5 fevral kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n uchinchi yalpi majlisi o‘z ishini boshladi.
Unda Senat, hukumat a’zolari, vazirlik va idoralarning vakillari, mahalliy Kengashlarning deputatlari, Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zolari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.
Videokonferensaloqa tarzida o‘tkazilgan yalpi majlisni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva olib bordi.
Yalpi majlis Senatning YouTube tarmog‘idagi sahifasi orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoritib borildi.
O‘n uchinchi yalpi majlisning birinchi ish kunini senatorlar parlament yuqori palatasining 2025 yildagi faoliyati natijalari hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasidan kelib chiqadigan ustuvor vazifalarni muhokama qilishdan boshladi.
Mazkur masala yuzasidan Senat Raisi ma’ruza qilib, o‘tgan yil davomida Senat tomonidan qonunchilik, nazorat-tahlil, xalqaro hamkorlik, mahalliy Kengashlar bilan o‘zaro hamkorlik hamda aholi murojaatlari bilan ishlash yo‘nalishlarida erishilgan asosiy natijalarga to‘xtaldi.
Ma’lum qilinishicha, 2025 yilda Senat tomonidan 136 ta qonun ko‘rib chiqilib, ularning 130 tasi ma’qullangan. Yangi konstitutsiyaviy vakolatlardan kelib chiqib, fuqarolarning mehnat huquqlarini himoya qilish, mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini takomillashtirish kabi muhim yo‘nalishlar bo‘yicha 13 ta qonunchilik tashabbuslari ilgari surilgan.
[gallery-27498]
Nazorat-tahlil faoliyati doirasida 83 ta tadbir o‘tkazilib, hududlarda aholini qiynayotgan masalalar yuzasidan Hukumatga aniq takliflar kiritilgan. Jumladan, aholini tashvishga solayotgan 1,5 mingdan ortiq masalalar aniqlangan va Hukumatga kiritilgan taklif asosida ularni hal qilish uchun 2026 yilda Davlat byudjetidan 2,2 trillion so‘m ajratilishi ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, Senat xalqaro va parlamentlararo faoliyatini jadal davom ettirdi. Xorijiy hamkorlar bilan ko‘plab uchrashuvlar o‘tkazildi, nufuzli xalqaro anjumanlar tashkil etildi.
19 ta mamlakat bilan yangi parlamentlararo hamkorlik guruhlari tashkil etilgan. Qator yirik xalqaro tadbirlar, xususan 2025 yil 5-9 aprel kunlari Toshkent shahrida Parlamentlararo Ittifoqning 150-yubiley Assambleyasi yuqori saviyada o‘tkazilgan.
Mahalliy Kengashlar faoliyatini kuchaytirish, deputatlar salohiyatini oshirish va mahallalarda muammolarni hal etishga qaratilgan ishlar amalga oshirildi.
Senat qo‘mitalari tomonidan mahalliy Kengashlar bilan hududlardagi dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni muhokama etish va hal qilish bo‘yicha qo‘shma sayyor majlislarni o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan. Deputatlarning malakasi va kasbiy salohiyatini oshirish maqsadida 100 dan ortiq o‘quv seminarlari o‘tkazilgan.
Yalpi majlisda 2026 yilda Murojaatnomada belgilangan ustuvor yo‘nalishlar asosida qonun ijodkorligi, parlament nazorati, hududlar bilan ishlash, aholi bilan muloqotni yanada kuchaytirish va xalqaro aloqalarni kengaytirish vazifalari belgilab olindi.
Muhokama yakunida senatorlar tomonidan taklif va fikr-mulohazalar bildirilib, ushbu yo‘nalishlar bo‘yicha aniq vazifalarni belgilaydigan Senat qarori qabul qilindi.
Shuningdek, yalpi majlisda “Oziq-ovqat mahsulotining xavfsizligi to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sifatini va eksport salohiyatini oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
Biroq amaldagi qonunchilik hujjatlarida tadbirkorlik sub’ektlarining doimiy ravishda xavfsiz oziq-ovqat mahsulotini ishlab chiqarish majburiyati va mas’uliyati belgilanmagan.
Oziq-ovqat mahsulotining xavfsizligini ta’minlash tizimi xalqaro talablarga to‘liq javob bermasligi natijasida respublikamizda oziq-ovqat mahsuloti iste’moli bilan bog‘liq kasalliklar, ovqatdan zaharlanish holatlari kuzatilmoqda, bu esa, o‘z navbatida, aholini xavfsiz oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash, sohada nazoratni kuchaytirish hamda mahsulot xavfsizligining umumiy tamoyillarini xalqaro talablardan kelib chiqqan holda belgilashga yo‘naltirilgan qonunchilikni takomillashtirish zaruratini yuzaga keltirmoqda.
