English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n uchinchi  yalpi majlisi to‘g‘risida AXBOROT
20:18 / 2026-02-06

2026 yil 6 fevral kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n uchinchi  yalpi majlisi o‘z ishini davom ettirdi.

Unda Senat, hukumat a’zolari, vazirlik va idoralarning vakillari, mahalliy Kengashlarning deputatlari, Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zolari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.

Videokonferensaloqa tarzida o‘tkazilgan yalpi majlisni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva olib bordi.

Yalpi majlis Senatning YouTube tarmog‘idagi sahifasi orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoritib borildi.

Yalpi majlisning ikkinchi ish kunini senatorlar M.E.Abdusalomovni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining sudyasi etib saylash masalasi ko‘rib chiqishdan boshlashdi.

Senatning tegishli qaroriga asosan Abdusalomov Mirzo-Ulug‘bek Elchiyevich o‘n yillik muddatga O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining sudyasi lavozimiga saylandi.

Shundan keyin O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tarkibiga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risidagi masala ham muhokama qilindi.

Oliy Majlis Senatining tegishli qaroriga asosan Ababakirov Murodjon Abduqoxorovich boshqa ishga o‘tganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining sudyasi lavozimidan ozod etildi.

Senatning yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasi bilan Vengriya o‘rtasida ushlab berish to‘g‘risidagi Shartnomani (Budapesht, 2025 yil 20 may) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun ham ko‘rib chiqildi. 

Mazkur qonun O‘zbekiston Respublikasi va Vengriya o‘rtasida jinoyat ishlari bo‘yicha huquqiy yordam sohasida aloqalarni tartibga solishni, jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha hamkorlik mexanizmlarini yanada takomillashtirishni nazarda tutadi.

Shartnomada ushlab berishni amalga oshirish shartlari, so‘rovlarni taqdim etish va ko‘rib chiqish tartibi, ushlab berishni rad etish asoslari, shuningdek, shaxslarning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlashga doir normalar aniq belgilab qo‘yilgan.

Shartnomaning ratifikatsiya qilinishi ikki davlat o‘rtasida huquqiy sohadagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqib, xalqaro jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirishga ko‘maklashadi.

Qonunning qabul qilinishi O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalar doirasidagi majburiyatlari izchil bajarilishini ta’minlash, huquq ustuvorligi tamoyillarini yanada rivojlantirish imkonini beradi.

Muhokama yakunida qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Shuningdek, o‘n uchinchi yalpi majlisda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.

Muhokamalar davomida ta’kidlanganidek, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli sud-huquq islohotlari inson qadrini ulug‘lash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish, qonun ustuvorligini ta’minlash hamda sud hokimiyatining mustaqilligini qaror toptirishga qaratilgan. Odil sudlovni ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir.

Qonun bilan sud ishlarini hal etishga noqonuniy aralashuv uchun javobgarlikni aniqlashtirish, sud binosida tartibni buzish holatlariga nisbatan ma’muriy choralar belgilash, shuningdek, soliq organlari ishtirokidagi ayrim soliqqa oid nizolarni ma’muriy sudlar vakolatiga o‘tkazish nazarda tutilmoqda.

Ushbu normalar sud hokimiyati nufuzini oshirish va sud qarorlarining xolisligini ta’minlash maqsadlariga qaratilgani alohida qayd etildi.

Shu bilan birga, qonunda ayrim qayta ko‘rib chiqilishi hamda amaldagi qonunchilik hujjatlari talablariga muvofiqlashtirilishi lozim bo‘lgan normalar mavjudligi bildirildi.

Xususan, taklif etilayotgan normalar ma’muriy sud ishlarini yuritishga oid amaldagi protsessual qoidalar bilan uyg‘un emas, bu esa sud amaliyotida huquqiy noaniqlik, turlicha yondashuvlar va nizolar yuzaga kelishiga olib kelishi mumkin.

Senatorlar bu qonun ustuvorligi (rule of law) va sud mustaqilligi (judicial independence) kabi umume’tirof etilgan xalqaro huquqiy standartlarga, shuningdek, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan sud-huquq islohotlarining asosiy maqsadlariga zid ekanini ta’kidladilar.

Bundan tashqari, qonunni tayyorlash va kiritish jarayonida qonun ijodkorligiga oid belgilangan tartib-taomillarga to‘liq rioya etilmagan. Xususan, qonunchilikka tegishli o‘zgartirishlarni “paket” prinsipi asosida kiritish masalalari e’tibordan chetda qolgan.

Senatorlar bu kabi holatlar normativ-huquqiy hujjatlar barqarorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi, huquqni qo‘llash amaliyotida qiyinchiliklar tug‘dirishi mumkinligiga e’tibor qaratdilar.

Muhokamalar yakunida senatorlar tomonidan qonun ijodkorligida tizimlilik, huquqiy aniqlik va qonun ustuvorligi tamoyillariga qat’iy rioya etish davlat boshqaruvi samaradorligini ta’minlashning muhim sharti ekani ta’kidlanib, qonunni taqdim etilgan tahrirda ma’qullash maqsadga muvofiq emas degan xulosaga kelindi.

[gallery-27526]

“O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Senatning navbatdagi yalpi majlisida 2030 yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasini 2025 yilda amalga oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturida belgilangan vazifalar ijrosi hamda 2026 yilda amalga oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturini tasdiqlash masalasi muhokama qilindi. 

Ta’kidlanganidek, o‘tgan vaqt davomida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash, xotin-qizlarning iqtisodiy va ijtimoiy sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan 15 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilingan.

Milliy kadrlar zaxirasida xotin-qizlar salmog‘i avvalgi yillarga nisbatan 2 barobarga oshirilib, 27 foizga yetdi.

Byudjet mablag‘larini rejalashtirish jarayonida gender yondashuvni joriy etishga qaratilgan genderga doir indikatorlar ishlab chiqilib, byudjet dasturlari loyihalarini tayyorlash va shakllantirishda foydalanish uchun barcha vazirlik va idoralarga taqdim etildi.

Davlat organlari va tashkilotlarida genderga oid auditni o‘tkazish uslubiyati yangi tahrirda qabul qilinib, ijroga qaratildi. Mazkur uslubiyat asosida Ichki ishlar vazirligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligida genderga oid audit o‘tkazildi.

Agrar sohada 2025-2030 yillarga mo‘ljallangan Gender tenglik strategiyasi ishlab chiqildi va ijroga qaratildi.

“Rahbar ayollar maktabi” o‘quv dasturining 4 ta mavsumi yakunlanib, 244 nafar xotin-qiz o‘qish bilan qamrab olindi. Ularning 60 nafari yuqori lavozimlarga tayinlandi.

Sudyalar oliy maktabiga 2025/2026 o‘quv yili uchun xotin-qizlarga 12 ta qo‘shimcha kvota ajratilishi natijasida 164 nafar tinglovchining 38 nafari yoki 23 foizini xotin-qizlar tashkil etdi. 

2025 yilda xotin-qizlarning 12,4 milliard so‘mlik 21 ta startap loyihasi qo‘llab-quvvatlandi.

Siyosiy partiyalar tomonidan jamiyatda “ayol siyosatchi” obrazi to‘g‘risida ijobiy fikrni shakllantirishga qaratilgan yuzdan ortiq targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilib, 27 mingdan ziyod fuqarolar qamrab olindi.

O‘zbekistonda xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va manfaatlarini ta’minlash borasida olib borilgan ishlar xalqaro hamjamiyat tomonidan e’tirof etildi.

Parlamentlararo ittifoqning Jenevada 2025 yil oktyabr oyida bo‘lib o‘tgan 151-sessiyasida O‘zbekiston parlamentlarning quyi palatalarida xotin-qizlar faolligi bo‘yicha dunyoda 15-o‘rinni egallagani qayd etildi. 

Jahon bankining bahosiga ko‘ra O‘zbekiston ayollarning iqtisodiy va siyosiy huquqlarini kengaytirishda eng katta yutuqlarga erishgan beshta davlat qatoriga kiritilgan. Ochiq gender ma’lumotlari (Open Data) indeksida esa O‘zbekiston dunyoning eng yaxshi 20 ta mamlakati ro‘yxatidan joy oldi. Gender tenglik va boshqaruv indeksida mamlakatimiz 103-o‘rindan 52-o‘ringa ko‘tarildi.

Shuningdek, majlisda ayrim maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish kechikayotganligi tanqidiy ruhda muhokama qilinib, tegishli vazirlik va idoralarga ko‘rsatmalar berildi.

Xotin-qizlarning iqtisodiy faolligini kengaytirish, mehnatga haq to‘lashda tafovutni kamaytirish, xotin-qizlarni yuqori daromadli moliya, IT sektorlariga keng jalb qilish, davlat korxonalarining ijro organlari, shu jumladan, direktorlar kengashi va kuzatuv kengashlarining tarkibida xotin-qizlar ulushini oshirish, gender tenglikni ta’minlash masalasida shakllangan turli stereotiplarning oldini olish va tegishli me’yorlarni aholi orasida keng targ‘ib qilish qamrovini kengaytirish zarurligiga e’tibor qaratildi.

Senatorlarning fikricha, ushbu Dastur milliy va xalqaro majburiyatlarni bajarishga xizmat qiladi. Dasturdagi vazifalar, tadbirlar o‘z vaqtida amalga oshirilishi lozimligi qayd etildi.

Muhokama yakunida ko‘rib chiqilgan masala yuzasidan Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

Shu bilan birga, yalpi majlisda ijtimoiy sohaga ixtisoslashgan davlat va xususiy oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining bandligini ta’minlash chora-tadbirlari ijrosi muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, ijtimoiy sohaga ixtisoslashgan 38 ta oliy ta’lim muassasasining 49,2 ming bitiruvchisi bandligini ta’minlash bo‘yicha ishlarni monitoring qilib borish maqsadida Senat Kengashining tegishli qarori qabul qilingan. Mazkur qaror bilan bitiruvchilarning bandligini ta’minlash ishlarini tashkil etishga doir manzilli chora-tadbirlar belgilab olinib, ularni amalga oshirish va nazorat qilish bo‘yicha respublika, viloyat hamda tuman (shahar)lar kesimida ishchi guruhlar tuzilgan.

Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda mas’ul respublika ijro organlari bilan birgalikda OTM bitiruvchilarining bandligini hududlar kesimida manzilli monitoring qilish platformasi (daw.ihma.uz, my.ihma.uz) ishga tushirilib, unga 49,2 ming bitiruvchining ma’lumotlari kiritilgan.

Oliy Majlis Senatiga biriktirilgan 38 ta OTMdagi “Karera markazlari” bilan tizimli hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Hamkorlik doirasida bitiruvchilarning manzilli ro‘yxati shakllantirilib, ular bilan suhbatlar o‘tkazilgan va ularni ish bilan ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilgan.

Shuningdek, bitiruvchilar va ish beruvchilar o‘rtasida muloqotlar tashkil etish bo‘yicha reja-jadvallar tasdiqlanib, respublikaning barcha hududlarida yoshlarni munosib ish o‘rinlariga joylashtirish maqsadida bitiruvchilar hamda ish beruvchilar o‘rtasida uchrashuvlar o‘tkazilgan.

Bitiruvchilarni o‘z mutaxassisliklari bo‘yicha mavjud bo‘sh ish o‘rinlariga joylashtirish maqsadida mahallalarda 300 ga yaqin mehnat yarmarkalari ham tashkil etilgan.

Bitiruvchilarga tadbirkorlik faoliyatini boshlash va o‘z biznesini yo‘lga qo‘yish imkoniyatini yaratish maqsadida tijorat banklari tomonidan “Kelajakka qadam” dasturi doirasida tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan 890 nafar bitiruvchiga 44 milliard so‘mlik imtiyozli kredit mablag‘lari ajratilgan.

Yalpi majlisda senatorlar tomonidan bitiruvchilarning bandligini ta’minlash davlat siyosatining asosiy ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanligi ta’kidlanib, qayd etilgan muammolar va ularning yechimi yuzasidan mas’ul vazirlik hamda idoralarga tegishli taklif va tavsiyalar berildi. 

Muhokama yakunlari bo‘yicha mavjud muammolarni bartaraf etishga qaratilgan va aniq muddatlari hamda ijro uchun mas’ullar belgilab qo‘yilgan Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

Yuqori palataning o‘n uchinchi yalpi majlisida hududlarda infratuzilmani rivojlantirish va qurilishlarni tartibga solish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so‘rovi natijalari ko‘rib chiqildi.

Qayd etilganidek, parlament so‘rovida ko‘tarilgan masalalar yuzasidan bir qator samarali ishlar amalga oshirilgan. Xususan, “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimida o‘zboshimchalik bilan qurilgan bino va inshootlarni aniqlash hamda bartaraf etish bo‘yicha avtomatlashtirilgan tizim yaratilib, ushbu tizim Adliya vazirligining “Notarius”, Ichki ishlar vazirligining “E-maʼmuriy ish”, Oliy sudning “Adolat”, Kadastr agentligining “UzKad” axborot tizimlari bilan integratsiya qilingan.

Bugun noqonuniy qurilmalarni bartaraf etish bo‘yicha sudlarga inson omilisiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri avtomatik tarzda da’vo kiritish mumkin. Bundan tashqari, jismoniy va yuridik shaxslar ham onlayn rejimda “Ogoh fuqaro” platformasi orqali vakolatli organga xabar berishlari mumkin.

Shuningdek, Davlat arxitektura nazorati departamenti hamda tuman (shahar) qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bo‘limlari xodimlari tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini tekshirish huquqini olish uchun attestatsiyadan o‘tkazilgan hamda maxsus guvohnomaga ega.

So‘rovda ko‘tarilgan masalalarning ijrosi yuzasidan Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 22 sentyabrdagi tegishli qarori qabul qilingan. Unga muvofiq Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi zimmasiga buyurtmachining texnik nazorati va loyiha tashkilotlarining mualliflik nazoratini hamda pudrat tashkiloti ichki nazorat tizimining ishlashi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish va monitoring qilish vazifasi yuklatilgan.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 20 apreldagi 200-sonli qarori bilan tasdiqlangan 6 ta ma’muriy reglamentga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan. Jumladan, arxitektura rejalashtirish topshirig‘ini ishlab chiqish, loyiha-smeta hujjatlarini kelishish, qurilish-montaj ishlarini boshlash uchun ob’ektni ro‘yxatdan o‘tkazish va qurilish-montaj ishlari tugallangan ob’ektdan foydalanish uchun ruxsatnoma berish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimini takomillashtirish vazifalari belgilangan.

Bundan tashqari, Arxitektura-shaharsozlik kengashlarining faoliyati raqamlashtirilib, qurilishga doir loyiha-smeta hujjatlarini “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi orqali kelishish tartibi joriy etilgan.

Senatorlar amalga oshirilgan ishlardan tashqari, o‘z yechimini kutayotgan masalalarga ham e’tibor qaratdi.

Xususan, xalqaro moliya institutlari ishtirokidagi “Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasterini tashkil etish loyihasining texnik-iqtisodiy asosini tasdiqlash ishlari yakuniga yetkazilmagan.

Shuningdek, buyurtmachi hokimliklar bo‘lgan loyihalarda o‘zlashtirish hajmi 2,5 trillion so‘m yoki umumiy limitga nisbatan 87,1 foizni tashkil etgan. Jumladan, Xorazm (63,5 %), Toshkent (71,7 %) viloyatlarida va Qoraqalpog‘iston Respublikasida (73,3 %) past ko‘rsatkichlar qayd etilgan.

Muhokama yakunida Senatning yuqorida ko‘rsatilgan kamchiliklarni bartaraf etishga hamda bu borada parlament nazoratini olib borishga qaratilgan qarori qabul qilindi.

Yalpi majlisda dorivor o‘simliklarni yetishtirish, qayta ishlash, ularga kvota ajratish hamda sohada ilmiy tadqiqotlar olib borish yuzasidan yuborilgan parlament so‘rovi natijalari ham ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlanganidek, parlament so‘rovida aks etgan masalalar bo‘yicha muayyan ishlar amalga oshirilgan. Xususan, istiqbolli xomashyobop o‘simliklarning zaxiralarini aniqlash hamda muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning flora turlari tarkibini inventarizatsiya qilish bo‘yicha tadqiqotlar olib borilgan. 

34 turdagi dorivor va oziq-ovqatbop o‘simliklarni parvarish qilish va mahsulot yetishtirish bo‘yicha namunaviy texnologik xaritalar ishlab chiqilgan.

O‘rmon xo‘jaliklari hamda tadbirkorlik sub’ektlari ishtirokida kooperatsiya usulida dorivor va oziq-ovqatbop o‘simliklar yetishtirish, tayyorlash va qayta ishlash yo‘lga qo‘yilgan. 

O‘rmon xo‘jaliklarining 5,9 ming gektar yer maydonida dorivor va oziq-ovqatbop o‘simliklar plantatsiyalari barpo etilgan.

