Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining qirq to‘rtinchi yalpi majlisi to‘g‘risida AXBOROT
21:35 / 2023-08-24

2023 yil 24 avgust kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining qirq to‘rtinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Unda Senat, hukumat a’zolari, vazirlik va idoralarning vakillari, Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zolari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.

Videokonferensaloqa tarzida o‘tkazilgan yalpi majlisni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva olib bordi.

Yalpi majlis Senatning YouTube tarmog‘idagi sahifasi orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoritib borildi.

Dastlab senatorlar “O‘simliklarni himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunni muhokama qildilar.

Ta’kidlanganidek, qishloq xo‘jaligi o‘simliklarini zararkunandalar, kasalliklar va begona o‘tlardan himoya qilishni ta’minlash, o‘simliklarni himoya qilish vositalarining inson sog‘lig‘iga, atrof tabiiy muhitga zararli ta’sirining oldini olish bilan bog‘liq munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solishni yanada kuchaytirish zarurati mavjud.

Qonunda maxsus vakolatli davlat organi sifatida O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi tomonidan o‘simliklarni himoya qilish sohasida davlat nazorati amalga oshirilishi, o‘simliklar karantini davlat inspektorlarining sohadagi huquq va majburiyatlari belgilanmoqda.

Shuningdek, kimyolashtirish va o‘simliklarni himoya qilish vositalarini standartlashtirish, sertifikatlashtirish, tamg‘alash hamda  ishlab chiqarishga doir talablar nazarda tutilmoqda.

Bundan tashqari, qonuniylik, tizimlilik va uzluksizlik, biologik usulni qo‘llash ustuvorligi, ochiqlik va shaffoflik kabi o‘simliklarni himoya qilish sohasidagi asosiy prinsiplar mustahkamlanmoqda.

Kimyolashtirish va o‘simliklarni himoya qilish vositalarini ishlab chiqarish, realizatsiya qilish, qo‘llash, tashish, muomaladan chiqarish,  saqlash qoidalariga rioya qilishga, shuningdek, yaroqsiz holga kelgan va qo‘llanilishi taqiqlangan vositalarni zararsizlantirishga, utilizatsiya qilishga doir talablar kuchaytirilmoqda.

Ushbu qonun kimyolashtirish va o‘simliklarni himoya qilish vositalarini ro‘yxatga olishni ham nazarda tutadi. Ya’ni, qonun davlat mineral o‘g‘itlar va o‘simliklarni himoya qilish vositalarini hisobga olish va monitoring qilishni ta’minlaydi.

Qonun muhokamasi jarayonida hujjatda belgilangan qoidalar hozirgi global iqlim o‘zgarishi sharoitida mavjud o‘simlik dunyosini asrab-avaylashga hamda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga xizmat qilishi qayd etildi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Shundan so‘ng senatorlar tomonidan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga valyutani tartibga solishga, ijara va lizing munosabatlarini takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.

Muhokama qilingan qonun tadbirkorlik sub’ektlarining eksport salohiyatini yanada kengaytirishga, ijara va lizing sohasida fuqarolik-huquqiy munosabatlarni samarali tartibga solishga qaratilgan bo‘lib, unda “Ijara to‘g‘risida”gi, “Lizing to‘g‘risida”gi hamda “Valyutani tartibga solish to‘g‘risida”gi qonunlarga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

“Ijara to‘g‘risida”gi qonunga keyinchalik sotib olish sharti bilan ijaraga berish shartnomasining aniq ta’rifi kiritilib, shartnoma ob’ektini tasarruf etish va garovga qo‘yish, shuningdek, undiruvga qaratishning o‘ziga xos xususiyatlari aks ettirilmoqda.

Qonun bilan ijaraga beruvchi o‘ziga tegishli mol-mulkni keyinchalik sotib olish sharti bilan ijaraga berish shartnomasi asosida ijaraga berganda ijaraga oluvchi tomonidan shartnoma shartlari bajarilganidan so‘ng tegishli mulkni ijaraga oluvchiga mulk qilib topshirish majburiyatini, ijaraga oluvchi esa ijara to‘lovlarini shartnomada belgilangan muddatlarda to‘lash majburiyatini olishi belgilanmoqda.

Shu bilan birga, keyinchalik sotib olish sharti bilan ijaraga berish shartnomasi tuzilgan paytdan e’tiboran shartnomada ko‘rsatilgan mol-mulk garovga qo‘yilgan hisoblanib, uni boshqa shaxslarga garovga berish yoki boshqacha tarzda tasarruf etish taqiqlanmoqda.

Shuningdek, “Lizing to‘g‘risida”gi qonunga lizing shartnomasida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, shartnoma tuzilgan vaqtdan e’tiboran shartnoma ob’ekti lizing beruvchi tomonidan majburiyatlar bajarilishini ta’minlash uchun lizing oluvchida garovga olingan hisoblanishi to‘g‘risidagi qoida kiritilmoqda.

Lizing beruvchi lizing oluvchining roziligini olmay turib, lizing ob’ektini boshqacha tarzda tasarruf etish huquqiga ega emasligi belgilanmoqda.

Qolaversa, undiruvni lizing ob’ektiga qaratishdan oldin uning qiymatini lizing oluvchi tomonidan to‘liq to‘lash orqali mulk qilib olishi mumkinligi ko‘rsatilmoqda.

“Valyutani tartibga solish to‘g‘risida”gi qonunga yangi norma kiritilib, unga ko‘ra, bir eksport shartnomasi doirasida jami yetkazib berilgan mahsulot qiymatining 5 foizidan oshmagan qismi bo‘yicha xorijiy valyuta tushumi ta’minlanmaganligi oqibatida vujudga kelgan muddati o‘tgan debitor qarzdorlik uchun tadbirkorlik sub’ektlariga nisbatan jarima qo‘llamaslik nazarda tutilmoqda.

Senatorlarning fikricha, qonunning qabul qilinishi bevosita tadbirkorlarning eksport salohiyatini va tashqi bozorlarda mahalliy mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.

Shuningdek, ijara va lizing munosabatlarida qonuniylikni ta’minlash va firibgarlik jinoyatlarining oldini olish, shu bilan birga, lizing munosabatlari sub’ektlari huquqlarini ta’minlash va huquqiy bo‘shliqlarning bartaraf etilishini ta’minlaydi.

Muhokamalardan so‘ng senatorlar ushbu qonunning dolzarbligi va zarurligini e’tiborga olib, uni ma’qulladilar.

Shuningdek, senatorlar  Senatning qirq to‘rtinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga sog‘liqni saqlash organlari faoliyati haqida jamoatchilikning xabardorligini oshirishga qaratilgan o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonunni muhokama qildilar.

Mazkur qonun bilan “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi qonunga muhim qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Xususan, qonunga ko‘ra xalq deputatlari mahalliy Kengashlari tomonidan yarim yillik yakunlari bo‘yicha tegishincha sog‘liqni saqlashni boshqarish hududiy organlari, tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari rahbarlarining sog‘liqni saqlashni rivojlantirishga oid davlat dasturlarining bajarilishi, kasalliklar profilaktikasining holati, sog‘lom turmush tarzini va to‘g‘ri ovqatlanishni shakllantirish, shuningdek, sog‘liqni saqlashning asosiy ko‘rsatkichlari to‘g‘risidagi hisobotlarini eshitib boradilar.

Natijada viloyatlar sog‘liqni saqlash boshqarmalari va Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi rahbarlarining hisobotidan kelib chiqib, xalq deputatlari Kengashi tomonidan ularning faoliyati samaradorligiga baho beriladi.

Shuningdek, “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi qonunga ham fuqarolar yig‘inlari tomonidan tegishincha aholi biriktirilgan tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalari, oilaviy poliklinikalar va oilaviy shifokor punktlari rahbarlarining sog‘liqni saqlashning holati hamda fuqarolar sog‘lig‘iga ta’sir etuvchi omillar, shu jumladan, tegishli hududning sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risidagi axborotini eshitishni nazarda tutuvchi o‘zgartish kiritilmoqda.

Senatorlarning ta’kidlashicha, ushbu qonunning qabul qilinishi sog‘liqni saqlash organlari faoliyatining ochiqligini ta’minlashga, shuningdek, tibbiy xizmat ko‘rsatishning holati to‘g‘risida aholining xabardorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Majlisda savol-javob va muhokamalardan so‘ng ushbu qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Senatning qirq to‘rtinchi yalpi majlisida “Yer qa’ri to‘g‘risida”gi qonun ham ko‘rib chiqildi.

 Bugungi kunda iqtisodiyotimizdagi chuqur islohotlar jarayonida zaminimiz tabiiy boyliklaridan bir tomondan oqilona, tabiiy-iqlim muvozanatiga putur yetkazmagan holda, ikkinchi tomondan iqtisodiyotimiz yuksalishi va shu asosda xalqimiz farovonligi oshishini ta’minlagan holda foydalanish o‘ta dolzarb masalaga aylangan.

Senatorlarning ta’kidlashicha, qonun ustuvor maqsadlarga erishishga yo‘naltirilgan bo‘lsa-da, unda qator konseptual darajadagi nizoli masalalar mavjud.

Jumladan, so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan ma’muriy islohotlar sharoitida respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari qayta tashkil etildi va ularning zimmasiga yangi vazifalar yuklandi. Bugungi kunda amalda bo‘lgan mutlaqo yangi ma’muriy yondashuv nuqtai nazaridan qonunda tugatilgan yoki qayta tashkil etilgan mutasaddi idoralarning vakolatlariga doir moddalar qayta ko‘rib chiqilishi zarur. 

Bundan tashqari, muhokamalar jarayonida qonunda dolzarb ahamiyatga ega yana bir qator masalalar e’tibordan chetda qolganligi aytib o‘tildi.

Qonunda yer qa’ri uchastkasidan foydalanish huquqini cheklash yoki to‘xtatib turish Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi va Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi ko‘rsatmalari asosida o‘n kundan oshmaydigan muddatga amalga oshirilishi, qoidabuzarliklarni bartaraf etish ishlarini yakunlash bilan bog‘liq bo‘lgan alohida hollarda, yer qa’ri uchastkasidan foydalanish huquqini to‘xtatib turish o‘ttiz kundan oshmaydigan muddatga uzaytirilishi mumkinligi nazarda tutilmoqda.

Biroq, “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunning 42-moddasiga asosan faoliyatni cheklash, to‘xtatib turish va taqiqlash faqat sud tartibida amalga oshiriladi. Ya’ni, bu kabi norma nafaqat qonunchilikka, balki yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning tadbirkorlik faoliyati erkinligi va daxlsizligiga oid normalariga ham mutlaqo ziddir.

Shuningdek, qonunga yer qa’rini “kadastr kvadratlar”ga bo‘lish amaliyotini joriy etish va “Yagona interaktiv geologik portali” bo‘yicha qoidalar kiritilmagan.

Yer qa’ridan foydalanishda ekologik va sanoat xavfsizligini ta’minlash, tog‘-kon qutqaruv qismlari hamda ochiq neft va gaz fontanlarining oldini olish va bartaraf etish bo‘yicha xizmatlar faoliyati tartibi belgilanmagan.

Bundan tashqari, mazkur sohada ishga joylashtirish va o‘qitishga talablar, ruxsatnomalar egalarining hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha majburiyatlari nazarda tutilmagan.

Yuqoridagilar inobatga olinib, qonunni qayta ko‘rib chiqish va soha mutaxassislaridan iborat ishchi guruhini tuzgan holda takomiliga yetkazish maqsadga muvofiq ekanligi ta’kidlandi.

Muhokamalar yakunida senatorlar tomonidan qonunni rad etish yuzasidan Senat qarori qabul qilindi.

Shuningdek, yalpi majlisda senatorlar Surxondaryo va Xorazm viloyatlari hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari ijrosini muhokama qildilar.

Dastlab, Surxondaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida amalga oshirilgan ishlar ko‘rib chiqildi.

Xususan, viloyatda 2022 yilda yalpi hududiy mahsulot (YAHM) hajmi 34,8 trillion so‘mni tashkil etgan va 2017 yilga nisbatan 2,4 baravarga, shuningdek, aholi jon boshiga 2,2 baravarga o‘sgan. Tadbirkorlik sub’ektlari soni qariyb 2,5 martaga ortgan. 2022 yilda 250 million dollarlik xorijiy investitsiyalar jalb etilgan (ushbu ko‘rsatkich 2017 yilga nisbatan 14 baravarga oshgan).

Ta’kidlanganidek, joriy yilning yanvar-iyun oylari davomida hududiy bandlik dasturi doirasida 254,2 ming kishi doimiy, vaqtinchalik va mavsumiy ish o‘rinlariga joylashtirilgan.

Xorazm viloyatida esa 2022 yilda yalpi hududiy mahsulot hajmi 31,9 trillion so‘mni tashkil etgan va 2017 yilga nisbatan 2,6 baravarga, shuningdek, aholi jon boshiga 2,4 baravarga o‘sgan.

2017-2022 yillarda investitsiya dasturlari doirasida 22,5 trillion so‘mlik 8700 dan ziyod loyihalar ishga tushirilgan.

Ushbu davrda turizm sohasini yanada rivojlantirish borasida amalga oshirilgan ishlar natijasida 19 ta yirik savdo markazi, 121 ta dam olish va sog‘lomlashtirish markazlari va boshqa turistik ob’ektlar tashkil etilgan, turistlarga xizmat ko‘rsatuvchi sayyohlik tashkilotlari soni 5 baravarga oshgan.

Muhokamalar jarayonida senatorlar amalga oshirilgan ijobiy ishlar bilan bir qatorda mavjud kamchilik va muammolarga ham e’tibor qaratdi.

Jumladan, Surxondaryoda o‘z vaqtida tegishli choralar ko‘rilmaganligi tufayli viloyatning Bandixon, Boysun, Denov, Qiziriq, Qumqo‘rg‘on, Muzrabot, Oltinsoy, Sariosiyo, Sherobod va Sho‘rchi tumanlarini 2021-2023 yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari doirasida jami 255 ta investitsiya loyihasi ishga tushirilmagan.

Xorazm viloyatida 2023 yilning birinchi choragi holatiga ishsizlik darajasi 9 foizni tashkil etib, yuqoriligicha qolmoqda. 

Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlariga ajratilgan resurs mablag‘laridan foydalanish darajasi ayrim mahallalarda juda pastligicha qolmoqda. Xususan, Xonqa, Hazorasp, Shovot va Urganch tumanlarining ayrim mahallalarida joriy yil yanvar-iyun oylari uchun ajratilgan resurs mablag‘larining o‘zlashtirilishi 15-45 foizni tashkil etgan, xolos.

Bundan tashqari, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar va xorijiy kreditlarni o‘zlashtirish bo‘yicha joriy yilning yanvar-iyun oylari uchun belgilangan prognoz ko‘rsatkichlari Bog‘ot tumanida 13 foiz, Hazorasp tumanida 38 foiz va Urganch shahrida 44 foizga bajarilgan.

Majlisda mahalliy byudjet daromadlari va xarajatlari ijrosi hamda “Tashabbusli byudjet” jarayonlariga ham e’tibor qaratildi.

Xususan, “Tashabbusli byudjet” tadbirlari doirasida ajratilgan mablag‘larning maqsadli ishlatilishini o‘rganish yuzasidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida aniqlangan moliyaviy xato va kamchiliklar aytib o‘tildi.

Qayd etilgan kamchilik va muammolarni bartaraf etish yuzasidan qator takliflar bildirildi. Jumladan, xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlariga yangi ish o‘rinlarini yaratish, aholi bandligini ta’minlash masalalarini mahallabay ishlash tizimi asosida o‘rganish va sessiyalarda tanqidiy muhokama qilish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Muhokama yakunida bildirilgan fikr va takliflar inobatga olinib, Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

Oliy Majlis Senatining qirq to‘rtinchi yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining qarorini tasdiqlash to‘g‘risidagi masala ham ko‘rib chiqildi.

Yalpi majlisda senatorlar tomonidan jamiyat hayotining barcha sohalari huquqiy asoslarini mustahkamlashga va mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samaradorligini oshirishga, xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan 6 ta masala, shu jumladan, 4 ta qonun muhokama qilindi.

Shuning bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining qirq to‘rtinchi yalpi majlisi yakunlandi.

O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senati
Axborot xizmati