Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n birinchi yalpi majlisi to‘g‘risida AXBOROT
20:55 / 2025-10-31

31 oktyabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n birinchi yalpi majlisi o‘z ishini boshladi.

Unda Senat, hukumat a’zolari, vazirlik va idoralarning vakillari, mahalliy Kengashlarning deputatlari, Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zolari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi. 

Videokonferensaloqa tarzida o‘tkazilgan yalpi majlisni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva olib bordi. 

Yalpi majlis Senatning YouTube tarmog‘idagi sahifasi orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoritib borildi. 

O‘n birinchi yalpi majlisning birinchi ish kunini senatorlar “Davlat ijtimoiy sug‘urtasi to‘g‘risida”gi qonunni muhokama qilishdan boshladi. 

Ma’lumki, ushbu qonun dastlab senatorlar tomonidan bildirilgan qator e’tirozlar asosida rad qilingan edi. Ushbu qonun Oliy Majlis palatalarida kelishuv komissiyasi tuzilgan holda qayta ishlandi. 

Muhokama chog‘ida senatorlar tomonidan qayd etilganidek, qonun bilan belgilanayotgan normalar xodimlar manfaatini ishonchli himoya qilishga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir. 

[gallery-26022]

Qonun bilan Davlat ijtimoiy sug‘urtasi jamg‘armasi tomonidan uch turdagi, ya’ni kasallik munosabati bilan vaqtincha mehnatga layoqatsizlik, homiladorlik va tug‘ish, ishni yoki daromadni yo‘qotish bo‘yicha sug‘urta to‘lovlari to‘lanishi belgilanmoqda. Bunday sug‘urta hodisalari yuzaga kelgan taqdirda, jamg‘arma tomonidan sug‘urtalangan shaxslarga va (yoki) ularning oila a’zolariga davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasi, homiladorlik va tug‘ish nafaqasi, ishdan bo‘shatish nafaqasi to‘lab berilishi nazarda tutilmoqda. 

Jamg‘arma tomonidan davlat ijtimoiy sug‘urtasi mablag‘lari ijtimoiy soliqning bir qismi, sug‘urta badallari, O‘zbekiston Respublikasining respublika byudjeti mablag‘lari, jamg‘armaning vaqtincha bo‘sh turgan mablag‘larini depozitlarga joylashtirishdan olinadigan daromadlar, qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa tushumlar hisobiga shakllantiriladi.

Shuningdek, qonunda davlat ijtimoiy sug‘urtasining amal qilishi kimlarga nisbatan majburiy, kimlarga nisbatan ixtiyoriy asosda amalga oshirilishi belgilanmoqda. 

Bunda sug‘urta badali majburiy davlat ijtimoiy sug‘urtasi bilan qamrab olinadigan fuqarolar uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risidagi qonun bilan belgilangan miqdorlarda jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining bir qismi hisobidan, ixtiyoriy davlat ijtimoiy sug‘urtasi bilan qamrab olinadigan fuqarolar uchun minimal miqdori qonunchilik hujjatlari bilan belgilanadigan to‘lov hisobidan shakllantirilishi qayd etilgan.

Yalpi majlis davomida senatorlar tomonidan qonunda belgilangan sug‘urta badali, sug‘urtalangan shaxslar, sug‘urtalovchi, sug‘urta qildiruvchilarning huquq va majburiyatlari, davlat ijtimoiy sug‘urtasi moliyaviy barqarorligining davlat kafolatlari, davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha to‘lovlarni tayinlash, to‘xtatib turish va tugatish kabi qator masalalarga ham e’tibor qaratildi.

Qonunning qabul qilinishi xodimlarning ijtimoiy himoyasini ta’minlashga, ish beruvchilarga yuklatilgan ijtimoiy to‘lovlar yukining yechilishiga xizmat qilishi ta’kidlandi. Shuningdek, mazkur qonun ishga qabul qilish jarayonlarida xotin-qizlarga nisbatan kamsitish holatlarining oldini olishiga qaratilganligi bilan ham ahamiyatli ekanligi qayd etildi. 

