Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining qirq uchinchi yalpi majlisi to‘g‘risida A X B O R O T
19:19 / 2023-08-05

2023 yilning 5 avgust kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining qirq uchinchi yalpi majlisi o‘z ishini davom ettirdi.

Unda Senat, hukumat a’zolari, vazirlik va idoralarning vakillari, Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zolari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.

Videokonferensaloqa tarzida o‘tkazilgan yalpi majlisni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva olib bordi.

Yalpi majlis Senatning YouTube tarmog‘idagi sahifasi orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoritib borildi.

Senatning qirq uchinchi yalpi majlisida “Volontyorlik faoliyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlanganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda volontyorlik faoliyatini yanada rivojlantirish, fuqarolarning ijtimoiy tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga, ularning ijtimoiy vazifalarni hal etishdagi mas’uliyatini kuchaytirishga qaratilgan huquqiy asoslar yaratildi.

Shu bilan birga volontyorlik faoliyatini yanada rag‘batlantirish, davlat organlarining volontyorlik faoliyatini amalga oshiruvchi sub’ektlar bilan hamkorligini kuchaytirish, ijtimoiy vazifalarni hal etishda volontyorlarga ko‘maklashish, ularning xizmatlarini e’tirof etish hamda taqdirlash mexanizmlarini takomillashtirishni davrning o‘zi taqozo etmoqda.

Ushbu qonun bilan Vazirlar Mahkamasiga va mahalliy davlat hokimiyati organlariga volontyorlik faoliyati sohasidagi davlat maqsadli dasturlarini ishlab chiqish, tasdiqlash va ularning bajarilishini ta’minlash bo‘yicha vakolatlar berilishini nazarda tutuvchi o‘zgartishlar kiritilmoqda.

Bundan tashqari, Yoshlar siyosati va sport vazirligi huzuridagi Yoshlar ishlari agentligi volontyorlik faoliyati sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi etib belgilanmoqda. Zero statistik ma’lumotlarga ko‘ra, hozirgi kunda volontyorlik guruhlari a’zolarining 80 foizini yoshlar tashkil etadi.

 

Qonunga ko‘ra, Yoshlar ishlari agentligi sohada davlat siyosatini amalga oshirishda ishtirok etish, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash, maqsadli dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirish, qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha takliflar kiritish, volontyorlik faoliyati sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish kabi vakolatlarga ega bo‘ladi.

O‘z navbatida, Senat a’zolari tomonidan qonun muhokamasi jarayonida kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar volontyorlik faoliyatini rivojlantirishda respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining mas’uliyatini oshirishga hamda volontyorlik faoliyatini yanada rag‘batlantirishga xizmat qilishi qayd etildi.

Shuningdek, senatorlar ushbu qonunning qabul qilinishi mamlakatimizda, ayniqsa, yoshlar orasida xayrli tashabbuslar yanada ko‘payishiga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Shundan so‘ng senatorlar tomonidan “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 43-moddasiga qo‘shimcha va o‘zgartirish kiritish haqida”gi qonun ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda atrof-muhitni muhofaza qilish, ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar yovvoyi hayvonlarning tabiiy zotga oid turlarining, ayniqsa, kamyob va yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan turlarning barqaror yashash sharoitlarini ta’minlash hamda saqlab qolish uchun asos bo‘lib xizmat qilmoqda.

Shu bilan birga yirtqich va zaharli yovvoyi hayvonlarni yarim erkin sharoitlarda yoki tutqunlikda saqlash, ulardan tijorat maqsadlarida foydalanish, ularni jamoat joylarida sayr qildirish natijasida turli noxush hodisalar uchrayotganligi tegishli qonun hujjatlarini takomillashtirishni talab etmoqda.

Shu boisdan ushbu qonun bilan yovvoyi hayvonlarni saqlashni tartibga solish maqsadida jismoniy shaxslar tomonidan saqlanishi taqiqlangan yovvoyi hayvonlarning ro‘yxatini, shuningdek, mazkur ro‘yxatga kiritilgan yovvoyi hayvonlarni yuridik shaxslar tomonidan saqlash tartibini belgilash Vazirlar Mahkamasining zimmasiga yuklatilmoqda.

Senatorlarning fikricha, ushbu qonunning qabul qilinishi yovvoyi hayvonlarni saqlash hamda ulardan turli maqsadlarda foydalanish bilan bog‘liq hollarda aholining hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilishga, shuningdek, vakolatli davlat organining ushbu yo‘nalishdagi javobgarligini oshirishga xizmat qiladi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Shuningdek, yalpi majlisida “Veterinariya to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonun muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda veterinariya sohasidagi kadrlarni tayyorlash tizimini takomillashtirish, shuningdek, samarali veterinariya nazoratini ta’minlash va veterinariya xizmatlari ko‘rsatish sifatini oshirish bo‘yicha keng miqyosli ishlar amalga oshirilmoqda.

Shu munosabat bilan veterinariya sohasida yuqori malakali kadrlarni tayyorlash bo‘yicha zamonaviy ta’lim tizimini yaratish, shuningdek, mazkur sohada faoliyatni amalga oshirayotgan tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini yanada kuchaytirish zaruriyati yuzaga kelmoqda.

Shu boisdan ushbu qonun bilan Davlat veterinariya xizmati tarkibiy bo‘linmalaridan birining nomini aniqlashtiruvchi, shuningdek, veterinariya nazorati ob’ektlariga moneliksiz kirish yuzasidan bosh davlat veterinariya inspektorlarining, ular o‘rinbosarlarining va davlat veterinariya inspektorlarining vakolatlarini qisqartiruvchi o‘zgartirishlar kiritish nazarda tutilmoqda.

O‘z navbatida, Senat a’zolari tomonidan qonun muhokamasi jarayonida kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar veterinariya sohasidagi kadrlar salohiyatini rivojlantirishga, tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlarini yanada ta’minlashga va davlat veterinariya inspektorlari tomonidan o‘tkaziladigan tekshirishlarning tartibini takomillashtirishga xizmat qilishi qayd etildi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Senatning qirq uchinchi yalpi majlisida daryolar o‘zanlarini tozalash va qirg‘oqlarini mustahkamlash, noruda foydali qazilmalarni qazib olishning atrof-muhit, suv va yo‘l xo‘jaligi ob’ektlariga salbiy ta’siri yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so‘rovi natijalari muhokama qilindi.

Vazirlar Mahkamasi tomonidan amalga oshirilgan ishlarni o‘rganish ko‘rsatganidek, Senat qarorida belgilangan bir qator vazifalar ijrosi yetarli darajada ta’minlanmaganligi, sohadagi dolzarb masalalar o‘z yechimini topmaganligi aniqlangan.

Xususan, daryo o‘zanlarida qum-shag‘al qazib olish faoliyati bilan shug‘ullanayotgan tadbirkorlik sub’ektlaridan litsenziya yoki shartnoma muddati tugagandan so‘ng kon yoki uchastkani qabul qilib olish tartibi ishlab chiqilmagan.

Daryolardan qum-shag‘al qazib olishning yerosti suvlari va ekologiyaga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganligini inobatga olib, daryolarni tasarruf etuvchi yagona organni belgilash bo‘yicha taklif kiritilmagan.

Chirchiq, Zarafshon, Oqdaryo, Qashqadaryo, Sangzor va Qoradaryolaridan sanoat miqyosida qum-shag‘al qazib olishga moratoriy e’lon qilish masalasi yuzasidan aniq bir qarorga kelinmagan.

Hududlarda noruda foydali qazilmalar hamda qurilish uchun qum, chaqilgan tosh mahsulotlari ishlab chiqarishga mo‘ljallangan ixtisoslashtirilgan sanoat zonalarini tashkil etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilmagan.

Senatorlar tomonidan Zarafshon daryosi qirg‘og‘ida joylashgan Zarafshon milliy tabiat bog‘i hududida yerosti suvlari sathi 3-4 metrgacha pasayishi oqibatida daraxtlar qurib qolayotganligi, Qoradaryo va Oqdaryoda qum va shag‘al noqonuniy qazib olinishi atrof-muhit, suv va yo‘l xo‘jaligi ob’ektlariga salbiy ta’sir ko‘rsatganligi, hozirgi kunda daryolarning suv sathi 5 metrga pasayib ketganligi hamda daryolar o‘zanlari ustiga qurilgan avtomobil yo‘llaridagi ko‘priklarning tayanch ustunlari ochilib qolganligi ta’kidlandi.

Muhokama yakuni bo‘yicha Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

Yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining qarorlarini tasdiqlash to‘g‘risidagi masala ham ko‘rib chiqildi.

Yalpi majlisda senatorlar tomonidan jamiyat hayotining barcha sohalari huquqiy asoslarini mustahkamlashga va mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samaradorligini oshirishga, xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan 9 ta masala, shu jumladan, 7 ta qonun muhokama qilindi.

Shuning bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining qirq uchinchi yalpi majlisi yakunlandi.

 

O‘zbekiston Respublikasi

 Oliy Majlisi Senati 

Axborot xizmati