English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirmanchi yalpi majlisi to‘g‘risida AXBOROT
23:09 / 2021-10-21

21 oktyabr kuni Toshkent shahrida Oliy Majlis Senatining yigirmanchi yalpi majlisi o‘z ishini davom ettirdi.

Videokonferensaloqa tarzida o‘tkazilgan majlisda hukumat a’zolari va idoralar rahbarlari, Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zolari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva olib borgan yalpi majlis yuqori palataning rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali jonli efirda namoyish etildi.

Dastlab senatorlar mamlakatimizdagi avtomobil yo‘llari hamda sun’iy inshootlarning holati va transport vositalarining xavfsiz harakatlanishini ta’minlashga doir qonun hujjatlarining ijro etilishi yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so‘rovi natijalarini ko‘rib chiqdilar.

Qayd etilganidek, Oliy Majlis Senatining 2021 yil 29 maydagi qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so‘roviga berilgan javobda ko‘tarilgan masalalar yechimiga qaratilgan muayyan ishlar amalga oshirilgan.

Xususan, ko‘prik va yo‘l o‘tkazgichlar texnik holatini yaxshilashga qaratilgan hukumat qarori, O‘zbekiston Respublikasining 2030 yilgacha avtomobil yo‘llarini rivojlantirish strategiyasi loyihasi tayyorlangan.

Shuningdek, tegishli hujjat asosida “O‘zyo‘linspeksiyasi”ga tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan yo‘l-qurilish ishlari olib borilayotgan ob’ektlarda sifat nazoratini operativ o‘tkazish hamda sodir etilayotgan qoidabuzarliklarni o‘z vaqtida aniqlash vakolati berilgan.

Biroq parlament so‘rovida ko‘tarilgan ayrim masalalar yuzasidan asosli javoblar taqdim etilmagan.

Xususan, Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 1 noyabrdagi 226-sonli qaroriga ilova qilingan “Avtomobil yo‘llarini ta’mirlash va saqlash ishlari tasnifi”da avtomobil yo‘lini joriy ta’mirlash ishlari bajarilganidan so‘ng uning xizmat qilish muddatiga nisbatan talab belgilanmagani va bu hol jiddiy muammolarga sabab bo‘layotgani e’tiborsiz qoldirilgan.

Javobni muhokama qilish jarayonida mazkur so‘rovda ko‘tarilmagan boshqa dolzarb masalalar ham mavjudligi aniqlandi. Xususan, avtomobil yo‘llarida harakat xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan tadbirlar yetarli darajada moliyalashtirilmayapti.

Majlisda parlament so‘rovida keltirilgan muammolarni bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlarni Vazirlar Mahkamasi tomonidan davom ettirish zarurligi ta’kidlandi.

Mazkur masala yuzasidan Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

Shundan so‘ng qon va uning tarkibiy qismlari donorligi sohasini rivojlantirish uchun ko‘rilayotgan choralar yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so‘rovi natijalari muhokama etildi.

Senatorlar parlament so‘roviga hukumat tomonidan berilgan javobda muayyan ishlar amalga oshirilganligini qayd etdi.

Xususan, qon quyish muassasalarida gemakonlar, qon saqlash va transportirovka anjomlari bilan ta’minlash uchun so‘nggi besh yilda 15 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan.

Donorlar va qon zaxirasi haqidagi ma’lumotlar almashinuvini raqamlashtirish maqsadida qon xizmati avtomatlashgan axborot tizimi yaratilgan.

Qon komponentlarini tayyorlovchi asbob-uskunalarni muntazam ravishda ko‘rikdan o‘tkazib, ularni ta’mirlovchi mutaxassislar tayyorlash yo‘lga qo‘yilgan.

Shu bilan birga, majlisda parlament so‘rovida ko‘rsatilgan ayrim masalalar yuzasidan javob yetarli darajada aks etmagani ma’lum qilindi.

Jumladan, qon va uning tarkibiy qismlari donorligini tartibga soluvchi qonun hamda qonunosti hujjatlari bilan tartibga solinadigan normativ-huquqiy hujjatlarda bo‘shliqlar mavjud va ularni bartaraf etishga qaratilgan choralar ko‘rilmagan.

Ixtisoslashgan muassasalar moddiy-texnika ta’minoti va modernizatsiyalash, xususan, PZR apparatlari, gemotsitoferez, plazmaferez, immunogematologik analizator va IFA-analizator hamda boshqa uskunalar bilan jihozlash bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilanmagan.

Muhokama jarayonida qon va uning tarkibiy qismlari donorligi sohasini rivojlantirishda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar parlament doimiy nazoratida bo‘lishi qayd etildi.

Ushbu masala yuzasidan Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

So‘ngra senatorlar koronavirus pandemiyasidan keyin turizmni tiklash va rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi holati yuzasidan ilgari yuborilgan parlament so‘roviga Vazirlar Mahkamasining javobini ko‘rib chiqdilar.

Majlisda hukumatning parlament so‘roviga javobi batafsil muhokama etildi. Jumladan, senatorlar O‘zbekistonda turizm sohasini tiklash, xorijiy turistlarning mahalliy turistlar bilan almashtirilishini ta’minlash maqsadida soliq imtiyozlari va preferensiyalar taqdim etish, shuningdek, turizm sohasi uchun subsidiyalar, ssudalar, grantlar shaklidagi moliyaviy yordam ko‘rsatishni nazarda tutuvchi qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinganini alohida ta’kidladilar.

Qayd etilganidek, 23 ta turistik tashkilotga 289,2 million so‘m, barpo etilayotgan uch yulduzli 3 ta mehmonxonaga 1,2 milliard so‘m subsidiya, shuningdek, 37 ta turoperatorga 370 million so‘m va 11 nafar tarjimon-gidlarga 55 million so‘m miqdorida grantlar ajratilgan. Bundan tashqari, 50 ta turoperatorga 1,6 milliard so‘m va 191 ta joylashtirish vositalariga 14,5 milliard so‘m miqdorida foizsiz ssudalar ajratildi.

Mamlakatdagi bir qator aeroportlarda “ochiq osmon” rejimini o‘rnatish, fuqarolari O‘zbekistonga vizasiz tashrif buyurishi mumkin bo‘lgan mamlakatlar ro‘yxatini kengaytirish choralari ko‘rildi. Turistlar uchun “Uzbekistan/Safe travel GUARANTEED” sanitariya-epidemiologiya xavfsizligi tizimi joriy etildi, ilk bor “Fast Track” xizmati yo‘lga qo‘yildi.

O‘zbekiston shaharlari o‘rtasida yangi avia va temir yo‘l reyslarini yo‘lga qo‘yish choralari ko‘rildi. Ayrim umumxalq bayramlarini nishonlash davrida kamida uch kunlik dam olish kunlari berishni nazarda tutuvchi tartib joriy etildi.

Senatorlar amalga oshirilgan ishlar bilan bir qatorda ayrim kamchiliklar ham borligini, ularning bartaraf etilishi esa mamlakatda turizmni tiklash va rivojlantirishga yordam berishini ta’kidladilar.

Xususan, turizm sohasida transport logistikasini rivojlantirish va eng avvalo, qo‘shni mamlakatlardan sayyohlar oqimini ko‘paytirish, hududlarda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, yer ajratishni soddalashtirish, turistik xizmatlar sifatini oshirish, yangi, istiqbolli bozorlar topish maqsadida marketing tadqiqotlarini tashkil etish tizimini takomillashtirish yuzasidan aniq chora-tadbirlar ko‘rish zarur.

Bundan tashqari, xorijiy sayyohlar uchun aviachiptalar narxini kamaytirish masalasi ham dolzarbligicha qolmoqda, bunday chiptalar muqobil yo‘nalishlarga nisbatan o‘rtacha 30-50 foizga qimmat turadi.

Faol muhokama yakunida Senatning tegishli qarori qabul qilindi. Mavjud kamchiliklarni bartaraf etish ustidan qat’iy parlament nazorati o‘rnatilishi belgilandi.

Shundan keyin senatorlar iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha ob’ektlari hamda aholi turar joylarida quyosh va shamol energiyasidan foydalanish bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovi yuborish masalasini muhokama qildilar.

Qayd etilganidek, bugungi kunda respublikada amalga oshirilayotgan islohotlarning jadallashuvi, sanoatning tezkor rivojlanishi, aholi sonining ko‘payishi energiyaga bo‘lgan talabning keskin oshishi va u 2030 yilga borib qariyb 2 barobarga ortishi kutilmoqda.

Majlisda rivojlangan davlatlarda qayta tiklanuvchi manbalardan olinib, ishlab chiqarilayotgan energiya umumiy hajmining 30-40 foiziga to‘g‘ri kelayotgan bo‘lsa, respublikada ushbu ko‘rsatkich (quyosh va shamol energiyasi bo‘yicha) atigi 1 foizni tashkil etayotgani ta’kidlandi.

"Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, sohadagi davlat boshqaruvi Vazirlar Mahkamasi tomonidan amalga oshirilishi qayd etildi.

Shuningdek, energiyaga bo‘lgan talabni qondirish maqsadida amaldagi qonunchilik hujjatlarida qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasiga innovatsion texnologiyalar, ilmiy-texnikaviy ishlanmalarni joriy etish, qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarining energiya jihatidan samaradorligini oshirish, ular ishlab chiqarilishini kengaytirish, energiya ishlab chiqarish quvvatlarini yaratishga tadbirkorlik sub’ektlarini jalb etish, ularni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish bilan bog‘liq dolzarb vazifalar belgilangan.

Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi iste’molchilarning iste’mol quvvati 350 MVtni tashkil etib, Taxiatosh issiqlik elektr stansiyasi, Tuyamo‘yin gidroelektr stansiyasi va Ustyurt gaz-kimyo kompleksi tomonidan ishlab chiqiladigan elektr energiyasi bilan ta’minlanadi.

