Akbarshoh Teshaboyev

Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamentining Yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirish va jinoyatchilikni oldini olish masalalari qo‘mitasi raisi
Mamlakatimizda so‘nggi yillarda mislsiz o‘zgarishlar amalga oshirilib, ezgu islohotlar tobora bo‘y cho‘zmoqda. Bularning barchasi uchun eng birlamchi huquqiy asos – bu O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasidir.
Xususan, Konstitutsiyamizning 53-moddasiga muvofiq, “O‘zbekiston iqtisodiyotining negizini xilma-xil shakllardagi mulk tashkil etadi”. Shu sababli, yurtimizda barcha mulk shakllari singari xususiy mulkning daxlsizligini ta’minlash, tadbirkorlik sub’ektlarining manfaatlarini kafolatlash, ayollar va yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
2017-2020 yillar davomida xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarini kafolatlash borasida 30 ga yaqin qonunlar va qonunosti hujjatlari qabul qilindi. Mustahkam huquqiy himoya tizimining yaratilganligi bois bugungi kunda xorijiy investorlarning mamlakatimizga bo‘lgan qiziqishi tobora ortib bormoqda. Xususiy mulk va mulkdorlarni qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlikni rivojlantirishga ko‘maklashish nafaqat milliy maqsad, balki global ahamiyatga molik bo‘lgan dolzarb masala hamdir. Xususan, BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari va 2030 yilgacha bo‘lgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsadlar va vazifalar qatorida ham tadbirkorlikni har tomonlama rivojlantirish orqali aholining daromadlarini ko‘tarishga erishishga doir ustuvor maqsad va vazifalar nazarda tutilgan.
Bu borada yuritilayotgan oqilona siyosat natijasi o‘laroq O‘zbekiston Jahon bankining “Biznes yuritish 2020” yillik hisobotida 7 pog‘ona yuqoriga ko‘tarilib, ishbilarmonlik muhitini yaxshilashda eng yuqori ko‘rsatkichga erishgan 20 mamlakat qatoriga kirdi.
Ushbu erishilgan yutuqlarning huquqiy kafolati bo‘lgan Konstitutsiyamizni bilish va unga xurmat ko‘rsatish O‘zbekistonning har bir fuqarosining oliy burchi bo‘lib, ayniqsa, yoshlarda konstitutsiyaviy madaniyatni shakllantirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Muhtaram Yurtboshimiz aytganidek, “Konstitutsiya har bir fuqaroning ongi va qalbidan chuqur joy olgan, ularning huquq va erkinliklarini to‘liq kafolatlaydigan haqiqiy hayot qomusiga aylanmog‘i lozim”.

Sherozbek Dodoyev
Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamentining Yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirish va jinoyatchilikni oldini olish masalalari qo‘mitasi raisining o‘rinbosari
Konstitutsiyamizning 31-moddasida hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlanishi, har bir insonning xohlagan dinga e’tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e’tiqod qilmaslik, diniy qarashlarni majburlab singdirishga yo‘l qo‘yilmasligiga doir konstitutsiyaviy qoida belgilangan. Ma’lumki, mamlakatimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari istiqomat qilishmoqda. Konstitutsiyamizdagi mazkur norma mamlakatimizda turli xil millatlarning o‘zi xohlagan dinga e’tiqod qilishi masalasida yaratilayotgan barcha ezgu islohotlarimizning huquqiy asosi bo‘lmoqda, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Inson huquqlarini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etuvchi mazkur normalar mamlakatimizda tinchlik-osoyishtalik, millatlararo hamjihatlik va diniy bahrikenglikni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Shohonbek Aliyev
Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamentining Yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirish va jinoyatchilikni oldini olish masalalari qo‘mitasi a’zosi
Til – millat g‘ururi, xalqning eng katta boyligidir. O‘zbekiston Respublikasining 4-moddasida “O‘zbekiston Respublikasi davlat tili o‘zbek tilidir. O‘zbekiston Respublikasi o‘z xududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va an’analari xurmat qilinishini ta’minlaydi, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratadi” deb belgilangan.
Mazkur konstitutsiyaviy qoida o‘z ona tilimizda so‘zlashish, mehnat faoliyatini yuritishimiz, ijod qilishimiz uchun cheksiz imkoniyatlarni yaratib berdi. bugungi kunda o‘zbek tili yangramagan minbar, makon va zamon qolmadi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Bularning barchasi uchun asos mamlakatimiz Bosh Qomusidir.
bugungi kunda mamlakatimizda davlat tilimiz bilan bir qatorda boshqa millat va elat vakillarining tillarini va urf-odatlarini ham hurmat qilish, ularning rivojlanishi uchun zarur imkoniyatlar yaratilib berilmoqda. Amalga oshirilayotgan islohotlar natijasi o‘laroq, yurtimizda barcha tillarda sara ijod namunalari, yuksak san’at asarlari yaratilmoqda. Bularning barchasi biz yoshlarga g‘urur va iftihor bag‘ishlaydi.

Gulbonu Quvatova
Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamentining Yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirish va jinoyatchilikni oldini olish masalalari qo‘mitasi a’zosi
Konstitutsiya – bu erk, bu millatning orzusi, bu g‘urur demakdir. Undagi har bir modda teran o‘ylangan, chuqur mulohaza qilingan va inson qadr-qimmatini ulug‘lashga qaratilgan. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 18-moddasiga muvofiq “O‘zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, qonun oldida tengdirlar.”
Hozirgi kunda mamlakatimizda inson huquq va manfaatlarini ta’minlash masalasi ustuvor ahamiyat kasb etib, millatlararo totuvlik va bag‘rikenglikni ta’minlashga xizmat qilib kelmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 22 iyunda qabul qilingan “Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Farmoni bu borada amalga oshirilayotgan islohotlarni yanada yuqori bosqichga olib chiqishga xizmat qildi. Xususan, Farmon bilan tasdiqlangan Strategiyaga muvofiq, irqi, jinsi, tili, dini, siyosiy qarashlari, milliy yoki ijtimoiy kelib chiqishi, mulkiy, sinfiy yoki boshqa holatlardan qat’i nazar jamiyat hayotining turli sohalarida fuqarolarni kamsitilish yuzaga kelishidan to‘liq himoya qilinishini ta’minlash hamda fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish bo‘yicha samarali mexanizmni joriy qilish nazarda tutildi.

Feruzbek Nurmatov
Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamentining Yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirish va jinoyatchilikni oldini olish masalalari qo‘mitasi a’zosi
Mamlakat suvereniteti va hududiy yaxlitligini ta’minlash yuqori salohiyatli mudofaa va xavfsizlik tizimiga bog‘liqdir. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 125-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari O‘zbekiston Respublikasining davlat suvereniteti va hududiy yaxlitligini, aholining tinch hayoti va xavfsizligini himoya qilish uchun tuziladi.”
O‘zbekiston Respublikasining qurolli kuchlari O‘zbekiston Respublikasi milliy manfaatlarini, suvereniteti, hududiy yaxlitligini hamda aholining tinch va farovon hayotini ta’minlash, urushlar va qurolli mojarolarni oldini olishdek ezgu maqsadlar yo‘lida tashkil etilgan va shu maqsadda faoliyat yuritadi.
Bosh qomusimizda belgilangan mazkur qoidalar asosida mamlakatimiz mudofaa salohiyatini muntazam ravishda oshirib borish maqsadida mustahkam qonunchilik bazasi yaratildi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasining “Mudofaa to‘g‘risida”gi, “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi hamda “Muqobil xizmat to‘g‘risida”gi qonunlar shular jumlasidandir.
Ta’kidlash o‘rinliki, mudofaa sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida erishilgan natijalar o‘laroq bugungi kunda Qurolli kuchlar tarkibida xizmat qilish har bir o‘zbek yigitining eng yuksak orzusiga aylangan.

Murodjon Nabijonov
Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamentining Yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirish va jinoyatchilikni oldini olish masalalari qo‘mitasi a’zosi
bugungi kunda Konstitutsiyamizda belgilangan ta’lim olishga doir normalar asosida biz yoshlar sifatli ta’lim olmoqdamiz, o‘qib, izlanib, davlat va jamiyatda o‘z o‘rinimizga ega bo‘lmoqdamiz. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 41-moddasiga muvofiq “Har kim bilim olish huquqiga ega. Bepul umumiy ta’lim olish davlat tomonidan kafolatlanadi. Maktab ishlari davlat nazoratidadir.”
Mazkur normalarning hayotiyligini ta’minlash maqsadida ta’lim tizimi jahon standartlari asosida muntazam ravishda takomillashtirilib borilmoqda. Bu boradagi qonuniy asoslar ham yangilanib, yangi huquqiy vositalar va mexanizmlar joriy etilmoqda. Xususan, 2020 yilning
23 sentyabr kuni qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi yangi Qonuni bunga yorqin misoldir. Mazur Qonun bilan yangi ta’lim turlari va shakllari, xususan, masofaviy ta’lim, inklyuziv ta’lim, dual ta’lim, eksternat tartibidagi ta’lim shakllari nazarda tutildi.
O‘ylaymizki, ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan mazkur ezgu islohotlar biz yoshlarning bilimli, salohiyatli va yurt koriga yaraydigan yetuk kadrlar bo‘lib yetishishimizni kafolatlaydi.

