Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston Respublikasi temir yo‘l transporti xodimlari kuni
08:24 / 2025-08-03

Vatanimiz tarixidagi 3 avgust sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.

Avgust oyining birinchi yakshanbasi – O‘zbekiston Respublikasi temir yo‘l transporti xodimlari kuni. Mazkur sana Prezidentning 2017 yil 2 avgustdagi farmoniga asosan temir yo‘llarda yuk va yo‘lovchilarni tashish hajmini oshirish, temir yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish borasida oxirgi yillarda erishilgan yutuqlarni hisobga olib hamda soha mutaxassislarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida nishonlanib kelinmoqda. Mazkur kunni belgilash to‘g‘risidagi Qonun 2017 yil 20 dekabrda qabul qilingan.

1191 yil (bundan 834 yil oldin) – mashhur faqih olim Alouddin Kosoniy Halabda olamdan o‘tdi. U shahar tashqarisida Makomi Ibrohim Xalil mavzesiga dafn etilgan. Olim o‘z zamondoshlari va ilm ahllari orasida Malik ul-ulamo (olimlar podshohi) rutbasi bilan ma’lum va mashxur edi. 

Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizei, Kosoniy ustozi Alouddin Samarkandiyning “Tuxfatu-l-fuqaxo” nomli asariga sharh va o‘zining shoh asari “Badoi”ni yozadi hamda uni ustoziga taqdim qiladi. Bundan ustozi juda xursand va mamnun bo‘ladi. Buning muqobilida ustozi Samarkandiy, oralarida turk hukmdorlari ham bo‘lgan bir qancha boobro‘ kishilarning sovchiligida olima va faqixa bo‘lgan qizi Fotimani Kosoniyga nikohlab beradi. Ana shu nikohning mahri sifatida Kosoniyning “As-Sanoi” asarini qabul qiladi. Shu sababli xam, “ustozining tuxfasini sharhlab, qiziga uylandi” degan gap xalq o‘rtasida mashhur bo‘lib ketgan.

1200 yil (bundan 825 yil oldin) – poytaxt Gurganjda Xorazmshohlarning yangi sultoni Qutbiddin Muhammad tantanali ravishda taxtga o‘tirdi. Keyinchalik u otasining taxallusi – Alouddin nomini ham oldi. Xorazmshoh Alouddin Qutbiddin Muhammad davrida saltanat ham hududiy, ham kuch-qudrat jihatidan o‘zining yuksak cho‘qqisiga yetgan. Xorazmshoh o‘ziga Iskandari Soniy (Ikkinchi Iskandar) laqabini ham oldi va saroyda Zulqarnayn navbasi (shoh kirishi sharafiga musiqiy madhiya)ni joriy qildi.

1590 yil (bundan 435 yil oldin) – Toshkent hokimi Do‘stim sulton, Andijon hokimi Isfandiyor sulton, Hisor hokimi O‘zbekxon va Samarqand hokimi Ibodulla sultonning elchilari Samarqandda to‘planib kengash o‘tkazdi va Buxoro xoni Abdullaxon soniyga qarshi harbiy-siyosiy ittifoq tuzdi. Oradan ko‘p vaqt o‘tmay, Ibodulla sulton Abdullaxonning yo‘qligidan foydalanib, Samarqand tevaragidagi tumanlarni talon-taroj qildi.

1929 yil (bundan 96 yil oldin) – O‘zbekiston SSR hukumatining qaroriga binoan yollanma mehnatdan foydalangan dehqon xo‘jaligi, ruhoniylar tabaqasidan bo‘lgan imom, mullalar, o‘z mehnat qurollari yoki binolarini vaqtincha yoki doimiy ijaraga berganlar, o‘z xo‘jaligida tegirmon, moyjuvoz va boshqa uskunalardan foydalanganlar, yiliga 600 so‘mdan ortiq daromad qilganlar “quloq” (“mushtumzo‘r”) deb e’lon qilindi.

Tarixchi Alisher Toyirovning qayd etishicha, shu me’yorga asosan, mustabid sovet rejimining badavlat va o‘rta hol dehqonlarni qishloq burjuaziyasi sifatida tugatish siyosati – quloqlashtirish natijasida 1929–1930 yillarda birgina Samarqand viloyatidan 1614 ta xo‘jalik “quloq xo‘jaliklari” deb baholangan. Ammo hukumatning quloq xo‘jaliklariga talabi yil sayin kuchayib, eng oddiy dehqon xo‘jaligi ham “quloq” deb tugatila boshlangan.

1989 yil (bundan 36 yil oldin) – Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumani buldozerchilari Abduolim Mo‘minov va Abdurashid Kenjayevlar Terak qishlog‘ida yer tekislashayotganlarida ikki xum tanga topib oldilar. Bu topilma chin ma’nodagi xazina bo‘lib, 3850 dona kumush tangadan iborat edi. Bu xazina jahongir Amir Temur hukmronlik qilgan yillarda Turon, Yaqin va O‘rta Sharkdagi turli shaharda zarb qilingan tanga-pullar edi.

Tarixchi Dilafro‘z Qurbonovaning qayd etishicha, bu xazinani buldozerchilar o‘z ixtiyorlari bilan rayon militsiyasi vositachiligida Yakkabog‘ tuman moliya bo‘limiga topshirishgan. Moliya bo‘limi rahbari bu qimmatli xazinani o‘lka muzeyiga topshirmay, uning asosiy qismini Moskvadagi qimmatbaho buyumlarni saqlash xazinasiga jo‘natib yuborgan. 

Tarixchi Irpon To‘xtiyevning yozishicha, bu dafinadan olingan ikki pudga yaqin, ya’ni 31 kg tangalarning bir qismi qo‘lma-qo‘l tarqalib ketgan. 1129 dona kumush tanga pullar aholidan yig‘ib olinib, hozirgi O‘zbekiston tarixi davlat muzeyining numizmatika fondiga topshirilgan. Bu dafina ikki nominal (qimmat)dagi tangalardan iborat bo‘lib, mirilar 575 donani, tangalar esa 554 donani tashkil etgan. Mirilar, asosan, Samarqandda 1380 va 1405-yillari zarb qilingan bo‘lib, ular 562 donani, Xorazmda 1388 va 1404-yillari zarb etilgan mirilar 11 donani va Mordin shahrida zarb qilingani 2 donani tashkil qilgan, ushbu ikki mirining yil sanalari o‘chib ketgan.

2017 yil (bundan 8 yil oldin) – Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatimiz ijodkor ziyolilari vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvda milliy madaniyatimiz, adabiyot va san’atimizni rivojlantirish bilan bog‘liq dolzarb masalalar, ularni hal etish yo‘llari, bu borada ijodiy uyushmalar va davlat tashkilotlari oldida turgan muhim vazifalar haqida atroflicha fikr almashildi.

2019 yil (bundan 6 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi va Belarus Respublikasi o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

2020 yil (bundan 5 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasining milliy statistika tizimini yanada takomillashtirish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

2022 yil (bundan 3 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Aliment to‘lovlari jamg‘armasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

2023 yil (bundan 2 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2023–2026 yillarda uzumchilik va vinochilik sohasini yanada rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

2024 yil (bundan 1 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Majburiy raqamli markirovkalash lozim bo‘lgan tovarlarning chakana savdosini tartibga solish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi, O‘zA