Xususan, 2021 yil 1 oktyabr holatiga elektr energiyasi iste’molchilari soni 2017 yilga nisbatan 14,5 foizga oshgan, 2030 yilda esa bugungi kundagiga nisbatan 2 barobarga oshishi kutilmoqda.

Shu maqsadda Qoraqalpog‘iston Respublikasida bu borada quyosh va shamol energiyasidan foydalanish bo‘yicha bir qator istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda.

Xususan, 2024 yilda Saudiya Arabistonning “Acwa Power” korxonasi tomonidan Qorao‘zak tumanida 100 MVt shamol elektr stansiyasi ishga tushirilishi, joriy yilda Qo‘ng‘irot tumanida quvvati 200 MVt bo‘lgan shamol elektr stansiyasi qurilishi tenderga qo‘yilishi hamda 2030 yilga borib Qoraqalpog‘istonda quvvati 1800 MVt stansiya qurilishi belgilangan.

Majlisda qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarining ishlab chiqilishi to‘liq yo‘lga qo‘yilmagani, bu sohaga tadbirkorlik sub’ektlarini jalb etish ishlari sust ekani, qurilmalarning yagona elektr energetika tizimiga ulanishdagi mavjud muammolar sababli qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha ob’ektlari va aholi turar joylari, shuningdek, markazlashtirilgan energiya ta’minoti tizimlaridan uzoqda joylashgan hududlardagi aholini arzon va qulay elektr energiyasi bilan ta’minlash muammo bo‘lib qolayotgani ta’kidlandi.

Muhokama yakunlari bo‘yicha Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.

Yalpi majlisda “Ijtimoiy tadbirkorlik to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.

Senatorlar tomonidan qonunda qayta ko‘rib chiqilishi lozim bo‘lgan bir qator normalar mavjudligi, xususan, unda nazarda tutilayotgan aholining ijtimoiy ehtiyojmand qatlamlari amaldagi boshqa qonunlarda belgilangan aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalariga nomuvofiqligi qayd etildi.

Masalan, “Keksalar, nogironlar va aholining boshqa ijtimoiy ehtiyojmand toifalari uchun ijtimoiy xizmatlar to‘g‘risida”gi qonunning 6-moddasi va “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi qonunning 38-moddasida aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalari belgilangan. Biroq undagi ushbu toifalar “Ijtimoiy tadbirkorlik to‘g‘risida”gi qonunda ko‘rsatilmagan.

Xususan, qonunda o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan bolalari, nogironligi bo‘lgan bolalari bor yolg‘iz otaga yoki onaga, shuningdek, ko‘p bolali oilalar ota-onalari, Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy gvardiya, Davlat xavfsizlik xizmati qo‘shinlaridagi muddatli harbiy xizmatdan bo‘shatilgan shaxslar, pensiyaoldi yoshidagi shaxslar, jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan yoki sud qaroriga ko‘ra o‘ziga nisbatan tibbiy yo‘sindagi majburlov choralari qo‘llanilgan shaxslar va odam savdosidan jabrlanganlar o‘z aksini topmagan.

Qonunning 12-moddasida tadbirkorlik sub’ektlarining ijtimoiy korxona mezonlariga mos kelishi ularning soliq hisobotlarini o‘rganish orqali soliq organlari tomonidan aniqlanishi, 17-moddasida olingan foydaning kamida uchdan ikki qismi ushbu qismda belgilangan maqsadlar uchun yo‘naltirilganligi ijtimoiy korxonaning soliq hisobotlariga asosan aniqlanishi nazarda tutilmoqda.

Adliya vazirligi tomonidan 2020 yil 24 fevralda 3221-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan “Soliq hisobotining shakllarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Davlat soliq qo‘mitasining qarori bilan soliq va boshqa hisobotlar shakllari tasdiqlangan bo‘lib, ular orqali tadbirkorlik sub’ektlarining ijtimoiy korxona mezonlariga mos kelishi hamda olingan foydaning kamida uchdan ikki qismi belgilangan maqsadlar uchun yo‘naltirilganligini aniqlashning imkoni mavjud emas.

Bu esa kelgusida amaliyotda soliq organlari tomonidan hisobotlarni qabul qilish, ijtimoiy korxonalar reyestriga kiritish yoki reyestrdan chiqarishda turli xil muammolar hamda nomuvofiqliklarni keltirib chiqarishi mumkin.

Shuningdek, qonunning 15-moddasida mehnat shartnomasi (kontrakt) bo‘yicha ishlayotgan shaxslar ish haqi miqdorini qonunchilikka ko‘ra mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan kam bo‘lmagan miqdorda belgilash, ular bilan o‘z vaqtida hisob-kitob qilish, shuningdek, ish beruvchi sifatida o‘zining fuqarolik javobgarligini sug‘urta qilish, mehnatni muhofaza qilish hamda texnika xavfsizligi, ekologiya, sanitariya va gigiyena sohasidagi qonunchilik hamda normativ hujjatlar talablariga rioya etish ijtimoiy korxonalar majburiyatlari sifatida keltirilgan.

