Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n beshinchi yalpi majlisi to‘g‘risida AXBOROT
18:46 / 2021-05-28

2021 yil 28 may kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n beshinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Videokonferensaloqa tarzida o‘tkazilgan majlisda Hukumat a’zolari, vazirlik va idoralar rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Yalpi majlisni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva olib bordi.

Mazkur yalpi majlis ishi Senatning rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari hamda “O‘zreport” telekanali orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri jonli efirda namoyish etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 14-yalpi majlisida senator A. Soatov tomonidan Surxondaryo viloyati “Suvoqava” DUKning Termiz shahar filialiga tegishli “Chiqindi suvlarni tozalash inshooti” talab darajasida ishlamasligi sababli chiqindi suvlarni tozalashga imkoniyati yetmasdan Amudaryoning Afg‘oniston bilan chegara sohilidagi qamishzorga tez-tez oqizib yuborilishi, natijada qamishzorda turli xil zararli pashsha va chivinlar ko‘payib, shahar aholisi “Pashshaxo‘rda” yarasidan muntazam aziyat chekib kelishi ta’kidlangan edi.

Mazkur masala bo‘yicha Senatning  Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi B. Tojiyevning axboroti eshitildi.

Yalpi majlis davomida senator A. Dobrix to‘qimachilik sanoatida faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkorlar faoliyatida qiyinchiliklar tug‘dirgan Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasida muvofiqligi tasdiqlanishi lozim bo‘lgan muvofiqlikni baholash ob’ektlari ro‘yxatlarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosi masalasini ko‘tardi.

Ushbu masalani o‘rganish Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasiga topshirildi.

Oliy Majlis Senatining o‘n beshinchi yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan taqdim etilgan O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining 2020 yil va 2021 yilning birinchi choragi yakunlari bo‘yicha ijrosi to‘g‘risidagi hisobotlari muhokama qilindi.

Ta’kidlangandek, karantin tadbirlari munosabati bilan respublikamiz iqtisodiyoti o‘sishi 2020 yil yakuni bilan 2019 yilga nisbatan 1,6 foizga sekinlashib, YAIM hajmi 580,2 trln so‘mni tashkil etgan. 2021 yilning I choragida YAIM o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 3 foizga o‘sgan.

2020 yilda inflyatsiya darajasi belgilangan 12,5-13,0 foizli prognoz parametrlaridan past bo‘lib, 11,1 foizni, 2021 yilning I-choragida 10,9 foizni tashkil etgan.

Davlat byudjeti daromadlari 2020 yilda 132,9 trln so‘mni tashkil etib, belgilangan 128,7 trln so‘m prognoz 103,3 foizga yoki 4 192 mlrd so‘mga oshirib bajarilgan yoki 2019 yilga nisbatan esa 20,8 trln so‘mga o‘sgan.

2021 yilning I choragida Davlat byudjeti daromadlari belgilangan 31,9 trln so‘m prognozi amalda 33,9 trln so‘mga yoki 2,0 trln so‘mga (106 foiz) oshirib bajarilgan. Daromadlar o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 5,4 trln so‘mga ko‘paygan.

Mahalliy byudjetlar 2020 yil daromadlari 27 trln  702,9 mlrd so‘mni yoki aniqlashtirilgan prognozga nisbatan 110,9 foizni tashkil qilgan.

2021 yilning I choragida mahalliy byudjetlarning daromadlar qismi prognozga nisbatan 116 foizga (1,1 trln so‘mga ortiq) bajarilib 7,9 trln so‘mni, xarajatlar esa rejaga nisbatan 94,7 foizga ijro etilib, 10, 9 trln so‘mni tashkil etgan.

Davlat byudjetining 2020 yildagi xarajatlari 100 foizga ta’minlanib, 144,1 trln so‘mni yoki YAIM ga nisbatan 24,8 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2021 yilning I choragida 34,1 trln so‘m yoki YAIM ga nisbatan 26,6 foiz bo‘lgan.

2020 yilda ijtimoiy xarajatlarni moliyalashtirish uchun Davlat byudjetidan 74, 2 trln so‘m yoki umumiy xarajatlarning 51,5 foizi miqdorida, 2021 yilning I choragida esa 18,2 trln so‘m (umumiy xarajatlarning 53,3 foizi) mablag‘ sarflangan.

Mahalliy byudjetlarning xarajatlari rejaga nisbatan 104,8 foizga ijro etilib, 47,2 trln so‘mni tashkil etgan.

Shuningdek, ichki audit va moliyaviy nazorat xizmatlari tomonidan 2020 yil davomida 2726 ta nazorat tadbirlarida jami 309,2 mlrd so‘mlik moliyaviy xato va kamchiliklar aniqlanib, shundan 1238 ta 223,4 mlrd so‘mlik tekshirish hujjatlari qonuniy chora ko‘rish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan.

Aniqlangan moliyaviy xato va kamchiliklarning 34,3 mlrd so‘mi tiklanishi ta’minlangan hamda profilaktika tadbirlari natijasida

165,8 mlrd so‘mlik noqonuniy to‘lovlar to‘lanishi oldi olingan.

Senat yalpi majlisi davomida hisobotlarni ko‘rib chiqishda asosiy e’tibor:

- 2020 yilgi va 2021 yilning I choragida Davlat byudjeti daromad va xarajatlarining ijrosi, ajratilgan mablag‘larning maqsadli sarflanishi holati;

- soliq va bojxona idoralari tomonidan belgilangan davlat byudjeti daromadlari prognozining bajarilishida soliq va bojxona to‘lovlari bo‘yicha hisoblangan daromadlar, soliqlarning undiruvchanlik darajasi, soliq qarzdorligi, ortiqcha to‘lovlar;

- mahalliy byudjetlarning ijrosi va prognozdan ortiqcha tushgan daromadlardan maqsadli foydalanilishi;

- “Ochiq byudjet” portali orqali mahalliy byudjetning prognozdan oshirib bajarilgan qismi hisobidan jamoatchilik fikrining hisobga olinishi holati;

- byudjet mablag‘laridan foydalanishda yo‘l qo‘yilayotgan xato- kamchiliklar, ularning oldini olish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar kabi dolzarb masalalarga va ularning yechimi qaratildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 13 apreldagi “Byudjet jarayonida fuqarolarning faol ishtirokini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-5072-sonli qaroriga muvofiq, barcha tuman va shaharlar hokimliklari tomonidan jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarga mablag‘larni yo‘naltirish hamda ushbu mablag‘larni boshqa maqsadlarda sarflanishini oldini olish maqsadida byudjetdan tashqari hisobraqam ko‘rinishida (jami 205 ta) “Fuqarolar tashabbusi byudjeti” jamg‘armasi ochilishi ta’minlandi.

Bundan tashqari, respublika byudjeti mablag‘lari hisobidan eksperiment o‘tkazilayotgan 14 ta tuman va shaharlar uchun jami 92,7 mlrd. so‘m mablag‘lar tegishincha mahalliy byudjetlarga belgilangan tartibda o‘tkazib berilib, ushbu mablag‘lar “Fuqarolar tashabbusi byudjeti” jamg‘armasiga yo‘naltirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2021 yil 22 aprelidagi “Mahalliy byudjet mablag‘lari sarflanishida jamoatchilik ishtirokini ta’minlash to‘g‘risida”gi QQ-213-IV-sonli qaroriga asosan “Tuman (shahar) byudjetlari mablag‘larini jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarga yo‘naltirish tartibi to‘g‘risida Namunaviy Nizom” tasdiqlangan.

Ushbu Namunaviy Nizom asosida barcha tuman (shahar) hokimliklari tomonidan o‘zlarining tuman (shahar) bo‘yicha Nizomni shakllantirgan holda tegishincha Xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashiga tasdiqlash vazifasi yuklatilgan.

bugungi kunga kelib, jami 159 ta tuman va shaharlarda tegishincha Xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari tomonidan Namunaviy nizom asosida byudjet mablag‘larini jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarga yo‘naltirish tartibini tasdiqlash bo‘yicha qarorlar qabul qildilar. Shuningdek, 46 ta tuman va shaharlarda mazkur Nizomni tasdiqlash bo‘yicha qaror loyihalarini tegishincha Xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlariga navbatdagi sessiyada ko‘rib chiqish uchun kiritilgan.

Shuningdek, mahalliy byudjetdan tasdiqlangan umumiy xarajatlarining 5 foizi va qo‘shimcha daromadlarining 30 foizi miqdoridagi mablag‘lar jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirishga yo‘naltirilish va uning maqsadli sarflanishi ustidan Senat tomonidan doimiy parlament nazorati amalga oshirilishi qayd etildi.

Muhokamalar so‘ngida Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.

Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n beshinchi yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasida 2030 yilga qadar gender tenglikka erishish strategiyasi ko‘rib chiqildi.

Ma’lumki, mamlakatimizda so‘nggi yillarda Gender tenglik masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilib, sohaga oid 25 ta qonun hujjati qabul qilindi.

Oliy Majlis Senatida Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi, Senat Raisi rahbarligida O‘zbekiston Respublikasi Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiyasi tashkil etilishi O‘zbekistonda gender tenglik masalalariga katta e’tibor qaratilayotganini ifodalaydi.

O‘zbekiston tarixida ilk marotaba milliy parlamentda xotin-qizlar soni BMT tomonidan belgilangan tavsiyalarga mos darajaga yetdi.

Siyosiy partiyalardagi xotin-qizlar ulushi 44 foizga, oliy ta’lim sohasida 40 foizga, tadbirkorlikda 35 foizga yetdi, xotin-qizlar axborot-kommunikatsiya, innovatsiya, energetika, muhandislik sohalariga keng jalb etilmoqda.

Boshqaruv lavozimidagi xotin-qizlar ulushi 27 foizga yetdi. 81 ta vazirlik va idorada ilg‘or va bilimli ayollardan iborat 15 ming nafardan ortiq kadrlar zaxirasi shakllantirildi.

Qayd etilganidek, xotin-qizlarni ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash, ular bilan manzilli ishlash maqsadida “Ayollar daftari” tizimi joriy etildi.

Ota-onasi yoki ularning biridan ayrilgan muhtoj qizlar, boquvchisi yo‘q yolg‘iz ayollarning o‘qish to‘lovlarini qoplab berish tizimi joriy etildi, oliy o‘quv yurtlariga qabul qilishda ehtiyojmand oilalar qizlari uchun grantlar soni ikki baravarga ortdi.

Ayollar tadbirkorligini rivojlantirish uchun 224 mingdan ortiq xotin-qizga jami 6,9 trln. so‘m miqdorida imtiyozli kredit ajratildi, ularga Xalq banki biriktirildi, 14 ta hududda Xotin-qizlar tadbirkorlik markazi tashkil etildi.

Zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish tizimi tubdan qayta ko‘rib chiqildi.

Sohada olib borilayotgan islohotlar xalqaro reytinglardagi mamlakatimiz o‘rniga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Xususan, Jahon bankining Ayollar, biznes va qonun indeksida O‘zbekiston 2020 yilda xotin-qizlar huquqlari va gender tenglik bo‘yicha ahamiyatga molik islohotlarni amalga oshirgan 27 ta davlat qatoriga kiritildi va 5 pog‘onaga yuqorilab, 190 ta davlat orasidan 134-o‘rinni (2019 yilda 139-o‘rin) egalladi.

O‘zbekiston Respublikasida 2030 yilga qadar gender tenglikka erishish strategiyasi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining, “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunning tegishli qoidalari asosida O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan mamlakatning uzoq muddatli maqsadlari va ustuvorliklariga muvofiq ishlab chiqilganligi bilan ahamiyatlidir. Mazkur hujjat qarorlar qabul qilish va ijro etishning barcha sohalarida hamda darajalarida xotin-qizlar va erkaklar o‘rtasida tenglik tamoyilini tatbiq etishga keng qamrovli yondashuvni nazarda tutadi.

Shuningdek, Strategiya erkaklar va ayollarning teng huquqlari va imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarish uchun shart-sharoit yaratish hamda insonning fundamental huquqlariga rioya qilish maqsadida iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotda gender tenglik targ‘ib qilinishini ta’minlashga xizmat qiladi.

Strategiyada barcha uchun teng huquqli va sifatli ta’limli ta’minlash, qishloq joylarida qizlarning oliy ma’lumotga ega bo‘lishi, xotin-qizlar gender tengligiga erishish, zo‘ravonlikka yo‘l qo‘ymaslik, odam savdosining oldini olish kabi masalalar qamrab olingan.

E’tiborli jihati shundan iboratki, mazkur strategiyadagi yo‘nalishlar BMTning 2030 yilgacha mo‘ljallangan Barqaror rivojlanish maqsadlariga muvofiq holda belgilangan.

Gender tenglikka erishish strategiyasi asosan, uzoq istiqboldagi maqsadli vazifalardan kelib chiqib, qator ustuvor yo‘nalishlarda amalga oshiriladi. Davlat xizmatida, ijtimoiy-iqtisodiy, oilaviy munosabatlar hamda bolalar tarbiyasi sohasida, saylov huquqlarini amalga oshirishda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash shular jumlasidan. Shuningdek, strategiyada gender tenglikni ta’minlash tadbirlarini hisobga olgan holda davlat dasturlarini byudjetlashtirish va moliyalashtirish ham ko‘zda tutilgan.

Gender strategiyasini amalga oshirishdan salmoqli natijalarga erishish kutilmoqda. Xususan, yuqori va quyi tizimdagi davlat organlarining rahbarlik lavozimlariga xotin-qizlarni tayinlash amaliyoti kengayadi. Gender nomutanosiblik mavjud bo‘lgan davlat organlarida vaqtinchalik kvotalash tizimini joriy qilish orqali xotin-qizlar va erkaklar o‘rtasidagi mutanosiblik ta’minlanadi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj va kam ta’minlangan, ayniqsa qishloq joylaridagi oilalar xotin-qizlarini ish bilan ta’minlash, ularga munosib mehnat sharoitlarini yaratish va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlarning samaradorligini oshirish, shuningdek, o‘zini o‘zi band qilishga erishiladi. Eng asosiysi – xotin-qizlarga nisbatan ish joylaridagi tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldi olinib, jamiyatda ularga nisbatan shakllangan salbiy qarashlarga barham beriladi.

Gender strategiyani amalga oshirish O‘zbekistonning inson huquqlarini ta’minlash sohasidagi strategik maqsadlar kontekstida qabul qilingan milliy va xalqaro majburiyatlar (Pekin Deklaratsiyasi va Harakatlar rejasi, Xotin-qizlar huquqlari kamsitilishining barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi Konvensiya, Barqaror rivojlanish maqsadlari va boshqalar) ni bajarishga ko‘maklashadi.

Senatorlar tomonidan jamiyatda gender tenglikni ta’minlash, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy faolligini oshirish kabi murakkab masalalar birgina davlat hamda jamoat tuzilmalari zimmasiga yuklatilgan vazifa emasligi, bu borada barchaning faol ishtirokini kuchaytirish muhimligi borasida fikr-mulohazalar bildirildi.

Ushbu masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.

Shuning bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n beshinchi yalpi majlisining birinchi ish kuni yakunlandi.

O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati