Bugun O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan ekolog” faxriy unvonini ta’sis etish bilan bog‘liq bo‘lgan qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlash joizki, bugungi ekologik vaziyat insoniyat salomatligi va taqdiriga katta ta’sir ko‘rsatmoqda. Bu esa har birimizdan ekologiyani asrab-avaylashni, ekologik madaniyatimizni oshirishni taqozo etadi.

Ekologiya sohasida jamoatchilik faollari safi kengayib bormoqda. Bir millionga yaqin ekofaollar orasida ko‘ngilli tarzda volontyorlik qilib kelayotganlar anchagina. Shuningdek, mamlakatimizning turli hududlarida 100 dan ortiq ekologik nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyat ko‘rsatmoqda.

Ekofaollar safini yanada kengaytirish, yurtimizdagi barcha fuqarolarni ekologiyani asrashda faollik ko‘rsatishga chaqirish, atrof-muhitni muhofaza qilishda jamoatchilik ishtirokini qo‘llab-quvvatlash maqsadida “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan ekolog” faxriy unvonini ta’sis etish ko‘zda tutilmoqda.

Ushbu unvonning ta’sis etilishi tabiatni asrab-avaylash, bioxilma-xillikni saqlash, iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va tizimda alohida tashabbus ko‘rsatgan shaxslarni rag‘batlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ekopartiya deputatlari mazkur qonun loyihasini qizg‘in muhokama qilib, qo‘llab-quvvatladilar.
Muhtarama Komilova, O‘zA