French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston Respublikasi uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohasi xodimlari kuni
08:04 / 2025-04-18

Vatanimiz tarixidagi 18 aprel sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.

Mazkur kasb bayramini belgilash to‘g‘risidagi qonun 2018 yil 2 aprelda qabul qilingan. Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohasi xodimlari o‘z kasb bayramlarini ilk bor o‘sha yilning o‘zidayoq nishonlagan bo‘lsalar, bu yil sakkizinchi bor bayram qilmoqdalar.

1220 yil (bundan 805 yil oldin) – tarixchi olim Ziyo Buniyodovning qayd etishicha, mo‘g‘ullar ta’qibidan qochib yurgan xorazmshoh Alovuddin Muhammad Nishopurga keldi. Bu yerda u qalbida o‘tirib qolgan qo‘rquv va ko‘nglida o‘rnashgan vahima tufayli faqat bir necha soat turdi, xolos. Ta’qib qilayotgan mo‘g‘ullar yaqinlashib kelayotganini eshitib, xorazmshoh qo‘rquv-iztirobda Nishopurni tark etib, Bistomga yetib bordi.

Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, mo‘g‘ullar O‘trorni va Sirdaryo bo‘yidagi boshqa shahar hamda qal’alarni bosib olgandan so‘ng ko‘shinlarini Buxoroga yo‘llagani, keyin uni ham olgani haqida eshitgai xorazmshoh Alovuddin Muxammad Movarounnahr hududlarini tashlab Xurosonga ketgan edi. Uning qochishi shunchalik shoshilinch bo‘ldiki, hatto u Amudaryodan o‘tayotgan paytda Kirmondan keltirilgan 70 yuk tilladan ham voz kechdi. Bu tilla yuklar muxri buzilmasdan daryoga cho‘ktirildi. Bular bilan birga xorazmshohning undan ham qimmatliroq bo‘lgan xazinasi ham cho‘ktirildi.

1579 yil (bundan 805 yil oldin) – amalda Buxoro xonligini idora etayotgan Abdullaxon Iskandarxon o‘g‘li va Toshkent hamda Turkiston hokimi Bobo sulton Navro‘z Ahmadxon (Baroqxon) o‘g‘li o‘rtasida jang bo‘lib o‘tdi. Tarixda Chirchiq jangi nomini olgan ushbu muhorabada Abdullaxon Bobo Sulton qo‘shinini tor-mor keltirdi.

1709 yil (bundan 316 yil oldin) – ashtarxoniylar sulolasidan bo‘lgan Buxoro xoni Ubaydullaxon o‘zining shahardan tashqaridagi Xonobod bog‘ida yangi oliy qo‘shbegi – qo‘shbegiyi kulli lavozimini joriy etib, ushbu lavozimni inoq To‘raqulbiy (sobiq qullardan bo‘lgan shaxs)ga taqdim etdi. Qo‘shbegi (turkiycha “qo‘sh”, ya’ni qarorgoh (harbiy qarorgoh ma’nosida) xon qarorgohi va undagi qo‘shin boshlig‘i bo‘lib, ashtarxoniylardan Ubaydullaxon (1702–1711) va ayniqsa zaif hukmdor Abdulfayzxonlar (1711–1747) davrida davlatdagi “ikkinchi shaxs” darajasiga erisha boshlagan.

1923 yil (bundan 102 yil oldin) – Turkiston Respublikasi hukumatining qarori bilan O‘lchovlar va tarozilar to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Mazkur nizom tasdiqlanganidan va ichki savdoni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha qo‘mita huzurida o‘lchovlar hamda tarozilarning Turkiston byurosi tuzilganidan so‘ng O‘rta Osiyoda o‘lchovlarning metrik tizimi yo‘lga qo‘yildi. 

1935 yil (bundan 90 yil oldin) – energetika va mexanika sohasidagi olim, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi To‘lqin Bekmurodov tavallud topdi. Uning ilmiy ishlari informatika, hisoblash texnikasi va avtomatlashgan boshqarish tizimlariga doir.

2001 yil (bundan 24 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Aholiga kommunal xizmat ko‘rsatishni takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

2017 yil (bundan 8 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish tizimini boshqarishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.

2017 yil (bundan 8 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy bog‘i hududida Adiblar xiyobonini barpo etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

2019 yil (bundan 6 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Davlat teatrlari va konsert-tomosha muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

2020 yil (bundan 5 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “TEAM universitetini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

2022 yil (bundan 3 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarda ta’lim berish sifatini oshirish hamda ular faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi, O‘zA