Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston RespublikasiPrezidentining Oliy Majlisga va xalqqa Murojaatnomasi – amalga oshirilayotgan islohotlarning tadrijiyligini ta’minlaydigan siyosiy hujjat
20:33 / 2020-12-30

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga Murojaatnoma yo‘llash instituti yangi O‘zbekistonning yangi tarixidagi o‘ziga xos bo‘lgan noyob institut hisoblanadi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yillar davomida Oliy Majlisga jami 3 marotaba Murojaatnoma yo‘llagan.

Murojaatnoma kelgusi yilda amalga oshiriladigan davlat siyosatining eng muhim va ustuvor yo‘nalishlarini belgilab beruvchi siyosiy ahamiyatga ega bo‘lgan Mamlakatning bosh hujjati ekanligi bilan ham xarakterlanadi.

Murojaatnoma o‘z mohiyatiga ko‘ra, xalq va davlatning o‘zaro bir-biriga uzviy bog‘liqligini, davlat hokimiyatini shakllantirishda tarixiy tajribalarni zamonaviy uslublar asosida joriy etishga doir g‘oya va qarashlarni o‘zida mujassam etadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga va xalqimizga yo‘llagan bu yilgi Murojaatnomasi o‘z qamrovi, ahamiyati va tegishliliga ko‘ra oldingilaridan tubdan farq qiladi. Xususan:

birinchidan, bu yilgi Murojaatnoma nafaqat Oliy Majlisga, balki oliyjanob xalqimizga qarata yo‘llandi;

ikkinchidan, Murojaatnomada butun dunyoning 2020 yildagi umumiy qiyofasi gavdalantirildi, uning mavjud holati ochib berildi;

uchinchidan, Murojaatnoma qamrab olgan masalalar yuzasidan berilgan takliflarni amalga oshirishning aniq mexanizmlari ham ko‘rsatib berildi;

to‘rtinchidan, Murojaatnomada mamlakatimiz davlat va jamiyat boshqaruvi, sud-huquq, iqtisodiyot, ijtimoiy hayot va boshqa sohalarda joriy etilishi lozim bo‘lgan yangi institutlarning yaratilishi uchun zamin hozirlandi.

Tahlil qiladigan bo‘lsak, Murojaatnoma o‘z mohiyatiga ko‘ra, uch asosiy qismdan, ya’ni:

joriy yilda amalga oshirilgan islohotlar, erishilgan natijalar, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni o‘zida mujassam etgan birinchi qism;

kelgusi yilda amalga oshirilishi zarur bo‘lgan taklif va tashabbuslardan iborat bo‘lgan ikkinchi qism;

mamlakat rivojlanishining o‘rta muddatiga doir bo‘lgan, ya’ni kelgusi 
3-4 yilda amalga oshirilishi zarur bo‘lgan ishlarning g‘oyasini o‘zida ifoda etgan uchinchi qismdan iborat.

Shuningdek, bu yilgi Murojaatnomaning yana bir o‘ziga xos jihati shundaki, u dunyo va mamlakatimiz tarixidagi eng murakkab davr – koronavirus pandemiyasining iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy sohalardagi inqirozi yuzaga kelgan davrning o‘ziga xos qiyofasini ifoda etganligi bilan ahamiyatga egadir.

Xususan, Murojaatnomada pandemiya jahon iqtisodiyoti uchun har oyda qariyb 400 milliard dollar miqdorida zarar keltirayotganligi, bugungi kunga qadar dunyo bo‘yicha 500 million ish o‘rinlari yo‘qotilganligi hamda dunyoning 191 mamlakatida 81 million kishi koronavirus bilan kasallanib, ulardan 1 million 765 ming nafari vafot etganligi alohida ta’kidlandi.

Mazkur ma’lumotlar asnosida O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti pandemiyaning butun dunyo hayotida keltirib chiqargan ta’sirini aniq ma’lumotlar bilan yaqqol gavdalantirib berdi, shuningdek unga o‘z munosabatini bildirdi.

Muhim jihati shundaki, Prezidentimiz Murojaatnomada shunday og‘ir pallada xalqimizning bukilmas irodasi, fidokorona mehnati va matonati, aholi va davlat organlarining birgalikdagi sa’y-harakatlari tufayli mavjud qiyinchiliklarni mardona yengib o‘tayotganligimizni alohida qayd etdi. Xususan, pandemiyaning birinchi kunlaridan boshlab, butun boshqaruv tizimi va barcha tibbiyot muassasalari favqulodda ish rejimiga o‘tkazilganligi, pandemiyaga qarshi kurashish uchun 200 mingdan ziyod tibbiyot xodimi, jumladan, chet ellik 150 nafar yuqori malakali shifokor va mutaxassislar jalb etilganligi, xorijdan 600 mingdan ortiq vatandoshimiz yurtimizga olib kelinib, chet elda qiyin ahvolga tushib qolgan 100 mingga yaqin fuqarolarimizga zarur yordamlar ko‘rsatilganligi, pandemiya sharoitida aholi va korxonalarni qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liq tadbirlarga byudjetdan 16 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirilganligi tahsinga sazovordir.

Murojaatnomada aytib o‘tilgan har bir raqam ortida qanchadan-qancha og‘ir mehnat, matonat, intilish va sa’y-harakatlar turganini tasavvur etishning o‘zi amri mahol. Aytish joizki, Yurtboshimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakati doirasida 800 mingdan ziyod ehtiyojmand oilalarga 1 trillion so‘mdan ortiq moddiy yordam ko‘rsatildi.

Murojaatnomaning kirish qismida ta’kidlab o‘tilgan mamlakatimiz va dunyodagi mavjud murakkab holat haqidagi ma’lumotlar orqali ko‘z oldimizda 2020 yilning ijtimoiy-iqtisodiy qiyofasi yaqqol gavdalanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining bu yilgi Murojaatnomasi ham iqtisodiy-ijtimoiy, ham siyosiy, ham huquqiy jihatdan e’tiborga loyiq, barcha o‘qib-o‘rganishi muhim bo‘lgan, shuningdek aholi o‘rtasida keng targ‘ib qilinishi zarur bo‘lgan hujjatdir.

 

Foziljon OTAXONOV

Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari 

instituti direktori, yu.f.d.