Jahongir Komilov
Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamentining Yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirish va jinoyatchilikni oldini olish masalalari qo‘mitasi a’zosi
Mamlakatimizda sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 106-moddasiga muvofiq “O‘zbekiston Respublikasida sud hokimiyati qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatlardan, siyosiy partiyalardan, boshqa jamoat birlashmalaridan mustaqil holda ish yuritadi”.
Mazkur qoida asosida so‘nggi yillarda sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlash, sudlar faoliyati samaradorligi va nufuzini oshirish, sudlar tuzilmasini hamda sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tanlash va tayinlashning yangi tizimi joriy etildi. Bularning barchasi fuqarolarning sud hokimiyatiga bo‘lgan ishonchini yanada ortishiga, sudlarning buzilgan huquqlarni himoya qiluvchi ishonchli organ sifatida chinakam “adolat uyi”ga aylanishiga zamin hozirladi.

Murodjon Muhammadazizov
Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamentining Yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirish va jinoyatchilikni oldini olish masalalari qo‘mitasi a’zosi
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining
35-moddasiga muvofiq, har bir shaxs bevosita o‘zi va boshqalar bilan birgalikda vakolatli davlat organlariga, muassasalariga yoki xalq vakillariga ariza, taklif va shikoyatlar bilan murojaat qilish huquqiga ega. Arizalar, takliflar va shikoyatlar qonunda belgilangan tartibda va muddatlarda ko‘rib chiqilishi shart.
Mazkur qoida mamlakatimiz qonunlarida fuqarolarning huquq va manfaatlarini ta’minlash borasida belgilangan normalarning asosini tashkil etadi. Chunki, unda vakolatli davlat organlariga, muassasalariga yoki xalq vakillariga buzilgan huquqlarning tiklanishi, tegishli tartiblarni rivojlantirish maqsadida murojaat qilish institutini o‘zida ifodalaydi. O‘z navbatida, har bir shaxs ushbu konstitutsiyaviy huquqini bevosita o‘zi va boshqalar bilan birgalikda amalga oshirishlari mumkin.
O‘tgan yillar davomida mazkur norma asosida “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi kabi 10 ga yaqin qonun va qonunosti hujjatlari qabul qilindi. Shu sababli, murojaatlar qonuniylik va adolat tamoyillari asosida xolisona ko‘rib chiqilmoqda, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishi ta’minlanmoqda.

Behruz Normo‘minov
Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamentining Yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirish va jinoyatchilikni oldini olish masalalari qo‘mitasi a’zosi
Demokratik davlatlarda so‘z va matbuot erkinligi asosiy omillardan biridir. So‘nggi yillarda mamlakatimizda matbuot va so‘z erkinligini chinakamiga ta’minlash, bu borada yangi vosita va uslublardan foydalanishga alohida e’tibor berilmoqda. Ushbu ezgu ishlar O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 67-moddasi asos bo‘lmoqda. Unga muvofiq, “Ommaviy axborot vositalari erkindir va qonunga muvofiq ishlaydi. Ular axborotning to‘g‘riligi uchun belgilangan tartibda javobgardirlar. Senzuraga yo‘l qo‘yilmaydi”.
Shuningdek, ushbu sohada “Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida”gi, “Axborot olish kafolatlari va erkinligi to‘g‘risida”gi va “Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunlarning qabul qilinishi mamlakatimizning axborotlashuv asrida dunyo hamjamiyati oldida munosib imidji shakllanishiga xizmat qildi. Hozirda O‘zbekistonda har bir tashkilot va davlat organlarida axborot xizmatlarining tashkil etilishi, axborot va matbuot xizmatlariga ko‘rsatilayotgan e’tibor jamiyatimizda axborotga bo‘lgan talabni qondirish uchun amalga oshirilayotgan islohotlarning amaliy natijasidir.

Jahongir Bozorov
Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamentining Yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirish va jinoyatchilikni oldini olish masalalari qo‘mitasi a’zosi
Bosh qomusimizning 7-moddasida belgilanganidek, “xalq davlat hokimiyatining birdan bir manbai”. Hozirgi kunda barcha davlat organlarining faoliyatida “xalq davlat idoralariga emas, balki davlat organlari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan g‘oya ustuvor ahamiyat kasb etmoqda. Xalqqa xizmat qilish, odamlarning manfaatlarini ta’minlash kundan-kunga rahbarlar faoliyatining asosiy mezoniga aylanib bormoqda. Mamlakatimizda davlat boshqaruvida xalqning xohish va istaklarini ustuvor deb bilish va inson huquqlarining eng oliy qadriyat sifatida e’tirof etilishi amalga oshirilayotgan islohotlarimizning natijadorligi va samaradorligini ta’minlashga xizmat qilishi, shubhasiz.