Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7-sentyabr kuni mamlakatimizdagi diplomatik missiyasini yakunlayotgan Amerika Qoʻshma Shtatlarining Favqulodda va Muxtor elchisi Deniyel Rozenblyumni qabul qildi.
Davlatimiz rahbari Deniyel Rozenblyumning Oʻzbekiston – AQSH strategik sheriklik munosabatlarini rivojlantirishdagi hissasini qayd etdi.
Keyingi yillarda konstruktiv siyosiy muloqot yoʻlga qoʻyildi. Birgalikdagi saʼy-harakatlar bilan oʻzaro manfaatli savdo-iqtisodiy hamkorlik kengayib bormoqda. Oʻzaro savdo hajmi oshmoqda, AQSHning yetakchi kompaniyalari ishtirokida qator investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Taʼlim va sogʻliqni saqlash sohalarida ikki tomonlama dasturlar joriy etilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil avgust oyida qabul qilingan farmoniga muvofiq amerikalik diplomat mamlakatimizning yuksak davlat mukofoti – “Doʻstlik” ordeniga sazovor boʻldi.
AQSH elchisi uning faoliyatiga berilgan yuqori baho uchun samimiy minnatdorlik bildirib, mamlakatlarimiz oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlik mustahkamlanishini bundan buyon ham faol qoʻllab-quvvatlashda davom etishini taʼkidladi.
OʻzA