Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston Respublikasi savdo to‘siqlarini bartaraf etish borasida hamkorlikka tayyor
20:29 / 2021-05-22

Joriy yilning 21 may kuni Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining videokonferensiya shaklidagi navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilish davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bir qator muhim tashabbuslarni ilgari surdi.

Jumladan, davlatimiz rahbari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi turli savdo to‘siqlarini bartaraf etish va tashqi savdoni tartibga solishning notarif usullarini yanada yaqinlashtirish bo‘yicha Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi hamda Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga (YeOII) a’zo davlatlar bilan hamkorlikni kengaytirishga tayyor ekanligi alohida ta’kidlab o‘tildi. 

Notarif usullar tashqi iqtisodiy faoliyatni tartibga solishning ma’muriy vositasi hisoblanib, eksport yoki importni cheklash, ta’qiqlash, olib kirish va olib chiqishni litsenziyalash 
va kvotalash, eksportni ixtiyoriy cheklash, texnik to‘siqlar, importga turli soliqlar va yig‘imlarni joriy qilish, eksportni subsidiyalash, kreditlash, demping kabilarni o‘z ichiga oladi. 
Bu o‘rinda notarif to‘siqlar raqobat muhitini yomonlashuviga, tashqi savdoni amalga oshirishda ko‘p vaqt sarfiga, shuningdek, tovar va hizmatlar narxining oshishiga olib kelishi mumkin. 

Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, YeOIIga a’zo mamlakatlar bilan tashqi savdoni tartibga solishning notarif usullarini yaqinlashtirish hamda turli savdo to‘siqlarini bartaraf etish qator ijobiy jihatlarga ega.

Birinchidan, eksport va import jarayonlarida tovarlarni bojxona tekshiruvidan o‘tkazish uchun sarflanadigan vaqt va talab qilinadigan hujjatlar soni kamayadi. Natijada mahalliy tadbirkorlarning ittifoqqa a’zo mamlakatlar hududiga o‘z maxsulotlarini eksport qilish imkoniyati kengayadi. 

Shu o‘rinda qayd etish lozimki, so‘nggi yillarda O‘zbekistonning YeOIIga a’zo mamlakatlar bilan savdo-iqtisodiy sohadagi hamkorlik aloqalari rivojlanib bormoqda. Xususan, 2016-2019 yillarda mamlakatimizning ittifoqqa a’zo davlatlar bilan savdo aylanmasi hajmi 60%ga ortib, 8,4 milliard AQSH доллариga yetgan bo‘lsa, 2020 yilda mazkur ko‘rsatkich 
8,8 milliard AQSH долларини tashkil etdi. 

Ikkinchidan, O‘zbekiston iqtisodiyotining investitsion jozibadorligi ortadi. YeOII aholisi 186 миллиондан ortiqni, nominal yalpi ichki mahsuloti esa, jahon bankining 2020 yilgi ma’lumotlariga ko‘ra, 2,15 trillion AQSH долларини tashkil etuvchi yirik bozor hisoblanib, mamlakatimizning mazkur iqtisodiy makonda erkin savdo qilishi uchun shart-sharoitlarni yanada yaxshilanishi xorijiy investorlarda O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyotiga investitsiya kiritish uchun rag‘batni oshiradi. 

Uchinchidan, milliy iqtisodiyotimizning raqobatbardoshlik darajasi ortishiga xizmat qiladi. Jumladan, turli savdo to‘siqlarini bartaraf etilishi ichki bozorda raqobatning kuchayishiga olib keladi. Bu esa milliy ishlab chiqaruvchilarimizni zamonaviy texnologiyalarni jalb etish orqali ishlab chiqarish jarayonini modernizatsiya qilish, mahsulot sifatini oshirish va tannarxini kamaytirishga yanada rag‘batlantiradi. 

Xulosa qilib aytganda, O‘zbekiston Respublikasining Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi hamda YeOIIga a’zo davlatlar bilan savdo to‘siqlarini bartaraf etish va tashqi savdoni tartibga solishning notarif usullarni yaqinlashtirish borasidagi hamkorlik aloqalarining kuchayishi mamlakatimiz eksporti hajmining ko‘payishiga, xorijiy investitsiyalarni jalb qilishda qo‘shimcha imkoniyatlar yaratilishiga, shuningdek, ishlab chiqarilgan mahsulotlarning raqobatbardoshlik darajasini ortishiga hizmat qiladi. 

Bu o‘rinda mazkur jarayon teng huquqlilik tamoyiliga asoslanib, faqatgina bir davlatning emas, balki barcha tomonlarning manfaatlarini hisobga olgan holda amalga oshirilishi zarur. 

Azimbek Najimov,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi

Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti

yetakchi ilmiy xodimi