Qonun bilan oziq-ovqat mahsuloti xavfsizligini ta’minlashning asosiy prinsiplari, vakolatli davlat organlarining sohadagi vakolatlari aniq belgilanmoqda.
Oziq-ovqat mahsulotining xavfsizligi sohasidagi munosabatlarni muvofiqlashtirish maqsadida Oziq-ovqat mahsulotining xavfsizligi bo‘yicha idoralararo kengash faoliyati yo‘lga qo‘yilishi nazarda tutilmoqda.
Oziq-ovqat mahsulotining xavfsizligiga doir sanitariya choralari, qoida va normalarni ishlab chiqish hamda qo‘llash tartibi sanitariya va fitosanitariya choralarini qo‘llash bitimi talablari bilan uyg‘unlashtirilmoqda.
Senatorlarning fikricha, ushbu qonunning qabul qilinishi aholini xavfsiz oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlashga, sohada davlat nazoratini kuchaytirishga, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning raqobatbardoshligini hamda oziq-ovqat sohasining investitsiyaviy jozibadorligini va eksport hajmini oshirishga xizmat qiladi.
[gallery-27499]
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Shundan so‘ng yangi tahrirdagi “Jismoniy tarbiya va sport to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, ushbu qonun bilan jismoniy tarbiya va sport sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari hamda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi aniq belgilab berilmoqda.
Jismoniy tarbiya va sport sub’ektlari qatoriga Sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi, Milliy paralimpiya qo‘mitasi kiritilmoqda hamda ularning qo‘shimcha vakolatlari belgilanmoqda.
Qonunda paralimpiya, surdlimpiya, maxsus olimpiya va ko‘zi ojizlar sporti harakatlariga doir normalar, sport federatsiyalari, klublari va ligalarining huquqiy maqomi hamda faoliyat yuritish tartibi, ularni reyestrga kiritish va chiqarish mezonlari mustahkamlanmoqda.
Shuningdek, qonunda murabbiy, sport hakami va sport agentining huquqiy maqomi, huquq va majburiyatlari ham belgilanmoqda.
Bundan tashqari, sportda dopingning oldini olish va unga qarshi kurashish tartibi, sport musobaqalari natijalariga qonunga xilof ravishda ta’sir ko‘rsatishga qarshi kurashish to‘g‘risidagi yangi normalar kiritilmoqda.
Qonunda aholini ommaviy sportga jalb qilish va ommaviy sport tadbirlarini tizimli o‘tkazib borishga e’tibor qaratilgan.
Qonunda davlat tomonidan sportchi hamda murabbiyga bir martalik va oylik to‘lov shaklidagi qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘rilishi mumkinligi mustahkamlanmoqda.
Senatorlarning fikricha, ushbu qonun sohani yanada rivojlantirishga, jismoniy tarbiya va sportga oid munosabatlarni tizimli tashkil etishga xizmat qiladi. Bundan tashqari, ushbu qonun bilan amaliyotda mavjud noaniqliklar va huquqiy bo‘shliqlar bartaraf etiladi, unda vazirlik va idoralarning hamda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining sohaga oid vazifalari aniq belgilab qo‘yilgan.
Senatorlar mazkur qonunni ma’qulladi.
Yalpi majlisda “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish haqida”gi qonun ham muhokama etildi.
Qayd etilganidek, bugungi kunda O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan dasturchi-frilanserlar o‘zlari yaratgan dasturiy mahsulot va raqamli kontentni xorijiy mijozlarga sotishda xalqaro elektron platformalardan keng foydalanmoqda. Ayrim yirik platformalar yordamida to‘lovlar bank kartalari yoki bank o‘tkazmalari orqali amalga oshirilayotgan bo‘lsa-da, Upwork, Fiverr, Envato, Storyblocks kabi platformalarda to‘lovlar faqat PayPal orqali amalga oshirilishi mumkin.
Biroq hozirgi vaqtda PayPal to‘lov tizimi O‘zbekistonda chiqarilgan bank kartalari orqali to‘liq ishlamaydi. Bu cheklov mamlakatimiz qonunchiligi, xususan, “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi qonunda belgilangan ma’lumotlarni faqat O‘zbekiston hududida saqlash talabi bilan bog‘liq. Natijada xalqaro to‘lov tizimlarining O‘zbekiston bozoriga kirishi muayyan darajada cheklanib qolmoqda.
Qonunga kiritilayotgan o‘zgartirishlar bu boradagi muammolarni bartaraf etadi. Xalqaro onlayn to‘lov tizimlarining mamlakatimizda faoliyat yuritishini yengillashtirish, fintex, elektron tijorat va raqamli iqtisodiyot rivojini jadallashtirish, frilanserlar uchun qonuniy va shaffof to‘lov mexanizmlarini yaratish, chet ellik turistlar uchun kontaktsiz to‘lov imkoniyatlarini kengaytirish shular jumlasidandir.
Qonunda faqat ayrim turdagi shaxsga doir ma’lumotlar (biometrik, genetik hamda telekommunikatsiya xizmatlari bilan bog‘liq ma’lumotlar) O‘zbekiston hududida saqlanishi shartligi belgilanmoqda.
Boshqa ma’lumotlarni chet elga uzatish va saqlash uchun aniq xavfsizlik talablari joriy etilib, Vazirlar Mahkamasiga shaxsga doir ma’lumotlar xavfsizligi ta’minlangan davlatlar ro‘yxatini tasdiqlash vakolati berilmoqda.
Senatorlarning fikricha, mazkur қонун elektron tijoratni rivojlantirish yo‘nalishida huquqiy va me’yoriy-huquqiy bazani takomillashtirish hamda aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga xalqaro Internet platformalaridan foydalanishda yanada qulay sharoitlarni yaratishga xizmat qiladi.
Muhokama yakunida senatorlar qonunni ma’qulladi.
Parlamentning yuqori palatasi a’zolari “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga O‘zbekistonda islomiy bank faoliyatini joriy etishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ham muhokama qilindi.
So‘zga chiqqanlar ta’kidlaganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda zamonaviy bank xizmatlarini joriy qilishga va xalqaro tajribani inobatga olgan holda bank tizimini rivojlantirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
Bugungi kunda moliyaviy xizmatlar qamrovini kengaytirish va xalqaro islomiy moliya standartlariga muvofiq yangi turdagi muqobil bank xizmatlarini joriy etish zarurati yuzaga kelayotgani ta’kidlab o‘tildi. Shundan kelib chiqib, mazkur qonun bilan 2 ta kodeks hamda 7 ta qonunga islomiy bank faoliyatini amalga oshirishning huquqiy asoslarini belgilovchi yangi normalar kiritilmoqda.
Xususan, qonun bilan islomiy bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya turi joriy qilinib, unga oid talablar belgilanmoqda. Jumladan, mazkur litsenziya bilan banklar tomonidan to‘liq islomiy bank faoliyatini amalga oshirish yoki bir vaqtning o‘zida ham an’anaviy, ham islomiy bank faoliyatini amalga oshirish imkoniyati paydo bo‘ladi.
Shuningdek, islomiy moliya faoliyati bilan bog‘liq masalalarni muvofiqlashtirish maqsadida Markaziy bank va islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi banklarda islomiy moliya kengashini tashkil etish hamda uning faoliyatiga doir talablar belgilanmoqda.
Bundan tashqari, islomiy moliya operatsiyalarining o‘ziga xos xususiyatlarini inobatga olib, Soliq kodeksiga islomiy moliya operatsiyalarini soliqqa tortish tartibini belgilovchi alohida bob kiritilmoqda. Unga asosan islomiy moliya faoliyatidan olingan daromadlar soliq solish maqsadlarida foizli daromadlarga tenglashtirilib, banklar va mikromoliya tashkilotlari tomonidan mijozga realizatsiya qilinadigan tovarlarga qo‘yiladigan ustama QQSdan ozod qilinmoqda.
Senatorlarning fikricha, ushbu qonunning aholi va tadbirkorlik sub’ektlari uchun moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarining kengayishiga, mamlakatimizda raqobat muhitining yaxshilanishiga hamda bank-moliya sohasiga yangi strategik investorlarning kirib kelishiga xizmat qiladi.
Muhokama yakunida senatorlar qonunni ma’qulladi.
Shuningdek, “Ekologik toza hududlarning huquqiy maqomi belgilanishi munosabati bilan “Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga qo‘shimcha kiritish haqida”gi qonun ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda tabiiy hududlarni muhofaza qilish, ularning maydonini kengaytirish, tabiiy majmualarni, o‘simlik va hayvonot dunyosining noyob turlarini saqlab qolish bilan bog‘liq zarur choralar ko‘rilmoqda. Natijada muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning umumiy maydoni 6,3 million gektarni tashkil etib, ularning mamlakat hududidagi ulushi 14,2 foizga yetkazilgan.