Muhokama yakunida qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Yalpi majlisda “Yoqilg‘i-energetika sohasidagi huquqbuzarliklarga qarshi kurashish choralari takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun ham ko‘rib chiqildi.

Muhokama davomida senatorlar keyingi yillarda mamlakatimizda yoqilg‘i-energetika resurslari bilan bog‘liq huquqbuzarliklarning oldini olish hamda energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish sohasidagi ishlarni tizimli ravishda yo‘lga qo‘yish masalalariga alohida e’tibor qaratdi. 

Shuningdek, ushbu sohada ta’sirchan davlat nazoratini ta’minlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganligi qayd etilib, yoqilg‘i-energetika resurslari bilan bog‘liq huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rish, elektr va issiqlik energiyasini behuda sarflash, gazdan yoqilg‘i yoki xomashyo sifatida foydalanishga oid huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun javobgarlikka tortish choralarini takomillashtirish lozimligi ta’kidlandi.

Mazkur qonun bilan Jinoyat kodeksida elektr, issiqlik energiyasidan, gaz va suv o‘tkazgichdan foydalanish qoidalarini buzganlik uchun jazo choralarini kuchaytirish nazarda tutilmoqda. 

Bundan tashqari, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga huquqni qo‘llash amaliyotidagi noaniqliklarni bartaraf etishga, yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan yoqilg‘i-energetika resurslaridan foydalanishdagi huquqbuzarliklar sodir etilishining oldini olishga hamda bunday qoidabuzarliklar uchun jazo choralarining ta’sirchanligini oshirishga qaratilgan o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Senatorlar o‘z chiqishlarida ushbu qonun yoqilg‘i-energetika resurslari bilan bog‘liq huquqbuzarliklarning oldini olish hamda iqtisod qilingan energiya resurslarini sanoatning boshqa tarmoqlariga yo‘naltirish, qolaversa, ularni eksportini oshirib, import ulushini kamaytirishga xizmat qilishini ta’kidlab o‘tdi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Bundan tashqari, Senatning yalpi majlisida “Davlat mulkini xususiylashtirish sohasi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda davlat mulkini xususiylashtirish sohasidagi munosabatlarni tartibga solish, iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish, xususiy sektor ulushini oshirish va tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qulay investitsiyaviy muhitni yaratish, davlat aktivlarini xususiylashtirish orqali xususiy mulkchilikni kengaytirish yuzasidan tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Shuningdek, bo‘sh turgan va samarasiz foydalanilayotgan ob’ektlarni, shu jumladan, davlat ishtirokidagi korxonalarning nosohaviy aktivlarini xususiy sektorga berishni jadallashtirish maqsadida davlat mulkini xususiylashtirish jarayonlari soddalashtirilmoqda, bu boradagi to‘siqlar bartaraf etilmoqda.

Sohada amalga oshirilayotgan islohotlar negizida qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar asosida amaldagi qonun hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish zarurati yuzaga kelmoqda.

Mazkur qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining 13 ta qonuniga hamda Yer va Soliq kodekslariga davlat aktivlarini xususiylashtirish hamda ijaraga berishni soddalashtirishga, sohada tadbirkorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Senatorlar o‘z chiqishlarida ta’kidlaganidek, mazkur qonun davlat mulkini xususiylashtirish sohasini takomillashtirishga, mazkur sohadagi vakolatli organlarning vakolatlarini belgilash hamda davlat aktivlari va yer uchastkalarini xususiylashtirish hamda ijaraga berish orqali xususiy mulkchilikni kengaytirishga xizmat qiladi.

Bundan tashqari, qonunda davlat mulki sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan bo‘sh yer uchastkalariga nisbatan tuman (shahar) hokimliklarining qarzdorliklari bo‘yicha taqiqlar tatbiq etilmasligi, ushbu yer uchastkalari auksion savdolarida sotilganida xaridorlarga to‘siqlarsiz rasmiylashtirib berilishi, yer solig‘i va mol-mulk solig‘ini davlat ko‘chmas  mulk ob’ektlarini bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotib olgan xaridorlar tomonidan mazkur ob’ektlar uchun to‘langan mablag‘larga proporsional ravishda hisoblash kabi o‘zgartirishlar ham nazarda tutilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasining Yer kodeksining 9-moddasiga kiritilayotgan qo‘shimchaga asosan endilikda xalqaro ahamiyatga molik avtomobil yo‘llari bo‘yida zamonaviy xizmat ko‘rsatish majmualarini va servis ob’ektlarini, jumladan, joylashtirish vositalarini, savdo-ko‘ngilochar markazlarini master-reja asosida joylashtirish bo‘yicha bo‘sh turgan yer uchastkalarini elektron onlayn-auksion savdolariga chiqarish to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori asosida Vazirlar Mahkamasining qarori yer toifasini boshqa toifaga o‘zgartirish uchun asos bo‘ladi.

Qizg‘in muhokamaga sabab bo‘lgan ushbu qonun davlat mulkini xususiylashtirish sohasidagi munosabatlarni tartibga solish orqali xususiylashtirish jarayonlarini jadallashtirish va iqtisodiyotda xususiy mulkning ulushini yanada oshirish imkoniyatlarini yaratadi.

Mazkur qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Shuningdek, senatorlar “Dala chetlarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni muhokama qildi.

Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, sohaning eksport salohiyatini oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.

Biroq dala chetlariga ekin ekmaslik va yil davomida mahsulot yetishtirmaslik holatlari aholini asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan kafolatli ta’minlashga hamda bozorlarda mahsulotlarning tannarxiga sezilarli ta’sir ko‘rsatmoqda.

Bu esa, o‘z navbatida, sohada boshqaruv tizimini takomillashtirish, yer egalari, yerdan foydalanuvchilar va ijarachilar tomonidan yerlardan oqilona va samarali foydalanishni yo‘lga qo‘yish zaruratini yuzaga keltirmoqda.

Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Xususan, ikkilamchi ijaraga olgan ijarachilarga qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarining dala chetlaridagi kanallar, sug‘orish va kollektor-drenaj tarmoqlari atrofida qonunchilikka muvofiq qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish belgilangan maydonlarda va muddatlarda maqbul ekin ekilmaganligi uchun ma’muriy jarima qo‘llash nazarda tutilmoqda. 

Shuningdek, Soliq kodeksida dala chetlaridagi bunday maydonlarda maqbul ekin ekilmagan taqdirda, mazkur yer uchastkasining ekin ekilmagan qismi uchun yer solig‘i stavkasini uch baravar miqdorda hisoblash belgilanmoqda.

Senatorlar tomonidan qonunning qabul qilinishi natijasida qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan sug‘oriladigan yer uchastkalarining dala chetlari hamda kanallar, sug‘orish va kollektor-drenaj tarmoqlari atrofidagi maydonlarda mahsulot yetishtirilishini samarali tashkil qilishga, sug‘oriladigan yerlardan unumli va to‘laqonli foydalanishga erishiladi, degan fikr bildirildi.

Muhokama yakunida qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Qolaversa, yalpi majlisda “Kam ta’minlangan shaxslarga davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi. 

Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda inson huquqlarini himoya qilishning qonunchilik va tashkiliy-huquqiy bazasini mustahkamlash, inson huquqlari bo‘yicha xalqaro standartlarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish va xalqaro majburiyatlarni bajarish, shuningdek, fuqarolarning odil sudlovga bo‘lgan ishonchini oshirishga hamda ularning malakali yuridik yordam olishga bo‘lgan huquqlari kafolatlarini kuchaytirishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. 

