English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Samarqand viloyatida agrar sohada amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi
11:10 / 2026-02-23

Jumladan, Samarqand tumanida “Samarqand Group” MCHJ tomonidan 70 sotix maydonda barpo etilgan banan plantatsiyasida tropik ekinlarni issiqxona sharoitida mahalliy iqlimga moslashtirish bo‘yicha ilg‘or agrotexnologiyalar ko‘zdan kechirildi.

Mazkur issiqxonada mahalliy iqlimga moslashtirilgan bananning “Qirollik” (“Korolevskiy”) navi parvarishlanmoqda. Zamonaviy parvarish tizimi, harorat va namlikni avtomatik boshqarish, o‘simliklarni oziqlantirishning ilmiy asoslangan usullari hosildorlikning yuqori bo‘lishini ta’minlamoqda. 

I.Abdurahmonov plantatsiyani ko‘zdan kechirish jarayonida issiqxona xo‘jaligini kengaytirish, resurs tejamkor texnologiyalarni qo‘llash, shuningdek, o‘simliklarni oziqlantirishda organik o‘g‘itlardan samarali foydalanish yuzasidan tavsiyalar berdi. Bunday innovatsion loyihalar import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar yetishtirish hamda eksportbop mahsulotlar hajmini oshirishda muhim ahamiyatga ega. 

I.Abdurahmonov viloyat mas’ullari, fermer va tadbirkorlar, ilmiy-tadqiqot institutlari vakillari ishtirokida qishloq xo‘jaligida samaradorlikni oshirish hamda zamonaviy agrotexnologiyalarni keng joriy etish yuzasidan amaliy seminar o‘tkazdi. 

Tadbirda qishloq xo‘jaligida ilmiy yondashuvlarni kuchaytirish, hosildorlikni oshirish hamda resurslardan samarali foydalanish masalalari muhokama qilindi. Ayniqsa, paxta va g‘alla yetishtirishda diversifikatsiya, zamonaviy ekish texnologiyalarini joriy etish, urug‘chilik tizimidagi yangiliklar hamda kartoshkachilik yo‘nalishini rivojlantirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.

Bioo‘g‘itlar, organik agrotexnologiyalar, suv tejovchi usullarni keng joriy etish, tuproq unumdorligini oshirishga qaratilgan innovatsion yechimlarning amaliy ahamiyati ta’kidlandi.

Mutaxassislar tomonidan fermerlarga agrotexnik tadbirlarni ilmiy asosda tashkil etish, hosildorlikni oshirish va ishlab chiqarish samaradorligini yuksaltirish bo‘yicha tavsiyalar berildi. 

Tadbir yakunida sayyor qabul tashkil etilib, fermerlarning taklif va murojaatlari tinglandi. Ayrim masalalar joyida hal qilindi, muammolar yuzasidan mas’ullarga topshiriqlar, zarur huquqiy tushuntirishlar berildi. 

G‘. Hasanov, O‘zA muxbiri