Shuningdek, tog‘li hududlarning turistik salohiyatidan samarali foydalanish, tadbirkorlik uchun qulay sharoitlar yaratish, kurortlar, mehmonxonalar, madaniy-sog‘lomlashtirish va boshqa infratuzilma ob’ektlarini barpo etish orqali qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratish maqsadida turistik zonalar tashkil etilmoqda.
O‘z navbatida kurort tabiiy hududlar va rekreatsiya zonalarning ekologik toza hududlarini va ularning rejimining qonuniy asoslarini belgilash zarurati ham yuzaga kelmoqda.
Shundan kelib chiqib, “Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar to‘g‘risida”gi qonunga qo‘shimcha kiritilib, kurort tabiiy hududlar va rekreatsiya zonalarida joylashgan, atrof tabiiy muhitga ta’siri me’yorlardan oshmaydigan, energiya samarador infratuzilmalar bilan ta’minlangan, chiqindilarni samarali boshqarish tizimi joriy etilgan, yuqori rekreatsiya va ekoturizm salohiyatiga hamda boy biologik xilma-xillikka ega bo‘lgan hududlar ekologik toza hududlar hisoblanishi belgilanmoqda.
Shuningdek, mazkur hududlarda ekologik tizimlarning barqarorligiga ta’sir ko‘rsatadigan, tabiiy landshaftlarning ko‘rinishi hamda yer osti suvlarining gidrogeologik holati o‘zgartirilishiga olib keladigan ishlarning olib borilishi, tabiiy ob’ektlarga va majmualarga salbiy ta’sir qiluvchi sanoat ob’ektlarining qurilishi hamda faoliyat ko‘rsatishi taqiqlanmoqda.
Senatorlarning fikricha, qonunning qabul qilinishi ekologik xavfsizlikni ta’minlash, ekoturizmni rivojlantirish, tabiiy ob’ektlarni saqlash, biologik xilma-xillikni muhofaza qilish hamda mamlakatimizning xalqaro miqyosda ekologik nufuzini yuksaltirishga xizmat qiladi.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Yalpi majlisda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, Yangi O‘zbekistonda davlat boshqaruvida ochiqlik, shaffoflik va javobgarlikni ta’minlash ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi. So‘nggi yillarda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida izchil va tizimli islohotlar amalga oshirilib, mazkur qonun ana shu islohotlarning mantiqiy davomi sifatida ahamiyat kasb etadi.
Qonunda hukumat a’zoligiga taqdim etilgan shaxslar va hokim lavozimiga nomzodlar endi o‘z faoliyat dasturlari bilan bir qatorda korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha shaxsiy rejalarini ham taqdim etishi shart etib belgilanmoqda. Bu esa rahbar kadrlarning mas’uliyatini oshirishga va halollik tamoyillariga sodiqligini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Shuningdek, sud-huquq sohasidagi o‘zgarishlar doirasida da’volarni soddalashtirilgan tartibda ko‘rib chiqish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida maksimal da’vo bahosining oshirilishi fuqarolar va tadbirkorlar uchun sudga murojaat qilish jarayonini yanada yengillashtiradi.
Qonunda investitsiya muhitini yaxshilashga qaratilgan normalar ham alohida o‘rin egallaydi. Xususan, maxsus iqtisodiy va sanoat zonalarida yuzaga kelayotgan huquqbuzarliklar bo‘yicha mahalliy davlat hokimiyati organlarining sudga davlat boji to‘lamasdan murojaat qilish huquqi belgilanishi davlat manfaatlarini samarali himoya qilishda muhim qadam sifatida baholandi.
Muhokamalar davomida qonunni ishlab chiqish jarayonida bir qator xorijiy davlatlar tajribasi o‘rganilgani, korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha alohida reja taqdim etish talabi xalqaro amaliyotga to‘liq mos kelishi ta’kidlab o‘tildi.
Senatorlar ushbu qonunning qabul qilinishi xalqning davlatga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga, korrupsiyaga qarshi kurashishda yangi bosqichni boshlashga, sud tizimi samaradorligini oshirishga hamda investorlar uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratishga xizmat qilishini qayd etdilar.
Muhokama yakunida qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Shuning bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n uchinchi yalpi majlisining birinchi ish kuni yakunlandi.
O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati