5 avgust kuni Toshkent shahrida Oliy Majlis Senati majlislar zalida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma to‘qqizinchi yalpi majlisi o‘z ishini davom ettirdi.
Unda Senat, hukumat a’zolari, vazirlik va idoralarning vakillari, Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zolari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.
Videokonferensaloqa tarzida o‘tgan yalpi majlisni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva olib bordi.
Yalpi majlis Senatning YouTube tarmog‘idagi sahifasi orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoritib borildi.
Dastlab senatorlar 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining 2022 yil I yarim yilligida bajarilishi yuzasidan Vazirlar Mahkamasining hisobotini eshitdi.
Ta’kidlanganidek, Dasturda nazarda tutilgan topshiriqlardan 215 tasi joriy yil I yarim yilligida bajarilishi belgilangan bo‘lib, shundan 137 ta band va kichik bandlar to‘liq bajarilgan.
Hisobot davrida 153 ta normativ-huquqiy va boshqa hujjatlar qabul qilingan.
Hukumat tomonidan o‘z vaqtida ko‘rilgan choralar natijasida yalpi ichki mahsulot ko‘rsatkichi o‘tgan yilning I yarmiga nisbatan 105,4 foizni tashkil etgan.
Investitsiya dasturi doirasida 157,5 million dollarlik mablag‘lar o‘zlashtirilgan va mahalliylashtirish dasturi doirasida 28 turdagi 3 trillion 940,2 milliard so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarilgan.
Joriy yilning I yarim yilligida 4,5 milliard dollarlik xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirilib, prognoz ko‘rsatkichlari 117 foizga bajarilgan.
Respublika bo‘yicha jami 6,9 milliard dollarlik tovarlar va xizmatlar eksporti amalga oshirilgan hamda bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 128 foizni tashkil etgan.
Xizmatlar sohasida jami 756 mingta (yillik rejaga nisbatan 49 foiz) yangi ish o‘rinlari yaratilgan.
Oziq-ovqat sanoatini rivojlantirish bo‘yicha dastur ijrosi yuzasidan 21,7 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgan va o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 112,9 foizga bajarilgan.
29 ta “Yangi O‘zbekiston” massivlarida 21 312 ta xonadonli 619 ta ko‘p qavatli uy-joylarning 397 tasida qurilish ishlari boshlangan.
Aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini oshirish maqsadida 76 ta oilaviy shifokor punkti, 20 ta oilaviy poliklinika hamda 505 ta mahalla tibbiyot punkti tashkil etilishi natijasida 1,8 million aholiga o‘z yashash joyida birlamchi tibbiy-sanitariya xizmati yo‘lga qo‘yilgan.
Shuningdek, mamlakatimizdagi 40 yoshdan oshgan 10 million 304 ming nafar aholidan qariyb 4 million 387 ming nafari tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan.
Shu bilan birga, majlisda senatorlar tomonidan Dastur ijrosi yuzasidan yo‘l qo‘yilgan ayrim kamchiliklarga ham to‘xtalib o‘tildi.
Muhokamalar so‘nggida mazkur masala yuzasidan Senatning tegishli qarori qabul qilindi.
So‘ngra Orolbo‘yi mintaqasida ekologik barqarorlikni ta’minlash hamda zamonaviy innovatsion texnologiyalarni keng tatbiq qilish bo‘yicha belgilangan vazifalarning ijro etilishi holati yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovi yuborish haqidagi masala ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 29 iyuldagi PQ–5202-sonli qarori hamda mazkur masala bo‘yicha Oliy Majlis Senatining 2021 yil 27 avgustdagi SQ-370-IV-sonli qarorida belgilangan vazifalar amalga oshirilishi holati yuzasidan Senatning tegishli qarori qabul qilinib, vazifalar ijrosi ustidan ta’sirchan parlament nazorati amalga oshirilmoqda.
Orolning qurigan tubida o‘rmonzorlar barpo etish bo‘yicha dunyoda muqobil bo‘lmagan ishlar jadallik bilan olib borilmoqda. Aholi uchun munosib turmush sharoiti yaratish, ularning farovonligini ta’minlash, daromadlarini ko‘paytirish, sog‘lig‘ini saqlash va hududning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga jiddiy e’tibor qaratilmoqda.
Qarorda belgilangan tadbirlarni bajarish uchun Jo‘qorg‘i Kenges deputatlari biriktirilib, yuzaga kelgan muammolarni bartaraf etish, sustkashlikka yo‘l qo‘ygan mas’ullarga senator va deputatlik so‘rovlarini yuborish amaliyoti yo‘lga qo‘yilishi natijasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 29 iyuldagi PQ–5202-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi”ning 1-ilovasida belgilangan 71 ta tadbirdan 20 tasi bajarilishiga erishilgan.
Shu bilan birga, bugungi kunga qadar “Yo‘l xaritasi”ning 1-ilovasida belgilangan 9 ta tadbir muddatida bajarilmaganligi, 5 tasining muddati kechiktirilganligi aniqlandi.
Shuningdek, “Yo‘l xaritasi”ning 2-ilovasida ko‘rsatilgan 65 ta loyihadan 15 tasi amalga oshirilgan. Biroq, 1 ta loyiha muddatida amalga oshirilmagan va 6 tasining muddatini uzaytirish bo‘yicha taklif kiritilgan.
Qarorda belgilangan vazifalar ijrosini samarali ta’minlashga keskin to‘sqinlik qilayotgan omillar hamda tadbirlarni o‘z vaqtida amalga oshirish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar haqida asoslantirilgan tushuntirish berish talabi bilan Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovi yuborish to‘g‘risida Senatning qarori qabul qilindi.
Shundan so‘ng yengil sanoat va charm sanoati korxonalarida xotin-qizlarning mehnat huquqlarini himoya qilishning holati yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so‘rovining ijrosi ko‘rib chiqildi.
Qayd etilganidek, parlament so‘rovida ko‘rsatilgan muammoli masalalarni bartaraf etish maqsadida muayyan ishlar amalga oshirilgan. Xususan, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, “O‘zto‘qimachiliksanoat” va “O‘zcharmsanoat” uyushmalari tomonidan tegishli chora-tadbirlar ishlab chiqilgan.
Hukumat tomonidan xotin-qizlar uchun sog‘lom va xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratish, ish beruvchilar o‘rtasida mehnat va mehnatni muhofaza qilish sohasida tushuntirish ishlarini tashkil etish bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda.
Mehnat va mehnatni muhofaza qilish, ish beruvchilar va xodimlarning huquqiy ongini oshirish maqsadida 800 dan ortiq seminar va davra suhbatlari o‘tkazilgan. Ish beruvchilarning mas’uliyatini oshirishga doir tavsiyalar ishlab chiqilgan.
Shu bilan birga, Senatning Xotin-qizlar va gender tengligi masalalari qo‘mitasi tahlili, qolaversa, senatorlar, mahalliy Kengash deputatlari hamda tegishli vazirlik va idoralar mutaxassislaridan iborat ishchi guruhining tarmoq korxonalarida o‘tkazilgan o‘rganishlari shuni ko‘rsatdiki, parlament so‘rovida ko‘tarilgan masalalarning ijrosi to‘liq ta’minlanmagan hamda sohada qator kamchilik va muammolar hanuzgacha o‘z yechimini topmagan.
Soha korxonalarida mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan vakolatli davlat organlari hisobotlarini tizimli ravishda eshitib borish yo‘lga qo‘yilmagan.
To‘qimachilik korxonalarida ishlayotgan ayollarning 48 foizi, charm sanoat korxonalarida ishlayotgan ayollarning 67 foizi iqtisodiyotning boshqa tarmoqlaridagi o‘rtacha oylik ish haqiga nisbatan 3-4 baravar kam oylik maosh olib ishlayotganligi ma’lum bo‘ldi.
Tarmoq korxonalarida ish haqining kamligi kadrlar qo‘nimsizligini yuzaga keltirmoqda. Ayrim korxonalarda mehnatni muhofaza qilish, xodimlar uchun munosib mehnat sharoitlarini yaratish ishlariga ham yetarli e’tibor qaratilmayapti. Shuningdek, tarmoqdagi aksariyat korxonalarda malakali ishchilarni qo‘shimcha rag‘batlantirish tizimi ham yo‘lga qo‘yilmagan.
Korxonalarda ish o‘rinlarini mehnat sharoitlari, mehnat jarayonining og‘irligi va tig‘izligi, asbob-uskunalarning jarohatlash xavfliligi bo‘yicha attestatsiyadan o‘tkazish ishlari ham talab darajasida emas. Natijada baxtsiz hodisalar, ish joylarida jarohatlanish holatlari oshib borayotganligi kuzatilmoqda.
Parlament so‘rovida ko‘rsatilgan yengil sanoat va charm sanoati korxonalari bo‘yicha xavf-xatarlilik toifalari ko‘rsatkich va tavsiflarini qayta ko‘rib chiqish, xotin-qizlar mehnatini muhofaza qilish ishlarini doimiy monitoring qilib borishning onlayn tizimini yaratish bo‘yicha topshiriqlar ham bajarilmagan va bu borada biror-bir tizim shu kungacha yo‘lga qo‘yilmagan.
Ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urtalash yuzasidan aniqlangan kamchiliklarni bartaraf qilish bo‘yicha ham samarali choralar ko‘rilmagan.
Muhokamalar jarayonida senatorlar parlament so‘rovida qo‘yilgan muammolar, jumladan, xotin-qizlar uchun qulay va xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratish, ularga munosib ish haqi to‘lash, ish beruvchilarning mas’uliyatini oshirish yuzasidan ta’sirchan choralar ko‘rilmaganligiga tanqidiy munosabat bildirdilar.
Ushbu masala yuzasidan Senatning tegishli qarori qabul qilindi.
So‘ngra yalpi majlisda ichki ishlar vazirining 2022 yilning birinchi yarim yilligida huquqbuzarliklarning oldini olish va ularning profilaktikasi holati to‘g‘risidagi axboroti eshitildi.
Ta’kidlanganidek, Senatning 2022 yil 19 martdagi tegishli qaroriga muvofiq ko‘rilgan choralar natijasida o‘z faoliyati davomida jinoyatlarni jilovlash borasida ishlarni to‘g‘ri tashkil etmagan rahbar va xodimlarga nisbatan intizomiy ta’sir choralari qo‘llanilgan.
Qayd etilishicha, joriy yilda sodir etilgan umumiy jinoyatlarning 93,9 foizi fosh etilgan. Qidiruvdagi 2 841 nafar shaxs ushlanib, bedarak yo‘qolgan 203 nafar shaxs topilgan.
2021 yil davomida ochilmay qolib ketgan jinoyatlarning 1 079 tasi, avvalgi yillarda ochilmagan jinoyatlarning 151 tasi fosh etilishi ta’minlangan.
Mahallalarda jinoyatchilikning oldini olishda salmoqli ishlar amalga oshirilgan.
Joriy yilning birinchi yarmida jami mahallalarning 53 foizida jinoyat sodir etilmagan va 14 foizida jinoyatlar kamayishiga erishilgan.
Jinoyatlar ko‘paygan 33 foiz mahalla “qizil” toifaga kiritilib, qo‘shma patrullik yo‘nalishlari tashkil etilgan.
Erishilgan natijalar bilan birga, ichki ishlar organlari faoliyatida muayyan kamchiliklar, yechimini kutayotgan muammolar va to‘liq foydalanilmagan imkoniyatlar ham mavjudligi qayd etildi.
Xususan, shu yilning 6 oyida ro‘yxatga olingan jami jinoyatlarning salmog‘i Toshkent shahrida, Farg‘onada, Toshkent va Sirdaryo viloyatlarida yuqoriligicha qolayotganligiga e’tibor qaratildi.
Profilaktika inspektorlari tomonidan mahalla hududlarida sodir etiladigan jinoyatlarni bartaraf etishda ishlar sust olib borilmoqda. Shu bois, oldini olish mumkin bo‘lgan ayrim turdagi jinoyatlar ko‘payishiga sharoit yaratilgan.
Sog‘liqni saqlash muassasalari hisobida turgan shaxslarning 93 foizi, giyohvandlarning 96 foizi majburiy davolanishga yuborilmagan bo‘lsa, spirtli ichimlikka ruju qo‘yganlarning atigi 4,1 foizi, dispanser hisobidagi tajovuzkor ruhiy kasallarning 52 foizi majburiy davolanishga yuborilgan, xolos.
Voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarning soni ayrim hududlarda yuqoriligicha qolgan.
Respublika hududida sodir etilgan yo‘l-transport hodisalarining oldini olish ishlari ham bugungi kun talabi darajasida tashkil etilmagan.
Mazkur masala yuzasidan Senatning tegishli qarori qabul qilindi.
Shundan keyin qonunlar ijrosi holati, huquqni qo‘llash amaliyotini o‘rganish va qonunosti hujjatlarining qabul qilinishi yuzasidan amalga oshirilgan monitoring natijalari muhokama qilindi.
Majlisda Qonun ijodkorligi faoliyati sifatini tubdan yaxshilash, amalga oshirilayotgan islohotlarni huquqiy jihatdan ta’minlash maqsadida Senat qo‘mitalari tomonidan qator qonunlar monitoringi amalga oshirilganligi ta’kidlandi.
Xususan, ayrim qonunlarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlashi ta’minlanmagan. Havolaki normalar asosan qonunosti hujjatlar bilan tartibga solib kelingan.
Shuningdek, tahlillar ayrim qonunlardagi normalar amaliyotda nomuvofiqliklarni keltirib chiqarayotganligi qonunlarni bugungi kun talablari asosida qayta ko‘rib chiqish hamda yangi tahrirda qabul qilish zarurligini ko‘rsatdi.
Jumladan, qonunlarda bazaviy terminlar va asosiy tushunchalar kiritilmaganligi, maxsus vakolatli davlat organi va uning vakolatlari belgilanmaganligi, qonun va qonunosti hujjatlar muvofiqlashtirilmaganligi, ayrim normalarning bir-birini takrorlashi, axborot tizimlarini keng qo‘llash orqali korrupsiogen omillarning oldini olish bo‘yicha normalar mavjud emasligi ko‘rsatib o‘tildi.
Shu bilan birga, Senat qo‘mitalari tomonidan Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti hamda boshqa manfaatdor idora va tashkilotlar bilan birgalikda o‘tkazilgan monitoringlar natijasida qonunlarni takomillashtirish, amaliyotda uchrayotgan muammolarni bartaraf etishga qaratilgan qator takliflar ishlab chiqilganligi ta’kidlandi.
Mazkur qonunlarni yangi tahrirda ishlab chiqish yuzasidan tavsiyalarning Vazirlar Mahkamasiga yuborilishini nazarda tutuvchi Senat qarori qabul qilindi.
Yalpi majlisda Buxoro viloyatida turizm sohasini yangi bosqichga olib chiqish hamda xizmat ko‘rsatishni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida viloyat hokimining hisoboti ham eshitildi.
Ta’kidlanganidek, viloyatda turizm sohasini yanada rivojlantirish, madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish, xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash borasida muayyan ishlar amalga oshirilgan.
Xususan, xorijlik fuqarolar uchun O‘zbekistonga vizasiz kirish huquqiga ega davlatlar soni 90 taga yetkazilishi natijasida 2021 yilda Buxoro viloyatiga qariyb 49 ming nafar, 2022 yilning I choragida esa 65 ming nafardan ortiq xorijlik turistlar tashrif buyurgan.
Pandemiyadan keyin turistlar sonining o‘sish tendensiyasi kuzatilgan. Mahalliy sayyohlar soni 2021 yilda 2 million 216 ming nafarni, 2022 yilning I choragida esa 698 ming nafarni tashkil etgan.
Viloyatda 2021 yildan buyon 28 ta yangi mehmonxona, 29 ta xostel, 45 ta oilaviy mehmon uyi tashkil etilib, joylashtirish vositalarining umumiy soni 430 tadan ortgan, ulardagi o‘rinlar soni esa qariyb 11 mingga yetkazilishi ta’minlangan.
So‘nggi bir yarim yil davomida viloyatga tashrif buyurgan turistlarga ko‘rsatilgan mehmonxona, ovqatlanish, madaniy-ko‘ngilochar, savdo kabi xizmatlar hajmi 2 trillion 330 milliard so‘mni tashkil etgan.
Viloyatda 2022 yil I chorak yakuniga ko‘ra, faoliyat ko‘rsatayotgan 31,5 mingdan ortiq korxonalarning qariyb 65 foizi xizmatlar sohasiga to‘g‘ri kelib, yalpi hududiy mahsulotdagi ulushi esa 41,5 foizni tashkil etgan.
Shu bilan birga, senatorlar sohadagi mavjud kamchiliklarga e’tibor berish va o‘z vaqtida bartaraf etish zarurligini qayd etishdi.
Xususan, “Buxoro” xalqaro aeroportida joriy etilgan “ochiq osmon” rejimidan to‘liq foydalangan holda, yangi avia yo‘nalishlar ochish, masalan, xalqaro yo‘nalishda Dubay, Jakarta, Kuala-Lumpur, Lahor, Dushanbe shaharlaridan Buxoroga to‘g‘ridan-to‘g‘ri va charter reyslarni yo‘lga qo‘yish zarurligi ta’kidlandi.
Nogironligi bo‘lgan shaxslarning yashashi va ularga xizmat ko‘rsatilishi bo‘yicha aksariyat joylashtirish vositalarida qonunchilikda belgilangan talablar asosida shart-sharoitlar yaratish zarur ekanligi ma’lum qilindi.
Shuningdek, viloyatdagi mavjud turizm salohiyatidan samarali foydalanish maqsadida madaniy meros ob’ektlariga (829 ta madaniy meros ob’ektidan 139 tasi turistik marshrutga kiritilgan) turizm marshrutlarini yanada ko‘paytirish kerakligi aytib o‘tildi.
Yalpi majlisdagi muhokama yakuni bo‘yicha o‘z yechimini kutib turgan muammoli masalalarni bartaraf etish yuzasidan Senatning tegishli qarori qabul qilindi.
Shuningdek, Oliy Majlis Senati Kengashining qarorlarini tasdiqlash masalasi ham ko‘rib chiqildi.
Ikki kun davomida yalpi majlisda senatorlar tomonidan 14 ta masala, shu jumladan, 6 ta qonun muhokama etildi.
Shuning bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma to‘qqizinchi yalpi majlisi yakunlandi.
O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati