Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston rivojlangan davlatlar safiga ilmiy-amaliy asoslangan maqsadlar bilan qo‘shilmoqda
11:28 / 2023-07-15

O‘tgan olti- yetti yil O‘zbekiston va uning xalqi hayoti, kelajak taqdiri uchun sinovlar, o‘zgarishlar, yangilanishlar yili bo‘ldi. Ilgari fuqarolar biror muammosini hal qilaman yoki oilaviy biznesni yo‘lga qo‘yaman, bola-chaqamni bekorchilikdan yiroq tutib, ish bilan band qilaman, desa, 10-15 kilometr taksida yo‘l bosib tuman markaziga borar, rahbarlar qabulida turar, qabul qilingani bilan muammosining yechimini topolmay sarson bo‘lardi.

Hozirda ijro tashkilotlaridagi onlayn qabullar uzluksiz ishlamoqda. Fuqaroning talabi qondirilib, muammosiga yechim topilmoqda.  

Birgina tadbirkorlik faoliyatini olsak, biznesni tashkil qilish uchun davlat ro‘yxatidan o‘tish oddiy shaklda tizimlashtirildi, ya’ni raqamlashtirildi. Sir emaski, ilgari kimdir tadbirkorlik yoki oilaviy biznesni yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lsa, turli sansalorlikka uchrar, qog‘ozbozlikka yo‘liqardi, “otangga bor, onangga bor” qabilida to‘siqlarga duch kelardi.  

Hozir interaktiv xizmatlar orqali pasport bilan borilsa, bas, xushmuomalalik bilan bir zumda tadbirkorlik faoliyatingiz ro‘yxatdan o‘tkaziladi. Boz ustiga, soliqlar yuki ham yengil.

Bundan tashqari, globallashuv sharoitida oziq-ovqat xavfsizligi, ish bilan ta’minlash va tinchlikni saqlash kabi ko‘plab strategik masalalar umumbashariy muammolardan bo‘lib turibdi.  

Shunday davrda davlatimiz aholining o‘zini o‘zi band qilishiga subsidiyalar, imtiyozli kreditlar ajratmoqda, ayniqsa, ayollar va xotin-qizlarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, ularning ta’lim olishiga katta e’tibor bermoqda.  

Joriy yil 30 may kuni poytaxtimizdagi ”Congress Hall“ majmuasida tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining XI s’ezdi bo‘lib o‘tdi.  

Unda joriy yilning 9 iyul kuni ikki yarim yillik muddatdan voz kechilgan holda adolatli ravishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazish bo‘yicha partiyalar aro kurashda OʼzLiDeP tomonidan ko‘rsatilgan nomzod ovozga qo‘yildi.

S’ezdning faol a’zolari bo‘lmish 633 ta delegat xalqaro formatlardagi ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy integratsiyalashuv samaradorligi va uni jadal davom ettirish muhimligini, bu tanlagan nomzodining zalvorli vazifasi ekanini ta’kidladi.

Shavkat Mirziyoyev tomonidan o‘tgan davrdagi ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar sarhisob qilinar ekan, oldimizda ulkan marralar turgani e’tirof etildi. Xususan, iqtisodiyotimizda haqiqiy bozor munosabatlarini joriy etish, rivojlangan davlatlar qatoriga kirishimiz uchun investitsiyaviy integratsiyalashuvni yanada rivojlantirish, boshqaruvni ilmiy-institutsional, intellektual dasturlash, oilaviy biznes va tadbirkorlikni keng ko‘lamda jadallashtirish ilgari surildi.  

Chunonchi, keyingi besh yil davomida mamlakatimizda olib borilgan institutsional iqtisodiy islohotlar bois keng miqyosdagi demokratik o‘zgarishlar amalga oshirildi. “Yangi O‘zbekiston” degan tushuncha real voqelikka ko‘chdi.  

2017-2022 yillarda sanoatning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 21,1 foizdan 26,7 foizgacha ko‘paydi. Bu davrda sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarishdagi o‘sish 41,3 foizni tashkil qilgani islohotlarimiz samarasidir.

Ishlab chiqarish sanoat tarmog‘i jadal sur’atlar bilan rivojlanib, o‘tgan davr mobaynida 47,4 foizni tashkil etdi. Bundan tashqari, elektr, issiqlik va gaz ta’minoti tarmog‘i (39,2 foiz), shuningdek, tog‘-kon sanoatida (30,4 foiz) sezilarli o‘sish sur’atlari kuzatildi.

"O‘zbekiston sanoatining 83,2 foizini ishlab chiqarish sanoat tarmog‘i tashkil etadi. Bu yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish, xomashyoni qayta ishlash darajasini oshirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan tarmoqlarni rivojlantirish kompleks dasturlari hayotga tatbiq etilayotgani natijasidir. O‘rta va yuqori texnologiyali tarmoqlar ulushining 52,7 foizdan 61,7 foizga oshgani ham sanoat tarkibidagi sifat o‘zgarishlaridan dalolat beradi. Bu ichki bozorda ham, tashqi bozorda ham xaridorgir bo‘lgan yuqori qo‘shimcha qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish ko‘lami oshgani dalilidir. Masalan, portlandsement ishlab chiqarish shu davrda 1,3 barobar, qo‘rg‘oshinli akkumulyatorlar 1,4 barobar, avtomobil dvigatellari 2,5 barobar, yengil avtomobillar 2,3 barobar, sovitkich va muzlatkichlar 3,7 barobar oshdi”, deyiladi PMTI tahlilida.  

Misol keltirilgan ulkan iqtisodiy ko‘rsatkichlar O‘zbekiston rivojlangan davlatlari safiga qarab ilmiy-amaliy asoslangan tarzda ketayotganini anglatadi.

Davlat rahbari tomonidan ilgari surilgan “Xalqimiz ertaga emas, uzoq kelajakda emas, bugun hayotidan rozi va mamnun bo‘lib yashashi kerak”, degan g‘oya asosida avval jamiyat, keyin davlat tamoyili davom ettirilishi bildirildi.  

Shuningdek,  tahlikali zamonda nafaqat iqtisodiy rivojlanish, balki axborot xurujlariga intellektual bilim-salohiyatli yoshlar bilan jipslashgan holda qarshi turish, sarhadlarimiz daxlsizligini ta’minlash maqsadida harbiy salohiyatimizni yanada oshirish zarurat bo‘lib bormoqda. Dasturlarda O‘zbekiston Qurolli Kuchlarining qudrati, mudofaa qobiliyati va harbiy salohiyatini yanada oshirish uchun Milliy armiyani 2030 yilga qadar eng zamonaviy qurol-aslaha va harbiy texnika bilan ta’minlash bo‘yicha tashabbuslar ilgari surildi.

Bir so‘z bilan aytganda, ertangi porloq kelajagini o‘z munosib nomzodi bilan tasavvur qilishda xalqimizning saviyasi shakllandi.  

Shu bois aholi, yoshlarimiz bu yilgi saylov jarayonlarida vatanparvarlik va ko‘tarinki ruhda o‘z munosib tanlovini amalga oshirdi. Ovoz berish ochiq va oshkora o‘tdi.  

Shundan ko‘rinib turibdiki, avvalgi saylovchilar bilan bugungi saylovchilarning dunyoqarashi, salohiyati, bilim-tajribasida katta o‘zgarish bor, bu quvonarli. Ayniqsa, saylovoldi targ‘ibot uchrashuvlarda fuqarolarning o‘z nomzodiga bo‘lgan intilishlari, ilhaqliklari va samimiy mulohazalarida oshkoralik natijalari yanada oydinlashdi.  

Xalqimizning bunday ishtiyoqi mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ulkan ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish, xalqaro investitsiyaviy integratsiyalashuv, ulkan shaharsozlik va bunyodkorlik islohotlarini davom ettirishimizda munosib xizmat qiladi va bu tarixiy ahamiyat kasb etadi.

Qo‘ng‘irotboy SHARIPOV,

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori