Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining ellik birinchi yalpi majlisi to‘g‘risida AXBOROT
19:29 / 2024-03-30

30-mart kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining ellik birinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Unda Senat, hukumat a’zolari, vazirlik va idoralarning vakillari, Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zolari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.

Videokonferensaloqa tarzida o‘tkazilgan yalpi majlisni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva olib bordi. 

Yalpi majlis Senatning YouTube tarmog‘idagi sahifasi orqali to‘g‘ridan to‘g‘ri yoritib borildi. 

Dastlab senatorlar tomonidan “Telekommunikatsiyalar to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi. 

Ta’kidlangandek, yangi tahrirdagi mazkur qonun bilan aholiga va telekommunikatsiya sohasida faoliyat yurituvchi subyektlarga bir qator qulayliklar yaratilmoqda. Jumladan, bugungi kunda yangi qurilgan ko‘p qavatli uylarning ayrimlarida tegishli infratuzilma ko‘zda tutilmagani sababli qayta qurilish ishlarini olib borishga to‘g‘ri kelmoqda. Ushbu ovoragarchiliklarning oldini olish maqsadida bundan keyin bino va inshootlar qurilishida zamonaviy telekommunikatsiya infratuzilmasi majburiy bo‘ladi.

Xususan, ko‘p qavatli uylarda yashovchilarning arizasi bo‘lganda xizmat ko‘rsatuvchi tadbirkorlik subyektlariga binoda mavjud infratuzilmadan beg‘araz foydalanish imkoniyati yaratiladi. Operatorlarga telekommunikatsiya infratuzilmasi obyektlaridan birgalikda foydalanishga ruxsat beriladi. 

Bundan tashqari, qonun bilan telekommunikatsiya sohasida faoliyat yurituvchi subyektlarga bir qator qulayliklar yaratilmoqda. 

Qonunga ko‘ra endi bank, to‘lov tizimi, to‘lov tashkiloti, elektron tijorat platformasi ilovalari orqali xizmatlarni ko‘rsatishda telekommunikatsiyalar sohasida faoliyat yuritish uchun litsenziya talab etilmaydi. 

Shuni alohida ta’kidlab o‘tish joizki, qonun normalari Konstitutsiyaga moslashtirilib, telekommunikatsiyalar sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanishni ta’minlash uchun shart-sharoitlar yaratish ekanligi belgilab qo‘yilmoqda. 

Senatorlar ta’kidlaganidek, qonunni qabul qilinishi telekommunikatsiya infratuzilmasidan samarali foydalanish imkoniyatini yaratish orqali xizmatlar qamrovi va sifatini oshirishga xizmat qiladi. Muzokaralardan so‘ng qonun ma’qullandi. 

Shundan so‘ng yalpi majlisda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga sud hokimiyatining mustaqilligi kafolatlarini mustahkamlashga, sudlar faoliyati haqida jamoatchilikni xabardor qilishga hamda yagona sud amaliyotini ta’minlashga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi. 

Ma’lumki, keyingi yillarda “Yangi O‘zbekiston – yangi sud” prinsipi doirasida aholining odil sudlovga erishish imkoniyatlarini yanada kengaytirish uchun insonning qadr-qimmati ustuvorligini ta’minlashga qaratilgan muhim islohotlar amalga oshirildi. 

Xususan, mamlakatimizda sud-huquq tizimini yanada takomillashtirish, fuqarolar va tadbirkorlarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish choralarini kuchaytirish, odil sudlovni samarali ta’minlash bo‘yicha izchil ishlar olib borildi. Olib borilgan ishlar natijasida odil sudlovni amalga oshirish jarayonida shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish darajasi yangi bosqichga chiqdi. 

Shuningdek, bugungi kunda sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirish institutini takomillashtirish orqali protsessual kodekslarga fuqarolar uchun qulay hamda soddalashtirilgan tartibni yaratishga qaratilgan tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. 

Bundan tashqari, yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida sud hokimiyatining mustaqil holda ish yuritishiga va sudyalar muayyan ishlar bo‘yicha hisobdor bo‘lmasligiga oid konstitutsiyaviy kafolatlar belgilab qo‘yilganligi sudlar faoliyati samaradorligini oshirish yo‘lidagi yana bir muhim qadam bo‘ldi. 

Mazkur konstitutsiyaviy kafolatlarni hayotga to‘laqonli tatbiq etish, sud hokimiyatining mustaqilligi kafolatlarini yanada mustahkamlash maqsadida sudlar raislarining xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga bir yilda kamida bir marta axborot taqdim etishi haqidagi qoidani bekor qilish, shuningdek, sud qarorlarini qayta ko‘rish instituti takomillashtirilganligi munosabati bilan yagona sud amaliyotini ta’minlash, qonunchilikdagi ayrim bo‘shliqlarni va ziddiyatlarni bartaraf etish zaruriyati yuzaga kelmoqda. 

Ushbu qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga sudlar raislarining xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga bir yilda kamida bir marta axborot taqdim etishi haqidagi qoidani bekor qilishni, o‘z navbatida sudlarning o‘z faoliyati to‘g‘risida jamoatchilikni har chorakda ommaviy axborot vositalari orqali xabardor qilib borishini, shuningdek, sud qarorlarini qayta ko‘rish instituti takomillashtirilganligi munosabati bilan yagona sud amaliyotini ta’minlashni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. 

Senatorlar ta’kidlab o‘tganidek, qonun sud hokimiyatining mustaqilligi kafolatlarini yanada mustahkamlashga, jamiyatning sudlar faoliyati to‘g‘risida muntazam axborot olishi uchun mustahkam huquqiy asoslarni yaratishga, sudyalar zimmasiga odil sudlovni amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lmagan biror-bir majburiyat yuklatilishining oldini olishga hamda ular faoliyatining shaffofligini ta’minlashga, shuningdek, qonunchilikdagi ayrim bo‘shliqlar va ziddiyatlarni bartaraf etishga xizmat qiladi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi. 

Shuningdek, yalpi majlisda O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi. 

Mamlakatimizda farmatsevtika va kimyo sanoatini xalqaro standartlarni inobatga olgan holda rivojlantirish hamda unga ilg‘or ilmiy texnika yutuqlarini va innovatsiyalarni joriy etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. 

Dori vositalarini ishlab chiqaruvchilarga qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish maqsadida mazkur qonun bilan “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida”gi qonunga dori moddalarini (substansiyalarni) davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibining bekor qilinishini nazarda tutuvchi o‘zgartirish kiritilmoqda. Shu bilan birga “Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”gi hamda “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida”gi qonunlariga dori vositalarini retsept bilan yoki retseptsiz beriladigan dori vositalari toifasiga kiritish tartibini tasdiqlash vakolatini O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi zimmasiga yuklovchi, shuningdek, retseptsiz yoki shifokor retsepti bo‘yicha beriladigan dori vositalari to‘g‘risidagi axborotni ularning tibbiyotda qo‘llanilishiga doir yo‘riqnomalarda hamda Tibbiyot amaliyotida qo‘llanilishiga ruxsat etilgan dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikani davlat reestrida ko‘rsatish talabini joriy etuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda. 

Bundan tashqari, import o‘rnini bosuvchi kimyoviy mahsulotlarni ishlab chiqarish hajmlarini kengaytirish maqsadida “Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar to‘g‘risida”gi qonunga yuridik shaxslarga IV ro‘yxat doirasida Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan ayrim prekursorlarni tegishli litsenziyalarga asosan ishlab chiqarish va tayyorlash huquqini beruvchi o‘zgartirish kiritilmoqda. 

Senatorlarning ta’kidlashicha, qonun aholining va tadbirkorlik subyektlarining tibbiyot amaliyotida qo‘llanilishiga ruxsat etilgan dori vositalari to‘g‘risidagi xabardorlik darajasini oshirishga, shuningdek, investorlarni jalb etish uchun shart-sharoitlar yaratishga hamda kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytirishga xizmat qiladi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi. 

Shu bilan birga, senatorlar tomonidan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi. 

Ma’lumki, keyingi yillarda mamlakatimizda zargarlik sanoatini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga, zargarlik buyumlari eksportini oshirishga, shuningdek, turizm sohasini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash uchun har tomonlama imkoniyatlar yaratishga qaratilgan salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. 

Ayni vaqtda zargarlik tarmog‘ini sanoatning asosiy drayverlaridan biriga aylantirish, zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish va ularning savdosi bo‘yicha faoliyatni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, tadbirkorlik subyektlarining xomashyoga bo‘lgan ehtiyojlarini qanoatlantirish maqsadida ushbu qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish uchun foydalaniladigan qimmatbaho toshlarni O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilinishini nazarda tutuvchi qo‘shimcha kiritilmoqda. 

Shu bilan birga turizmni yanada rivojlantirish, bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlarining samarali faoliyatni amalga oshirishi uchun ularni qo‘llab-quvvatlash va ularga zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida ushbu qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksini kasaba uyushmalari tizimidagi bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlari negizida bolalarning dam olish mavsumidan tashqari davrda tashkil etiladigan dam olish uylarining va dam olish zonalarining mazkur yo‘nalishdagi xizmatlarni ko‘rsatishdan olgan foydasi foyda solig‘idan ozod qilinishi to‘g‘risidagi norma bilan to‘ldirish nazarda tutilmoqda. 

Bundan tashqari, «Turizm to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga kasaba uyushmalari tizimidagi bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlari negizida bolalarning dam olish mavsumidan tashqari davrda tashkil etiladigan dam olish uylari va dam olish zonalari majburiy sertifikatlashtirishdan ozod etilishini nazarda tutuvchi o‘zgartirish kiritilmoqda. 

Ta’kidlangandek, ushbu qonun mahalliy zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchilarni xomashyo resurslari bilan ta’minlashga va ularning eksport salohiyatini oshirishga, shuningdek, turizmni rivojlantirishga va yangi ish o‘rinlarini yaratishga xizmat qiladi. 

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi. Yalpi majlisda “Jinoiy daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha Yevrosiyo guruhi to‘g‘risidagi Bitimga hamda Jinoiy daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha Yevrosiyo guruhi byudjetini shakllantirish va ijro etish tartibi to‘g‘risidagi Nizomga o‘zgartirishlar kiritish haqidagi Bayonnomani (Toshkent, 2022-yil 1-iyun) ratifikatsiya qilish to‘g‘risida”gi qonun ham muhokama etildi.

Bo‘lib o‘tgan muhokamalarda O‘zbekiston Respublikasida jinoiy daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga, ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish borasida izchil ishlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi. 

Biroq amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning samaradorligi ko‘p jihatdan bu boradagi xalqaro sa’y-harakatlarni yaqindan muvofiqlashtirishga bog‘liq. Shu bois O‘zbekiston jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirishning huquqiy asoslarini mustahkamlashga katta ahamiyat bermoqda. 

Jinoiy daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha Yevrosiyo guruhi bugungi kunda jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish va moliyaviy jarayonlarning shaffofligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar va standartlarni ishlab chiqish sohasidagi yetakchi tashkilotlardan biri ekani qayd etildi. 

Senatorlar ko‘rib chiqilgan hujjat Jinoiy daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha Yevrosiyo guruhi faoliyatini yanada rivojlantirishni, shuningdek, asosiy vazifalarni xalqaro standartlarga muvofiqlashtirishni nazarda tutishini ta’kidladilar. 

Ommaviy qirg‘in qurollari tarqalishini moliyalashtirishga qarshi kurashish Yevrosiyo guruhi faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan. Qonun bilan Yevrosiyo guruhi raisi lavozimiga qo‘shimcha talablar belgilash va uning kotibiyati vakolatlarini aniqlashtirish nazarda tutilmoqda. 

Yevrosiyo guruhi byudjetining talablari va shartlariga, ya’ni, a’zo davlatlarning ulushiga, xarajatlarni taqsimlash va boshqa moliyaviy masalalarga aniqlik kiritilmoqda. Senatorlarning ta’kidlashicha, Qonunning qabul qilinishi milliy qonunchilikni yanada takomillashtirishga, jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashishga, terrorizmga va ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar bilan munosabatlarda O‘zbekistonning ijobiy imijini shakllantirishga xizmat qiladi. Qonun Senat tomonidan ma’qullandi. 

Senatorlar tomonidan “Xalqaro mehnat tashkilotining Ishlayotgan erkaklar va ayollar uchun teng munosabatlar va teng imkoniyatlar: oilaviy majburiyatlarga ega xodimlar to‘g‘risidagi 156-sonli Konvensiyasini (Jeneva, 1981-yil 23-iyun) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun ham ko‘rib chiqildi. 

Ta’kidlangandek, Xalqaro mehnat tashkilotining 156-sonli Konvensiyasining maqsadi – xaq to‘lanadigan ishni bajaradigan yoki bajarishni hoxlaydigan, ishlayotgan ayollar va erkaklar uchun teng munosabatlar va teng imkoniyatlarni ta’minlash, oilaviy majburiyatlarga ega bo‘lgan shaxslarning kamsitishga uchramagan hamda imkon qadar kasbiy va oilaviy majburiyatlarni uyg‘un tarzda birlashtirgan xolda o‘z huquqlaridan foydalana olishdir. Xalqaro mehnat tashkilotining 156-sonli Konvensiyasi iqtisodiy faoliyatning barcha sohalariga va barcha toifadagi ishchilarga nisbatan qo‘llaniladi.

Shuni alohida ta’kidlab o‘tish joizki, mazkur Konvensiyaning barcha talablari O‘zbekiston Respublikasining milliy qonunchiligiga to‘liq implementatsiya qilingan. Konvensiya hozirgi kunga qadar Xalqaro mehnat tashkilotiga a’zo bo‘lgan 187 ta davlatning 45 tasi tomonidan ratifikatsiya qilingan. Ular qatorida Norvegiya, Shvetsiya, Ispaniya, Fransiya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Rossiya Federatsiyasi, Ozarbayjon va Qozog‘iston kabi mamlakatlar bor. 

Senatorlar fikricha, Konvensiyani ratifikatsiya qilish kelgusida milliy qonunchilikni yanada takomillashtirishda mehnat munosabatlariga taalluqli bo‘lgan talablarni, xalqaro standartlarni samarali joriy etish, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar bilan munosabatlarda O‘zbekistonning ijobiy imijini mustahkamlashga xizmat qiladi. Muhokama yakunlari bo‘yicha qonun ma’qullandi. 

Senatning ellik birinchi yalpi majlisida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (ombudsmanning) 2023-yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti eshitildi. 

Ta’kidlanishicha, Ombudsman 2023-yilda yangi konstitutsiyaviy qoidalar asosida inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan ta’sirchan parlament nazoratini amalga oshirish, sohaga oid milliy qonunchilikni hamda milliy preventiv mexanizmni takomillashtirish, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, fuqarolarning huquqiy ongi va madaniyatini oshirishda bir qator ishlarni amalga oshirgan. 

Xususan, takroriy murojaatlarning oldini olish choralari ko‘rilishi tufayli ijobiy natijalarga, jumladan, fuqarolarning Ombudsmanga qilgan murojaatlari asosida ularning manfaatlariga qariyb 2 milliard so‘mlik mablag‘larning undirilishiga erishilgan. 

Muhokamalar jarayonida inson huquqlari va erkinliklari sohasida aniqlangan qonun buzilishlarini bartaraf etish bo‘yicha ta’sir choralari ko‘rilganligi, ommaviy axborot vositalari orqali targ‘ibot ishlari soni oshganligi qayd etilib, ayniqsa, OAV va Internet jahon axborot tarmog‘ida e’lon qilingan qiynoq holatlari bilan bog‘liq xabarlarning o‘rganilishi va ularga tezkor munosabat bildirilishi ijobiy baholandi. 

Shu bilan birga, senatorlar tomonidan Ombudsman faoliyati yuzasidan ayrim takliflar bildirildi. 

Xususan, qonunda belgilangan ta’sir choralaridan yanada samarali foydalanish, murojaatlarni eng ko‘p kelib tushgan hududlar kesimida o‘rganish, harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarda yaratilgan shart-sharoitlarni va u yerda saqlanayotgan shaxslarning muammolarini o‘rganish maqsadida monitoring tashriflari samaradorligini oshirish, mintaqaviy vakillarning qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llashning oldini olish bo‘yicha faoliyatini takomillashtirish yuzasidan tegishli vazifalar belgilandi. Mazkur masala yuzasidan Senatning tegishli qarori qabul qilindi. 

Yalpi majlisda Vazirlar Mahkamasiga muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning sifat tarkibini yaxshilash, ulardagi o‘simlik va hayvonot dunyosini asrash hamda kadastrini yuritish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan parlament so‘rovi yuborish masalasi ko‘rib chiqildi. 

Qayd etilganidek, yurtimizda ekologik holatni yaxshilash, atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish bo‘yicha keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda. Iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish, uning salbiy oqibatlarini yumshatish, muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni kengaytirish ustuvor vazifaga aylandi. 

Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda sohani boshqaruvchi va tartibga soluvchi mustahkam tashkiliy-huquqiy asoslar yaratilgan. Amalga oshirilgan ishlar natijasida respublikada muhofaza etiladigan tabiiy hududlar umumiy maydoni 6,321 million gektarga yetkazilib, ular mamlakat hududining 14,08 foizini tashkil etmoqda. 

Muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda esa O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan hayvonlar (umurtqali) turlarining 83 foizi va o‘simlik turlarining 89 foizi qamrab olingan. 

Muhokama jarayonida senatorlar tomonidan muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda bioxilma-xillikni asrash, ularning sifat tarkibini yaxshilash, o‘simlik va hayvonot olami vakillari kadastri yuritilishida ayrim masalalar mavjudligi ta’kidlab o‘tildi. 

Jumladan, aholi tomonidan noqonuniy tarzda chorva mollari boqilishi va boshqa salbiy omillar sabab muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning umumiy biomassasi siyraklashgan. 

Muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning biologik xilma-xilligi, degradatsiya jarayonlari, ularning xo‘jalik imkoniyatlarini o‘rganish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlari talab darajasida emas. 

Inqirozga uchragan maydonlarni qayta tiklash ishlari amalga oshirilmaganligi tufayli shamol va suv ta’sirida tuproq eroziyasi kuchayib, cho‘llanish, chang-to‘zonlarning hosil bo‘lishi surunkali tus olmoqda. So‘nggi yillarda turli tabiiy va antropogen omillar tufayli hayvonot va nabotot olami turlari soni kamayib, yashash muhitlaridagi ahvol yanada keskinlashmoqda. 

Ayrim muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda o‘rnatilgan tartib, qoidalar (rejim) buzilishi, jumladan, brakonerlik, noqonuniy qurilishlar hamda chorva mollari boqilishi oqibatida yovvoyi hayvon va o‘simliklarga zarar yetkazilmoqda. 

Aksariyat hollarda yong‘in xavfsizligi qoidalariga amal qilinmayapti. Sohada mutaxassislar tayyorlash tizimi yetarli darajada yo‘lga qo‘yilmaganligi bois, malakali kadrlar yetishmovchiligi yuzaga kelgan. 

Yuqoridagilardan kelib chiqib, senatorlar muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda biologik xilma-xillikni saqlash hamda ulardan oqilona foydalanishga yo‘naltirilgan mablag‘larning maqsadli sarflanishi, brakonerlik, hayvonot va o‘simlik dunyosi kontrabandasi, noqonuniy qurilishlarni oldini olish, chorva mollarini boqish, kadastr ma’lumotlarini shakllantirish va tahlil qilish, sohani raqamlashtirish lozimligini ta’kidladilar. 

Shuningdek, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar maydonlarini yanada kengaytirish, ulardan samarali foydalanish, ijara munosabatlarini takomillashtirish, davlat-xususiy sheriklik qoidalarini joriy etish, yong‘in xavfsizligini kuchaytirish, huquqbuzarliklarning oldini olish borasida amaliy choralar samaradorligini oshirish zarurligiga e’tibor qaratdilar. 

Muhokama yakunida Hukumatga muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning sifat tarkibini yaxshilash, ulardagi o‘simlik va hayvonot dunyosini asrash hamda kadastrini yuritish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan parlament so‘rovini yuborish to‘g‘risida Senat qarori qabul qilindi. 

Shu bilan birga, yalpi majlisda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining qarorlarini tasdiqlash to‘g‘risidagi masala ham ko‘rib chiqildi. 

Yalpi majlisda senatorlar tomonidan jamiyat hayotining barcha sohalari huquqiy asoslarini mustahkamlashga va mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samaradorligini oshirishga, xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan 9 ta masala, shu jumladan, 6 ta qonun muhokama qilindi. 

Shuning bilan Oliy Majlis Senatining ellik birinchi yalpi majlisi o‘z ishini yakunladi. 

O‘zbekiston Respublikasi 

Oliy Majlisi Senati 

Axborot xizmati