Ushbu qonun ham mazkur islohotlarning mantiqiy davomi sifatida ishlab chiqilgan. 

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 55-moddasida har kim o‘z huquq va erkinliklarini qonunda taqiqlanmagan barcha usullar bilan himoya qilishga haqli ekanligi belgilangan. 

Lekin kam ta’minlangan shaxslar Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilganda ularga davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish amaldagi qonunda o‘z aksini topmagan. 

Mazkur qonun to‘liq yoki qisman davlat hisobidan ko‘rsatiladigan, jismoniy shaxslarning huquqlarini, erkinliklarini va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan malakali yuridik yordam ko‘rsatishni yanada takomillashtirishni nazarda tutadi. Jumladan: 

– Konstitutsiyaviy sud shikoyat bilan murojaat etgan fuqaroning iltimosiga ko‘ra, “Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatadigan advokatning ishtirok etishini ta’minlash choralarini ko‘radi; 

– kam ta’minlangan shaxslar, agar ular muayyan ishda sud tomonidan o‘ziga nisbatan qo‘llanilgan qonunning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqligi to‘g‘risida Konstitutsiyaviy sudga murojaat etsalar, ular davlat hisobidan yuridik yordam olish huquqiga ega bo‘ladilar. 

Qonunning qabul qilinishi Konstitutsiyaning 55-moddasida belgilangan – har kim o‘z huquq va erkinliklarini qonunda taqiqlanmagan barcha usullar bilan himoya qilishga haqli degan normaning ijro qilinishiga, fuqarolarning qonunlarda buzilgan konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini tiklash yuzasidan Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish imkoniyatining kengayishiga xizmat qilishi senatorlar tomonidan qayd etildi. 

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi. 

Senatning o‘n birinchi yalpi majlisida “Ijro ishini yuritishning soddalashtirilgan tartibi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 431 hamda 432- moddalariga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish haqida”gi qonun ham ko‘rib chiqildi.

Keyingi yillarda mamlakatimizda jamiyat va davlat hayotini keng isloh qilish, amalga oshirilgan sud-huquq islohotlari doirasida sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini takomillashtirish masalasiga alohida e’tibor qaratilayotganligi qayd etildi. 

Ayniqsa, zamonaviy axborot-texnologiyalarining imkoniyatlaridan foydalangan holda ijro tartib-taomillarini yanada soddalashtirish, sud va boshqa organlar hujjatlari so‘zsiz hamda o‘z vaqtida ijro etilishini ta’minlash, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlarini samarali himoya qilish hamda ijro ishi yurituvida turli byurokratiya va sansalorliklarga chek qo‘yishga qaratilgan qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilib kelinayotganligi ta’kidlandi. 

Ushbu qonun bilan ijro ishini yuritishning soddalashtirilgan tartibi pochta va (yoki) videokonferensaloqa xarajatlarini, kommunal xizmatlar to‘lovi yuzasidan qarzdorlikni, ko‘p kvartirali uylar mulkdorlarining majburiy badallarini yoki to‘lovlar bo‘yicha qarzdorlikni, shuningdek, bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan ko‘p bo‘lmagan miqdordagi summani undirish to‘g‘risidagi ijro hujjatlariga nisbatan tatbiq etilishi nazarda tutilmoqda. 

Senatorlar ushbu qonunning tatbiq etilishi qarzdorliklarni soddalashtirilgan tartibda undirish ko‘lamini yanada kengaytirishga, ijro hujjatlari bo‘yicha undiruv samaradorligi va tezkorligining oshirishga hamda Majburiy ijro byurosi xodimlarining (davlat ijrochilarining) ish yuklamasini kamayishiga xizmat qilishini ta’kidladi. 

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi. 

Shuning bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n birinchi yalpi majlisining birinchi ish kuni yakunlandi. 

O‘zbekiston Respublikasi

Oliy Majlisi Senatining

Axborot xizmati