Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining qirq ikkinchi yalpi majlisi to‘g‘risida AXBOROT
19:37 / 2023-06-23

2023 yilning 23 iyun kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining qirq ikkinchi yalpi majlisi o‘z ishini davom ettirdi.

Unda Senat, hukumat a’zolari, vazirlik va idoralarning vakillari, Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zolari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.

Videokonferensaloqa tarzida o‘tkazilgan yalpi majlisni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva olib bordi.

Yalpi majlis Senatning YouTube tarmog‘idagi sahifasi orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoritib borildi.

Yalpi majlisning ikkinchi ish kuni senatorlar dastlab “O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonunni muhokama qildi.

Mazkur qonun Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari tomonidan qonunchilik tashabbusi asosida hozirgi zamon voqeliklarini, fuqarolarning takliflari va talab-istaklarini hisobga olgan holda ishlab chiqilgan.

Ta’kidlanganidek, bugungi kunda mamlakatimizning jahon maydonidagi nufuzi tobora oshib borayotganini, ayniqsa, madaniyat, sport va ilm-fan sohalarida katta g‘alabalarga erishilib, O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i jahon uzra baland ko‘tarilayotganini inobatga olib, undan foydalanish imkoniyatini yanada kengaytirish ehtiyoji yuzaga kelgan.

Shu ehtiyojdan kelib chiqib, amaldagi qonun bir nechta yangi normalar bilan to‘ldirilmoqda.

Xususan, ushbu qonun bilan Davlat bayrog‘idan sport musobaqalarida, ommaviy jismoniy tarbiya va madaniy tadbirlarda, rasmiy xalqaro tadbirlarda, oilaviy bayramlarda, xotira sanalarini nishonlashda, jamiyat va davlat arboblari, harbiy xizmatchilarning dafn marosimlarida hamda boshqa hollarda hurmatni ta’minlagan holda foydalanish mumkinligini nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Shuningdek, bayroq tasviri tushirilgan belgilardan foydalanishda ham aholiga keng imkoniyatlar yaratilmoqda.  Jumladan, bayroqdan jamoat joylarida, binolar va boshqa ob’ektlarda, yashash yoki ish joylarida, transport vositalarining salonida, rasmiy xalqaro tadbirlarda, harbiy yoki boshqa davlat xizmatida bo‘lgan shaxslarning kiyim-boshida va farqlovchi nishonlarida, xalqaro sport musobaqalari hamda O‘zbekiston chempionatlari uchun sport kiyim-boshini tayyorlashda foydalanish mumkinligi nazarda tutilmoqda.

Bundan tashqari, bayroqdan va uning tasviri tushirilgan belgilardan odob-axloq qoidalari va jamiyatda yurish-turish qoidalariga zid ravishda yoxud ularni tahqirlash hisoblanadigan boshqacha tarzda foydalanishga yo‘l qo‘yilmasligi belgilanmoqda.

O‘z navbatida, Senat a’zolari tomonidan qonun muhokamasi jarayonida kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar Davlat bayrog‘idan foydalanish imkoniyatini kengaytirishga hamda aholi, ayniqsa, yoshlarda o‘z yurtiga nisbatan mehr-muhabbat, faxr-iftixor tuyg‘ularining va vatanparvarlik hissining yanada oshishiga, eng muhimi, xalqimizning bayroq bilan yanada yaqinroq munosabatda bo‘lishiga xizmat qilishi qayd etildi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Shundan so‘ng yalpi majlisda “Radiochastota spektri to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartishlar kiritish haqida”gi qonun ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlanganidek, keyingi yillarda olis va chekka hududlarda mobil aloqa hamda mobil internet qamrovini kengaytirish, ko‘rsatilayotgan aloqa xizmatlarining sifatini oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, radiochastota spektridan foydalanuvchilarning o‘z radiochastota spektridan foydalanish huquqini boshqa shaxsga berishiga nisbatan mavjud taqiq radiochastota spektridan yanada samarali foydalanish imkoniyatlarini cheklamoqda. Bu esa o‘z navbatida, telekommunikatsiyalar tarmoqlarining rivojlanishiga to‘siq bo‘lmoqda.

Bundan tashqari, axborot xavfsizligi ta’minlanishini yanada kuchaytirish maqsadida, shuningdek, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ma’muriy islohotlarni inobatga olib, mazkur qonunga tegishli o‘zgartishlar kiritish zaruriyati yuzaga kelmoqda.

Shu munosabat bilan ushbu qonun bilan radiochastota spektridan foydalanuvchilarga o‘zlariga biriktirilgan radiochastota spektridan boshqa foydalanuvchilar bilan birgalikda foydalanish huquqi berilishini va undan foydalanish tartibi belgilanishini nazarda tutuvchi o‘zgartishlar kiritilmoqda.

Bundan tashqari, ma’muriy islohotlar natijasida qayta tashkil etilgan davlat boshqaruvi organlarining nomlari aniqlashtirilmoqda.

Shuningdek, radioelektron vositalardan foydalanish jarayonini soddalashtirish maqsadida loyihalash bo‘yicha ruxsatnoma olish tartibi bekor qilinmoqda. Qonunga kiritilayotgan bu kabi o‘zgarishlar radiochastota spektri foydalanuvchilari faoliyatida juda muhim hisoblanib, aloqa xizmatlarining sifatini oshirish uchun asosiy omil bo‘lishi qayd etildi.

Senatorlarning fikricha, ushbu qonunning qabul qilinishi radiochastota spektridan yanada samarali foydalanishga, telekommunikatsiya tarmoqlarining rivojlanishiga, shuningdek, aholini yanada sifatli telekommunikatsiya xizmatlari bilan ta’minlash imkonini beradi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Shuningdek, senatorlar “O‘zbekiston Respublikasi bilan Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasida O‘zbekiston – Qozog‘iston Davlat chegarasini demarkatsiya qilish to‘g‘risidagi Shartnomani ratifikatsiya qilish haqida”gi qonunni muhokama qildi.

Muhokama chog‘ida senatorlar O‘zbekiston va Qozog‘iston eng yaqin qo‘shnilar va vaqt sinovidan o‘tgan strategik sheriklar ekanini ta’kidladi. Keyingi yillarda ikki mamlakat o‘rtasida hamkorlikning yangi davri boshlandi, siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi aloqalar jadal rivojlanmoqda.

Hujjat O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev tomonidan uning 2022 yil 21 dekabr kuni mamlakatimizga davlat tashrifi chog‘ida imzolangani bilan alohida ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi.

Shartnomaga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasidagi Davlat chegarasining demarkatsiya qilingan chizig‘i uzunligi 2 356  kilometrdan ortiqdir.

Shartnoma bilan O‘zbekiston – Qozog‘iston Davlat chegarasini belgilash bo‘yicha ishlar to‘liq yakunlandi hamda chegara xavfsizligi va daxlsizligini ta’minlash uchun eng muhim shart-sharoitlar yaratildi.

Shartnomaning ratifikatsiya qilinishi O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash hamda kengaytirishga xizmat qilishi shubhasiz.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Shu bilan birga yalpi majlisda “O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Pokiston Islom Respublikasi Hukumati o‘rtasida harbiy-texnikaviy sohada hamkorlik to‘g‘risidagi Bitimni (Islomobod, 2022 yil 3 mart) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun ko‘rib chiqildi.

Muhokama chog‘ida senatorlar O‘zbekiston va Pokiston xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik rishtalari chuqur tarixiy ildizga ega ekanini ta’kidladi.

Hozirgi vaqtda bu ikki davlat o‘rtasida o‘zaro ishonch va yuksak hurmatga asoslangan manfaatli va samarali hamkorlikni rivojlantirish uchun mustahkam poydevorga aylandi.

Bitimning asosiy maqsadi teng huquqlilik va o‘zaro manfaatdorlik tamoyili asosida ikki mamlakat o‘rtasida harbiy-texnikaviy sohada hamkorlikni yanada rivojlantirish ekani qayd etildi.

Senatorlar ratifikatsiya qilish uchun taqdim etilgan Bitimning ahamiyatini yuqori baholab, O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi harbiy-texnikaviy sohadagi hamkorlik ikki davlat qurolli kuchlarining mudofaa salohiyatini yanada oshirish va mintaqaviy xavfsizlik asoslarini mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladi.

Senatorlar Bitimning qabul qilinishi ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishga yangi turtki berishini va davlatlar o‘rtasidagi strategik hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Bundan tashqari, yalpi majlisda O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligiga muzey ashyolari va kolleksiyalarini saqlash hamda ularning xavfsizligini ta’minlash choralari yuzasidan yuborilgan parlament so‘rovi natijalari muhokama etildi.

Ta’kidlanganidek, Agentlik tomonidan sohada muayyan ishlar amalga oshirilgan. Xususan, Milliy muzey fondining Davlat katalogi elektron shakli (www.goskatalog.uz) yaratilgan bo‘lib, unga 1,2 millionga yaqin muzey ashyolari va kolleksiyalari kiritilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 27 maydagi PQ-261-sonli qaroriga asosan “Moziyga sayohat” dasturi tashkil etilib, uning doirasida 800 mingdan ortiq aholining muzeylarga tashrifi ta’minlangan. Shundan, 82 ming nafari “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolar, shu jumladan, nogironligi bo‘lgan shaxslar, 605 ming nafari o‘quvchi va talabalar hamda 113 ming nafari davlat tashkilotlari va muassasalari xodimlari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

“Milliy merosga mening hissam!” umumxalq aksiyasi yo‘lga qo‘yilishi natijasida 3 400 ta madaniy boyliklar aholi tomonidan muzeylarga beg‘araz topshirilgan. Madaniy meros agentligi tomonidan Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan 2022 yilda 307 millionn so‘mlik 23 ta, 2023 yilda 2,4 milliard so‘mlik 106 ta ashyo va buyumlar aholidan xarid qilingan.

Majlisda senatorlar tomonidan amalga oshirilgan ishlar bilan bir qatorda, parlament so‘rovida ko‘tarilgan qator masalalar bo‘yicha ma’lumotlar to‘laqonli aks ettirilmagani, shuningdek, muammolar haligacha saqlanib qolayotgani alohida ta’kidlandi.

Jumladan, muzeylar faoliyatiga oid normativ-huquqiy hujjatlar tarqoq holda bo‘lib, ularning soni 100 dan ortiqni tashkil etayotgani, “Muzeylar to‘g‘risida”gi qonunning aksariyat normalari eskirgani, sohada vakolatli organni aniq belgilash lozimligi qayd etildi.

Muzey binolaridan tashqarida muzey ashyolari va muzey kolleksiyalarining mahalliy va xorijiy ko‘rgazmalarni tashkil etish va o‘tkazish qoidalari belgilanmagan.

Muzey binolarini qurish, ta’mirlash, muzey ashyolari va kolleksiyalarini saqlash va xavfsizligini ta’minlash nuqtai nazardan jihozlash me’yorlari qabul qilinmagan.

O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi, O‘zbekiston davlat san’at muzeyi,  I.V.Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat san’at muzeyida 2022 yilda tashkil etilishi belgilangan restavratsiya laboratoriyalari faoliyati yo‘lga qo‘yilmagan.

Bugungi kunda muzey ashyolari va kolleksiyalarini restavratsiya qilishga qaratilgan markazlashgan laboratoriya tashkil etishga ehtiyoj mavjud.

Muzeylar binolari ta’mirtalab holatda, ayrimlarida isitish va sovitish tizimi ishlamaydi, moddiy-texnik bazasi ma’nan eskirgan.

Muzeylar ekspozitsiyasining texnik jihozlari muzey talablari va standartlariga mos kelmaydi.

Xususan, Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi 1968 yildan buyon ta’mirlanmagan, O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi hamda O‘zbekiston amaliy san’at va hunarmandchilik tarixi davlat muzeyining kommunikatsiya tizimi 1970 yildan beri rekonstruksiya qilinmagan. Tamaraxonim uy-muzeyi ham kapital ta’mirga muhtoj.

Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 11 dekabrdagi 975-sonli qaroriga asosan O‘zbekiston davlat san’at muzeyi, O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi hamda  O‘zbekiston amaliy san’at va hunarmandchilik tarixi davlat muzeyida qurilish va ta’mirlash ishlari olib borilmagan.

Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyiga 2021 yildan buyon Toshkent shahrining Adiblar xiyoboni – “Ma’naviyat” shaharchasida  yangi bino qurilishi ta’kidlab kelinmoqda. Ammo haligacha mazkur masala o‘z yechimini topmagan. Muzeyni ta’mirlashni nazarda tutuvchi Prezident hamda Hukumat qarorlari ijrosi ta’minlanmagan. Muzey binosida sharoit yo‘qligi sababli unda saqlanayotgan 69 575 ta noyob ashyo xavf ostida qolmoqda.

Muzeylarda chiptalar sotishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish, kirishda elektron hisobga olish tizimiga ega turniketlar o‘rnatish ishlari bajarilmagan.

Muzeylar sohasidagi qonun buzilishlari, ularning kelib chiqish sabablari va bunga imkoniyat yaratib berayotgan shart-sharoitlar tahlil qilinmagan.

Milliy muzey fondining Davlat katalogi bosma shakli chop etilmagan.

Respublikadagi muzey rahbar xodimlari va mutaxassislarining malakasini oshirish va qayta tayyorlash ishlari tizimli yo‘lga qo‘yilmagan. Muzey ashyolari va kolleksiyalarini ekspertizadan o‘tkazish uchun mutaxassislar yetishmaydi.

Muhokama so‘nggida senatorlar yuqoridagi masalalarning ijobiy hal etilishi yuzasidan tegishli choralar belgilangan Senat qarorini bir ovozdan ma’qulladi.

Yalpi majlisda senatorlar tomonidan jamiyat hayotining barcha sohalari huquqiy asoslarini mustahkamlashga va mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samaradorligini oshirishga, xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan 11 ta masala, shu jumladan, 9 ta qonun, Senat Kengashi qarorlari ko‘rib chiqildi.

Shuning bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining qirq ikkinchi yalpi majlisi yakunlandi.

O‘zbekiston Respublikasi

Oliy Majlisi Senati

Axborot xizmati