Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma to‘rtinchi yalpi majlisi to‘g‘risida AXBOROT
16:24 / 2022-03-19

2022 yil 19 mart kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma to‘rtinchi yalpi majlisi o‘z ishini davom ettirdi.

Videokonferensaloqa tarzida o‘tkazilgan majlisda hukumat a’zolari va idoralar rahbarlari, Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zolari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Yalpi majlisni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva olib bordi.

Dastlab senatorlar O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining huquqbuzarliklarning oldini olish va ularning profilaktikasi holati to‘g‘risidagi 2021 yil yakuni bo‘yicha axborotini eshitdi. 

Ta’kidlanganidek, sohada amalga oshirilgan tizimli ishlar natijasida umumiy jinoyatlarning 89 foizi fosh etilgan, qidiruvdagi
 4 615 nafar shaxs ushlangan, bedarak yo‘qolgan 507 nafar shaxs topilgan. 

9 314 ta mahallada kriminogen vaziyat tahlil qilinib, mahallalar “qizil”, “sariq” va “yashil” toifalarga ajratilgan.

Ko‘rilgan choralar natijasida 2021 yilda 2 639 ta mahallada 
(28,3 foiz) jinoyatlar sodir etilmagan, 3 628 tasida (39 foiz) ularning sodir etilishi holatlari kamaygan.

Iqtisodiyot, boshqaruv va odil sudlov sohasida 1 313 nafar shaxs tomonidan sodir etilgan 1 018 ta jinoyat aniqlanib, ular oqibatida yetkazilgan 86,1 mlrd so‘m miqdoridagi zarar undirilishi ta’minlangan.

Shu bilan birga, o‘tkazilgan o‘rganishlar ichki ishlar organlari tomonidan e’tibor qaratish lozim bo‘lgan masalalar mavjudligini ko‘rsatdi.

Xususan, 2021 yilda sodir etilgan jinoyatlar umumiy soni 84 100 tani tashkil etib, har 100 ming aholiga o‘rtacha 321,4 tadan to‘g‘ri kelgan.

Oilalardagi notinchlik, nizolarning o‘z vaqtida hal etilmasligi mahalla faollari va keng jamoatchilikning e’tiboridan chetda qolganligi oqibatida o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etilmoqda.

Jumladan, 2021 yilda qotillik jinoyatlarining har uchinchisi yoki 158 tasi (37,1 foizi), og‘ir tan jarohati yetkazish jinoyatlarining 190 tasi 
(14,4 foizi) oilaviy muammolar tufayli sodir etilgan. 

Shu bilan birga, oilaviy nizolarga o‘z vaqtida barham berilmaganligi oqibatida 14 935 ta huquqbuzarlik sodir etilgan. Ularning qariyb
 60 foizi (8 589 tasi) Toshkent shahri, Toshkent, Buxoro, Samarqand va Farg‘ona viloyatlariga to‘g‘ri keladi. 

Og‘ir turmush sharoitida yashayotgan ayollarning muammolari to‘liq hal etilmasdan kelinayotganligi tufayli 2021 yilda 9 759 nafar xotin-qiz tomonidan 9 053 ta jinoyat sodir etilgan. 

Oila-turmush munosabatlari doirasida tazyiqqa uchragan xotin-qizlarning 39 343 nafariga himoya orderi berilgan. 

Maktablarda yo‘lga qo‘yilgan “davomat tadbirlari” imkoniyatlaridan samarali foydalanish, aholini ogohlikka chaqirish yo‘nalishidagi ishlar ham muntazam ravishda olib borilmagan. 

Voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarning soni ayrim hududlarda yuqoriligicha qolmoqda. Jumladan, ushbu jinoyatlarning 65,2 foizi Farg‘ona, Toshkent, Namangan va Buxoro viloyatlariga to‘g‘ri keladi.

Bundan tashqari, 14 mingdan ortiq ishsizlar tomonidan jinoyatlar sodir etilganligi joylarda aholini ish bilan ta’minlash masalalari samarali hal etilmayotganini ko‘rsatadi.

Majlisda senatorlar tomonidan aholi o‘rtasida jinoyatchilikka nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, jinoyatlarning oldini olish, fuqarolarning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ta’minlash masalalariga ham e’tibor qaratildi. 

Xususan, bundan buyon mas’ul vazirlik, idora va jamoat tashkilotlari bilan birgalikda xotin-qizlar, voyaga yetmaganlar, yoshlar, ayniqsa, bandligi ta’minlanmagan yoshlar o‘rtasida sodir etilayotgan huquqbuzarliklarning doimiy tahlilini yuritish orqali bunday holatlarning kelib chiqish sabablari va omillarini aniqlash hamda bartaraf etish choralari ko‘riladi.

Mazkur masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.

Shundan so‘ng parlament a’zolari O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktorining  davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ochiqligini ta’minlash borasida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risidagi axborotini eshitdi.

Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda so‘nggi yillarda davlat organlari va tashkilotlari rahbarlarining jamoatchilik oldida doimiy hisobot berish institutining joriy etilgani, shuningdek, ochiqlikni ta’minlash borasida tub islohotlar amalga oshirilayotgani o‘zining ijobiy natijalarini bermoqda.   

Biroq amalga oshirilgan ijobiy ishlar bilan birga ayrim davlat organlari va tashkilotlari o‘z faoliyati ochiqligini ta’minlashda kamchiliklarga yo‘l qo‘ymoqda.   

Xususan, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi zimmasiga har yili faoliyat yo‘nalishi bo‘yicha erishgan asosiy yutuqlar hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatida uchrayotgan kamchiliklar yuzasidan rasmiy veb-sayti orqali e’lon qilib borish vazifasi yuklatilgan bo‘lsa-da, bu ma’lumotlar e’lon qilinmagan. 

Bundan tashqari, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqishda ularning davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligiga oid fikr-mulohazalari o‘rganilmagan, aholini tashvishga solayotgan dolzarb muammolarni qonuniy hal qilish maqsadida “Mening fikrim” veb-portali orqali muhokama qilish ishlari amalga oshirilmagan.

Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini ta’minlash borasidagi ishlar yetarli darajada muvofiqlashtirilmaganligi oqibatida ular tomonidan tegishli ma’lumotlar ochiq ma’lumotlar portali (data.egov.uz) va o‘z rasmiy veb-saytlarga joylashtirilmagan.

Xususan, 135 ta davlat organi va tashkilotlarining 2021 yil to‘rtinchi choragi bo‘yicha davlat xaridlari to‘g‘risidagi ma’lumotlari tahlili ko‘rsatganidek, ularning 80 tasi yoki 60 foizi ushbu ma’lumotlarni belgilangan resurslarga joylashtirmagan. Yoki xizmat safarlari va xorijiy davlatlardan tashrif buyurgan mehmonlarni kutib olish xarajatlari bo‘yicha hisobotlar 88 ta davlat organi va tashkiloti tomonidan o‘z vaqtida ochiqlamagan. 

Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalariga ijara huquqini berish bo‘yicha ochiq tanlov g‘oliblari to‘g‘risidagi ma’lumotlar vazirlik saytida e’lon qilinmagan.

Madaniy meros agentligi tomonidan davlat muhofazasiga olingan moddiy madaniy meros ob’ektlari hududida tadbirkorlik faoliyatini olib borish uchun berilgan ruxsatnoma egalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar to‘liq e’lon qilinmagan.

O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi tomonidan  ov qilish va ovchilik xo‘jaliklari to‘g‘risidagi ma’lumotlar, shu jumladan, ov qilish taqiqlangan joylar, muayyan ov qilish joylarida ov qilish uchun taqiq belgilanganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar doimiy yangilab borilmagani jamoatchilikning katta e’tiroziga sabab bo‘lgan.

Respublikadagi 204 ta tuman va shahar hokimliklarining 43 tasida rasmiy veb-saytlari ishlamaydi. 

Davlat organlari va tashkilotlari tomonidan davlat xaridlari bilan bog‘liq ma’lumotlar, xarajatlar smetasi va uning ijrosi, xizmat safarlari va xorijiy davlatlardan tashrif buyurgan mehmonlarni kutib olish xarajatlari, litsenziya va ruxsat etish uchun mas’ullar to‘g‘risida ma’lumot, yengil avtomobillar, xizmat uylari hamda boshqa zarur ma’lumotlarni jamoatchilikka to‘laqonli e’lon qilinmayapti.

Majlisda hukumatga davlat organlari va tashkilotlarining  ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlarni o‘z muddatida e’lon qilmagan hamda kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan rahbarlari faoliyatini tanqidiy ko‘rib chiqish va mas’uliyatini oshirish bo‘yicha vazifa qo‘yildi.

So‘ngra Senat yalpi majlisida qon va uning tarkibiy qismlari donorligi sohasini rivojlantirish uchun ko‘rilayotgan choralar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so‘rovi natijalari muhokama qilindi.

Mazkur parlament so‘rovi natijalari 2021 yil 21 oktyabrda Senat yalpi majlisida muhokama qilinib, hukumat tomonidan ayrim masalalarga aniq javob berilmaganligi qayd qilingan edi.

Jumladan, senatorlar tomonidan quyidagi masalalar tanqid qilingan hamda Senat qarori bilan qo‘shimcha muddat va topshiriqlar berilgan edi:

qon va uning tarkibiy qismlari donorligini tartibga soluvchi qonun hamda qonunosti hujjatlari bilan tartibga solinadigan normativ-huquqiy hujjatlarda bo‘shliqlar mavjud va ularni bartaraf etishga qaratilgan choralar ko‘rilmagan;

ixtisoslashgan muassasalarning moddiy-texnika ta’minoti va modernizatsiyalash, xususan PSR apparatlari, gemotsitoferez, plazmaferez, immunogematologik analizator va IFA-analizator va boshqa uskunalar bilan jihozlash bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilanmagan; 

mazkur maqsadlar uchun grantlar ajratish rejalashtirilgan bo‘lsa-da, bugunga qadar grantlar jalb qilish bo‘yicha aniq natijalarga erishilmagan;

qon quyish muassasalarida gemakonlar (bir martalik tizimlar va konteynerlar yoki qon yig‘ish paketlari), qon saqlash va transportirovka anjomlarining miqdor va sifat ko‘rsatkichlari nazorati aniq yoritilmagan;

qon xizmati avtomatlashgan axborot tizimiga barcha ixtisoslashgan muassasalar bog‘lanmagan, axborot tizimining ish davomida qo‘llanilishi hamda joriy etilishi rasmiyatchilik uchun tashkil qilinib, tizimni takomillashtirish ishlari talab darajasida emas.

Muhokamada hukumat tomonidan mazkur masala batafsil o‘rganib chiqilganligi, qator ijobiy ishlar amalga oshirilganligi qayd etildi.

Shu bilan birga, ayrim masalalar yechimi yuzasidan aniq chora-tadbirlar belgilanmagan. Natijada qon va uning tarkibiy qismlari donorligini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish, qon bilan ishlash xizmati muassasalari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, mobil “donorlik kompleks”lari sonini ko‘paytirish, ko‘ngilli va beg‘araz donorlikni rivojlantirish kabi dolzarb masalalar yechimi ortga surilmoqda.

Shuningdek, qon xizmati axborot tizimini amaliyotga joriy etish bo‘yicha ishlar boshlangan bo‘lsa-da, tizimga nisbatan qo‘yilgan talablar to‘liq amaliyotga tatbiq etilmagan. 

Senatorlar tomonidan Vazirlar Mahkamasiga qon va uning tarkibiy qismlari donorligini rivojlantirish bo‘yicha konsepsiya ishlab chiqilishini tashkil etib, unda parlament so‘rovidagi muammolarni bartaraf etishni nazarda tutish zarurligi ta’kidlandi.

Qon va uning tarkibiy qismlari donorligi sohasini rivojlantirish uchun ko‘rilayotgan choralar doimiy nazoratda bo‘lishi yuzasidan Senat qarori qabul qilindi.

Shundan keyin senatorlar tomonidan Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasining 2020–2021 yillardagi faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti eshitildi. 

Qo‘mita tomonidan hisobot davrida qonunchilik va parlament nazorati faoliyati doirasida 41 ta majlis o‘tkazilib, ularda 85 ta masala muhokama etilgan. 

Parlament quyi palatasidan kelib tushgan Qo‘mita faoliyati yo‘nalishiga taalluqli bo‘lgan 15 ta qonun mutaxassis va ekspertlar ishtirokida dastlabki tarzda ko‘rib chiqilgan. Qonunlarning 13 tasini ma’qullash va 2 tasini rad etish to‘g‘risida Qo‘mita xulosalari Senat yalpi majlisiga kiritilgan.

Qonun ijodkorligi faoliyati sifatini oshirish, amalga oshirilayotgan islohotlarning huquqiy jihatdan ta’minlanishiga ko‘maklashish maqsadida Qo‘mita tomonidan 9 ta qonunning ijro holati va huquqni qo‘llash amaliyoti o‘rganilib, natijalari Senat Kengashiga kiritilgan. 

O‘rganish natijalari yuzasidan sohaga oid qonunchilik hujjatlarini yanada takomillashtirishga qaratilgan takliflar Vazirlar Mahkamasiga taqdim etilgan.

Agrar, suv xo‘jaligi va ekologiya masalalari bo‘yicha nazorat-tahlil faoliyati doirasida 22 ta tadbir o‘tkazilgan. Vazirlik, idoralar va mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlarining 2 ta hisoboti va 11 ta axboroti eshitilgan.

Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari, joylarda aholi bilan uchrashuvlar va sayyor qabullarda hamda jamoatchilik tomonidan ko‘tarilgan masalalar yuzasidan 3 ta parlament so‘rovi yuborilib, Qo‘mita majlislarida va Senatning yalpi majlislarida muhokama qilingan.

Qo‘mita taklifi asosida Senat yalpi majlisida 14 ta masala ko‘rib chiqilib, hududlarda 5 ta qonun hamda davlat dasturlarining ijrosi o‘rganilgan. Natijalari yuzasidan Qo‘mitaning 6 ta qarori qabul qilingan. 

Hisobot davrida dehqon va tomorqa xo‘jaliklari faoliyati va ular uchun yaratilgan imtiyozlar hamda qishloq xo‘jaligida resurs tejovchi zamonaviy sug‘orish texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha belgilangan vazifalarning hududlarda ijro etilishi holati o‘rganilgan. 

Natijada manzilli dastur ishlab chiqilib, mazkur dasturga asosan 488 nafar talabgorga 44 mlrd so‘mdan ortiq subsidiya mablag‘lari ajratib berilgan. Shuningdek, 12 mingdan ziyod aholining 2 ming gektar maydoni suv bilan ta’minlanib, qo‘shimcha mahsulot olish imkoniyati yaratilgan.

Shu bilan birga, Qo‘mita a’zolari qonunlarni mahalliy Kengashlarda muhokama qilish, hududlar va sohalarda qonunlar, davlat dasturlari ijrosini o‘rganish bo‘yicha 342 ta tadbir, 119 ta davra suhbati, 94 ta seminar, 21 ta konferensiya, 6 ta forum hamda 10 ta xalqaro anjumanda ishtirok etgan.

Qo‘mita a’zolari tomonidan Senatda va joylarda 3 mingdan ziyod fuqaro qabul qilinib, o‘z saylovchilari bilan muntazam uchrashuvlar o‘tkazilgan hamda 61 ta senator so‘rovi yuborilgan.

Senatga kelib tushgan 3 mingga yaqin murojaatlar Qo‘mita tomonidan ko‘rib chiqilib, 41 foizi ijobiy hal etilgan, shuningdek, qolganlari tegishliligi bo‘yicha vazirlik va idoralarga yuborilib, tushuntirishlar berilgan. Qo‘mitaning joylardagi a’zolari tomonidan esa 10 mingdan ortiq murojaat o‘rganilib, ularning 9 minga yaqini hal etilgan. 

Xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining qarorlaridan norozi bo‘lgan aholi tomonidan Senatga yo‘llangan murojaatlarning 8 tasi Qo‘mita tomonidan ko‘rib chiqilib, Senat qaroriga asosan bekor qilingan.

Muhokama jarayonida Qo‘mitaning amalga oshirilgan ishlar bilan birga, foydalanilmayotgan imkoniyatlar mavjudligi ham ta’kidlandi.

Jumladan:

qishloq xo‘jaligi sohasida “mahallabay” va “xonadonbay” tadbirkorlikni targ‘ib qilish, ishchi o‘rinlar yaratish, aholi bandligini ta’minlash va daromadini oshirish, xorijiy investitsiyalarni jalb etish asosida mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini muntazam ravishda baholab borish;

yer va suv resurslaridan samarali foydalanish bo‘yicha nazorat-tahlil ishlarini kuchaytirish hamda tuproq eroziyasi va degradatsiyasining oldini olishga qaratilgan o‘rganishlar olib borish;

aholini tadbirkorlikka keng jalb etish hamda davlat tomonidan moliyaviy qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarda samaradorlik, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash kabi masalalar Qo‘mita tomonidan amalga oshirilishi zarurligi qayd etildi.

Muhokamalar so‘nggida Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

Yigirma to‘rtinchi yalpi majlisda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim farmonlari va Oliy Majlis Senati Kengashining qarorlari ham tasdiqlandi.

Yigirma to‘rtinchi yalpi majlisda senatorlar tomonidan 18 ta masala, shu jumladan 9 ta qonun muhokama etildi.

Shuning bilan O‘zbekiston Respublikai Oliy Majlisi Senatining yigirma to‘rtinchi yalpi majlisi o‘z ishini yakunladi.

 

O‘zA