Tabiiy holda o‘suvchi yovvoyi o‘simliklarning dorivor, oziq-ovqatbop va texnik turlarini yetishtirish bo‘yicha 114 ta tadbirkorlik sub’ekti tomonidan 28,2 ming gektar maydonda pitomnik va plantatsiyalar yaratilgan.

Shu bilan birga, senatorlar tomonidan dorivor o‘simliklar xomashyosi va ulardan olinadigan mahsulotlarni sertifikatlash va standartlashtirish laboratoriyasini hamda yuqori avlodli dorivor o‘simliklarning seleksion navlarini yetishtiruvchi elita urug‘chilik xo‘jaliklarini tashkil etish ishlarini jadallashtirish lozimligi ta’kidlandi.

Dorivor o‘simliklarning yovvoyi turlaridan madaniy seleksion nav va duragaylarga o‘tish, madaniy plantatsiyalarni kengaytirish zarurligi yuzasidan fikrlar bildirildi.

Muhokama yakunida Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

Senat yalpi majlisida voyaga yetmagan bolalarning ta’minoti uchun aliment undirish va to‘lash tizimini takomillashtirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so‘rovi natijalari ham muhokama etildi. 

Ta’kidlanganidek, parlament so‘rovi yuzasidan Hukumat tomonidan muayyan ishlar amalga oshirilgan.

Jumladan, 2025 yil davomida “Mas’uliyatli ota-onalik” dasturlari doirasida 22 ming nafar ota-ona hamda 30 mingga yaqin nizoli oilalar o‘qitilgan. O‘quvlarda asosiy e’tibor ota-onaning farzand oldidagi burchi, mas’uliyati va javobgarligiga qaratilgan.

Shuningdek, ota-onalar mas’uliyatini oshirishga bag‘ishlangan 10 ga yaqin nomlardagi o‘quv qo‘llanmalari, 40 dan ziyod targ‘ibot materiallari tayyorlangan.

Vazirlar Mahkamasi tomonidan har bir bola uchun undiriladigan aliment miqdori bir oylik minimal iste’mol xarajatlari qiymatidan kam bo‘lmasligi yuzasidan qonunchilikka o‘zgartirish kiritish bo‘yicha takliflar tayyorlangan.

“Aliment to‘lovlari” jamg‘armasini shakllantirish manbalari yanada kengaytirilib, Majburiy ijro byurosini rivojlantirish jamg‘armasining har oylik daromadlarining xarajatlariga nisbatan ortiqcha bajarilgan qismi hisobidan jamg‘armaga mablag‘ yo‘naltirish tizimi joriy qilingan.

Shuningdek, aliment majburiyatlarini ijro etish va nazorat qilishning yagona axborot tizimi Iqtisodiyot va moliya vazirligining G‘aznachiligi elektron tizimi (UzASBO) bilan to‘liq integratsiya qilingan.

Markaziy bank boshqaruvining “Bank hisobvaraqlarini ochish, yuritish va yopish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomaga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qaroriga asosan voyaga yetmagan bolalar nomiga bank hisobvarag‘i ochishning huquqiy asoslari belgilangan.

Muhokamada parlament so‘rovi doirasida muayyan ishlar amalga oshirilgan bo‘lsa-da, e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan masalalar ham saqlanib qolayotgani qayd etildi.

Doimiy ish joyiga ega bo‘lmagan yoki daromadi aniqlanmagan aliment to‘lovchidan voyaga yetmagan bolalarning ta’minoti uchun aliment undirish tartibini takomillashtirish, “Bolalarga aliment undirish va oilani ta’minlashning boshqa shakllarining xalqaro tartibi to‘g‘risida”gi Gaaga Konvensiyasiga qo‘shilish, aliment to‘lovchi haqida ma’lumot bo‘lmasa, voyaga yetmagan bola ta’minotini hal etish kabilar shular jumlasidandir.

Muhokama yakunida yuqoridagi masalalarni o‘z ichiga olgan Senat qarori qabul qilindi.

Parlament yuqori palatasi a’zolari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining qarorlarini tasdiqlash masalasini ham ko‘rib chiqdi va Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

Yalpi majlisda jamiyat hayotining barcha sohalari huquqiy asoslarini mustahkamlashga va mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samaradorligini oshirishga, xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan 17 ta masala, shu jumladan, 8 ta qonun ko‘rib chiqildi.

Shuning bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n uchinchi yalpi majlisi yakunlandi.

O‘zbekiston Respublikasi

Oliy Majlisi Senati 

Axborot xizmati