7 oktyabr kuni Toshkent shahrida Oliy Majlis Senati majlislar zalida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘ttiz uchinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Unda Senat, hukumat a’zolari, vazirlik va idoralarning vakillari, Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zolari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.
Videokonferensaloqa tarzida o‘tkazilgan yalpi majlisni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva olib bordi.
Yalpi majlis Senatning YouTube tarmog‘idagi sahifasi orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoritib borildi.
Dastlab senatorlar yangi tahrirdagi “Standartlashtirish to‘g‘risida”gi qonunni muhokama qildi.
Qayd etilganidek, amaldagi qonun 1993 yilda qabul qilingan bo‘lib, bugungi kun talablariga va standartlashtirish sohasidagi xalqaro hujjatlarga mazmunan to‘g‘ri kelmaydi.
Qonun maqsadi standartlashtirish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdir. Qonunda davlat standarti tushunchasi majburiy bajarish ma’nosini anglatgani bois xorijiy tajribalarga tayangan holda “milliy standart” tushunchasiga o‘zgartirilmoqda. Chunki milliy standartlar ixtiyoriy asosda qo‘llanilishi belgilanmoqda.
Jahon Savdo tashkiloti, Standartlashtirish bo‘yicha xalqaro tashkilot va boshqa tashkilotlar talablariga muvofiq, ishlab chiqaruvchilar iste’mol bozorlari yoki xorijiy bozorlarga kirib borishi hamda raqobatbardoshliligini oshirib borishi uchun standartlar ixtiyoriy asosda qo‘llaniladi.
Qonunning qabul qilinishi bilan 18 mingdan ortiq standartlar majburiy tusdan ixtiyoriylikka o‘tadi. Shu bilan birga xalqaro, mintaqaviy va xorijiy standartlarni O‘zbekiston Respublikasida qo‘llash tartibi joriy etilmoqda. Bunda ular Milliy organning qarori bilan milliy standartlar sifatida o‘zgarishsiz qabul qilish orqali qo‘llaniladi.
Shuningdek, standartlashtirish sohasida muayyan muddatga qabul qilinadigan “dastlabki standart”ni (DS – Dastlabki Standart) qo‘llash tartibi joriy etilmoqda.
Turli xil idoralar kesimida standartlashtirish bo‘yicha ishlarni alohida-alohida olib borish amaliyoti bekor qilinib, standartlarni ekspertizadan o‘tkazish, tasdiqlash, ro‘yxatga olish, yangilash to‘g‘risida qarorlar qabul qilish vakolati standartlashtirish bo‘yicha Milliy organ – O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi huzuridagi O‘zbekiston Standartlar institutiga berilmoqda.
Qolaversa, standartlashtirish faoliyatini tashkil etish tartibi aniq belgilanmoqda. Jumladan, standartlashtirish ishlarini rejalashtirish, standartlar axborot bazasini yaratish va yuritish, standartlarni qo‘llash, nashr qilish va tarqatish, Standartlashtirish sohasidagi nizolarni hal qilish tartibi, ya’ni Apellyatsiya komissiyasini tuzish belgilanmoqda.
Qonunning qabul qilinishi tadbirkorlik sub’ektlariga zamonaviy va xorijiy standartlar asosida o‘z mahsulotlari va tovarlarini ishlab chiqishda hamda xizmatlar ko‘rsatishda qulayliklar yaratib beradi. Bu aholiga sifatli mahsulotlar va xizmatlar ko‘rsatishga xizmat qiladi.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Shundan so‘ng “Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.
Ma’lumki, mustaqillik yillarida aholi farovonligini ta’minlash, tadbirkorlik faoliyatiga qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish sohasida qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan.
Biroq bugungi kunga qadar ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bilan bog‘liq munosabatlar har xil kuchga ega bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlar bilan tartibga solingan. Ularning tarqoq holda ekanligi, shu bilan birga, normalarning o‘zaro bir-biriga nomuvofiqligi sohani tartibga solishda o‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsatgan.
Shu sababli fuqarolar hamda tadbirkorlarning ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlari himoyasini yanada kuchaytirish hamda ishonchli himoya qilish kafolatlarini ta’minlashni davrning o‘zi taqozo etmoqda.
Mazkur masalalarning yechimi sifatida “Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida”gi qonun ishlab chiqildi.
Unda ko‘chmas mulkning turlari, ularga bo‘lgan huquqlar hamda cheklovlar, davlat ro‘yxatidan o‘tkazish ketma-ketligi, yer uchastkalariga bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va rad etish, kelib chiqadigan nizolarni sudgacha tartibda hal qilish va boshqa sohaga oid barcha munosabatlar huquqiy yechimi ko‘rsatilgan.
Qonun mavjud muammolarni bartaraf etibgina qolmasdan, balki fuqarolar va tadbirkorlarning ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlari himoyasini yanada kuchaytirish hamda ishonchli himoya qiluvchi, muhimi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir etuvchi huquqiy hujjatdir.
Qonunning qabul qilinishi natijasida jismoniy va yuridik shaxslarning ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat tomonidan kafolatlanishi kuchayadi.
Mulkdorlar huquqlarining ishonchli himoya qilinishi ta’minlanadi. Ko‘chmas mulk bilan bog‘liq nizolarning sudgacha hal etilishi, xususiy mulkka bo‘lgan munosabatni o‘zgarishiga, qolaversa, iqtisodiyotga investitsiyalar jalb qilinishiga va iqtisodiyotning barqaror rivojlanishiga erishiladi.
Muhokama yakunida qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
So‘ngra senatorlar tomonidan “Geografik ob’ektlarning nomlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun muhokama qilindi.
Majlisda mazkur qonun jamoatchilikning taklif va fikr-mulohazalari inobatga olingan holda ishlab chiqilganligi alohida qayd etildi.
bugungi kunda O‘zbekiston yoki jahon tarixida chuqur iz qoldirgan shaxslar, shu jumladan, jamoat va davlat arboblarining xotirasini abadiylashtirish maqsadida ularning nomini geografik ob’ektlarga berish tartibi qonunchilikda aniq tartibga solinmagan.
Shu sababli amaliyotda geografik ob’ektlar (ko‘cha, mahalla, maydon, bog‘ va aholi punktlarining boshqa tarkibiy qismlari)ga shaxs nomini berishda turli muammolar yuzaga kelmoqda.
Bundan tashqari, “Geografik ob’ektlarning nomlari to‘g‘risida”gi qonunda geografik ob’ektlarga nom berishda mahalliy aholining fikrini hisobga olish belgilangan.
Biroq, amaldagi qonunchilikda aholining fikrini hisobga olish tartibi ochib berilmagan. Shuningdek, aholi punktlarining tarkibiy qismlariga (mahallalar, shohko‘chalar, ko‘chalar, maydonlar, bog‘lar, xiyobonlarga) O‘zbekiston va jahon tarixida chuqur iz qoldirgan shaxslarning ismi-sharifini berish tartibi aniq belgilanmagan.
Geografik ob’ektlarga shaxslarning nomini berishda esa ularni tanlashda talablar mavjud emas. Ushbu holatlar geografik ob’ektlarning nomlari qayta-qayta o‘zgartirilishiga sabab bo‘lmoqda.
“Geografik ob’ektlarning nomlari to‘g‘risida”gi qonunning 6 ta moddasiga o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Qonunning qabul qilinishi natijasida O‘zbekiston tarixida chuqur iz qoldirgan shaxslar, shu jumladan, jamoat va davlat arboblarining xotirasini abadiylashtirish maqsadida ularning nomini geografik ob’ektlarga berishda kelib chiqayotgan turli muammolar bartaraf etiladi.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Shuningdek, Senatning o‘ttiz uchinchi yalpi majlisida “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga pensiya tayinlash tartibini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda aholini, ayniqsa, nogironligi bo‘lgan shaxslarning ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirish, ularning huquq va erkinliklarini ta’minlash, ijtimoiy adolat prinsiplaridan kelib chiqib moddiy qo‘llab-quvvatlash, turmush hamda hayot darajasini oshirishga qaratilgan izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.
bugungi kunda O‘zbekistonda 782 ming yoki aholining 2,4 foizini nogironligi bo‘lgan shaxs sifatida pensiya va nafaqa oluvchilar (shundan 376 ming nafari I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar) tashkil etadi.
Qonunning asosiy maqsadi – ijtimoiy adolat tamoyilidan kelib chiqib, nogironligi bo‘lgan shaxslarning daromadini oshirish hamda mehnatini munosib qadrlash, fuqarolarning pensiya ta’minoti bo‘yicha qonun hujjatlarini amaliyotda qo‘llashda yuzaga kelayotgan turli xil yondashuvlarning oldini olishdan iborat.
Amaldagi qonunchilikka muvofiq, I va II guruh nogironlik pensiyasi tayinlangandan keyingi ish vaqti yoshga doir yoki boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi tayinlanayotganida stajga qo‘shib hisoblanadi. Bunda nogironlik pensiyasi olayotgan fuqaro pensiya yoshiga yetganda yoki boquvchisini yo‘qotganda nogironlik pensiyasini olishni davom ettirsa (boshqa pensiya turiga o‘tmasa) I va II guruh nogironlik pensiyasi tayinlangandan keyingi ish vaqtini qo‘shib nogironlik pensiyasi qayta hisoblanmaydi.
Qonunga muvofiq 2023 yil 1 yanvardan boshlab I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarning pensiya tayinlanganidan keyingi kamida 1 yillik ish staji va ish haki miqdoridan kelib chiqib har 2 yilda bir marotaba tayinlangan pensiya qayta hisoblanadi hamda pensiya miqdoriga qo‘shib boriladi.
Qonun qabul qilinsa, 2023 yilda (1994-2022 yillarda ish stajiga ega bo‘lgan) 75 ming nafar I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarning pensiyalariga o‘rtacha 300 ming so‘m qo‘shiladi. Kelgusida mehnat faoliyatini olib borganlarning (bugungi kunda I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarning 43 ming nafari rasman band) pensiyasi har 2 yilda bir marotaba ish staji va oylik ish haqidan kelib chiqib, qayta hisoblab boriladi.
Qonunga muvofiq pensiya olish huquqi belgilangan o‘gay farzandini 18 yoshgacha kamida 5 yil tarbiyalagan o‘gay ota-onalar bolani tarbiyalagan davrini aniqlash tartibi, O‘zbekiston Respublikasi oldida alohida xizmatlari bo‘lgan shaxslarning pensiyalariga pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining 100 foizidan 150 foizgacha miqdorida ustamalar to‘lash tartibi Hukumat tomonidan belgilanishi ko‘zda tutilmoqda.
Ushbu qonunning qabul qilinishi amaliyotda mavjud turli xil yondashuvlarning oldini olish, korrupsiogen faktorlarni keltirib chiqaruvchi holatlarga barham berish, ijtimoiy adolat tamoyilidan kelib chiqib, nogironligi bo‘lgan shaxslarning daromadini oshirishga xizmat qiladi.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Shundan keyin yalpi majlisda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda yerga oid mulkiy va huquqiy munosabatlarda barqarorlikni ta’minlash, yer egalarining mulkiy huquqlarini kafolatlash bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, yerning iqtisodiy qiymatini belgilash orqali uni fuqarolik-huquqiy munosabatlar ob’ekti sifatida erkin muomalaga kiritishning huquqiy asoslari mustahkamlanmoqda.
Joriy yilda “Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi.
Buning natijasida jamoat ehtiyojlari uchun kompensatsiya evaziga yer uchastkalarini olib qo‘yish masalalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladigan yaxlit qonun bilan tartibga solinmoqda.
Majlisda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning mantiqiy davomi ekani qayd etildi.
Qonun bilan “Garov to‘g‘risida”gi qonunga va Fuqarolik kodeksiga mulkiy huquqlarni mustahkamlashga qaratilgan o‘zgartishlar kiritilmoqda.
Xususan, “Garov to‘g‘risida”gi qonunda agar garovga qo‘yuvchining garov narsasi hisoblanuvchi mol-mulkka bo‘lgan mulk huquqi mol-mulkning jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishi oqibatida qonunda belgilangan asoslarda va tartibda bekor bo‘lsa, garovga qo‘yuvchiga boshqa mol-mulk berilishi yoki tegishli tovon to‘lanishi belgilanmoqda.
Shuningdek, mulk huquqi bilan bog‘liq munosabatlar maxsus qonun, ya’ni “Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonun bilan tartibga solinayotganligi inobatga olinib, Fuqarolik kodeksining tegishli moddalaridagi “qonun hujjatlari” degan so‘zlar “qonun” degan so‘z bilan almashtirilmoqda.
Qonunning hayotga tatbiq etilishi amaldagi qonunlarda nazarda tutilgan qoidalarning turlicha talqin qilinishining oldini olishga hamda mulkka bo‘lgan huquqlarni bekor qilish va mulkka doir munosabatlarni faqat qonun doirasida tartibga solishga erishiladi.
Shu bilan birga, mulkdorlarning huquqlari ishonchli himoya qilinishi va xususiy mulkning but saqlanishini ta’minlash uchun qo‘shimcha huquqiy shart-sharoitlar yaratiladi.
Muhokamalardan so‘ng qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Yalpi majlisda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida yangi ish o‘rinlarini yaratish hamda aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarni o‘rganish natijalari muhokama qilindi.
Unda Senat tomonidan parlament nazorati doirasida hududlarda yangi ish o‘rinlarini yaratish va aholi bandligini ta’minlash ishlari doimiy ravishda o‘rganib borilayotgani qayd etildi.
Ta’kidlanganidek, mahallalarda hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari va xotin-qizlar faollarining ko‘magida 583,4 ming mehnatga layoqatli kishiga mehnat organlari tomonidan bandlik xizmatlari ko‘rsatilib, ulardan 291,3 ming kishining bandligi ta’minlangan.
“Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 23,9 ming nafar ishsiz fuqaroga 58,2 milliard so‘m miqdorida subsidiya ajratilgan. Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 23,8 ming va Xorazm viloyatida 46,8 ming nafar fuqaro 70 ta faoliyat yo‘nalishida o‘zini o‘zi band qilgan.
Mamlakatimizda ishsiz fuqarolar, ayniqsa, xotin-qizlar va mehnat bozoriga ilk bor kirib kelgan bitiruvchilar bandligini ta’minlash va ularni tadbirkorlikka keng jalb etish, shuningdek, norasmiy bandlikni kamaytirish bo‘yicha yangi ta’sirchan mexanizmlar joriy etilmoqda.
Joriy yil 1 noyabrdan boshlab o‘zini o‘zi band qilishdagi faoliyat turlari yana o‘ntaga ko‘paytirildi. 2023 yildan boshlab yakka tartibdagi tadbirkorlar bilan mehnat munosabatlarida bo‘lgan jismoniy shaxslar uchun ijtimoiy soliq miqdori kamaytiriladi. Shaxsiy tomorqa yer uchastkasida o‘nga yaqin faoliyat turlari bilan shug‘ullanayotgan fuqarolarga ham kafolatlangan mehnat stajiga ega bo‘lish imkoniyati beriladi.
Bu imkoniyatlardan mazkur hududlarda ham keng foydalanish zarurligi qayd etildi.
Muhokama jarayonida senatorlar ijobiy ishlar bilan bir qatorda ushbu hududlardagi kamchilik va muammolarga ham e’tibor qaratdi.
Qayd etilishicha, xalq deputatlari shahar va tumanlar Kengashlarida yangi ish o‘rinlarini yaratish, aholi bandligini ta’minlash ishlari tizimli ravishda har oy natijalari bo‘yicha muhokama qilinmagan.
Respublika vazirlik va idoralari hamda viloyat hokimliklari tomonidan taqdim etilayotgan ma’lumotlar o‘rtasida hamon nomutanosibliklar mavjud. Ish o‘rinlari to‘g‘risidagi hisobotni shakllantirishda takrorlanuvchi raqamlarni olib tashlash, soliq organi va Yagona milliy mehnat tizimi (YAMMT) elektron ma’lumotlari bazasiga muvofiqligini ta’minlash vazifasi bajarilmagan.
Ayrim mahallalarda hokim yordamchilarining ishga muhtoj aholi bandligini ta’minlash borasidagi ishlari talab darajasida emas.
Hunarmandchilikni jadal rivojlantirish uchun yanada qulay shart-sharoit yaratish bo‘yicha berilgan imkoniyatlardan foydalanish ishlari o‘z holiga tashlab qo‘yilgan. Ushbu yo‘nalishda faoliyatini to‘xtatgan tadbirkorlar ham ish o‘rinlari hisobotlarida ko‘rsatilgan. Bundan tashqari, faoliyati to‘xtagan hunarmandlarga shogirdlar biriktirilgani ham hisobotlarda aks etmoqda.
Auksion orqali sotilgan yer maydonlarida dehqon xo‘jaliklarini tashkil etish va davlat ro‘yxatidan o‘tkazish ishlari qoniqarli emas.
Shuningdek, muhokamalar davomida senatorlar tomonidan xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlariga yangi ish o‘rinlarini yaratish, aholi bandligini ta’minlash masalalarini mahallabay ishlash tizimi asosida o‘rganish va sessiyalarda tanqidiy muhokama qilish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Ko‘rib chiqilgan masala yuzasidan Senat qarori qabul qilindi.
Bundan tashqari, yalpi majlisda Farg‘ona viloyati hokimining investitsiya loyihalarini amalga oshirish hamda tadbirkorlikni rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlar to‘g‘risidagi hisoboti tinglandi va senatorlar tomonidan muhokama qilindi.
Hisobotda viloyatda investitsiya mablag‘larini jalb etish va investitsiya loyihalarini ishga tushirish, tadbirkorlikni rivojlantirish orqali aholi bandligini ta’minlash va turmush darajasini oshirish borasida muayyan ishlar amalga oshirilganligi ta’kidlandi.
Xususan, viloyatda o‘zlashtirilayotgan xorijiy investitsiyalar miqdori yiliga o‘rtacha 50 foizlik o‘sish sur’atlarini namoyish etib, bu borada respublikada 2-o‘rinni egallab kelmoqda.
Amalga oshirilayotgan investitsiya dasturi loyihalari doirasida 2021 yilda jami 512 million dollar miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya va kredit mablag‘lari o‘zlashtirilgan bo‘lsa, 2022 yil yanvar-avgust oylarida ushbu ko‘rsatkich 475 million dollarni tashkil etgan hamda o‘tgan yilning mos davriga (216 million dollar) nisbatan – 2,2 barobarga o‘sgan.
Olib borilayotgan ishlar natijasida viloyatning investitsiyaviy jozibadorligi ham ortib bormoqda. Dunyoning eng nufuzli “S&P Global Rating” (AQSH) xalqaro reyting agentligi tomonidan viloyatning mustahkam moliyaviy indikatorlari va yuqori iqtisodiy salohiyati uchun “B+”, ya’ni “barqaror” darajasidagi kredit reytingi berilgan.
Viloyatda 2021 yilda jami 756,3 million dollarlik eksport amalga oshirilib, 2020 yilga nisbatan 136 foizga o‘sish kuzatilgan. Joriy yilning yanvar-avgust oylarida 556,6 million dollarlik mahsulotlar eksport qilingan va ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 114,8 foizga ortgan.
Viloyat eksportyorlari tomonidan 60 ta xorijiy davlatga 150 dan ziyod turdagi mahsulotlar eksport qilinib, eksport geografiyasi Gonduras, Kipr, Gongkong, Moldaviya davlatlari hisobiga kengayganligi qayd etildi.
Eshituv oldidan Senat tomonidan mazkur yo‘nalishda viloyatda amalga oshirilayotgan ishlar tanqidiy o‘rganilib, respublika darajasidagi muammoli masalalar viloyat hokimi, Vazirlar Mahkamasi hamda tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari ishtirokida keng muhokama qilindi.
Jumladan, tadbirkorlardan undirilgan qo‘shimcha qiymat solig‘ining belgilangan muddatda qaytmayotganligi ular faoliyatini rivojlantirishga, qo‘shimcha va munosib ish o‘rinlari yaratilishiga o‘z ta’sirini ko‘rsatayotganligi qayd etildi.
Kichik sanoat hamda yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari uchun muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini o‘rnatish borasidagi ishlar yetarli emasligi bois ayrim loyihalar o‘z vaqtida amalga oshirilmayotganligi, ba’zilari esa tashabbuskor tadbirkorlar tomonidan rad etilayotganligi tanqid qilindi.
“Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasining “A” va “V” nimzonalarini bog‘lovchi 900 metr temir yo‘l qurish ishlari boshlanmaganligi bois mahsulotlarni joylarga yetkazishda qiyinchiliklar yuzaga kelishi bilan bir qatorda, ortiqcha sarf-xarajatlarga ham olib kelayotganligi tadbirkorlar e’tiroziga sabab bo‘layotganligi ta’kidlandi.
Muhokama yakuniga ko‘ra, o‘z yechimini kutib turgan muammoli masalalarni bartaraf etish bo‘yicha tegishli qaror qabul qilindi hamda ijrosi ustidan parlament nazoratini yo‘lga qo‘yish vazifasi belgilandi.
Shu bilan birga, senatorlar Iqtisodiyotning ishlab chiqarish sohalarida mahalliylashtirish dasturlarining ijrosi yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so‘rovi natijalari muhokama qildi.
Ta’kidlanganidek, republikamizda mahalliylashtirish dasturlari ijrosi doirasida muayyan ishlar amalga oshirilgan. Yuqori texnologik ishlab chiqarishlarni rivojlantirishning yaxlit tizimini yaratish va investitsiyalarni faol jalb etishni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, talab yuqori bo‘lgan keng turdagi mahsulotlarni o‘zlashtirish, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish va respublikaning eksport salohiyatini oshirish bo‘yicha tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilgan.
Davlatimiz rahbarining 2022 yil 24 yanvardagi “Respublikada ishlab chiqarishni rivojlantirish va sanoat kooperatsiyasini kengaytirishning samarali tizimini yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq mahalliylashtirish dasturlari doirasida 2022 yilning yanvar-iyun oylarida 1 849 ta loyiha bo‘yicha 16,4 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgan.
Iqtisodiyot tarmoqlari hamda hududiy korxonalar tomonidan mahalliylashtirilgan mahsulot ishlab chiqarish hajmlarining oyma-oy tarmoq jadvallari, tarmoqlararo sanoat kooperatsiyasi doirasida imzolangan memorandumlar va ichki bozor ehtiyojlarini inobatga olgan holda tavsiya etilayotgan mahsulotlar ishlab chiqarishni o‘zlashtirish bo‘yicha “yo‘l xaritalari” qabul qilingan.
Natijada 124,6 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgan hamda mahalliylashtirish dasturi doirasida ishlab chiqarilgan 194 million dollarlik mahsulot eksport qilinib, 5 355 ta yangi ish o‘rni tashkil etilgan.
Avtomobil sanoati sohasida “O‘zAvto Motors” tomonidan 2022 yil iyul oyidan boshlab yangi “Treker” avtomobilini ishlab chiqarish loyihasi amalga oshirilgan.
“O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi bilan birgalikda “Damas” va “Labo” avtomobillarining o‘rindiq matolarini mahalliylashtirish natijasida import hajmi 1,5 million dollarga qisqargan.
Elektrotexnika sohasida importni qisqartirish, yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarilishini mahalliylashtirish maqsadida “O‘zeltexsanoat” uyushmasi tomonidan 5 turdagi rentgen apparatlarining ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yilgan.
Senatorlar asosiy e’tiborni mahalliylashtirishni amalga oshirish orqali importni qisqartirish, yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarilishini kengaytirishda ko‘rilayotgan choralar va ularning ijrosiga qaratdilar.
Ko‘rib chiqilgan masala yuzasidan Senatning tegishli qarori qabul qilindi.
Shundan so‘ng Orolbo‘yi mintaqasida ekologik barqarorlikni ta’minlash hamda zamonaviy innovatsion texnologiyalarni keng tatbiq qilish bo‘yicha belgilangan vazifalarning ijro etilishi holati yuzasidan Hukumatga yuborilgan parlament so‘rovi natijalari muhokama qilindi.
Prezidentimizning 2021 yil 29 iyulda “Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 2021 yil 18 maydagi “Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e’lon qilish to‘g‘risida”gi maxsus rezolyutsiyasini amalga oshirish choralari to‘g‘risida”gi qarori bilan 2021-2024 yillarda Orolbo‘yi mintaqasiga iqtisodiyot tarmoqlarida resurs tejovchi va yuqori samaraga ega zamonaviy innovatsion texnologiyalarni keng tatbiq qilishga e’tibor qaratilmoqda.
Ekologik barqarorlikni ta’minlash, ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish va ilmiy-innovatsion ishlanmalarni amaliyotga joriy qilish, shuningdek, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish to‘g‘risida “yo‘l xaritasi” hamda ustuvor innovatsion loyihalar ro‘yxati tasdiqlangan.
Hozirda “yo‘l xaritasi”da belgilangan 71 ta tadbirning 31 tasi, 65 ta innovatsion loyihaning 18 tasi amalga oshirilgan. Jumladan, Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan 8,1 milliard so‘m mablag‘ ajratilib, Nukus shahrida Yoshlar texnoparki ishga tushirilgan.
Nukus tumanida Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazi qoshida o‘simliklar urug‘lari genbanki bilan ta’minlangan laboratoriya, biznes-akselerator o‘quv markazi va texnopark tashkil qilish uchun respublika byudjetidan 13,1 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan.
Qoraqalpoq davlat universitetida Oliy ta’lim muassasalararo kompleks biokimyoviy tahlil markazi tashkil etilgan.
“Qurigan Orol dengizi tubi tuproq iqlim sharoitida o‘sadigan daraxt va buta o‘simliklarining genofondini yaratish” amaliy loyihasi uchun 3 milliard so‘m ajratilib, Mo‘ynoq tumanida 50 gektar maydonda cho‘l o‘simliklarini (saksovul, qandim, cherkez va boshqa) kasallik va zararkunandalardan himoya qilish bo‘yicha monitoring ishlari o‘tkazilgan.
Qishloq xo‘jaligida tuproq osti sug‘orish yangi texnologiyalari tizimini joriy etish uchun BMT Taraqqiyot Dasturi doirasida “Chahbani Technologies” kompaniyasi (Tunis) va Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazi bilan hamkorlikda 3 600 dona innovatsion tuproq osti sug‘orish diffuzor moslamalari keltirilib, tajriba-sinov uchun 2 ta issiqxona barpo etilgan.
Bundan tashqari, “Barsakelmes konidagi texnik tuzni innovatsion flotatsiya usuli bilan tozalash”, “Qo‘ng‘irot soda zavodi” MCHJda karbonat angidrid gazidan soda ishlab chiqarishni tashkil etish”, “Mo‘ynoq tumanida zamonaviy ta’mirlash va servis markazini tashkil etish”, “Tibbiy sistemalar ishlab chiqarish” kabi loyihalar amalga oshirilgan.
Olib borilgan ishlar bilan bir qatorda, loyihalar o‘z vaqtida amalga oshirilmaganligi, shuningdek, sohada ayrim kamchilik va muammolar saqlanib qolayotganligi senatorlar tomonidan ta’kidlandi.
Jumladan, Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan ijobiy xulosa taqdim etilmaganligi natijasida Nukus tumanida “Aqlli qishloq” (Smart village) konsepsiyasi asosida yangi zamonaviy turar joylar kompleksi qurilishi to‘xtab qolgan.
Qishki sport turlarini rivojlantirish uchun muz saroyini barpo qilish ishlari boshlanmagan.
Choksiz shikastlanishlarga qarshi qoplama ishlab chiqishni tashkil qilish loyihasini amalga oshirish muddatidan kechiktirilmoqda.
Bundan tashqari, qurilishi va to‘qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarishga qaratilgan qator loyihalar ishga tushirilmagan.
Muhokamalar yakunida mas’ullarga qarorda belgilangan qurilish va to‘qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarishni mahalliylashtirish orqali yangi ish o‘rinlarini yaratishga qaratilgan loyihalar ijrosini ta’minlash topshirildi. Mas’ul vazirlik va idoralarga loyihalar va tadbirlarni moliyalashtirilishini amalga oshirish chora-tadbirlarini ishlab chiqish vazifasi yuklatildi.
Mazkur masala yuzasidan Senatning tegishli qarori qabul qilindi.
Senatorlar yalpi majlis davomida 11 ta masalani, shu jumladan, 6 ta qonunni ko‘rib chiqdilar.
Shuning bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘ttiz uchinchi yalpi majlisi yakunlandi.
O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senati
Axborot xizmati