Xuddi shu normalar “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunning 9-moddasida, qolaversa, Mehnat kodeksi va boshqa amaldagi qonunchilik hujjatlarida ham o‘z ifodasini topgan.

Shu munosabat bilan amaldagi qonunlarda mavjud normalarni takroran belgilash qanchalik to‘g‘riligini o‘rganib chiqish hamda o‘zaro muvofiqlashtirish talab etiladi.

Qonunning 17-moddasida soliq va bojxona to‘lovlari bo‘yicha imtiyozlar berilishi, davlat ko‘chmas mulk ob’ektlarini qonunchilikda belgilangan tartibda imtiyozli asosda ijaraga berish, soddalashtirilgan moliyaviy va soliq hisobotlari, bepul reklama qilish uchun efir vaqti, nashr yoki reklama maydoni ajratish, davlat buyurtmachilariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha ijtimoiy tovarlarni realizatsiya qilish va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish hamda boshqa imtiyoz va preferensiyalar berilishi, 18-moddasida Vazirlar Mahkamasi ijtimoiy loyihalarni davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qaytarilmaydigan asosda subsidiyalash amalga oshirilishi belgilangan.

Ushbu imtiyoz va preferensiyalarni belgilovchi normalar tovar va moliya bozorlaridagi raqobat muhitiga o‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsatishi mumkinligini inobatga olib, mazkur normalarni qayta ko‘rib chiqish maqsadga muvofiqligi ta’kidlandi.

Qayd etilganidek, Prezidentning 2021 yil 3 fevraldagi PF-6155-son Farmoni bilan tasdiqlangan 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq normativ-huquqiy hujjatlarni qayta ko‘rib chiqib, Tadbirkorlik kodeksi loyihasini ishlab chiqish belgilangan.

Ushbu Farmon talablaridan kelib chiqib, ijtimoiy tadbirkorlik bilan bog‘liq munosabatlarni alohida qonun shaklida emas, balki ishlab chiqiladigan Tadbirkorlik kodeksi loyihasida ko‘zda tutish masalasini o‘rganib chiqish ayni muddaodir.

Qonun aholining ijtimoiy ehtiyojmand qatlamlarini ish o‘rinlari, ijtimoiy tovarlar va ijtimoiy xizmatlar bilan ta’minlash hamda favqulodda vaziyatlarga qarshi kurashish, oqibatlarini bartaraf etishga qaratilgan ijtimoiy tovarlarni ishlab chiqarish, ishlarni bajarish hamda xizmatlar ko‘rsatishni nazarda tutganligini inobatga olib, uni chuqurroq qayta tahlil qilish, sohadagi ilg‘or xorijiy davlatlar tajribasini o‘rganish lozim deb topildi.

Yuqoridagilarga asoslanib, senatorlar tomonidan “Ijtimoiy tadbirkorlik to‘g‘risida” gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini qayta ko‘rib chiqish maqsadga muvofiqligi to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Qonun senatorlar tomonidan rad etildi.

“O‘zbekiston Respublikasi Bojxona kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun senatorlar muhokama markazida bo‘ldi.

Qayd etilganidek, qonun bilan amaldagi Bojxona kodeksining 81 ta moddasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Jumladan, 70 ta moddaga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilib, 10 ta yangi modda bilan to‘ldirilmoqda va 1 ta modda chiqarib tashlanmoqda.

Taklif etilayotgan asosiy o‘zgartirish va qo‘shimchalar quyidagilardan iborat:

Bojxona nazoratini soddalashtirish yo‘nalishida bojxona rasmiylashtiruvi muddati 3 kundan 1 kunga qisqartirilmoqda. Tovar va transport vositalarini tegishli bojxona rejimlariga joylashtirish maqsadida talab etiladigan ruxsatnomalar berish tartibi bekor qilinmoqda. Shuningdek, qayta ishlash natijasida hosil bo‘ladigan tovarlar chiqish normasini vakolatli shaxslar tomonidan belgilashning huquqiy asosi belgilanmoqda.

Bojxona to‘lovlari to‘lanishini soddalashtirish yo‘nalishida esa mamlakatimizga olib kirishda soliq solishdan ozod etiladigan tovarlar ro‘yxati muvofiqlashtirilmoqda.

Bundan tashqari, Bojxona kodeksi yangi moddalar bilan to‘ldirilmoqda. Xususan, bojxona va tadbirkorlar o‘rtasidagi nizolarni sudgacha hal qilish bo‘yicha yangi tizim kiritilmoqda.

Qayd etish lozimki, Bojxona organlarining xatti-harakatlari bilan bog‘liq 2019 yilda 15 ta va 2020 yilda 29 ta nizoli ishlar ma’muriy sudlar tomonidan ko‘rib chiqilgan bo‘lib, bu tadbirkorlarning turli sud instansiyalaridagi ovoragarchiligiga sabab bo‘lgan.

Taklif etilayotgan yangi tizim yordamida mavjud nizolarni dastlab bojxona organlarida hal etish va bu orqali sudda ko‘rilayotgan nizolarni o‘rtacha ikki barobarga qisqartirishga erishiladi.

Qonunning qabul qilinishi bojxona ishi sohasidagi umume’tirof etilgan xalqaro norma va standartlar milliy qonunchilikka implementatsiya qilinishi hamda Bojxona kodeksida mavjud huquqiy bo‘shliqlar to‘ldirilishiga xizmat qiladi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

So‘ngra yalpi majlisda “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti faoliyatining asosiy kafolatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga qo‘shimcha kiritish haqida”gi qonun ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlash joizki, mazkur qonun O‘zbekiston Respublikasining Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, 3 ta moddadan iborat.

Qonun bilan Prezidentning farqlovchi belgilari, ya’ni o‘z belgisi va shtandarti (bayrog‘i)ni joriy qilish taklif etilmoqda.

Hujjatda belgi va shtandart (bayrog‘i) tavsifi, ulardan rasmiy foydalanish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilanishi nazarda tutilgan.

Davlat rahbarining farqlovchi belgilarini joriy qilgan xorijiy mamlakatlarda davlat rahbarining belgisi va shtandarti yangi saylangan Prezidentga qasamyod qabul qilgandan keyin inauguratsiya paytida topshirilishi belgilangan. O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida ushbu masalalar tartibga solinmagani bois, qonunchilikni tegishli mazmundagi norma bilan to‘ldirish taklif etilmoqda.

Senatorlar qonunni ma’qulladi.

Shundan keyin “2021 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga o‘zgartishlar kiritish haqida”gi qonun muhokama qilindi.

Ma’lumki, respublikamizda amalga oshirilayotgan yangilanishlar, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar jarayonlarini izchil davom ettirish, makroiqtisodiy barqarorlikni yanada mustahkamlash, koronavirus pandemiyasining salbiy ta’sirini kamaytirish hamda aholi farovonligini yuksaltirish maqsadida Prezidentning qator farmon va qarorlari qabul qilingan. O‘z navbatida, bu borada davlat dasturlari hayotga tatbiq etilgan. Ularda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash esa qo‘shimcha moliyalashtirish manbalarini talab qilmoqda.

Shu maqsadda 2021 yil uchun Davlat byudjeti to‘g‘risidagi qonunga davlat maqsadli jamg‘armalari hamda respublika byudjetidan birinchi darajali byudjet mablag‘larini taqsimlovchilarga ajratiladigan mablag‘larning cheklangan miqdorlari bo‘yicha o‘zgartish kiritilmoqda.

Xususan, investitsiya dasturlariga 6 trillion so‘m, ayrim muassasalarga kiritilgan qo‘shimcha shtat birliklarini moliyalashtirish uchun 1,4 trillion so‘m.

Shuningdek, joriy yilda koronavirusga qarshi kurashish tadbirlari uchun rejalashtirilgan 3 trillion so‘m mablag‘ to‘liq ishlatilganligi tufayli qo‘shimcha mablag‘ zaxirasini yaratishga 1,3 trillion so‘m ajratiladi.

Qonunda davlat-xususiy sherikligi asosida maktabgacha ta’lim muassasalarini tashkil etish uchun imtiyozli kreditlar berish hamda bolalar qamrovi ortganligi sababli 1,1 trillion so‘m qo‘shimcha subsidiya ajratish, qolaversa, “Yangi Andijon” shaharchasini barpo etish va Andijon viloyatida tadbirkorlikni rivojlantirishga 1,3 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirish nazarda tutilgan.

Ta’kidlash joizki, qonun bilan ushbu qo‘shimcha xarajatlarni qoplash manbalari ham belgilab berilmoqda.

Amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan ana shu tadbirlarning Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari taqchilligining tasdiqlangan miqdori doirasida bo‘lishi ham nazarda tutilgan.

Ushbu qonun ham ma’qullandi.

So‘ngra “O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga aholini asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan kafolatli ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonun keng muhokama qilindi.

Qonun bilan respublikada go‘sht mahsulotlari va asosiy iste’mol mahsuloti bo‘lmish kartoshkaga bo‘lgan talab va narxlar barqarorligini ta’minlash orqali aholi daromadlarini oshirish maqsadida Soliq kodeksiga qo‘shimcha kiritilmoqda.

Xususan, Soliq kodeksining 483-moddasiga 2021 yil 10 oktyabrdan 2021 yil 31 dekabrga qadar bo‘lgan davrda go‘sht (mol, qo‘y, tovuq), tirik hayvonlar (qoramol va parranda) va ularni so‘yish mahsulotlari, kartoshka hamda muzlatilgan baliqni O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish, shuningdek, ularni realizatsiya qilishda aylanmalar qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilish bo‘yicha qo‘shimcha norma kiritilmoqda.

Aholini asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan kafolatli ta’minlash, narxlarni barqarorlashtirish va daromadlarni oshirishga xizmat qilishi hisobga olinib, qonun ma’qullandi.

Shundan so‘ng yalpi majlisda “Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun senatorlar e’tiboriga havola etildi.

Mazkur qonun bilan davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining suvga doir munosabatlarni tartibga solish sohasidagi vakolatlari kuchaytirilmoqda. Suv iste’molchilari uyushmalarining faoliyati o‘z a’zolarining har yillik a’zolik badali, shartnoma asosida suvni yetkazish va boshqa suv xo‘jaligi xizmatlari uchun to‘lovlar hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtirilishi belgilab qo‘yilmoqda.

Shuningdek, foydalanuvchilar majburiyatlari qatoriga raqamli texnologiyalarni joriy qilish shartligi kiritilmoqda.

Shu bilan birga, korxonalar, tashkilotlar, muassasalar va fuqarolarga suv ob’ektlarining suvni muhofaza qilish va sanitariya-muhofaza zonalari rejimini buzish taqiqlanmoqda.

Qishloq xo‘jaligi ehtiyojlari uchun suv resurslaridan foydalanuvchi suv iste’molchilarining majburiyatlariga suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishga doir har bir loyihaga davlat byudjetidan ajratilgan subsidiyalardan kamida besh yil samarali foydalanish, shuningdek, suvni tejash imkonini beradigan agrotexnika tadbirlarini amalga oshirish shartligi kiritilmoqda.

Suv yetkazadigan zararli ta’sirdan muhofaza qilish, oldini olish va uni bartaraf etish tadbirlari davlat byudjetidan moliyalashtiriladigan tashkilotlar balansidagi ob’ektlarda tegishli byudjet mablag‘lari hisobidan, suv iste’molchilari balansidagi ob’ektlarda esa o‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshirilishi belgilanmoqda.

Mazkur qonunning hayotga tatbiq etilishi natijasida suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarini joriy qilishni jadallashtirish va suvdan oqilona foydalanilishi, suv iste’molchilari uyushmalarining suvdan foydalanishni tartibga solish bo‘yicha vakolatlari kengayishi, ko‘rsatilgan suv xo‘jaligi xizmatlari uchun to‘lovlarning o‘z vaqtida undirilishi hamda moliyaviy holatini yaxshilashga, suv xo‘jaligi ob’ektlaridan foydalanishda davlat-xususiy sherikchilik tamoyillarini joriy qilish va davlat byudjeti xarajatlarini kamaytirishga va boshqa natijalarga erishiladi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

So‘ngra “Narkologik kasalliklarga chalingan shaxslar huquqlarini himoya qilish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish haqida”gi qonun muhokama etildi.

Qonun tegishli vazirlik va idoralar mutaxassislari va ekspertlar ishtirokida har tomonlama o‘rganib chiqilgandan so‘ng senatorlar hujjatni tamomila qayta ko‘rib chiqish zarur, degan xulosaga keldi.

Gap shundaki, qonunda “Narkologik kasalliklar profilaktikasi va ularni davolash to‘g‘risida”gi qonunga kiritilayotgan yangi “g‘ayriixtiyoriy davolash” to‘g‘risidagi normaning mazmun-mohiyati ochib berilmagan hamda majburiy davolash tushunchasi bilan o‘rtasidagi farqli jihatlari yoritilmay qolgan.

Shuningdek, psixoaktiv moddalar ta’sirida mastlik holatida ma’muriy huquqbuzarliklar sodir etganlik uchun majburiy va g‘ayriixtiyoriy tarzda davolash uchun alohida asoslar va mexanizmlarni ishlab chiqish lozim deb topildi.

Bundan tashqari, shaxsni g‘ayriixtiyoriy tartibda narkologiya muassasasiga yotqizish uchun sudga ariza berish tartibida ham kamchiliklar mavjudligi aniqlandi.

Shuningdek, ariza bilan sudga murojaat qilinganda davlat bojining to‘lanishi yoki undan ozod qilinishi, umuman olganda davlat boji kim tomonidan to‘lanishiga aniqlik kiritilmagan.

Qonunda tartibga solinadigan jamoatchilik munosabatlarining ahamiyati e’tiborga olinib, senatorlar qonunni qayta ko‘rib chiqishni, unga kompleks yondashib, takomiliga yetkazishni maqsadga muvofiq deb hisobladilar va qonun rad etildi.

Yalpi majlisda senatorlar “Muzeylar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonunni ham ko‘rib chiqdilar.

Majlisda Uchinchi renessans poydevori qo‘yilayotgan mamlakatimizdagi avvalgi ikki uyg‘onish davri haqida ma’lumotlarga ega bo‘lish uchun ham farzandlarimiz, yoshlar, barcha aholining muzeylarga muntazam borishini yo‘lga qo‘yish hamda muzeylarimiz fondini boyitib, moddiy-texnika bazasini izchil yaxshilab borish zarurligi ta’kidlandi.

Shu o‘rinda tabiiy savol tug‘iladi: yangi qonun qabul qilinishiga qanday zarurat bor?

Birinchidan, amaldagi qonunda muzeylar tomonidan xo‘jalik faoliyatini amalga oshirish, jumladan, tovarlar sotish va xizmatlar ko‘rsatishning huquqiy asoslari belgilanmagan.

Ikkinchidan, hozirda davlat muzeylariga byudjet mablag‘lari asosan muzey faoliyatini saqlab turish, qurish va ta’mirlash ishlari uchungina ajratilmoqda. Bu esa muzeylar o‘zlari topgan daromadlari ko‘rsatiladigan xizmatlarining sifatini zamonaviy talablar va xalqaro standartlarga moslashtirish imkonini bermaydi. 

Uchinchidan, amaldagi “Muzeylar to‘g‘risida”gi qonunda muzey hududida uning tashkil etish maqsadiga zid bo‘lgan yoki muzey ashyolari va muzey kolleksiyalarini saqlash holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan faoliyatni taqiqlash masalasini tartibga soluvchi qoida mavjud emas.

Yuqoridagi kamchiliklarni bartaraf etish, muzeylar tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar sifatini zamonaviy talablar va xalqaro standartlarga moslashtirish, ularning mahalliy tashrif buyuruvchilar va turistlar uchun jozibadorligini oshirish uchun ham ushbu qonunni qabul qilish zarurati paydo bo‘lgan.

Taklif etilayotgan hujjatda muzey hududida uning tashkil etish maqsadiga zid bo‘lgan yoki muzey ashyolari va muzey kolleksiyalarini saqlash holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan faoliyat taqiqlanishi haqida qoida kiritilmoqda.

Muzeylarga ta’sis hujjatlariga muvofiq daromadlarini ko‘paytirish maqsadida muzey ashyolari va muzey kolleksiyalari xavfsizligini ta’minlagan holda daromad keltiradigan faoliyat bilan shug‘ullanish huquqi berilmoqda.

Muzeylarga madaniy meros ko‘chmas mulk ob’ektlaridan foydalanishda ustuvorlik huquqini berish ko‘zda tutilmoqda.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

So‘ngra senatorlar tomonidan Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasining 2020 yil va 2021 yilning o‘tgan davridagi faoliyati yuzasidan hisoboti muhokama etildi.

Qayd etilganidek, qo‘mita tomonidan qonunchilik faoliyati doirasida hisobot davrida xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputatlari ishtirokida va ekspertlarni jalb qilgan holda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan va ma’qullash uchun Senatga kiritilgan 15 ta qonun (2020 yilda 8 ta, 2021 yilning 9 oyida 7 ta) va 20 ta masala dastlabki tarzda ko‘rib chiqilib, Senat yalpi majlisi muhokamasiga kiritilgan.

Nazorat-tahlil faoliyati doirasida 14 ta tadbir o‘tkazilgan. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining axboroti 4 marta, mudofaa vaziri hamda Mudofaa sanoati bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisining axborotlari 1 martadan, Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi raisining axboroti 1 marta, favqulodda vaziyatlar vaziri, Davlat bojxona qo‘mitasi raisi, energetika vaziri hamda Surxondaryo viloyati hokimining axborotlari 1 martadan eshitilgan.

Senatga kelib tushgan jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari, joylarda aholi bilan uchrashuvlar va sayyor qabullar hamda ijtimoiy tarmoqlardagi (Facebook, Instagramm, Telegramm messenger va h.k.) murojaatlarda ko‘tarilgan masalalar yuzasidan 3 ta parlament so‘rovi yuborilgan. Ularning natijasi qo‘mita va Senatning yalpi majlisida muhokama qilingan.

O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi doirasidagi Davlat dasturlari ijrosi bo‘yicha 4 ta vazifaning bajarilishi ta’minlangan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomalari hamda 2020 yil 20 yanvardagi Oliy Majlis Senatining birinchi majlisidagi ma’ruzasida belgilab berilgan 5 ta ustuvor vazifa bajarilgan.

Huquqbuzarliklarning oldini olish va ularning profilaktikasi doirasida Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda jinoyatlar ko‘p sodir etilgan hududlar monitoring qilinib, Qashqadaryo, Surxondaryo, Andijon viloyatlari va Toshkent shahrida jinoyatchilik va huquqbuzarliklar profilaktikasi holati, jinoyatchilikning oshishi sabablari hamda bunga shart-sharoit yaratayotgan omillar o‘rganilib, mutasaddi rahbarlar axborotlari eshitilgan va natijalari yuzasidan qo‘mitaning tegishli qarorlari qabul qilingan.

Natijada Ichki ishlar vazirligi tomonidan jinoyatchilik soni ortgan Andijon shahrining Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i vazifasidan ozod etilgan.

Mamlakatimizda jinoyatlarning oldini olish, fuqarolar huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida ichki ishlar vaziri axborotlari 4 marta eshitilgan.

Qonunlar ijrosi holati, huquqni qo‘llash amaliyotini o‘rganish va qonunosti hujjatlar qabul qilinishini o‘rganish faoliyati doirasida 7 ta qonunni tatbiq etishga qaratilgan qonunosti hujjatlar qabul qilinishi hamda amalda qo‘llanilishi holati monitoring qilinib, natijasi bo‘yicha Senat Kengashi qarori qabul qilingan.

Fuqarolar murojaatlari bilan ishlash sohasida qo‘mita a’zolari tomonidan hisobot davrida jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan 11 926 ta (2020 yilda 7 400 ta, 2021 yilning to‘qqiz oyida 4 526 ta) yozma murojaat ko‘rib chiqilgan, shundan 3 407 tasi Senatga kelib tushgan murojaatdir.

Nazoratga olinib yuborilgan 919 ta murojaatdan 170 tasi (18%) ijobiy hal qilingan. Taalluqliligi bo‘yicha tegishli tashkilotlarga yuborilgan murojaatlarning 722 tasiga (78%) tashkilotlar tomonidan fuqarolarga tushuntirish berilgan.

Saylovchilarni tashvishga solayotgan muammolarni chuqur o‘rganish va ular yechimi yuzasidan zarur choralar ko‘rish maqsadida 1 646 ta uchrashuv o‘tkazilgan.

Qo‘mita a’zolari tomonidan Senatda va joylarda jami 6 947 nafar fuqaro qabul qilingan.

Shuningdek, tegishli hudud va saylovchilar manfaatlariga taalluqli muammolarni hal etish borasida parlament nazoratining senator so‘rovi shaklidan samarali foydalanib, murojaat qilgan jismoniy va yuridik shaxslarning manfaatlari bilan bog‘liq masalalar yuzasidan jami 113 ta senator so‘rovi yuborilgan.

Natijada hududlarda aholini qiynab kelayotgan ichimlik suvi, tabiiy gaz, elektr energiyasi va yo‘l qurilishi bilan bog‘liq muammolar hal etilgan.

Bundan tashqari, senatorlar tashabbusi bilan mamlakatimizdagi o‘nlab mahallalarga ichimlik suvi va tabiiy gaz quvurlari tortilgan, aholini elektr energiyasi bilan uzluksiz ta’minlash maqsadida yangi transformatorlar o‘rnatilgan hamda yangi maktab va oilaviy poliklinikalar qurib bitkazilgan.

Majlisda qo‘mitaning huquqbuzarliklarning oldini olish va profilaktikasi sohasida foydalanilmayotgan imkoniyatlari mavjudligi qayd etildi.

Xususan, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning davlat va jamoat tashkilotlari, shuningdek, keng jamoatchilik bilan o‘zaro hamkorligini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish, ichki ishlar organlari hududiy bo‘linmalari rahbarlarining hisobotlarini mahalliy Kengashlarda eshitishda hamon rasmiyatchilik va yuzakilikka yo‘l qo‘yilayotganligi bois huquqbuzarliklar profilaktikasi sohasida mahalliy Kengashlar nazoratini kuchaytirish zarurligi qayd etildi.

Shuningdek, qo‘mita a’zolari mahalliy deputatlar hamda joylarda tegishli davlat va jamoat tashkilotlari bilan birgalikda fuqarolar hayoti va sog‘lig‘iga nisbatan, ayniqsa, oila-turmush munosabatlari doirasida sodir etilayotgan jinoyatlar sabablarini o‘rganib oldini olish, mahalliy Kengashlarda mas’ul komissiyalar, idora va jamoat tashkilotlari bilan birgalikda xotin-qizlar, yoshlar, ayniqsa, bandligi ta’minlanmagan yoshlar o‘rtasida sodir etilayotgan huquqbuzarliklar doimiy tahlilini yuritish orqali bunday holatlar kelib chiqish sabablari va omillarini aniqlash muhimligi ta’kidlandi.

Qayd etilganidek, yo‘l-transport hodisalarining sodir etilishiga imkon yaratayotgan shart-sharoitlarni bartaraf etish borasidagi faoliyatni yanada kuchaytirish zarur.

Mazkur masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.

Shuningdek, yalpi majlisda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tarkibiga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 80-moddasi 3-bandi va “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonuni 9-moddasi birinchi qismining 3-bandiga muvofiq Oybek A’zamjonovich Barakabayev va Doniyorjon Muxamatjonovich Tojiboyevni o‘n yillik muddatga O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining sudyasi lavozimiga saylash to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Shuningdek, Oliy sudning ayrim sudyalari boshqa ishga o‘tganligi munosabati bilan lavozimlaridan ozod etildi.

Yalpi majlisda 18 ta masala, shu jumladan, 8 ta qonun muhokama etildi.

Shuning bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirmanchi yalpi majlisi o‘z ishini yakunladi.

O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senati
Axborot xizmati