Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘ninchi yalpi majlisi to‘g‘risida AXBOROT
10:23 / 2020-12-20

2020 yil 19 dekabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘ninchi yalpi majlisi o‘z ishini davom ettirdi.

Yalpi majlisni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva olib bordi.

Mazkur yalpi majlis ishi Senatning rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari hamda “Uzreport” telekanali orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri jonli efirda namoyish etildi.

Dastlab sud-huquq tizimi islohotlari zamirida bo‘lgan inson huquqlarini to‘la-to‘kis ta’minlanishi yo‘lida sud qarorlarini qayta ko‘rish instituti takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi, Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi, Jinoyat-protsessual, Iqtisodiy protsessual hamda Fuqarolik protsessual kodekslariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida beshta qonun muhokama qilindi.

“Ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarga doir sud qarorlarini qayta ko‘rishning protsessual tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi, “Sud qarorlarini qayta ko‘rish instituti takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi, “Jinoyat ishlari bo‘yicha sud qarorlarini qayta ko‘rish instituti takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi, “Sud qarorlarini qayta ko‘rish instituti takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi, “Sud qarorlarini qayta ko‘rish instituti takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari shular jumlasidandir.

Senatorlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 24 iyuldagi “Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samararadorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni sud-huquq islohotlarining yangi bosqichini amalga oshirishning huquqiy asosini yaratganligi bildirildi.

Ushbu Farmonning ijrosini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan mazkur qonunlar sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini qayta ko‘rib chiqish tartibini ilg‘or xorijiy tajribadan kelib chiqqan holda takomillashtirish, fuqarolar uchun odil sudlovga erishish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida apellyatsiya va kassatsiya instansiyalarini isloh qilishni nazarda tutadi.

Shu bilan birga, amalda bo‘lgan nazorat instansiyasi tizimi sud ishlarining yillab o‘z yechimini topmasdan fuqarolarning huquqlari buzilishiga olib kelish bilan birga xalqaro tajribaga ham mos kelmaydi.

Jumladan, qonuniy kuchga kirgan sud qarorlarini bir necha marta qayta ko‘rish imkoniyati mavjudligi manfaatdor shaxslar sud ishidagi mavhumlik holatidan bir necha yillar aziyat chekishga mahkum bo‘lishi, oxir-oqibat sud hokimiyatining obro‘-e’tiboriga putur yetkazishi, fuqarolar va keng jamoatchilikda sudlarga nisbatan salbiy munosabat, shuningdek huquqiy tizimga nisbatan ishonchsizlik yuzaga kelishi uchun shart-sharoit yaratadi.

Davlatimiz rahbarining “bir sud – bir instansiya” tamoyilining ilgari surilishi sud qarorlarini qayta ko‘rish tizimida yillar davomida to‘planib kelingan muammolarning hal qilinishiga ayni muddao bo‘lib, ushbu tizimni tubdan ko‘rib chiqishga asos soldi. Unga ko‘ra, xalqaro standartlarga mos ravishda uch bosqichli sud tizimi yaratiladi. Ya’ni birinchi instansiya – tuman (shahar) sudlari, ayrim toifadagi murakkab ishlar bo‘yicha – viloyat sudlari, apellyatsiya instansiya – viloyat darajasidagi sudlar, kassatsiya instansiyasi – Oliy sud. Shuningdek, xalqaro tashkilotlar va ekspertlarning e’tiroziga sabab bo‘layotgan nazorat instansiyasi to‘liq bekor qilinadi.

O‘z o‘rnida, sarsongarchilikni bartaraf etish va fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida o‘zgartishlarga asosan viloyat va unga tenglashtirilgan fuqarolik ishlari bo‘yicha, jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar va iqtisodiy sudlar negizida sudyalarning qat’iy ixtisoslashuvini saqlab qolgan va sud ishlarini yuritish turlari bo‘yicha alohida sudlov hay’atlarini tashkil etgan holda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar umumyurisdiksiya sudlari tashkil etilmoqda.

Ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish vakolati ma’muriy sudlardan jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarga o‘tkazilmoqda.

Ma’muriy va boshqa ommaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlarni ko‘rishga ixtisoslashtirilgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida tumanlararo ma’muriy sudlari tashkil etilmoqda. Shu munosabat bilan tuman (shahar) ma’muriy sudlari tugatilmoqda. Bunda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar ma’muriy sudlari saqlab qolinmoqda.

Senatorlar mazkur Qonunlarning hayotga tatbiq etilishi qanday natijalar berishi masalalariga ham alohida to‘xtaldi.

Ta’kidlanganidek, viloyat sudi tomonidan birinchi instansiyada ko‘rilgan sud ishlari yuzasidan berilgan shikoyatlarni shu sudning o‘zi tomonidan yuqori instansiya sudi sifatida ko‘rilishi amaliyotiga barham beriladi. Natijada ushbu jarayondagi korrupsiyaviy omillar bartaraf etilib, shikoyat qilish institutining samaradorligi oshadi.

Shuningdek, o‘rta bo‘g‘indagi sudlar asosan apellyatsiya instansiyasi sudi sifatida ixtisoslashgach, ularning mas’uliyati kuchaytirilib, barcha diqqat-e’tibori sud qarorlarining sifatiga qaratiladi hamda birinchi instansiya sudlari tomonidan yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar o‘z vaqtida bartaraf qilinadi. Bunda fuqarolar va yuridik shaxslarning buzilgan huquqlarini o‘z vaqtida tiklash va odil sudlovni amalga oshirish sifatini yanada yaxshilash imkoniyati yaratiladi.

O‘z navbatida, sud ishlarini nazorat tartibida ko‘rib chiqish institutining tugatilishi va kassatsiyaning uchinchi instansiya sudi sifatida belgilanishi natijasida sud qarorlarining qonuniyligi, asosligi va adolatligi bevosita undan norozi tomonning to‘g‘ridan-to‘g‘ri bergan shikoyati asosida ko‘rilishiga erishiladi, sudlarda ishlarni nazorat tartibida ko‘rib chiqish bo‘yicha bir-birini takrorlovchi instansiyalar qisqartiriladi.

Bu esa sud qarorlarini qayta ko‘rish masalasidagi xalqaro standartlar talablarini protsessual qonunchiligiga implementatsiya qilinishiga, sud mustaqilligi, qonun ustuvorligi va odil sudlov samaradorligi bo‘yicha xalqaro reytinglarda mamlakatimiz nufuzi oshishiga xizmat qiladi.

Qonunlar senatorlar tomonidan ma’qullandi va mutasaddi idoralarga ularni keng targ‘ib qilish va to‘liq ishlashi uchun zarur mexanizmlarni ishlab chiqib, joriy etish topshirildi.

Shundan so‘ng “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni muhokama markazida bo‘ldi.

Ta’kidlanganidek, ushbu Qonun 2017 – 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini tegishli Davlat dasturining ijrosini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan.

O‘zbekiston Respublikasi qonunchilik bazasini tizimlashtirish, normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish va qabul qilish jarayonlari sifatini oshirish, shuningdek, ularning ijrosi monitoringini takomillashtirish, norma ijodkorligi jarayoniga zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish masalalari dolzarb masala ekanligi qayd etildi.

Tan olish kerak, qonunchilik amaliyotida norma ijodkorligi faoliyatini tartibga soluvchi qonun hujjatlarining tarqoqligi huquqni qo‘llash amaliyotida turli muammolar va kolliziyalarni keltirib chiqarayotgan edi.

Yangi tahrirdagi “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi Qonunda amaldagidan farqli o‘laroq bir qator yangiliklar belgilanmoqda. Bunda:

- qonunchilik hujjati loyihalari yuzasidan o‘tkaziladigan ekspertizalar, jumladan, korrupsiyaga qarshi va gender tenglikni ta’minlash ekspertizalari hamda ularni o‘tkazish tartibi;

- loyihalarni O‘zbekiston Respublikasi Interaktiv davlat xizmatlari yagona portalida muhokama qilinishining huquqiy mexanizmi;

- loyiha ta’sirini baholash instituti kiritilishi;

- huquqiy eksperiment o‘tkazish tushunchasi va uni o‘tkazish tartibi;

- qonun hujjatlari va qonunosti hujjatlariga quyiladigan asosiy talablar kabi masalalarga alohida e’tibor qaratildi.

Qonunning qabul qilinishi natijasida huquqiy sohadagi keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotgan davrda norma ijodkorligi faoliyatiga taalluqli bo‘lgan barcha o‘zgartirishlar, shu jumladan, qonunlarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilish mexanizmini qonunchilik darajasida mustahkamlash ta’minlanadi.

Senat a’zolari mazkur Qonunni ma’qulladi.

So‘ngra “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslari hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, so‘ngi yillarda mamlakatimizda milliy axborot makoni va infratuzilmasini rivojlantirishda sezilarli islohotlar qilinib, so‘z erkinligi va axborot ochiqligini ta’minlash jarayoni keskin o‘zgardi. Xalq bilan muloqotda yangicha shakllar paydo bo‘lib, davlat organlari uchun ochiqlik va shaffoflik talabi yuzaga keldi. Har kimning axborot izlash, olish, to‘plash, tarqatish va undan erkin foydalanish, o‘z fikr va qarashlarini erkin ifodalashi qonunlarimizda kafolatlangan.

Shu bilan birga, axborot egalarining so‘z mas’uliyati va uning oqibatlari bo‘yicha javobgarlikni his qilishi, boshqa shaxslarning huquqlari kafolatlanishi ham tegishlicha belgilab qo‘yilgan.

Shunga qaramay, shaxsning qadr-qimmatini kamsituvchi, uni obro‘sizlantirishga olib keladigan hamda jamoat tartibi yoki xavfsizligi uchun tahdidga ega bo‘lgan yolg‘on axborotni tarqatish, shuningdek, ommaviy axborot vositalari, telekommunikatsiya yoki internet tarmoqlariga joylashtirish orqali tarqatish hollari tez-tez uchrayotganligi ta’kidlandi.

Telekommunikatsiya va Internet tarmoqlarida axborotning tarqalish jarayonini samarali tartibga soluvchi muhim normalarning yetishmasligi alohida qayd etildi.

Aytish joizki, bunday sharoitda fuqarolarning axborot huquqlari himoyasining kafolatlarini ta’minlaydigan huquqiy maydonni yaratish muhim hisoblanadi.

Shu masalalarni hal etish, tegishli huquqiy maydonni yaratish vazifalarini muvofiqlashtirish uchun mazkur Qonun ishlab chiqilgani ta’kidlandi.

Qonunning maqsadi – dolzarb, ishonchli va jamiyat uchun muhim bo‘lgan axborotni erkin tarqatish jarayonlariga ko‘mak beradigan amaliy huquqiy mexanizmlarni yaratish, ommaviy axborot vositalari erkinligi hamda jurnalistlarning professional faoliyatining himoyasi to‘g‘risidagi qonunchilik himoyasini ta’minlash, milliy axborot makoni hamda huquq tartibot asoslari xavfsizligi va barqarorligini ta’minlash.

Mazkur Qonun bilan yolg‘on axborotni tarqatganlik uchun yuridik javobgarlik choralarining qabul qilinishi fuqarolarning axborot huquqlarining himoyalanishi, kommunikatsiya tizimiga dolzarb va ishonchli axborotlarning kiritilishi, jamiyat xavfsizligi va barqarorligining ta’minlanishiga ko‘mak beradi.

Shuningdek, ushbu Qonun bilan kiritilayotgan diffamatsiya (ya’ni, tuhmat va haqorat) holatlari bilan bog‘liq jinoyatlar tarkibiga nisbatan yengillashtirish choralari jamiyatda ochiqlik darajasini oshirib, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro reytinglar va indekslardagi ko‘rsatkichlarining ko‘tarilishiga yordam beradi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Shundan keyin “Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek ayrim qonun hujjatlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, mazkur Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining “Valyutani tartibga solish to‘g‘risida”gi va “Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida”gi qonunlarga o‘zgartishlar kiritilmoqda. Jumladan, “Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida”gi Qonunda davlat-xususiy sheriklik loyihalarni amalga oshirish bilan bog‘liq tushunchalarga to‘liq va aniq izoh berilmagan edi. Bu esa amaliyotda huquqiy normalarni qo‘llashda ayrim tushunmovchiliklarga sabab bo‘layotgan edi.

Qolaversa, amaldagi Qonunda tender boshlanishidan bir oy oldin ommaviy axborot vositalarida, davlat organi veb-saytlarida e’lon qilinib, manfaatdor shaxslar doirasini aniqlash jarayoni nazarda tutilgan. Malaka hujjatlari faqatgina e’lon muddati tugagandan keyin qiziqish bildirganlarga yuborilishi belgilangan. Aynan shu holat tender jarayonini aksariyat hollarda bir oyga kechiktirilishiga sabab bo‘layotgandi.

Endilikda Qonunga ichki amaliyot va xalqaro tajribadan kelib chiqib, “konsessiya”, “maxsus loyihalashtirish kompaniyasi” va “talabgor” degan yangi tushunchalar kiritilib, ularga tasnif berilmoqda. Bozorning ishlash mexanizmlariga monand qoidalarini belgilash maqsadida Qonunda ishlatiladigan boshqa asosiy tushunchalarga aniqlik kiritilmoqda.

Senatorlar e’tibor qaratganidek, ko‘rib chiqilayotgan o‘zgartishlarda tender o‘tkazish jarayonini tezlashtirish uchun e’lon berish bilan bir vaqtda tender hujjatlarini ham taqdim qilish belgilanmoqda.

Shuningdek, xususiy sherik huquqlarining kafolatlash normasi aniqlashtirilmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasining keyingi qonun hujjatlari davlat-xususiy sheriklik ob’ektiga investitsiya kiritish shartlarini yomonlashtirsa, xususiy sherik davlat-xususiy sheriklik ob’ektidan erkin foydalanish uchun to‘lov va (yoki) foydalanganlik uchun to‘lov kompensatsiyalovchi tarzda oshirilishini, qolaversa, davlat sherigidan bir martalik kompensatsiya to‘lovini va (yoki) davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimga tegishli o‘zgartish va (yoki) qo‘shimchalar kiritilishini talab qilishga haqli, deb belgilanmoqda.

Bundan tashqari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimi doirasida o‘z ixtiyorlaridagi ob’ektlarni aniqlash, davlat-xususiy sheriklik loyihalarini, shu jumladan, chet el investorlari ishtirokidagi loyihalarini o‘z vaqtida va samarali amalga oshirishga to‘sqinlik qiluvchi omillarni va mavjud muammolarni aniqlash, ularni hal etish bo‘yicha choralar ko‘rish vakolatlari berilmoqda.

Mazkur Qonunning hayotga tatbiq etilishi soha huquqiy asosini xalqaro amaliyotga moslaydi, davlat-xususiy sheriklik loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirishda yagona qoidalar hamda talablarning bajarilishini ta’minlaydi. Shuningdek, iqtisodiy va ijtimoiy sohalarni rivojlantirish uchun Davlat byudjetidan ajratiladigan sarf-xarajatlarning qisqarishiga, mamlakatning investitsiyaviy muhiti va jozibadorligi oshishiga, tarmoqlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jalb etilishiga va natijada yangi ish o‘rinlar yaratilishiga olib keladi

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

So‘ngra “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni muhokama qilindi. 

Ta’kidlanganidek, mazkur Qonun amaldagi 14 ta qonun hujjatlari, shu jumladan, 11 ta qonun va 3 ta Kodeksga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Kiritilayotgan o‘zgartishlar keng qamrovli bo‘lib, ular jamiyatimiz xayotining ko‘pgina sohalariga ijobiy ta’sirini o‘tkazishi nazarda tutilmoqda.

Xususan, mahalliy davlat hokimiyati faoliyatiga oid qonunlarga kiritilayotgan me’yorlarga asosan mahalliy Kengashlar tomonidan qabul qilingan qonunga zid qarorlarni bekor qilish vakolati Senatga berilmoqda. Shu bilan birga, deputatni javobgarlikka tortishga rozilik berishni halq deputatlari Kengashlari sessiyalari oralig‘ida hal etish amaliyotidan voz kechilmoqda.

Mahalliy Kengashlarning qonunga zid qarorlarini bekor qilish bilan bir qatorda yuqori palataning faoliyatini tartibga soluvchi bir qator qonunlarga Senat tomonidan O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlarining faoliyatiga doir hisobotlarni eshitish amaliyotini joriy etish, shuningdek hududiy manfaatlardan kelib chiqib, Senat tomonidan Davlat byudjetining ijrosi ustidan parlament nazoratini amalga oshirish tartibi o‘rnatilmoqda.

Qonunga asosan davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun, adliya organlarining bajarilishi majburiy bo‘lgan taqdimnomalarni bajarmaganlik uchun, davlat mulki ob’ektlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni kiritish haqidagi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi organlarining taqdimnomalari bajarmaganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda.

Iqtisodiyot sohasida yana bir o‘zgartishga ko‘ra, emissiyaviy qimmatli qog‘ozlarning chiqarilishini davlat ro‘yxatidan o‘tkazganlik uchun yig‘imlar endi respublika byudjetiga emas, O‘zbekiston Respublikasi Kapital bozorni rivojlantirish agentligi huzuridagi Kapital bozorni rivojlantirish jamg‘armasiga yo‘naltirilishi belgilanmoqda.

O‘z o‘rnida, Qonun bilan davlat boshqaruvi organlarining texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlari O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida majburiy tartibda huquqiy ekspertizadan o‘tkazilishi, ijobiy xulosa olingandan so‘ng hisobga olinishi hamda o‘z-o‘zi bilan so‘ng joriy etilishi, umumiy texnik reglamentlar esa bundan mustasnoligi belgilanmoqda.

Mazkur Qonun mahalliy davlat hokimiyatini organlari faoliyatini muvofiqlashtirish, davlat xaridlari sub’ektlarining mas’uliyatini oshirish, mablag‘larning maqsadli va samarali sarflanishi, Hukumat vakillarining qonuniy talablari o‘z vaqtida bajarilishi, texnik jihatdan tartibga solish bo‘yicha normativ hujjatlarning takomillashishiga xizmat qiladi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Shundan keyin senatorlar “Bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish va uyg‘unlashtirish to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyaga (Kioto, 1973 yil 18 may, 1999 yil 26 iyundagi o‘zgartirishlar bilan) O‘zbekiston Respublikasining qo‘shilishi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniни muhokama qildi.

Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda olib borilayotgan chuqur iqtisodiy islohotlarning istiqbolda natijadorligini ta’minlash, xususan bojxona faoliyati samaradorligini oshirishda sohaning qonunchilik bazasini takomillashtirish, uni xalqaro huquq normalariga muvofiqlashtirish bugungi kunda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Mazkur Qonun Kioto konvensiyasi qoidalari asosida O‘zbekiston Respublikasi bojxona qonunchiligi, tartib-taomillarini soddalashtirish va uyg‘unlashtirish orqali mamlakat tashqi savdo faoliyatini rag‘batlantirish maqsadlariga qaratilgan.

Kioto konvensiyasi qoidalari tavsiyaviy xarakterdagi standartlar shaklida Jahon bojxona tashkiloti tomonidan ishlab chiqilgan.

MDH mamlakatlaridan Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Rossiya, Tojikiston va Ukraina davlatlari Kioto konvensiyasiga qo‘shilgan.

Majlisda ushbu Qonunning qabul qilinishi kelgusida mamlakatning investitsion jozibasini oshirish, nufuzli xalqaro reytinglardagi o‘rnini yaxshilash, shuningdek, bojxona qonunchiligini takomillashtirishning strategik yo‘nalishlarini belgilashda muhim ahamiyatga ega ekanligi ta’kidlandi.

Shu bilan birga, Konvensiyaga a’zo bo‘lish mamlakat tashqi savdo faoliyatini yanada rag‘batlantirish imkoniyatini taqdim etib, jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashuvi, xususan, O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga qo‘shilishi jarayonlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi aytib o‘tildi.

Ushbu Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Senat tomonidan Oybek Arifbekovich Usmanovni O‘zbekiston Respublikasining Pokiston Islom Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi lavozimiga tayinlash to‘g‘risida ham qaror qabul qilindi.

Bundan tashqari, yalpi majlisda senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining tarkibiga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risidagi masalani ham ko‘rib chiqdi. Mazkur masala bo‘yicha Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘ninchi yalpi majlisi doirasida Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi ishtirokchi davlatlarining Parlamentlararo Assambleyasi Kengashining 2020 yil 27 noyabrdagi  Qaroriga muvofiq Hamdo‘stlikka a’zo mamlakatlar xalqlari o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlashga qo‘shgan hissasi uchun taqdirlangan 6 nafar O‘zbekiston fuqarosiga tashkilotning faxriy nishonlarini topshirdi.

“Madaniyat va san’atni rivojlantirishdagi xizmatlari uchun” faxriy nishoni bilan Ismailova Jannat Hamidovna, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi direktori, Piyazov Jenisbek Burkitovich, O‘zbekiston davlat konservatoriyasi o‘qituvchisi.

“Matbuot va axborotni rivojlantirishdagi xizmatlari uchun” faxriy nishoni bilan  Abdullayev Ilhom Zoirovich, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi raisi, A’zamov Quddus A’zamovich, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining “O‘zbekiston” telekanali “Yangi jamiyat” studiyasi bosh muharriri.

“Jismoniy tarbiya, sport va turizmni rivojlantirishdagi xizmatlari uchun” faxriy nishoni bilan Li Lyudmila Rudolfovna, Gimnastika bo‘yicha respublika oliy sport mahorati maktabining gimnastika bo‘yicha murabbiyi,  Tasmudarov Elmurat yunon-rum kurashi bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi, yetti karra O‘zbekiston chempioni taqdirlandi.  

Shuningdek, Oliy Majlis Senati Kengashining qarorlari ham tasdiqlandi.

Parlament yuqori palatasining o‘ninchi yalpi majlisida 21 ta masala, shu jumladan, 14 ta qonun ko‘rib chiqildi.

Shuning bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘ninchi yalpi majlisi o‘z ishini yakunladi.

O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati