Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining ellik yettinchi yalpi majlisi to‘g‘risida AXBOROT
20:08 / 2024-09-21

21 sentyabr kuni Toshkent shahrida Oliy Majlis Senati majlislar zalida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining ellik yettinchi yalpi majlisi o‘z ishini davom ettirdi.

Unda Senat, hukumat a’zolari, vazirlik va idoralarning vakillari, Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zolari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.

Videokonferensaloqa tarzida o‘tkazilgan yalpi majlisni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva olib bordi.

Yalpi majlis Senatning YouTube tarmog‘idagi sahifasi orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoritib borildi.

Yalpi majlisning ikkinchi kuni senatorlar tomonidan dastlab“Maxsus iqtisodiy zonalar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga maxsus iqtisodiy zonalar faoliyatini muvofiqlashtirish va boshqarish tizimini soddalashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, mamlakatimizda kichik tadbirkorlikni rivojlantirish, unga har tomonlama keng imkoniyatlar yaratish va bu yo‘nalishda investitsiyalarni jalb etishga qaratilgan izchil islohotlar olib borilmoqda.

Mazkur qonun bilan “Maxsus iqtisodiy zonalar to‘g‘risida”gi qonunga maxsus iqtisodiy zonalarning ma’muriy kengashlari tugatilgach, ularning vazifalari maxsus iqtisodiy zonalar direksiyalariga hamda yagona direksiyalarga yuklatilishini nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Shuningdek, maxsus iqtisodiy zonalar hududida investitsiya loyihalarining biznes-rejalari yoki texnik-iqtisodiy asoslariga ekspertiza xulosalari olish talabi bekor qilinmoqda. Loyihalarning ushbu qonunda belgilangan talablarga muvofiqligi to‘g‘risida xulosa maxsus iqtisodiy zonalar direksiyalari tomonidan mustaqil ravishda qabul qilinishi belgilanmoqda.

Ushbu qonunning qabul qilinishi maxsus iqtisodiy zonalar faoliyatini muvofiqlashtirish va boshqarish tizimini soddalashtirishga, investitsiyalar jalb qilish uchun shart-sharoitlarni yaxshilashga, investitsiya loyihalarini jadal amalga oshirishni ta’minlashga, shu asosda yangi ish o‘rinlarini tashkil etish va aholi daromadlarini oshirishga xizmat qilishi qayd etildi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

So‘ngra “Tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan hisobotlarni davlat organlariga taqdim etish jarayonlari soddalashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 24110-moddasiga o‘zgartirish kiritish haqida”gi qonun ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan olib borayotgan ochiq muloqoti natijasida 2024 yil 9 yanvarda “Tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan davlat organlariga hisobot va statistik ma’lumotlarni taqdim etish jarayonlarini yanada soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan edi.

Qaror bilan 2024 yildan boshlab o‘zaro bir-birini takrorlovchi va davlat organlarining boshqa organlardan olish imkoniyati mavjud bo‘lgan 34 turdagi hisobot va statistika ma’lumotlar bekor qilindi.

Yagona ro‘yxatga kiritilmagan hisobotlarni tadbirkordan talab qilish taqiqlanadi hamda hisobotlar faqat axborot tizimlari orqali taqdim etilishi belgilab qo‘yildi. 

Qayd etish joizki, bir-birini takrorlovchi tegishli axborot tizimlarida mavjud hisobotlarni bekor qilinishi natijasida, har yili 21,5 ming tadbirkorlarning 500 million so‘m mablag‘lari iqtisod qilib qolinadi.

Eng asosiysi, qarorda tadbirkor davlat organlariga taqdim etadigan hisobot va statistik ma’lumotlarning yagona ro‘yxati tasdiqlanib, unga kiritilmagan hisobotlarni tadbirkorlik sub’ektlaridan talab qilish taqiqlandi. 

Shu bois majlisda muhokama qilingan qonun tadbirkorlar tomonidan hisobotlarni davlat organlariga taqdim etish jarayonlari soddalashtirilishi munosabati bilan hisobotlarni qabul qiluvchi organlarning javobgarlik choralarini kuchaytirmoqda.

Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan davlat organlariga taqdim etiladigan hisobot va statistika ma’lumotlarining yagona ro‘yxatiga kiritilmagan hisobotlarni tadbirkorlik sub’ektlaridan talab qilib olganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda. 

Ushbu qonun davlat organlarining hisobotlarni talab qilib olish borasidagi mas’uliyatini oshirishga va tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga xizmat qiladi.

Muhokamadan so‘ng qonun ma’qullandi.

Shu bilan birga, navbatdagi yalpi majlisda senatorlar tomonidan “Davlat mulkini boshqarish sohasi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda davlat mulkini boshqarish sohasidagi munosabatlarni tartibga solish, qulay investitsiya muhitini yaratish, davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini qisqartirish, davlat mulkini xususiylashtirish bo‘yicha tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Qonun bilan bir qator qonunlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Jumladan, xususiylashtirilmaydigan davlat mulkini, shuningdek, davlat tashkilotini xo‘jalik jamiyati etib o‘zgartirish to‘g‘risida qaror qabul qilingan kundan e’tiboran va ushbu jarayon yakunlanguniga qadar mazkur davlat tashkilotiga operativ boshqaruv huquqi asosida biriktirilgan davlat mulki garovga berilmasligini belgilovchi norma kiritilmoqda.

Bundan tashqari, “Homiylik to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirishlar kiritilib, ustav fondidagi (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlarining homiylikka sarflanadigan har yilgi xarajatlari o‘tgan yilda olingan sof foydaning 3 foizidan oshmasligi kerakligi qayd etilmoqda.

Shuningdek, mazkur xarajatlar ular biznes-rejasining o‘tgan hisobot davridagi sof foydaga taalluqli qismi ko‘rsatkichlari bajarilganda amalga oshirilishi belgilanmoqda. 

Qonunning qabul qilinishi davlat mulkini boshqarish sohasini takomillashtiradi. Maxsus vakolatli organning vakolatlari va ustuvor yo‘nalishlarini belgilash orqali xususiy mulkchilik kengaytiriladi. Xususiylashtirish jarayonlari ochiq va oshkora bo‘lishini ta’minlaydi.

Qizg‘in kechgan muhokamadan so‘ng qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Senatning ellik yettinchi yalpi majlisida “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga davlat xaridlari tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonun ko‘rib chiqildi.

Qonunda ikki bosqichli davlat xaridlari, kichik qiymatdagi xarid uchun soddalashtirilgan tartib, markazlashgan davlat xaridlari va hadli kelishuv kabi yangi mexanizmlar joriy qilinishi nazarda tutilgan.

Davlat xaridlarida “barqarorlik” prinsipi bilan to‘ldirilib, davlat buyurtmachilari qisqa, o‘rta va uzoq muddatli iqtisodiy, ekologik va ijtimoiy ta’sirlarni hisobga olgan holda barqaror davlat xaridlarini amalga oshirishi nazarda tutilmoqda.

Davlat buyurtmachisi, shu jumladan, byudjet buyurtmachisi, zaruratga ko‘ra, eng yaxshi takliflarni tanlash yoki tender natijalari bo‘yicha 1 yildan 4 yilgacha bo‘lgan muddatga hadli kelishuv tuzishi mumkinligi belgilanmoqda.

Qonun bilan tadbirkorlik sub’ektlariga qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsadida elektron do‘kon hamda auksion savdolarida zaxira g‘olibi bo‘lish mumkinligi, agar g‘olib tomonidan shartnoma tuzish rad etilgan hollarda ularga shartnoma tuzish taklifi berilishi ko‘zda tutilmoqda.

Davlat xaridlari sohasida shikoyatlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha komissiya faoliyatida manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik asoslari qonunda aniq ko‘rsatilmoqda.

Mazkur qonunning qabul qilinishi davlat xaridlari tizimini takomillashtirish orqali ochiqlik va shaffoflik ta’minlanishiga, sohada raqobat muhitining yanada kuchaytirilishiga, davlat buyurtmachilari uchun qulay imkoniyatlar yaratilishiga hamda davlat xaridlari jarayoniga tadbirkorlarni keng jalb qilishga xizmat qiladi.

Muhokamadan so‘ng qonun ma’qullandi.

Shuningdek, yalpi majlisda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, mamlakatimizda qonun ijodkorligi faoliyati sifatini tubdan oshirish, amalga oshirilayotgan islohotlarning huquqiy jihatdan ta’minlanishini takomillashtirish maqsadida Senat qo‘mitalari tomonidan 2020 yilda qator qonunlarning ijrosi holati, huquqni qo‘llash amaliyoti o‘rganilib, qonunosti hujjatlarining qabul qilinishi yuzasidan monitoring amalga oshirilgan edi. 

Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi tomonidan “O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunning ijrosi holati va huquqni qo‘llash amaliyoti tahlil qilinganda ushbu qonunda qayta o‘rganib chiqilishi hamda takomillashtirilishi lozim bo‘lgan normalar mavjudligi aniqlandi.

Shundan so‘ng yangi tahrirdagi “O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasi to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinib, unda mamlakatimiz Davlat chegarasini belgilash, o‘zgartirish, qo‘riqlash va himoya qilish sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirish asoslari, mazkur sohadagi vakolatli davlat organlarining huquqiy maqomi mustahkamlandi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasini o‘tkazish punktlari orqali kesib o‘tayotgan jismoniy shaxslarning huquq va majburiyatlari, shuningdek, shaxslarning, transport vositalarining hamda tovarlarning o‘tkazilishini vaqtincha cheklashga yoki to‘xtatib turishga doir asoslarning batafsil ro‘yxati belgilandi.

Shunday bo‘lsa-da, huquqni qo‘llash amaliyotida mamlakatimizning Davlat chegarasini belgilash, o‘zgartirish, qo‘riqlash va himoya qilish sohasiga doir alohida tushunchalar turlicha talqin etilishining oldini olish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish zaruriyati mavjudligi ko‘zga tashlanmoqda.

Shu bois muhokama etilgan qonun bilan O‘zbekiston Respublikasi ayrim qonun hujjatlarining, xususan, 5 kodeks va 8 ta qonunning ba’zi normalarini “O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasi to‘g‘risida”gi qonunga muvofiqlashtirishni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. 

Senatorlar taklif etilayotgan qonunning qabul qilinishi O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasini belgilash, o‘zgartirish, qo‘riqlash va himoya qilish sohasidagi tushunchalarning aniq hamda bir xil qo‘llanilishiga, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlarining vakolatlarini aniqlashtirishga xizmat qilishini ta’kidlab o‘tdilar.

Muhokamalardan so‘ng qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Shundan so‘ng yalpi majlisda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.

Mamlakatimizda aholi sog‘lig‘ini saqlash va yanada yaxshilash, kasalliklarning oldini olish hamda ularni davolash, shuningdek, odamlarning sog‘lig‘i va farovonligini ta’minlash uchun shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

“Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”gi qonunda tibbiy ma’lumotga ega bo‘lmagan shaxslar Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Xalq tabobati usullaridan foydalangan holda tibbiy xizmat ko‘rsatish faoliyatini litsenziyalash bo‘yicha maxsus komissiyaning xulosasiga asosan xalq tabobati usullaridan foydalangan holda tibbiy faoliyat bilan shug‘ullanish huquqiga ega ekanligi belgilangan. 

Bunda sog‘liqni saqlash amaliyotida tashxis qo‘yish va davolashning faqatgina qo‘llashga ruxsat etilgan usullaridan foydalanishga yo‘l qo‘yiladi.

Shu bilan birga, qonunchilikda xalq tabobati sohasidagi faoliyat bilan shug‘ullanish huquqiga ega bo‘lmagan shaxs tomonidan fuqarolarga tibbiy tashxis qo‘yish va ularni davolash xizmatlarini ko‘rsatganlik, shuningdek, xizmatlarni xalq tabobati yo‘nalishida ruxsat etilmagan usullarni qo‘llagan holda moddiy qimmatliklar olish yoki mulkiy manfaatdor bo‘lish evaziga ko‘rsatganlik uchun javobgarlik choralari nazarda tutilmagan. 

Buning natijasida fuqarolar soxta tabiblarning qurboniga aylanmoqda, bunday xizmatlarning oqibatlari esa fuqarolarning sog‘lig‘iga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

“O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun bilan fuqarolarga tibbiy tashxis qo‘yish va ularni davolash xizmatlarini xalq tabobati sohasidagi faoliyat bilan shug‘ullanish huquqiga ega bo‘lmagan shaxs tomonidan ko‘rsatilganlik, shuningdek, xizmatlarni xalq tabobati yo‘nalishida ruxsat etilmagan usullarni qo‘llagan holda moddiy qimmatliklar olish yoki mulkiy manfaatdor bo‘lish evaziga ko‘rsatganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda. 

Shuningdek, mazkur xizmatlarni omma oldida targ‘ib qilganlik uchun ma’muriy javobgarlik o‘rnatilmoqda. 

“Reklama to‘g‘risida”gi qonun xalq tabobati yo‘nalishida ruxsat etilmagan usullarni qo‘llagan holda fuqarolarga tibbiy tashxis qo‘yish va ularni davolash xizmatlarini reklama qilishni taqiqlovchi norma bilan to‘ldirilmoqda.

Muhokamadan so‘ng qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Bundan tashqari, parlament yuqori palatasining mazkur yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.

Qonunda suvdan foydalanuvchilar va iste’molchilarga qishloq xo‘jaligi ehtiyojlari uchun suv ob’ektlaridan foydalanishga “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasalari tomonidan ruxsatnoma berilishi belgilanmoqda.

Kiritilayotgan qo‘shimchalarga muvofiq fermer, dehqon xo‘jaliklari hamda boshqa suv iste’molchilarining qishloq xo‘jaligi ehtiyojlari uchun suv olish limitlari tegishincha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi va irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi va hududiy qishloq xo‘jaligi boshqarmalari tomonidan ishlab chiqiladi hamda xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari tomonidan tasdiqlanadi.

Qonunda fermer xo‘jaligi “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasasi bilan tuzilgan shartnomaga asosan suv resurslaridan foydalanishi, shuningdek, fermerlararo ichki sug‘orish va kollektor-drenaj tarmoqlarini, ulardagi inshootlarni ta’mirlash hamda tiklashda ishtirok etishi, ularni texnik jihatdan soz holatda saqlashi shart ekanligi belgilanmoqda.

Qonun bilan jamoa bog‘lari, tokzorlari, ekinzorlarini va tomorqa yer uchastkalarini suv bilan ta’minlash belgilangan tartibda “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasalari tomonidan suv yetkazib berish va suv xo‘jaligi xizmatlarini ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnomaga asosan amalga oshirilishi ko‘rsatib o‘tilmoqda. 

Bundan tashqari, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchilarga suv yetkazib berish xizmatlari uchun belgilangan to‘lovlar bekor qilinmoqda.

Mazkur qonunda belgilangan qoidalar quyi bo‘g‘inda suv bilan ta’minlovchi tashkilotlar va suv iste’molchilari o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarni tartibga solgan holda, suv resurslarini boshqarish samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Senatning ellik yettinchi yalpi majlisida “Xalqaro mehnat tashkilotining Mehnat xavfsizligi va gigiyenasi hamda ishlab chiqarish muhiti to‘g‘risidagi 155-sonli Konvensiyasini (Jeneva, 1981 yil 22 iyun) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun ham ko‘rib chiqildi. 

Qayd etilganidek, bugungi kunga qadar Konvensiya 75 ta davlat, shu jumladan, MDHga a’zo davlatlar orasida Rossiya, Belarus, Ukraina, Tojikiston Qozog‘iston va Ozarbayjon tomonidan ratifikatsiya qilingan.

Konvensiyada mehnat faoliyati jarayonida va ishlab chiqarish muhitida mehnat xavfsizligi va gigiyenasini ta’minlash, shu jumladan, ish joyida yoki ish vaqtida ishchi va xodimlarning sog‘lig‘iga zarar yetishi bilan bog‘liq bo‘lgan baxtsiz hodisalar yoxud xavflarning oldini olishga qaratilgan talablarni yanada kuchaytirish nazarda tutilgan. 

Senatorlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi va Xalqaro mehnat tashkiloti o‘rtasida hamkorlik rivojlanib borayotgani, milliy mehnat qonunchiligining xalqaro mehnat standartlariga javob berishini hisobga olgan holda mazkur Konvensiyani ratifikatsiya qilish maqsadga muvofiq ekani qayd etildi.

Ta’kidlanganidek, Konvensiyaning ratifikatsiya qilinishi kelgusida sohadagi milliy qonunchilikni hamda Xalqaro mehnat tashkilotining hujjatlarida belgilangan mehnat xavfsizligi va gigiyenasiga oid me’yorlarni takomillashtirishga, shuningdek, ishlab chiqarish jarayonidagi baxtsiz hodisalar, kasbiy kasalliklar, ish vaqtida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan salbiy oqibatlarning oldini olishga qaratilgan xalqaro standartlarni samarali joriy etishga xizmat qiladi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Shuningdek, Senatning navbatdagi yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi milliy ma’ruza muhokama qilindi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan taqdim etilgan uchinchi Milliy ma’ruzada 2023 yilda mamlakatda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilgan ishlar aks ettirilgan hamda ular to‘g‘risida majlisda axborot berildi.

Ta’kidlanganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashishning huquqiy va institutsional asoslari takomillashtirilib, jamiyatda korrupsiya illatiga nisbatan murosasiz muhitni shakllantirishga qaratilgan tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashishning zamonaviy mexanizmlari keng joriy etildi. Ularning faoliyatida ochiqlikni ta’minlash, jamoatchilik oldida hisobdorlikni oshirish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmoqda.

Shu bilan birga, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish tizimining samaradorligini oshirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga qaratilgan maqsadli ko‘rsatkichlar belgilandi.

Sohada davlat siyosati izchilligini ta’minlash maqsadida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2023-2024 yillarga mo‘ljallangan davlat dasturi qabul qilindi, ochiq, e’lon qilinishi lozim bo‘lgan ma’lumotlar ro‘yxati 35 tadan 40 tagacha kengaytirildi.

Aholiga xizmat ko‘rsatishda korrupsiya holatlarining oldini olishni ta’minlovchi “Onlayn mahalla”, “Aholi tomorqasi”, “Onlayn-bozor”, davlat xizmatchilarini onlayn rejimda o‘qitishga mo‘ljallangan “Open Data” platformalari ishga tushirildi. 

Buning natijasida “Transparency International” xalqaro nohukumat tashkiloti tomonidan 2023 yil yakunlari bo‘yicha Korrupsiyani qabul qilish indeksida mamlakatimiz o‘rni 5 pog‘onaga, Boshqaruv sifati indikatori va Hukumat ochiqligi bo‘yicha “Open Data Inventory” reytingida 15 pog‘onaga ko‘tarilgan. 

Shu bilan birga, muhokamada senatorlar tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida ayrim kamchiliklar saqlanib qolayotganligi ham  ta’kidlandi.

Xususan, 2023 yilda respublika bo‘yicha sudlar tomonidan ko‘rilgan jinoyat ishlari tahlili korrupsiyaga oid jinoyatlar oqibatida davlat manfaatlariga yetkazilgan zararning yuqori ulushi Andijon, Namangan, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlariga to‘g‘ri kelganini, korrupsiyaga oid jinoyatlar soni Surxondaryo va Andijon viloyatlarida ortganini ko‘rsatdi.

Korrupsiyaga oid jinoyat ishlari bo‘yicha sudlangan shaxslarning aksariyati maktabgacha va maktab ta’limi muassasalari, tijorat banklari, sog‘liqni saqlash tashkilotlari hamda hokimliklar xodimlari hisoblanadi.

Shuningdek, ichki nazorat tuzilmalar faoliyatini tashkil etishda ayrim davlat idoralari tomonidan kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan.

Jumladan, ichki nazorat tizimi joriy etilgan davlat idoralarining 37 tasida tashkil etilgan 996 ta shtat birligidan 172 tasi (17,2 foiz) vakant bo‘lsa, 6 ta tashkilotning 35 nafar xodimiga qo‘shimcha vazifalar yuklangan.

Shu bilan birga, 20 ta davlat tashkilotida ichki nazorat tizimini joriy etishga oid idoraviy hujjatlar ishlab chiqilmagan, 13 tasida ichki nazorat tizimi samarali faoliyat ko‘rsatmayapti.

Xususan, Andijon va Surxondaryo viloyati hokimliklari, Tashqi ishlar vazirligi, Suv xo‘jaligi ob’ektlari xavfsizligini va suvdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasida ichki nazorat tizimini joriy etishga oid idoraviy hujjatlar ishlab chiqilmagan. Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimida atigi 5 ta shtat birligidan iborat (vazirlik markaziy apparatida) ichki nazorat tuzilmasi tashkil etilgan.

Muhokama jarayonida Senat a’zolari tomonidan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, qator vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlarining korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatini yanada takomillashtirishga qaratilgan qator takliflar bildirildi. 

Xususan, korrupsiyaga oid jinoyatlarni tahlil qilgan holda jinoyatlar ko‘rsatkichi oshgan davlat organlari va tashkilotlarida kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar belgilash lozim.

Korrupsiya haqida xabar bergan shaxslarni rag‘batlantirish tizimi bo‘yicha targ‘ibot-tashviqot ishlarini jadallashtirish, davlat organlari va tashkilotlari, shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati organlarining ichki nazorat tuzilmalari xodimlariga qo‘shimcha vazifalar yuklatilishini oldini olish zarur.

Ichki nazorat tuzilmalari tomonidan nazorat tadbirlarini muntazam ravishda o‘tkazilishini ta’minlash, Odob-axloq komissiyalarining faoliyatini kuchaytirish kabi bir qator vazifalar belgilandi va ular Senat qarorida aks etdi.

Shuningdek, 57-yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining o‘rinbosarlarini saylash to‘g‘risidagi masala ham ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimnomasi va Oliy Majlis Senatining tegishli qaroriga asosan Ikram Tuxtamuratovich Muslimov besh yil muddatga O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining birinchi o‘rinbosari – sudlov hay’ati raisi lavozimiga hamda Olimjon Xamitovich Ismailov besh yil muddatga O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining o‘rinbosari – sudlov hay’ati raisi lavozimiga saylandi.

Bundan tashqari, senatorlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining qarorlarini tasdiqlash to‘g‘risidagi masala ham ko‘rib chiqildi.

Yalpi majlisda jamiyat hayotining barcha sohalari huquqiy asoslarini mustahkamlashga va mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samaradorligini oshirishga, xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan 19 ta masala, shu jumladan, 16 ta qonun ko‘rib chiqildi.

Shuning bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining ellik yettinchi yalpi majlisi o‘z ishini yakunladi.

O‘zbekiston Respublikasi

Oliy Majlisi Senati 

Axborot xizmati