O‘zbekiston atom energetikasi sohasida yangi bosqichga qadam qo‘ydi. Mamlakatimiz “Rosatom” davlat korporatsiyasi bilan kichik modulli reaktorlar qurish bo‘yicha eksport shartnomasi imzolangan dunyodagi ilk davlat bo‘ldi. Bu haqda yaqinda Obninsk shahrida bo‘lib o‘tgan “Obninsk NEW” xalqaro yoshlar yadro forumida ma’lum qilindi.
Mazkur tadbirning ushbu shaharda o‘tkazilishi bejiz emas. Chunki dunyodagi ilk atom elektr stansiyasi 1954 yili aynan Obninskda ishga tushirilgan.
Bugungi kunda dunyoda atom reaktorlari qurilishi bo‘yicha ko‘plab loyihalar amalga oshirilmoqda. Oxirgi yillarda Xitoy, AQSH, Buyuk Britaniya, Fransiya kabi qator davlatlar o‘z milliy atom dasturlarini faol rivojlantirmoqda. Ammo eksport loyihalari soni bo‘yicha Rossiya yetakchilik qilyapti.
“Obninsk NEW” xalqaro yoshlar yadro forumida “Rosatom” rahbari Aleksey Lixachyov qayd etganidek, hozirgi vaqtda jahonda 27 ta xalqaro atom reaktorlari qurilishi loyihasi amalga oshirilmoqda. Ulardan 24 tasi aynan “Rosatom” ishtirokidagi loyihalar hisoblanadi.
Dunyoda atom energetikasi sohasida amalga oshirilayotgan xalqaro loyihalar orasida O‘zbekiston kichik modulli reaktorlar bo‘yicha eksport shartnomasi imzolagan ilk davlat sifatida alohida ajralib turibdi. 2024 yil may oyida Jizzax viloyatida 330 MVt quvvatga ega kichik quvvatli atom elektr stansiyasini (KQAES) qurish bo‘yicha shartnoma tuzilgan edi. Joriy yilning 20 iyunida esa O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi «O‘zatom» agentligi va Rossiyaning “Rosatom” davlat korporatsiyasi o‘rtasida mamlakatimizda katta quvvatli AES qurilishi imkoniyatlarini o‘rganish yuzasidan hamkorlik to‘g‘risida kelishuv imzolandi. Ushbu hujjat AES hududida kichik va katta quvvatli energobloklarni birlashtirib joylashtirish imkoniyatini nazarda tutadi.
– Biz O‘zbekiston bilan kichik reaktorlar yetkazib berish bo‘yicha dunyodagi ilk eksport shartnomasini imzoladik. Hozirgi kunda bitta maydonda ham kichik, ham katta reaktorlarni joylashtirish imkoniyati o‘rganilmoqda. Bu o‘zbek do‘stlarimizning juda qiziqarli yondashuvidir. Ular ishni kichik quvvatli reaktorlardan boshlashga qaror qilishdi. Ayni paytda bu Yer yuzidagi kichik modulli reaktorlar bo‘yicha yagona eksport shartnomasidir, – deb ta’kidladi Lixachyov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday birlashgan model orqali asosiy yuklama katta quvvatlar hisobidan ta’minlanadi, energiyaga talab oshgan paytlarda esa kichik generatsiyalar orqali o‘rni qoplanadi. Stansiyaning umumiy infratuzilmasidan ham katta, ham kichik bloklar birgalikda foydalanishi evaziga qurilish va ekspluatatsiya jarayonlarida resurslar tejalishiga erishiladi.
Shartnomaning imzolanishi va qurilish ishlari boshlanishidan ancha avval O‘zbekiston milliy mutaxassislarni tayyorlash tizimini shakllantira boshlagan. 2019 yilda Toshkentda NIYAU MIFIning ilk xorijiy filiali ish boshlagan. Joriy yilda esa mazkur filial bakalavriatning uchinchi bitiruvchilar guruhiga diplom topshiradi.
–AES ishga tushgan paytga kelib, biz faqatgina stansiyalarimizda amaliyot o‘taydigan mutaxassislarni tayyorlabgina qolmay, bu borada to‘liq shart-sharoitlarni ham yaratib beramiz. Balki O‘zbekistonda ham nazariy, ham amaliy ko‘nikmaga ega bo‘lgan, to‘liq shakllangan milliy atomchilar kasbiy jamoasi paydo bo‘ladi, - deya qayd etdi “Rosatom” rahbari.
Qisqacha aytganda, “Obninsk NEW” forumi atom sohasida faoliyat yuritayotgan turli mamlakatlarning yosh mutaxassislarini bir maqsad atrofida jamladi. Rossiya atom sanoatiga 80 yil to‘lishi munosabati bilan o‘tkazilayotgan tadbirlar doirasidagi ushbu forum O‘zbekistonning strategik maqsadlari bilan ham uyg‘unlashdi. Mamlakatimizda “yashil” energetika klasterini rivojlantirish ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi. Bu borada atom energetikasi texnologik mustaqillik va barqaror taraqqiyotga erishishning muhim omili sifatida qaralayotgani e’tiborga molik.
N.Ziyodullayeva, O‘zA