Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining qirq beshinchi yalpi majlisi to‘g‘risida AXBOROT
17:23 / 2023-09-30

2023 yilning 30 sentyabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining qirq beshinchi yalpi majlisi o‘z ishini davom ettirdi.

Unda Senat, hukumat a’zolari, vazirlik va idoralarning vakillari, Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zolari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.

Videokonferensaloqa tarzida o‘tkazilgan yalpi majlisni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva olib bordi.

Yalpi majlis Senatning YouTube tarmog‘idagi sahifasi orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoritib borildi.

Senatning qirq beshinchi yalpi majlisida “O‘lchash vositalarini qiyoslashdan o‘tkazish sohasiga xususiy sektor jalb qilinishi munosabati bilan “Metrologiya to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun muhokama qilindi.

 Metrologiya xizmatlarini ko‘rsatish sohasiga xususiy sektorni keng jalb etish hamda davlat tashkilotlari bilan bir qatorda uning ushbu sohada faol ishtirok etishi uchun ko‘proq imkoniyatlar berish zarurati mavjud.

Qonun bilan o‘lchash vositalarini qiyoslash xizmatlari respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xo‘jalik boshqaruvi organlari hisoblanmaydigan yuridik shaxslarning metrologiya xizmatlari tomonidan ko‘rsatilishini, o‘lchash natijalari davlat ahamiyatiga ega bo‘lgan o‘lchash vositalari turkumlarining ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanishini, shuningdek, metrologiya tekshiruvi hamda davlat metrologiya nazorati funksiyalarining ajratilishini nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Shuningdek, akkreditatsiya qilingan holda o‘lchash vositalarini metrologik attestatsiyadan o‘tkazish, qiyoslash va kalibrlash ishlarini bajarish maxsus vakolatli davlat organi Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi bo‘linmalarining vakolatlari doirasidan chiqarilmoqda.

Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xo‘jalik boshqaruvi organlarining metrologiya xizmatlari hamda yuridik shaxslarning metrologiya xizmatlari vakolatlari ajratilmoqda.

O‘lchash natijalari davlat ahamiyatiga ega bo‘lgan o‘lchash vositalari turkumlarining ro‘yxati maxsus vakolatli davlat organining Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi va ushbu o‘lchash vositalari qo‘llaniladigan sohadagi vakolatli respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan kelishilgan takliflari asosida Hukumat tomonidan tasdiqlanishi belgilanmoqda. 

Shu bilan birga o‘lchash natijalari davlat ahamiyatiga ega bo‘lgan o‘lchash vositalari turkumlarining ro‘yxatiga kiritilmagan o‘lchash vositalarini qiyoslash yuridik shaxslarning metrologiya xizmatlari tomonidan amalga oshirilishi mumkinligi belgilanmoqda.

Senatorlar tomonidan qonun muhokamasi jarayonida o‘lchash vositalarini qiyoslashdan o‘tkazish sohasiga xususiy sektorni jalb qilish metrologiya xizmatini ko‘rsatish bozorida raqobat muhitini yaratishga xizmat qilishi, shuningdek, davlat metrologiya xizmati ulushi kamaytirilishi hisobiga milliy metrologiya institutining faoliyat shakli xalqaro talablarga muvofiq bosqichma-bosqich ilmiy-amaliy ishlarni rivojlantirishga va metrologiya sohasiga innovatsiyalarni keng joriy etishga imkon berishi qayd etildi.

Muhokama yakunida qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Shundan so‘ng senatorlar tomonidan “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga va O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun ko‘rib chiqildi.

Ma’lumki, mamlakatimizda inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, bu borada konstitutsiyaviy-huquqiy, qonunchilik, institutsional va amaliy kafolatlarni mustahkamlashga qaratilgan keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Ayniqsa, oilalar mustahkamligini, ularda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash, jamiyat farovonligini yuksaltirishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilayotganligini alohida ta’kidlash lozim. 

Biroq so‘nggi paytlarda mamlakatimizda faqatgina diniy rasm-rusumlarga binoan tuzilgan nikohlar soni va buning ortidan ko‘p xotinlik holatlari ortib bormoqda. Shuningdek, reklama, ko‘ngilochar va tahliliy materiallar orqali ko‘p xotinlik va uning “afzalliklari”ni targ‘ib qilish avj olmoqda. Buning oqibatida qonuniy nikohsiz tug‘ilgan bolalar soni ham oshgan. 

Respublika bo‘yicha 2020 yilda 16 564 ta holatda tug‘ilgan chaqaloqlar yolg‘iz ona arizasi asosida ro‘yxatdan o‘tkazilgan bo‘lsa, 2022 yilda ushbu ko‘rsatkich 18 955 tani tashkil etgan.

Konstitutsiyamizga asosan unda belgilangan huquq va erkinliklar faqat qonunga muvofiq va faqat konstitutsiyaviy tuzumni, aholining sog‘lig‘ini, ijtimoiy axloqni, boshqa shaxslarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, jamoat xavfsizligini hamda jamoat tartibini ta’minlash maqsadida zarur bo‘lgan doirada cheklanishi mumkinligi nazarda tutilgan.

Shu bois mutasaddi idoralar tomonidan O‘zbekiston xalqining ko‘p asrlik tarixi va madaniy an’analarini inobatga olgan holda “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun ishlab chiqildi. 

Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish orqali milliy, irqiy, etnik yoki diniy mansubligiga qarab bir toifa fuqarolarni boshqa toifa fuqarolardan ustunligini yoki nuqsonli ekanligini targ‘ib qilganlik, nikohi qonunda belgilangan tartibda qayd etilmagan shaxslar o‘rtasida nikoh tuzishga doir diniy marosimni amalga oshirganlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilash nazarda tutilmoqda.

Shu bilan birga, qonun bilan ikki yoki undan ortiq xotin bilan er-xotin bo‘lib yashashni targ‘ib qilganlik, xotin-qizlar va erkaklar teng huquqliligini ochiqdan-ochiq inkor etganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda.

Shuningdek, “Xavfsiz shahar” konsepsiyasi doirasida joriy etilgan axborot dasturlarining samaradorligini yanada oshirish maqsadida jamoat joylarida shaxsini identifikatsiya qilish imkonini bermaydigan darajada yuzini to‘sgan holda bo‘lganlik uchun ma’muriy javobgarlik chorasi kiritilmoqda. Bunda, javobgarlikni istisno qiluvchi holatlar ham inobatga olinmoqda. 

Ushbu qonunning qabul qilinishi jamiyatda millatlararo totuvlik, diniy bag‘rikenglik yanada mustahkamlanishiga, dunyoviy qadriyatlar saqlanib qolinishiga hamda xotin-qizlarning huquqlari ishonchli himoya qilinishini ta’minlashga xizmat qilishi qayd etildi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Shuningdek, yalpi majlisda “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tizimida qonuniylikni ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha
chora-tadbirlar belgilanganligi munosabati bilan “Prokuratura to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonun ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlanganidek, keyingi yillarda zamonaviy qurollangan va qudratli armiyani shakllantirish, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tizimining harbiy xizmatchilari va xodimlarini qo‘llab-quvvatlash yuzasidan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga harbiy sohadagi davlat dasturlarining amalga oshirilishini o‘z vaqtida va samarali tashkil etish, harbiy xizmatchilarning huquq va erkinliklarini himoya qilish tizimidagi korrupsiyaviy xavf-xatarlarning, shu jumladan, Davlat byudjeti mablag‘laridan maqsadsiz foydalanish hollarining barvaqt oldini olish, shuningdek qonunlarning ijro etilishi ustidan nazoratni yanada kuchaytirish talab etmoqda. 

Shu boisdan mazkur qonun bilan “Prokuratura to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga Qurolli Kuchlar tizimida qonunchilik hujjatlariga so‘zsiz rioya etilishi ustidan harbiy prokuratura organlarining nazorati kuchaytirilishini, shuningdek, harbiy prokuratura organlariga xodimlarni harbiy xizmatga qabul qilish va undan bo‘shatish tartibi hamda ularga harbiy unvonlar berish tartibi belgilanishini nazarda tutuvchi qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda. 

Bosh prokuror, Harbiy prokuror, Transport prokurori Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurori, viloyatlar va Toshkent shahar prokurorlari, shuningdek, tumanlar, shaharlar prokurorlari lavozimiga yigirma besh yoshdan kichik bo‘lmagan shaxslar tayinlanishi belgilanmoqda.

Bundan tashqari, Harbiy prokuror, Transport prokurori, viloyatlar va Toshkent shahar prokurorlari tegishincha tumanlar, shaharlar prokuraturalarining va ularga tenglashtirilgan prokuraturalarning faoliyatiga rahbarlik qilishi, qonunlarga, Bosh prokuror buyruqlariga asosan va ularni ijro etish maqsadida o‘ziga bo‘ysunuvchi xodimlar uchun majburiy bo‘lgan buyruqlar, ko‘rsatmalar, farmoyishlar chiqarish vakolatlari qonuniy jihatdan belgilab qo‘yilmoqda. 

Senatorlarning fikricha, ushbu qonun qabul qilinishi prokuratura organlarining mas’uliyatini yanada oshirish bilan birga, ish samaradorligini ham yaxshilash, qonunchilik bilan yuklatilgan vazifalarning to‘laqonli bajarilishi, natijada fuqarolarning huquq va manfaatlari ta’minlanishiga xizmat qiladi.

Majlisda savol-javob va muhokamadan so‘ng ushbu qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi. 

Senatning qirq beshinchi majlisida “Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining yaxlit tizimi shakllantirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun senatorlar tomonidan ko‘rib chiqildi.

Ma’lumki, «Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonga asosan, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining vazirliklar, qo‘mitalar, agentliklar va inspeksiyalarni o‘z ichiga oladigan yaxlit tizimi joriy etildi. 

O‘z navbatida, ma’muriy islohotlar doirasida respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining «davlat qo‘mitasi» shakli bekor qilinib, amalda faoliyat yuritayotgan davlat qo‘mitalari negizida vazirliklar tashkil etildi yoki qo‘mita, agentlik yoxud inspeksiya shaklida qayta tashkil etilib, tegishli vazirliklarning tashkiliy bo‘ysunuviga o‘tkazildi. 

Senat yalpi majlisida muhokama qilingan mazkur hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga “O‘zbekiston Respublikasi davlat qo‘mitalari” degan tushuncha O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligidan chiqarib tashlanishini nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Ushbu o‘zgarishlar Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlarining birinchi bosqichi amalga oshirilishini ta’minlashga, shuningdek, professional boshqaruv prinsiplariga asoslangan va natijaga yo‘naltirilgan respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining yaxlit tizimini shakllantirishga xizmat qiladi. 

Shuningdek, “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi qonunga ham tegishli o‘zgartirishlar kiritildi. 

Yuqoridagi Qonunning 5-moddaga asosan davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati to‘g‘risidagi axborot jumlasiga byudjetdan ajratiladigan mablag‘lardan, byudjet tashkilotlarining byudjetdan tashqari jamg‘armalari mablag‘laridan foydalanilishi to‘g‘risida, o‘tkazilgan tanlovlar (tenderlar) va olingan tovarlarning yetkazib berilishi haqida, vazirliklar va idoralarning byudjet va byudjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan belgilangan maqsadli ko‘rsatkichlarga erishilishi to‘g‘risida, shuningdek, xarajatlar iqtisodiy tasnifining moddalari kesimida mablag‘larning sarflanishi haqida vazirliklar, idoralar, davlat maqsadli jamg‘armalari hamda boshqa byudjet mablag‘larini taqsimlovchilar tomonidan o‘z rasmiy veb-saytlariga joylashtiriladigan axborot kiritildi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 93-moddasi va “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonunning 8-moddasiga muvofiq Senatning qirq beshinchi yalpi majlisida  senatorlar bergan ovozlarga muvofiq Bekzod Abduvaliyevich Narimanov O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) o‘rinbosari lavozimiga saylandi. 

Bu borada Senat qarori qabul qilindi. 

Yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining qarorlarini tasdiqlash to‘g‘risidagi masala ham ko‘rib chiqildi.

Yalpi majlisda senatorlar tomonidan jamiyat hayotining barcha sohalari huquqiy asoslarini mustahkamlashga va mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samaradorligini oshirishga, xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan 9 ta masala, shu jumladan, 7 ta qonun muhokama qilindi.

Shuning bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining qirq beshinchi yalpi majlisi yakunlandi.

O‘zbekiston Respublikasi

 Oliy Majlisi Senati

Axborot xizmati