O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Abu-Dabi valiahdi, Birlashgan Arab Amirliklari Qurolli Kuchlari Oliy bosh qo‘mondoni o‘rinbosari Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon bilan telefon orqali muloqot qildi.
Davlatimiz rahbari Abu-Dabi valiahdini, do‘st Amirliklar rahbariyati va xalqini ushbu mamlakat tashkil topganining 50 yilligi bilan samimiy qutlab, tinchlik-osoyishtalik, farovonlik, bardavom taraqqiyot va ravnaq tiladi.
BAAning davlat qurilishi va iqtisodiy rivojlanishda yuksak muvaffaqiyatlarga erishgani, ular keng xalqaro e’tirofga sazovor bo‘lgani va Dubay shahrida o‘tayotgan EXPO butunjahon ko‘rgazmasida yana bir bor namoyish etilgani alohida qayd etildi.
Suhbatda ko‘p qirrali O‘zbekiston-BAA hamkorligi kun tartibidagi dolzarb masalalar ko‘rib chiqildi.
Muqobil energetika, sanoat, qishloq xo‘jaligi, infratuzilmani modernizatsiya qilish, boshqaruv kadrlarini tayyorlash va boshqa ustuvor sohalarda samarali hamkorlik qilinayotgani hamda Amirliklarning yetakchi tashkilotlari, kompaniya va moliyaviy institutlari ishtirokidagi qo‘shma loyihalar muvaffaqiyatli ilgari surilayotgani mamnuniyat bilan ta’kidlandi.
Uzoq muddatli sheriklikning yangi ilg‘or yo‘nalish va dasturlarini belgilab olish maqsadida faol muloqot va almashinuvlarni davom ettirish muhim ekani qayd etildi.
Abu-Dabi valiahdi Amirliklarning har doimgidek do‘stona va yaqin ikki tomonlama munosabatlarni yanada mustahkamlash borasidagi intilishi qat’iy ekanini tasdiqladi hamda O‘zbekiston va BAA o‘rtasidagi keng ko‘lamli hamkorlikni davom ettirish zarurligini ta’kidladi.
Telefon orqali muloqot do‘stona, ishonch va ishchanlik ruhida o‘tdi.