Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining qirqinchi yalpi majlisi to‘g‘risida AXBOROT
19:07 / 2023-05-03

3 may kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining qirqinchi yalpi majlisi o‘z ishini boshladi.

Unda Senat, hukumat a’zolari, vazirlik va idoralarning vakillari, Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zolari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.

Videokonferensaloqa tarzida o‘tkazilgan yalpi majlisni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva olib bordi.

Yalpi majlis Senatning YouTube tarmog‘idagi sahifasi orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoritib borildi.

Yalpi majlis kun tartibiga muvofiq senatorlar tomonidan dastlab “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish haqida”gi qonun ko‘rib chiqildi.

Qonunga asosan daraxt va butalarni, boshqa o‘simliklarni va nihollarni qonunga xilof ravishda kesganlik, kundakov qilganlik, shikastlantirganlik, yo‘q qilganlik yoki boshqa joyga ko‘chirib o‘tkazganlik uchun jarima miqdorlari oshirilmoqda.

Bundan tashqari, ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida ushbu huquqbuzarliklar takror sodir etilgani uchun o‘n besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olish choralari belgilanmoqda.

Shu bilan birga, endilikda daraxtlar va butalarning qimmatbaho navlarini kesishga, kundakov qilishga, shikastlantirishga yoki yo‘q qilishga olib keladigan loyiha hujjatlarini ishlab chiqqanlik uchun ma’muriy javobgarlik ham kiritilmoqda.

Bundan tashqari, noqonuniy daraxt kesganlik yoki kundakov qilganlik uchun Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 4 ta moddasida ma’muriy javobgarlik belgilangan. Mazkur moddalarda bir xil ma’muriy huquqbuzarlik uchun turli miqdordagi jarimalar va nomutanosiblik mavjudligi inobatga olinib, o‘zgartishlar orqali bir turdagi ma’muriy xuquqbuzarlikka nisbatan bitta moddada bir xil javobgarlikni belgilash nazarda tutilmoqda.

Ta’kidlanganidek, mazkur qonunning qabul qilinishi daraxtlar va butalarni qonunga xilof ravishda kesilishi, kundakov qilinishi, shikastlantirilishi yoki yo‘q qilinishi bilan bog‘liq ma’muriy huquqbuzarliklarning oldini olish, bu borada jismoniy va yuridik shaxslarning mas’uliyatini oshirish, shuningdek, huquqbuzarliklar profilaktikasi va davlat ekologik nazoratining samarali tashkil etilishiga xizmat qiladi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Shundan so‘ng “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga tadbirkorlarning bank hisobvaraqlaridagi pul mablag‘lari daxlsizligini ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, mazkur qonun bilan tadbirkorlik sub’ektlarining bank hisobvaraqlaridan pul mablag‘larini ularning roziligisiz qonunga xilof ravishda o‘tkazganlik yoki olib qo‘yganlik yoxud ortiqcha undirilgan mablag‘larni o‘z vaqtida qaytarmaganlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik choralari belgilanmoqda.

Xususan, qonunda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga qo‘shimcha modda kiritilib, bank hisobvaraqlaridagi pul mablag‘larini tadbirkorlik sub’ektlarining roziligisiz qonunga xilof ravishda o‘tkazish yoki olib qo‘yish yoxud ortiqcha undirilgan pulni o‘z vaqtida qaytarmaslik holati bo‘yicha aybdorga bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravaridan 40 baravarigacha miqdorda jarima solinishi qayd etilmoqda.

Shuningdek, qonun bilan tadbirkorlarning pul mablag‘larini qonunga xilof ravishda o‘tkazish yoki olib qo‘yish yoxud ularni o‘z vaqtida qaytarmaslik yuzasidan Jinoyat kodeksiga qo‘shimcha modda kiritilib, unga ko‘ra mazkur holatlar ma’muriy jazo qo‘llanilgandan keyin ham sodir etiladigan bo‘lsa, sodir etilgan jinoyatning toifasiga qarab bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravaridan 600 baravarigacha jarima yoki 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilanmoqda.

Qonunning qabul qilinishi tadbirkorlik sub’ektlarining qonuniy manfaatlarini himoya qilishning huquqiy choralarini kuchaytirishga va ularning mulkiy huquqlari daxlsizligini himoya qilish samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Shuningdek, yalpi majlisda “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartishlar kiritish haqida”gi qonun ko‘rib chiqildi.

Mazkur qonun bilan Milliy gvardiya organlarining xodimlariga mayda bezorilik, quroldan belgilangan tartibni buzgan holda foydalanish, sovuq qurolni yoki sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan ashyolarni olib yurishga oid ma’muriy huquqbuzarliklar bo‘yicha ishlarni ko‘rib chiqish, bayonnomalar tuzish va ularni ko‘rib chiqish uchun sudga yuborish yuzasidan qo‘shimcha vakolatlar berilmoqda.

Qolaversa, bu kabi vakolatlar voyaga yetmagan shaxsni ma’muriy huquqbuzarlik sodir etishga, g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb qilish, jamoat joylarida alkogol mahsulotini iste’mol qilish, milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovatni targ‘ib qiluvchi materiallarni tayyorlash, saqlash yoki tarqatish, tilanchilik qilish hamda qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarda qonunga xilof ravishda ishtirok etish holatlarida ham amalga oshiriladi.

Bunda mazkur toifadagi ishlarni ko‘rib chiqish vakolati ichki ishlar organlarida ham saqlanib, huquqbuzarlik Milliy gvardiya xodimlari tomonidan aniqlangan taqdirda ularga jarima jazosini qo‘llash huquqi berilmoqda.

Ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqishda qonuniylikni ta’minlash va asossiz javobgarlikka tortish holatlarining oldini olish maqsadida Milliy gvardiya organlari nomidan qonunda ko‘rsatilgan boshqarma (bo‘lim) boshliqlari va ularning o‘rinbosarlari ayrim ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni qo‘rib chiqishga va jarima jazosini qo‘llashga haqli ekanligi belgilanmoqda.

Shu bilan birga, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga yuqorida keltirilgan o‘zgartishlar kiritilishi munosabati bilan jamoat tartibiga tajovuz qiluvchi huquqbuzarliklar bo‘yicha Milliy gvardiya organlariga huquqbuzarlik sodir etgan shaxslarni ma’muriy yo‘l bilan ushlab turish huquqi berilmoqda.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Shuning bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining qirqinchi yalpi majlisining birinchi ish kuni yakunlandi.

O‘zbekiston Respublikasi

Oliy Majlisi Senati  

Axborot xizmati