Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti «2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida»gi Farmonni imzoladi
16:17 / 2022-01-29

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev «2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida»gi Farmonni hamda 2022 yil – «Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili»da amalga oshirishga oid Davlat dasturini imzoladi.

Mazkur Farmon loyihasi 2021 yilning 30 dekabridan 2022 yilning
15 yanvar kuniga qadar  2022-2026.strategy.uzregulation.gov.uz va jamoatchilik.uz portallari orqali keng jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazildi.

«Taraqqiyot strategiyasi» markazi Axborot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, muhokamalar davrida Farmon loyihasining mazmun-mohiyatini keng aholi qatlamiga yetkazish maqsadida televideniye, radio, elektron ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda materiallar muntazam ravishda chop etilib borildi. 

Xususan, mahalliy ommaviy axborot vositalari, veb-saytlar, ijtimoiy tarmoqlarda 3 600 ga yaqin materiallar e’lon qilindi, teleradiokanallarda qariyb 1 700 ta ko‘rsatuv va eshittirishlar efirga uzatildi, ijtimoiy tarmoqning «Facebook» va «Telegram» kabi kanallariga mavzuga oid 1 600 ga yaqin materiallar joylashtirildi.

Natijada, loyiha bo‘yicha jami 17 535 ta taklif kelib tushdi. Xususan, birinchi, Inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish yo‘nalishi bo‘yicha – 7 137 ta, ikkinchi, Mamlakatimizda adolat va qonun ustuvorligi tamoyillarini taraqqiyotning eng asosiy va zarur shartiga aylantirish yo‘nalishida – 564 ta, uchinchi, Milliy iqtisodiyotni jadal rivojlantirish va yuqori o‘sish sur’atlarini ta’minlash yo‘nalishida –1 116 ta, to‘rtinchi, Adolatli ijtimoiy siyosat yuritish, inson kapitalini rivojlantirish yo‘nalishida – 7 395 ta, beshinchi, Ma’naviy taraqqiyotni ta’minlash va sohani yangi bosqichga olib chiqish yo‘nalishida – 225 ta, oltinchi, Milliy manfaatlardan kelib chiqqan holda umumbashariy muammolarga yondashish yo‘nalishida – 892 ta va yettinchi, Mamlakatimiz xavfsizligi va mudofaa salohiyatini kuchaytirish, ochiq, pragmatik va faol tashqi siyosat olib borish yo‘nalishida – 206 ta, shu jumlasidandir.

Ta’kidlash joizki, takliflarning 8 000 tasi loyihadagi normalarni qo‘llab-quvvatlashga, 6 000 dan ortig‘i umumiy xarakterdagi, 1 000 ga yaqini qonunchilikda hamda loyihada mavjud masalalar va 1 000 dan ortig‘i aniq masalalarga qaratilgan.

Har tomonlama ko‘rib chiqilgan takliflar yakuniga ko‘ra, loyihaga qariyb 100 ta konseptual hamda 200 dan ortiq aniq xarakterga ega o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Xususan, aholi tomonidan bildirilgan takliflarning inobatga olinishi natijasida taraqqiyot strategiyasi loyihasida nazarda tutilgan maqsadlar soni 94 tadan 100 taga ko‘paydi.

Shuningdek, 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini 2022 yilda amalga oshirishga oid Davlat dasturida rejalashtirilayotgan tadbirlarni moliyalashtirishga umumiy qiymati 55 trln. so‘m va 11,7 mlrd. AQSH dollari miqdoridagi mablag‘lar ajratilishi ko‘zda tutilgan.

2022 yilgi Davlat dasturi jami 398 ta banddan iborat bo‘lib, birinchi yo‘nalishda – 45 ta, ikkinchi yo‘nalishda – 24 ta, uchinchi  yo‘nalishda – 128 ta, to‘rtinchi yo‘nalishda – 59 ta, beshinchi yo‘nalishda – 29 ta, oltinchi yo‘nalishda – 38 ta, yettinchi yo‘nalishda – 75 ta bandni o‘z ichiga qamrab olgan.

O‘zA