘zbek farmatsevtika kompaniyasi vakillari bilan «V2V» shaklida qator uchrashuv, muzokaralar o‘tkazish rejalashtirilgan.

 

O‘zA