27 dekabr kuni Toshkent shahrida Oliy Majlis Senati majlislar zalida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘ttiz oltinchi yalpi majlisi boshlandi.
Unda Senat, hukumat a’zolari, vazirlik va idoralarning vakillari, Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zolari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.
Videokonferensaloqa tarzida o‘tkazilgan yalpi majlisni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva olib bordi.
Yalpi majlis Senatning YouTube tarmog‘idagi sahifasi orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoritib borildi.
Dastlab senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasidan kelib chiqadigan ustuvor yo‘nalishlarga e’tibor qaratdilar.
Ta’kidlanganidek, Murojaatnoma o‘z mohiyati va ruhiyatiga ko‘ra mamlakat fuqarolari, ularning manfaati va bevosita aholining yashash sifatini yanada yaxshilashga qaratilgan dasturiy hujjatdir. Unda ko‘tarilgan har bir masala parlament faoliyati bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, barcha sohalarda qonun ustuvorligini, qabul qilinayotgan hujjatlarning joylarda ijrosini ta’minlash bo‘yicha parlament tomonidan samarali nazorat o‘rnatish, ularning to‘liq bajarilishini monitoring qilish Senatning asosiy vazifalaridandir.
Jumladan, ixcham va samarali davlat boshqaruv tizimini yo‘lga qo‘yish va uning faoliyati natijadorligini ta’minlash vazifalaridan kelib chiqib, Senat qo‘mitalari o‘z faoliyati yo‘nalishida hamkorlik qiluvchi tegishli davlat boshqaruvi organlari bilan o‘zaro aloqa va ishlash uslublarini qaytadan ko‘rib chiqish zarurligi ta’kidlandi.
Shuningdek, Murojaatnomada qo‘yilgan vazifalardan kelib chiqib, Senat qonunlarning muhokamasini mahalliy Kengashlar darajasida ham faol o‘tkazishi, qonunlarning har bir hududning manfaatlariga mosligini baholab borishi lozimligi, qonunlarni ekspertlar va jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazish mexanizmlarini kengaytirish zarurligi alohida belgilandi.
Shu bilan birga, parlamentning nazorat-tahlil faoliyatini yanada kuchaytirish zarurligiga urg‘u berilib, bunda asosiy e’tiborni hududga, ayniqsa, mahallalarga qaratish va bu jarayonga mahalliy Kengashlarni faol jalb qilish, aholi bilan ishlash natijasida aniqlangan dolzarb masalalarni Hukumat a’zolari oldida ko‘tarish va ularning yechimini topishga ko‘maklashish lozimligi ta’kidlandi.
Murojaatnomaning inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish yo‘nalishida bevosita senatorlar e’tibori markazida bo‘lishi lozim bo‘lgan masala – korrupsiyaga qarshi kurashish masalasi hisoblanib, senatorlar tegishli sohalarni tahlil qilgan holda korrupsiyani bartaraf etish masalasida faol bo‘lishlari zarurligi alohida qayd etildi. Jumladan, ushbu yo‘nalishda mas’ul bo‘lgan Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan doimiy hamkorlikda bo‘lsa-da, endilikda bu jarayonni yangi bosqichga olib chiqish va yanada aniq, samarali tashkil etish lozimligi ta’kidlandi. Muhimi, bevosita hududlarda, sohalar kesimida tahlillar o‘tkazish, muammolar yechimi yuzasidan takliflar tayyorlash va ularni amalda tatbiq etishga asosiy e’tiborni qaratish, xususan, byudjet hisobidan bo‘layotgan qurilishlarni hamda “tashabbusli byudjet” hisobidan amalga oshirilayotgan loyihalar sifatini joylarga chiqib o‘rganishni inobatga olish zarurligi alohida ta’kidlandi.
Shuningdek, yalpi majlis davomida Murojaatnomada ta’kidlangan sud qarorlari ijrosining qat’iy ta’minlanmayotganligi muammosiga ham alohida e’tibor qaratilib, Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tegishli idoralarda sud qarorlari ijrosi holatini o‘rganishi va asoslantirilgan takliflarni ishlab chiqishi zarurligi, mazkur masalaga Bosh prokuror hisobotini eshitish davomida ham alohida e’tibor qaratilishi lozimligi belgilandi.
Shundan so‘ng yalpi majlisda “2023 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.
Mazkur qonun bilan 2023 yil uchun O‘zbekiston Respublikasi Konsolidatsiyalashgan byudjetining jamlanma parametrlari hamda 2024-2025 yillar uchun byudjet mo‘ljallari belgilangan.
Ta’kidlanganidek, qonunga ko‘ra 2023 yilda mamlakatimiz iqtisodiyotida yalpi ichki mahsulotning o‘sish sur’atlari 5,3 foizni va iste’mol narxlari indeksi 2022 yilning dekabr oyiga nisbatan 9,5 foiz miqdorida bo‘lishidan kelib chiqib, Davlat byudjeti parametrlari hisob-kitob qilingan.
O‘zbekiston Respublikasi Konsolidatsiyalashgan byudjetining daromadlari 2023 yilda 310,7 trillion so‘mni hamda xarajatlar 343,2 trillion so‘mni tashkil etishi kutilmoqda.
Qonun bilan 2023 yil uchun O‘zbekiston Respublikasi (O‘zbekiston Respublikasi hukumati) nomidan va O‘zbekiston Respublikasining kafolati ostida tashqi qarzlarni jalb qilish bo‘yicha yillik imzolanadigan yangi bitimlarning cheklangan hajmi 4,5 milliard dollar miqdori etib belgilanmoqda.
2023 yilgi Davlat byudjeti xarajatlari (davlat maqsadli jamg‘armalariga ajratiladigan transfertlar bilan birga) 257,7 trillion so‘mni, yalpi ichki mahsulotga nisbatan 24,1 foizni tashkil qilmoqda.
Senatorlar Davlat byudjetining ijtimoiy sohaga yo‘naltirilayotgan mablag‘lar miqdoriga jiddiy e’tibor qaratdilar. Qayd etilganidek, ta’lim sohasi xarajatlari 58,4 trillion so‘m, sog‘liqni saqlash sohasiga 28,4 trillion so‘m, madaniyat sohasiga 2,5 trillion so‘m, sport sohasiga 2,3 trillion so‘m va fanni yanada rivojlantirish tadbirlari uchun 2023 yilda 1,8 trillion so‘m yo‘naltirish belgilangan.
2023 yil uchun Davlat byudjetida aholini ijtimoiy himoya qilishning ustuvor yo‘nalishlarini moliyalashtirish uchun 18,1 trillion so‘m ajratiladi.
Shu bilan birga, kelgusi yilda jami 52 mingdan ortiq daromadi yuqori bo‘lmagan va uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj fuqarolarga ipoteka krediti bo‘yicha dastlabki badal va foizlarning bir qismini qoplash uchun Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan 1,1 trillion so‘m subsidiyalar to‘lab berilishi ko‘zda tutilgan.
Iqtisodiyotga ajratilishi rejalashtirilayotgan xarajatlar 36,7 trillion so‘mni, yalpi ichki mahsulotga nisbatan 3,4 foizni, jami xarajatlarning 14 foizini tashkil etib, bu mablag‘lar asosan tomchilatib sug‘orish, geologik qidiruv ishlarini va aholi punktlarini obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish hamda uy-joy kommunal xizmatlari bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirishga yo‘naltirilishi rejalashtirilgan.
Mazkur qonun Senat a’zolari tomonidan ma’qullandi.
Shuningdek, Senatning o‘ttiz oltinchi yalpi majlisida “2022 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga o‘zgartishlar kiritish haqida”gi qonun ham muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Konsolidatsiyalashgan byudjeti taqchilligini qoplash manbalarini kengaytirish, shuningdek, 2022 yil uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalarining yil yakuniga qadar o‘zlashtirilmay qoladigan ayrim xarajatlarini maqbullashtirish choralari ko‘rilmoqda.
Jumladan, davlat maqsadli jamg‘armalarining daromadlari prognozi va xarajatlari miqdorlari hamda 2022 yil uchun respublika byudjetidan birinchi darajali byudjet mablag‘larini taqsimlovchilarga ajratiladigan mablag‘larning cheklangan miqdori – qo‘shimcha xarajatlar va o‘zlashtirilmay qoladigan ayrim xarajatlarni maqbullashtirish hisobiga o‘zgartirilmoqda.
Xususan, qo‘shimcha mablag‘lardan ijtimoiy sohaga 8,7 trillion so‘m, shundan ta’lim sohasiga 1,4 trillion so‘m, sog‘liqni saqlash sohasiga 0,5 trillion so‘m, aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga 6,2 trillion so‘m yo‘naltirilmoqda.
Shuningdek, mahallalardagi aholi kayfiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan dolzarb muammolar yechimi bo‘yicha tadbirlarni moliyalashtirishga 3,7 trillion so‘m qo‘shimcha mablag‘ ajratilmoqda.
Qonunga asosan qo‘shimcha xarajatlarni qoplash manbalari bilan ta’minlash zarurati yuzaga kelganligi sababli, O‘zbekiston Respublikasining Konsolidatsiyalashgan byudjeti taqchilligining cheklangan miqdori 4 foiz qilib belgilanmoqda.
Senat a’zolari qonun muhokamasida qo‘shimcha ajratilayotgan mablag‘lardan maqsadli foydalanishga e’tibor qaratib, kiritilayotgan o‘zgartishlar mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlarning o‘z vaqtida moliyalashtirilishiga hamda Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari mablag‘larining xalq farovonligi yo‘lida xizmat qilishini aytib o‘tdilar.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Bundan tashqari, Senatning o‘ttiz oltinchi yalpi majlisida “Huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida”gi qonun ham ko‘rib chiqildi.
Ushbu qonun Ichki ishlar vazirligi tomonidan huquqbuzarliklar profilaktikasiga oid davlat siyosatini samarali ro‘yobga chiqarish, mazkur jabhadagi munosabatlarni to‘liq tartibga solishni ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan.
Ta’kidlanganidek, qonun ijodkorligida shoshma-shosharlikka, yuzakichilikka, hamma uchun majburiy bo‘lgan qoidalarni shunchaki, yetarli asoslarsiz belgilab ketishga zinhor yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi.
“Huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida”gi qonun ham bu talabdan mustasno emasligiga e’tibor qaratildi.
Qonun 8 ta bob va 88 ta moddadan iborat bo‘lib, Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi tomonidan soha mutaxassislari, ekspertlar, olimlar ishtirokida o‘tkazilgan muhokamalar uni qayta ko‘rib chiqish lozimligini ko‘rsatganligi qayd etildi.
Senatorlarning bildirishicha, qonundagi qator normalar amaldagi boshqa qonunlar, jumladan, huquqbuzarliklar profilaktikasi bilan bevosita yoki bilvosita bog‘liq bo‘lgan qoidalarga nomuvofiq, hatto ba’zi o‘rinlarda zid va qarama-qarshidir.
Xususan, qonunning 19-moddasida sog‘liqni saqlash muassasalarining huquqbuzarliklar profilaktikasi sohasidagi vakolatlari sifatida voyaga yetmagan shaxslar o‘rtasida alkogol va tamaki mahsulotlari, iste’mol qilinishining profilaktikasiga doir chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish, alkogol ta’sirida mast holatda bo‘lgan voyaga yetmagan shaxslarni kecha-kunduz qabul qilish va ularga tibbiy yordam ko‘rsatish belgilab berilmoqda.
Yalpi majlis davomida muhokama qilingan boshqa bir ya’ni, “Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda iste’mol qilinishini cheklash to‘g‘risida”gi qonunda esa yigirma bir yoshga to‘lmagan shaxslar to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir etish sub’ektlari sifatida belgilangan.
Har ikkala qonundagi mazkur o‘zaro nomuvofiqlik bartaraf etilishi zarurligiga, ya’ni, voyaga yetmaganlar va yigirma bir yoshgacha bo‘lgan shaxslar bilan bog‘liq munosabatlarga har ikkala qonunda yagona va maqbul yondashuvni ifoda etish lozimligi qayd etildi.
Ikkinchidan, qonunning 3-moddasida “voyaga yetmagan nazoratsiz shaxs” tushunchasiga voyaga yetmagan shaxsning ota-onasi yoki boshqa qonuniy vakillari uni ta’minlash, tarbiyalash va unga ta’lim berish bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarishdan bo‘yin tovlaganligi yoki ularni lozim darajada bajarmaganligi oqibatida xulq-atvori nazoratsiz qolgan, voyaga yetmagan shaxs deb ta’rif berilmoqda.
Konstitutsiyaning 64-moddasida ota-onalar zimmasiga o‘z farzandlarini voyaga yetgunlariga qadar boqish va tarbiyalash majburiyati yuklatilgan. Shu boisdan qonunda voyaga yetmagan nazoratsiz shaxs bo‘yicha berilayotgan tushunchaning Konstitutsiyaning 64-moddasiga muvofiqligini qayta ko‘rib chiqish zarurligi ta’kidlandi.
Uchinchidan, qonunning 43-moddasida rasmiy ogohlantirishning shakli Adliya vazirligi tomonidan tasdiqlanishi qayd etilmoqda. Amaldagi normalarda esa, rasmiy ogohlantirishning shakli Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanishi belgilangan.
Biroq qonunda ushbu vakolatning nima uchun Hukumatdan vazirlikka olib berish ko‘zda tutilayotganini mutaxassislar ham, qonun tashabbuskorlari ham dastlabki muhokamalarda asoslab bera olmagan.
Holbuki, bunday yondashuv teng maqomdagi vazirlik va idoralar uchun bir vazirlik tomonidan umummajburiy bo‘lgan protsessual yoki rasmiy tusga ega hujjat shakli tasdiqlanishiga olib kelishi ustuvor normalarga mutlaqo ziddir. Qolaversa, qonunning 32-moddasida Bosh prokuratura huquqbuzarliklar profilaktikasiga doir faoliyatni muvofiqlashtiruvchi yagona davlat organi etib belgilanmoqda.
Senatorlar tomonidan mazkur qonun jiddiy qayta ko‘rib chiqishga muhtoj va uning hozirgidek holatda ma’qullanishi amaliyotda samaradan ko‘ra, ko‘proq muammo tug‘dirishi ta’kidlandi.
Qonun senatorlar tomonidan rad qilindi.
Shu bilan birga, yalpi majlisda “Muvofiqlikni baholash organlarini akkreditatsiyadan o‘tkazish to‘g‘risida”gi qonun ham muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, mazkur qonun muvofiqlikni baholash idoralari faoliyatini xalqaro me’yorlar asosida baholash uchun akkreditatsiya tizimini xalqaro talablarga moslashtirishda yuqori samara beradi.
Xususan, qonun mamlakatimizning milliy akkreditatsiya tizimini xalqaro talablarga muvofiqlashtirish, akkreditatsiya organlarining Xalqaro laboratoriyalarni akkreditatsiya qilish tashkiloti (ILAC) va Xalqaro akkreditatsiya forumi (IAF) faoliyatida to‘la huquqli a’zo sifatida ishtirok etishiga xizmat qiladi.
Qonun bilan akkreditatsiyaning maqsadlari, sohadagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari va uni davlat tomonidan tartibga solish, Milliy akkreditatsiya tizimi va akkreditatsiyani amalga oshirish tartibi belgilab berilmoqda.
Akkreditatsiyaning asosiy vazifalari manfaatdor taraflarning akkreditatsiyadan o‘tgan sub’ektlar faoliyatiga bo‘lgan ishonchini va muvofiqlikni baholash sohasida yagona texnika siyosati amalga oshirilishini ta’minlash, akkreditatsiya qilingan sub’ektlarning faoliyati natijalari xalqaro darajada tan olinishi va qabul qilinishi uchun shart-sharoitlar yaratishdan iborat.
Bundan tashqari, qonunga muvofiq Milliy akkreditatsiya tizimi yaratilib, akkreditatsiyani amalga oshirish tartibi, uning amal qilishini to‘xtatib turish, qayta tiklash va tugatish tartibi hamda akkreditatsiyaning amal qilishi tugagan taqdirda, uning amal qilishi qayta tiklanmasligi va bunda takroriy akkreditatsiyadan o‘tish uchun akkreditatsiya qilingan sub’ekt akkreditatsiyaning muddati tugaguniga qadar ariza bergan bo‘lsagina uning avvalgi faoliyati natijalari hisobga olingan holda amalga oshirilishi mustahkamlab qo‘yilmoqda.
Shu bilan birga, qonun bilan tadbirkorlik faoliyati qo‘llab-quvvatlanmoqda va respublikamizda milliy sifat infratuzilmasi yaxshilanishiga hamda “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” belgisi ostida ishlab chiqarilgan mahsulotlarning eksport bozorlariga ortiqcha to‘siqlarsiz kirib borishiga imkoniyat yaratilmoqda.
Ushbu qonunning qabul qilinishi mahalliy ishlab chiqaruvchi tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan sifatli mahsulotlar ishlab chiqarilishini ta’minlashga va eksport hajmlarini ko‘paytirishga zamin yaratadi.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Shundan so‘ng senatorlar “Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda iste’mol qilinishini cheklash to‘g‘risida”gi qonunni ko‘rib chiqdi.
Ma’lumki, mazkur qonun Senatning yigirma yettinchi yalpi majlisida senatorlar tomonidan rad etilib, qonun bo‘yicha yuzaga kelgan kelishmovchiliklarni bartaraf etish uchun Oliy Majlis palatalari tomonidan kelishuv komissiyasi tuzilgan edi.
Kelishuv komissiyasining a’zolari tomonidan bildirilgan fikr-mulohazalar, taklif va e’tirozlar e’tiborga olinib, Qonunchilik palatasi tomonidan qonun tasdiqlangan.
Qonun bilan alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda iste’mol qilinishini cheklash bo‘yicha bir qancha yangiliklar kiritilishi kutilmoqda.
Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda iste’mol qilinishini cheklash, ularning salbiy ta’sirini profilaktika qilishning davlat tomonidan kafolatlanishi alohida ahamiyat kasb etadi.
Shu boisdan alkogol va tamaki mahsulotlari, tamakini hamda nikotinni iste’mol qilish moslamalarining yigirma bir yoshga to‘lmagan shaxslarga realizatsiya qilish va ushbu shaxslar tomonidan realizatsiya qilinishi, alkogol va tamaki mahsulotlarini iste’mol qilish jarayoniga mazkur shaxslarni jalb etish taqiqlanmoqda. Ushbu yosh chegarasi amaldagi qonunga nisbatan uzaytirilmoqda.
Shuningdek, alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda iste’mol qilinishini cheklash bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi organlar safi kengaytirilmoqda va ularning sohadagi vakolatlari aniq belgilanmoqda.
Bundan tashqari, alkogol va tamaki mahsulotlari, shuningdek, tamaki hamda nikotinni iste’mol qilish moslamalarining realizatsiya qilinishiga doir cheklovlar ham kiritilmoqda.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Shuningdek, yalpi majlisda senatorlar tomonidan “Texnik jihatdan tartibga solish to‘g‘risida”gi qonun ham muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, mazkur qonun xorijiy davlatlarning tajribasi va xalqaro tashkilotlarning tavsiyalari asosida amaliyotdagi mavjud munosabatlarni qonun bilan tartibga solishni takomillashtirish maqsadida ishlab chiqilgan.
Xususan, qonun mahsulotlar xavfsizligini xalqaro talablar bilan uyg‘unlashtirishga, ishlab chiqaruvchilar, sotuvchilar va import qiluvchilarning sifatsiz chiqarilgan mahsuloti uchun javobgarlik darajasini oshirishga, bozorda xavfli mahsulotlar realizatsiyasining oldini olishga qaratilgan davlat nazoratini kuchaytirishga, mahalliy mahsulotlarning sifati va raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.
Qonunda nazorat xaridi amaliyoti yo‘lga qo‘yilib, endilikda mahsulotning xavfsizligini nazorat qilish nafaqat korxonaning o‘zida, balki savdo nuqtalarida ham amalga oshirilishi mumkin. Bu bilan sifatli, xavfsiz, texnik reglament talablariga muvofiq bo‘lgan mahsulotlar iste’molchilarga yetkazilishi ta’minlanadi.
Shu bilan birga, nazorat organlari o‘rtasida sifatsiz mahsulotlar to‘g‘risida axborot almashinuv tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Xorijiy ishlab chiqaruvchilarning mahalliy iste’molchilar oldidagi mas’uliyati va javobgarligi qat’iy belgilab qo‘yilmoqda.
Mahsulotni ishlab chiqishdan iste’molchiga yetkazishgacha bo‘lgan zanjir ishtirokchilari, ya’ni ishlab chiqaruvchi, uning vakolatli vakili, sotuvchi va import qiluvchilarning majburiyatlari hamda ular tomonidan qonunchilikda va texnik reglamentda belgilangan majburiy talablarga rioya etmaganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda.
Bundan tashqari, qonun bilan texnik reglamentlar talablariga javob bermaydigan mahsulotni ishlab chiqarishga ruxsat bergan yoki arizachiga zarar yetkazgan, shu jumladan, muvofiqlik sertifikatini berishni asossiz ravishda rad etgan, muvofiqlik sertifikatining yoxud muvofiqlik to‘g‘risidagi deklaratsiyaning amal qilishini qonunga xilof ravishda to‘xtatib turgan yoki tugatgan muvofiqlikni baholash organi va uning mansabdor shaxslarining javobgarligi ham nazarda tutilmoqda.
Texnik reglamentlar talablariga javob bermaydigan muomaladagi mahsulot haqida xabardor qilish tartibi belgilanmoqda. Bunda muomalaga chiqarilgan mahsulotning texnik reglamentlar talablariga muvofiq emasligi to‘g‘risida o‘ziga ma’lum bo‘lib qolgan ishlab chiqaruvchi, ishlab chiqaruvchining vakolatli vakili, sotuvchi va import qiluvchi mazkur axborot olingan paytdan e’tiboran o‘n kun ichida bu haqda davlat nazorati organiga, shuningdek, ishlab chiqaruvchiga xabar qilishi shart.
Ushbu qonunning qabul qilinishi tadbirkorlik sub’ektlariga zamonaviy va xorijiy standartlar asosida sifatli mahsulotlar ishlab chiqarishga hamda aholini sifatli mahsulot va xizmatlar bilan ta’minlashga olib keladi.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Shuningdek, yalpi majlisda “O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Turkiya Respublikasi Hukumati o‘rtasida mahkumlarni topshirish to‘g‘risidagi bitimni (Toshkent, 2022 yil 29 mart) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun ham ko‘rib chiqildi.
Mazkur xalqaro bitimni ratifikatsiya qilish haqidagi qonun O‘zbekiston va Turkiya fuqarolariga sud tomonidan tayinlangan jazoni o‘z mamlakatida o‘tash uchun huquqiy asos va imkoniyat yaratadi.
Ushbu huquqiy hujjatga ko‘ra mahkumlar qonunda belgilangan tartib-taomillarga muvofiq kelishayotgan tomonlarning murojaatlari asosida beriladi.
Muhokama chog‘ida senatorlar mahkumlarning jazoni o‘z yurtida va jamiyatida o‘tashi ularga yaqinlari bilan muntazam ko‘rishib turish imkonini berishini, bu esa oilaviy munosabatlarga ijobiy ta’sir ko‘rsatishini, shuningdek, mahkumlarning jamiyat ijtimoiy hayotiga moslashishiga yordam berishini alohida ta’kidladi.
Shubhasiz, qonun qabul qilinishi fuqarolarning huquq va manfaatlarini yanada samaraliroq himoya qilish imkonini beradi, respublikaning xalqaro maydondagi ijobiy nufuzini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Ma’lumki, Bitim 2022 yil 30 mart kuni Turkiya Respublikasi Prezidentining O‘zbekiston Respublikasiga rasmiy tashrifi doirasida imzolangan edi.
Muhokama yakuni bo‘yicha senatorlar Bitimni ratifikatsiya qilish haqidagi qonunni ma’qulladi.
Shuningdek, “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.
Ushbu huquqiy hujjatni ko‘rib chiqish jarayonida senatorlar yo‘llarimizda sodir bo‘layotgan yo‘l-transport hodisalari jamiyatimizni xavotirga solayotganini qayd etib, ularning kelib chiqish sabablarini aniqlash va ularning oldini olishda tegishli mas’ul xodimlarning mas’uliyatini yanada oshirilishi lozimligini ta’kidladi.
Shu bilan birga, o‘rganishlar ko‘rsatganidek, avtomototransport vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimida ham mavjud bo‘lgan kamchiliklar avtomobil yo‘llarida turli qoidabuzarliklar va o‘lim bilan tugayotgan yo‘l-transport hodisalarining sodir etilishiga sabab bo‘lmoqda.
Qonunga ko‘ra avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchilarini tayyorlash hamda qayta tayyorlash bo‘yicha faoliyatni, shuningdek, avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchilarining malakasini oshirish yuzasidan xabardor qilish tartibida amalga oshiriladigan faoliyatni litsenziyalash bo‘yicha vakolatli organ maqomi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasidan Ichki ishlar vazirligiga o‘tkazilmoqda.
Bundan tashqari, qonun bilan avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchilarini tayyorlash hamda qayta tayyorlash sohasida faoliyatni litsenziyalash uchun to‘lanadigan davlat boji bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravari miqdorida belgilanmoqda.
Shuningdek, “Davlat boji to‘g‘risida”gi hamda “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonunlarga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Shuning bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘ttiz oltinchi yalpi majlisining birinchi kuni yakunlandi.
O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati