French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma to‘qqizinchi yalpi majlisi to‘g‘risida AXBOROT
22:08 / 2022-08-04

4-avgust kuni Toshkent shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma toʻqqizinchi yalpi majlisi oʻz ishini boshladi.

Unda Senat, hukumat a’zolari, vazirlik va idoralarning vakillari, Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zolari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.

Videokonferensaloqa tarzida o‘tkazilgan yalpi majlisni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva olib bordi.

Yalpi majlis Senatning YouTube tarmog‘idagi sahifasi orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoritib borildi.

Dastlab senatorlar “Davlat qarzi to‘g‘risida”gi qonunni ko‘rib chiqdi.

Qonun bilan davlat qarzi va unga xizmat ko‘rsatish xarajatlarining ustuvorligi, davlat qarzining cheklangan hajmlari, davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining davlat qarzini boshqarishdagi vakolatlarni belgilash ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, qonunni ishlab chiqishda davlat qarzini boshqarishda parlament va jamoatchilik nazoratini o‘rnatish bo‘yicha samarali yaxlit tizimni yaratishga e’tibor qaratilgan.

Qonun bilan davlat qarzi summasining yalpi ichki mahsulotga nisbatan eng yuqori miqdori 60 foizdan oshmasligi, davlat qarzi hisobidan faqat ijtimoiy va infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish mumkinligi belgilanmoqda.

Qonun normalariga muvofiq davlat qarzini boshqarish sohasidagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Oliy Majlisi palatalari, Hisob palatasi, Vazirlar Mahkamasi, Markaziy bank va Moliya vazirligining vakolatlari belgilanmoqda.

Xususan, Moliya vazirligi davlat qarzini boshqarish bo‘yicha vakolatli organ etib belgilanmoqda.

Davlat qarzi va davlatning shartli majburiyatlari borasida xatarlarni boshqarish, davlat qarzini boshqarishning asosiy prinsiplari, maqsadlari va strategiyasi hamda davlat qarzi bo‘yicha majburiyatlarni o‘z vaqtida va to‘liq bajarilishi, davlat qarzini barqaror darajada saqlashga qaratilgan normalar aniq belgilab berilmoqda.

Bundan tashqari, qonunda davlat kafolatini berish tartibi, davlat kafolati berilmaydigan holatlar, qarz oluvchi-rezidentlarning majburiyatlari, davlat kafolatini bekor qilishga oid qoidalar o‘z aksini topgan.

Ta’kidlanganidek, davlat qarzi bo‘yicha majburiyatlarning o‘z vaqtida va to‘liq bajarilishi O‘zbekiston Respublikasiga qarz oluvchi sifatidagi ishonchning ortishiga, bu esa o‘z navbatida, kelgusida zarur mablag‘larning mo‘’tadil narxlarda jalb qilinishiga yordam beradi.

Davlat qarzi to‘g‘risidagi ma’lumotlar va shu bilan bog‘liq jarayonlar haqida fuqarolarimizni to‘liq xabardor qilish tartibi ham qonunda o‘z ifodasini topgan.

Shu maqsadda, Moliya vazirligi tomonidan davlat qarzining holati va o‘zgarishi to‘g‘risidagi axborotlar yilning har choragida o‘z rasmiy veb-saytiga joylashtirilishi belgilangan.

Davlat qarzi to‘g‘risidagi axborotning ochiqligi va shaffofligini ta’minlashga qaratilgan qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasining Uy-joy kodeksi muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, Kodeksni ishlab chiqishda qator ijobiy maqsadlar, xususan, jamoat ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda qurilish, rekonstruksiya qilish va buzish ishlarini amalga oshirish tartibini yanada takomillashtirish, jismoniy va yuridik shaxslarning uy-joydan foydalanishda qonunchilik va normativ hujjatlarga rioya etishdagi mas’uliyatini oshirish ko‘zlangan.

Ammo muhokamalar davomida senatorlar Kodeksda ayrim normalarni qo‘llash mexanizmlari yetarlicha ochib berilmaganini ta’kidladi.

Jumladan, mahalliy davlat hokimiyati organlarining davlat uy-joy fondidagi turar joylarni yuridik shaxslarga belgilangan maqsadda foydalanish uchun ijara shartnomasi shartlari asosida berish vakolatini amalga oshirish tartibi belgilanmagan. Bu esa hokimiyat vakolatlarini suiste’mol qilish va boshqa korrupsion holatlarga shart-sharoitlar yaratib beradi.

Shuningdek, Kodeksda belgilangan jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan turar joylarni xususiylashtirish yo‘llari, ya’ni yakka tartibda quruvchilarning shirkatlari tomonidan uy-joy qurish hamda obligatsiyalarini olish yo‘llarini tartibga soluvchi amalda biror-bir normativ-huquqiy hujjat mavjud emasligi ta’kidlandi.

Bundan tashqari, mulkdorlar bilan shartnoma asosida turar joy buzilishi va uning o‘rnida yangi turar joy qurilishi mumkinligi, shartnoma notarial tartibda tasdiqlanishi va turar joyni qurish uchun zarur ruxsatnoma olinganidan keyin kuchga kirishi Kodeksda aks ettirilgan bo‘lsa-da, shartnomaning qaysi turi haqida so‘z yuritilayotganligi mavhum qolgan.

Vaholanki mazkur masalalar shartnomaviy huquqiy munosabatlarni tartibga soluvchi Fuqarolik kodeksida ham o‘z aksini topmagan.

Shu bilan birga, qonunchilik texnikasi qoidalariga lozim darajada rioya qilinmagan. Ba’zi normalar bir-biriga zid. Qator moddalar bilan davlat organlariga diskretsion (cheklanmagan) vakolatlar berilgan hamda Kodeksda qo‘llanilgan bir qator havolaki normalar yetarli asoslarga ega emas. O‘z navbatida, ushbu holatlar turli salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Muhokama yakunida Kodeks jamiyat uchun muhim bo‘lgan ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarni tartibga solishini inobatga olinib, milliy qonun hujjatlari, ilg‘or xorijiy mamlakatlar tajribasi va huquqshunos olimlar fikrlarini chuqur tahlil etilgan holda, Kodeksni takomiliga yetkazish maqsadga muvofiq deb topildi.

Shu bois Kodeks senatorlar tomonidan rad etildi.

 So‘ngra  “O‘zbekiston Respublikasining Oila kodeksiga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.

Muhokama jarayonida qonunda qayta ko‘rib chiqilishi lozim bo‘lgan qator masalalar mavjudligi qayd etildi.

Jumladan, Oila kodeksining amaldagi 13-moddasida uzrli sabablar bo‘lganda fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organi bir oy o‘tgunga qadar nikoh tuzishga ruxsat berilishi, alohida hollarda, masalan homiladorlik, bola tug‘ilishi, bir tarafning kasalligi va boshqa holatlarda nikoh ariza berilgan kuni tuzilishi mumkinligi qayd etilgan. Biroq ko‘rib chiqilayotgan qonun bilan mazkur normalar chiqarib tashlanmoqda.

Bunga asos sifatida qonun bilan kiritilayotgan boshqa o‘zgartishlar ko‘rsatilgan. Xususan, endilikda nikoh tuzish fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlariga ariza berganidan keyin bir oy o‘tgach emas, balki ariza berganidan va belgilangan tartibda tibbiy ko‘rikdan o‘tganidan keyin amalga oshirilishi nazarda tutilgan.

Ammo, nikoh tuzish fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlariga ariza berganidan va belgilangan tartibda tibbiy ko‘rikdan o‘tganidan keyin qancha muddat davomida o‘tkazilishi noaniqligicha qolgan.

Shunga ko‘ra, mazkur normaning qabul qilinishi alohida hollarda, ya’ni homiladorlik, bola tug‘ilishi, bir tarafning kasalligi va boshqa holatlarda nikohni ariza berilgan kunning o‘zida tuzish imkoniyatini cheklashga olib kelishi va bu o‘z navbatida nikohlanuvchi shaxslarning haqli e’tirozlariga sabab bo‘lishi mumkinligi qayd etildi.

Oila kodeksining amaldagi 17-moddasiga muvofiq nikohlanuvchi shaxslar 50 yoshdan oshgan bo‘lsa, shuningdek, alohida hollarda, jumladan, homiladorlik, bola tug‘ilishi, bir tarafning kasalligi va boshqa holatlar mavjud bo‘lganda tibbiy ko‘rikdan o‘z roziligi bilan o‘tkaziladi.

Qonun bilan kiritilayotgan o‘zgartishga asosan 50 yoshdan oshgan nikohlanuvchi shaxslar yoki o‘rtada bolasi (bolalari) bo‘lgan nikohlanuvchi shaxslar uchun, shuningdek, homilador ayol va uning tug‘ilajak bolasini o‘z bolasi deb tan oluvchi shaxs uchun tibbiy ko‘rikdan o‘tish ixtiyoriy hisoblanishi ko‘rsatilmoqda.

Mazkur o‘zgartishlarga asosan, endilikda yuqorida qayd etilgan ayrim shaxslarning tibbiy ko‘rikdan o‘tishi nikohlanuvchi shaxslarning aynan o‘z roziligi bilan emas, balki ixtiyoriy ravishda amalga oshirilishi qayd etildi.

Bundan tashqari, amaldagi tahrirda nazarda tutilgan bir tarafning kasalligi mavjud hollar Oila kodeksiga kiritilayotgan o‘zgartishlar jarayonida e’tibordan chetda qoldirilgan. Bu esa o‘z navbatida, bu toifadagi shaxslar huquqlarining cheklanishiga olib keladi.

Shu bilan birga Oila kodeksiga kiritilayotgan o‘zgartishga ko‘ra nikohni qayd etishning bir oylik muddatini bekor qilish hamda nikoh tuzish fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlariga ariza berilganidan va belgilangan tartibda tibbiy ko‘rikdan o‘tilgandan keyin amalga oshirilishi nazarda tutilmoqda.

Biroq ushbu normani kiritishda takliflar yetarli darajada asoslantirilmagan, shuningdek, milliy va xorijiy mamlakatlar tajribasi chuqur o‘rganilib, tahlil qilinmagan.

Jumladan, qonun tashabbuskorlari tomonidan ayrim xorijiy mamlakatlarda nikohni qayd etishdagi muddatlarning mavjud emasligi yoki ularning qisqaligi bayon etilgan bo‘lsa-da milliy qonunchiligimiz tizimi o‘zaro yaqin bo‘lgan boshqa bir qator xorijiy va MDH davlatlarida ushbu muddatlar hali ham mavjud. Masalan, Rossiya (1 oydan kam bo‘lmagan va 12 oydan ko‘p bo‘lmagan muddatda), Armaniston (1 oydan kam bo‘lmagan 3 oydan ko‘p bo‘lmagan), Ozarbayjon va Qozog‘iston (1 oy muddatda) hamda boshqa ko‘plab mamlakatlarda nikoh tuzishda tegishli muddatlar saqlanib qolgan.

Amaldagi norma va qoidalar, ya’ni nikohni qayd etishdagi muddatlarning mavjudligi nikohdan o‘tuvchilarning o‘z qarorlarini puxta o‘ylab ko‘rishlariga, yoshlar tomonidan shoshma-shosharlik bilan nikohdan o‘tishga yo‘l qo‘ymaslikka, ularni oilaviy hayotga tayyorlashga, mamlakatda ajrashishlar sonining kamayishiga imkon berishi mumkinligi jihatidan talqin etilmoqda hamda bu bo‘yicha tegishli qator qonunosti hujjatlari ham qabul qilinganligi ta’kidlab o‘tildi.

Yuqoridagilarga asoslanib, senatorlar tomonidan “O‘zbekiston Respublikasining Oila kodeksiga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni rad qilish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Shundan keyin “O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 2061-moddasiga o‘zgartish kiritish haqida”gi qonun ham ko‘rib chiqildi.

Muhokamada qonunni ishlab chiqishda davlatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasi, aholining daromadlari, ularning ijtimoiy-psixologik holati, shuningdek, oilalarni saqlab qolish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar hamda xalqaro tashkilotlarning takliflari inobatga olinmaganligi senatorlar tomonidan ta’kidlandi.

Xususan, xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlik masalalari bo‘yicha qonunchilikni ishlab chiqishga doir BMT tavsiyalarida oiladagi zo‘ravonlik sodir etganlikda ayblangan shaxslarga jarima solishni jabrlanuvchiga tushadigan yuk sifatida qarash va shuning uchun huquqbuzarlar uchun nomaqbul jazo turi sifatida qarash kerakligi nazarda tutilgan.

BMTning Xotin-qizlarga nisbatan kamsitishlarga barham berish qo‘mitasi O‘zbekistonning 6-davriy hisoboti bo‘yicha yakuniy tavsiyalarida himoya ko‘rsatmalarini bajarmaganlik uchun tegishli tiyib turuvchi jazo choralarini qo‘llash kerakligi ta’kidlangan.

Shuningdek, “Xotin-qizlarni kamsitishining barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiyasi”ning 35-tavsiyasida himoya choralarini qo‘llash zo‘ravonlikdan jabrlangan yoki zo‘ravonlik natijasida jabrlangan xotin-qizlarga moliyaviy, byurokratik yoki shaxsiy xususiyatga ega haddan ortiq yukni qo‘llashni nazarda tutmasligi bayon etilgan.

Muhokama jarayonida tazyiq o‘tkazgan va (yoki) zo‘ravonlik sodir etgan yoxud ularni sodir etishga moyil bo‘lgan shaxs tomonidan himoya orderi talablarini bajarmaslik uchun belgilangan jazo amalda jabrlanuvchiga yuk sifatida tushayotganligi qayd etildi.

Mahalliy hamda xorijiy ekspertlarning fikriga ko‘ra, tazyiq va zo‘ravonlik sodir etgan shaxsni himoya orderini buzgani uchun jarimaga tortish "Xotin-qizlarni kamsitishining barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiyasi"ning 2-moddasi (xotin-qizlarga nisbatan har qanday kamsituvchi xatti-harakatlar va harakatlarni sodir etishdan o‘zini tiyish) bo‘yicha O‘zbekistonning o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarini buzishiga olib kelish ehtimolini kuchaytiradi.

Bu esa o‘z navbatida, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro reyting va indekslardagi ko‘rsatkichlariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Hukumatning 2020 yil 4 yanvardagi “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 3-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomning 18-bandida ham tazyiq va zo‘ravonlik sodir etgan shaxsning zimmasiga zo‘ravonlikdan jabrlanuvchini davolash, maslahat berish, yordam ko‘rsatish bo‘yicha maxsus markazga joylashtirish xarajatlarini, moddiy zararni qoplash hamda ma’naviy ziyonni kompensatsiya qilish majburiyati yuklangan.

Majlis davomida oiladagi tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olish uchun nafaqat javobgarlikni oshirish, balki birinchi navbatda ma’naviy, tarbiyaviy hamda oilani kelgusida har tomonlama moddiy va barkamol jihatdan yashab ketishini ta’minlash uchun tegishli tizimli va mantiqiy bog‘liq bo‘lgan ketma-ket choralarni keltirib chiqaruvchi qonun normalarni ishlab chiqish zarur ekanligi ta’kidlandi.

Yuqoridagilarga asoslanib, senatorlar tomonidan “O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 2061-moddasiga o‘zgartish kiritish haqida”gi qonunni rad qilish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Yalpi majlisda “Sudlarning faoliyati raqamlashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.

Qonun O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksi, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi, Fuqarolik protsessual kodeksi, Iqtisodiy protsessual kodeksi hamda Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutadi.

Muhokama jarayonida qonunda qayta ko‘rib chiqilishi lozim bo‘lgan qator masalalar mavjudligi ta’kidlandi.

Xususan, qonunda sud ishlarini yuritishda iltimosnoma bildirish yoki shikoyat qilish chog‘ida davlat organlari va tashkilotlari hamda advokatlarning o‘z murojaatlarini va unga ilova qilinadigan hujjatlarni elektron shaklda, shu jumladan, idoralararo elektron hamkorlik tizimi orqali sudlarga taqdim etishi mumkinligi nazarda tutilgan. Biroq amaldagi jinoiy, ma’muriy, fuqarolik va iqtisodiy qonunchilikda “murojaat va unga ilova qilinadigan hujjatlar sudga elektron hujjat tarzida yuborilishi mumkin”ligi qayd etilgan bo‘lib, davlat organlari va tashkilotlari, shuningdek, advokatlar tomonidan sudga elektron hujjat tarzida murojaat qilish bo‘yicha cheklov yo‘q. Shu munosabat bilan mazkur kodekslarga qo‘shimchalar kiritish masalasini o‘rganib chiqish zarurligi qayd etildi.

Bundan tashqari, qonun bilan Jinoyat-protsessual kodeksining 475-moddasiga kiritilayotgan qo‘shimchaga ko‘ra, hukm e’lon qilinganidan keyin sudning rasmiy veb-saytiga erkin foydalanilishi cheklangan rejimda elektron hujjat tarzida joylashtirilishi va hukm joylashtirilgan rasmiy veb-saytning elektron manziliga oid havola mahkumga, oqlangan shaxsga ular sudga ma’lum qilgan telefon raqamlariga «SMS-xabar» yoki elektron manzilga elektron xabar orqali yuborilishi belgilangan.

Ta’kidlash joizki, amaliyotda jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarda fuqarolarning shaxsiy hayoti yoki davlat sirlari bilan bog‘liq ishlar ham ko‘rib chiqiladi. Mazkur ishlar bo‘yicha sud hukmining elektron tarzda veb-saytga joylashtirilishi, uni kelgusida begona yoki ma’lumot bilan tanishishga ruxsati bo‘lmagan shaxslar ko‘rishi hamda o‘zining boshqa maqsadlarida undan foydalanishiga zamin yaratishi mumkin. Shuning uchun ushbu masalani yana bir marotaba ko‘rib chiqish maqsadga muvofiqdir.

Umuman olganda, qonun bilan joriy etilayotgan yangi tizim qator amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirish zaruratini keltirib chiqaradi.

Jumladan, ishda ishtirok etuvchi shaxslarni ular sudga ma’lum qilgan telefon raqamlariga «SMS-xabar» yoki elektron manziliga elektron xabar orqali xabardor qilish va xabardor qilinganlik fakti qayd etilishi tartibini huquqiy eksperiment tariqasida joriy etish, uning amaliyotda samaradorligini baholash, sud va advokatura, huquqni muhofaza qiluvchi organlar ushbu tartibni to‘laqonli qo‘llash bo‘yicha amaliyot ham yo‘lga qo‘yilmagan.

Bundan tashqari, aholining joriy etilayotgan tizim bo‘yicha fikrini ham o‘rganish zarur.

Shu bois, mazkur tizimni huquqiy eksperiment tariqasida ayrim hududlarda joriy etish va sinovdan o‘tkazish masalasini ko‘rib chiqish maqsadga muvofiq.

Yuqorida bayon etilganlarni hisobga olib, mazkur qonunni rad etish to‘g‘risida Senat qarori qabul qilindi.

Shundan so‘ng “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.

Qayd etilganidek, mazkur qonun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ichki ishlar organlari faoliyatiga oid farmonlari va qarorlari ijrosini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan.

Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi, “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi va “Ma’muriy qamoqni o‘tash tartibi to‘g‘risida”gi qonunlariga hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutiladi.

Xususan, qonun bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi ichki ishlar vazirining, Toshkent shahar va Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmalarining, viloyatlar ichki ishlar boshqarmalarining boshliqlari, ularning o‘rinbosarlari har chorakda tegishincha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesiga, xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga hisobotlar taqdim etishi tartibi joriy qilinmoqda.

Shu bilan birga tuman, shahar ichki ishlar bo‘linmalarining boshliqlari – har chorakda va ularning o‘rinbosarlari – har oyda, mahalla huquq-tartibot punktlarining profilaktika katta inspektorlari – har olti oyda xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga hisobotlar taqdim etishi tartibi belgilanmoqda.

Bundan tashqari, “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi qonunga ichki ishlar organlari tizimida faoliyat yuritayotgan mahalla huquq-tartibot punktlarining huquqiy maqomi va asosiy vazifalarini belgilashga qaratilgan qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Jumladan, qonunga mahalla huquq-tartibot maskani to‘g‘risidagi norma kiritilib, bunda mahalla huquq-tartibot punktlari jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha ichki ishlar va boshqa huquq-tartibot organlari hamda jamoat tuzilmalarining mahallalar kesimida hamkorlikda ishlashini tashkil etish bo‘yicha ichki ishlar organlarining tarkibiy tuzilmasi hisoblanishi belgilanmoqda.

Mazkur qonun ichki ishlar organlari faoliyatining ochiqligi, shuningdek, ularning faoliyatini xalq vakillari tomonidan nazorat qilib borish uchun mustahkam huquqiy asos yaratib, ichki ishlar organlarining xalq vakillari oldidagi mas’uliyatini oshirishga va ularning o‘zaro foydali hamkorligini kengaytirishga, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligi sohasida ko‘rilayotgan choralar samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Senatning 29-yalpi majlisida ilk bor O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida milliy ma’ruza keng muhokama qilindi.

Majlisda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori tomonidan mamlakatda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berildi.

Muhokamalar davomida senatorlar tomonidan ushbu sohada amalga oshirilgan islohotlarga qaramasdan, korrupsiyaviy holatlar ko‘payganligi tanqid qilindi.

Davlat xaridlari sohasida respublika bo‘yicha byudjet buyurtmachilari tomonidan 458 ta tanlovda “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi va “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunlar talablari buzilgan.

Muhokamalar davomida Senat a’zolari tomonidan Vazirlar Mahkamasi, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va qator vazirliklarga korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatlarini yanada takomillashtirishga qaratilgan tavsiyalar bildirildi.

Xususan, davlat organlari hamda tashkilotlari ichki nazorat tuzilmalarining mustaqilligini ta’minlovchi normativ-huquqiy hujjatlar ishlab chiqish va ularning faoliyatini yanada takomillashtirish, “ochiq, shaffof va hisobdor hudud” va “ochiq, shaffof va hisobdor vazirlik” loyihalarini amalga oshirish, vakant ish o‘rinlari va ularga qo‘yiladigan talablar ochiq e’lon qilinishini qat’iy ta’minlash, korrupsiyaga qarshi komplayens nazorat tizimini malakali va halol kadrlar bilan to‘ldirish, byudjet mablag‘larining maqsadli sarflanishi ustidan izchil nazoratni ta’minlash hamda korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashlar faoliyatini yanada takomillashtirish hamda korrupsiya qarshi kurashish bilan bog‘liq tadbirlarni ommaviy axborot vositalarida yoritib borish tavsiya etildi.

Muhokamalar jarayonida bildirilgan takliflar Senat qarorida aks ettirildi.

Senatorlar yalpi majlis birinchi ish kuni davomida 7 ta masalani, shu jumladan, 6 ta qonunni ko‘rib chiqdilar.

Shuning bilan 29-yalpi majlisning birinchi ish kuni yakunlandi.

O‘zbekiston Respublikasi

Oliy Majlisi Senatining

 Axborot xizmati