Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomiga
19:49 / 2024-02-23

Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedovdan O‘zbekistonda Maxtumquli Firog‘iy tavalludining 300 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida qaror qabul qilingani munosabati bilan minnatdorlik maktubi keldi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Hurmatli Shavkat Miromonovich,

Qadrli birodarim,

Avvalo, Sizga o‘zimning samimiy salomlarimni yo‘llab, Turkmaniston va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasidagi do‘stlik, qardoshlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini rivojlantirish hamda mustahkamlashga qo‘shayotgan ulkan shaxsiy hissangiz uchun chuqur minnatdorlik bildiraman.

Sizning buyuk turkman shoiri va mutafakkiri Maxtumquli Firog‘iy tavalludining 300 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida qabul qilgan qaroringiz buning yana bir yaqqol ifodasi bo‘ldi.

Gumanist va ma’rifatparvar shoir sifatida o‘zining ijodi va falsafiy merosi bilan insoniyat ma’naviy xazinasidan abadiy joy olgan Maxtumquli Firog‘iyning jahon adabiyoti va madaniyati tarixidagi alohida o‘rni haqidagi fikrlaringizga to‘liq qo‘shilaman. Va albatta, biz Maxtumqulining turkman va o‘zbek xalqlarining o‘zaro qardoshligi, do‘stligi hamda mushtarak taqdirlari poydevorini yaratishga qo‘shgan ulkan hissasi to‘g‘risida hamisha chuqur minnatdorlik va g‘urur tuyg‘usi bilan gapiramiz.

O‘zbekiston Maxtumqulining hayoti va ijodida alohida o‘rin egallaydi. Ulug‘ shoir Xivada ta’lim olib, O‘zbekiston tarixini juda yaxshi o‘rganib, ushbu zaminga chinakam mehr, uning xalqi va an’analariga katta hurmat va ehtirom rishtalari bilan bog‘landi.

Bugungi kunda Maxtumqulining she’rlari o‘zbek tilida yangrayotgani, O‘zbekistondagi maktab va universitetlarda o‘rganilayotgani tabiiy holdir. Xuddi shu kabi Turkmanistonda ham Alisher Navoiy, Mirzo Ulug‘bek, Munis Xorazmiy kabi buyuk o‘zbek shoirlari, alloma va mutafakkirlarini bilishadi va hurmat qilishadi.

Ishonchim komilki, O‘zbekistonda Maxtumquli Firog‘iy tavalludining 300 yilligi keng nishonlanishi xalqlarimiz va davlatlarimiz o‘rtasidagi qardoshlik rishtalari mustahkamligining, umumiy tarixiy taqdirimiz, o‘zaro hamjihatligimiz va jipslikka doimo tayyor ekanimizning yana bir ifodasi bo‘ladi.

Qabul qilgan qaroringiz uchun yana bir bor minnatdorligimni qabul qilishingizni so‘rayman.

Fursatdan foydalanib, Sizga mustahkam sihat-salomatlik, baxt-saodat, davlatchilik va siyosiy faoliyatingizda yangi yutuqlar, O‘zbekiston xalqiga esa tinchlik va ravnaq tilayman.

Chuqur hurmat bilan,

Gurbanguli BERDIMUHAMEDOV,

turkman xalqining milliy yetakchisi,

Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi