Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston Respublikasi notarial palatasi kubogi uchun shaxmat-shashka turniri o‘tkazildi
16:44 / 2023-06-24

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 30 oktyabrdagi “Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida ommaviy sportni rivojlantirish, mehnat jamoalari va hududlar o‘rtasida sport musobaqalarini muntazam ravishda o‘tkazish belgilangan.

Farmon ijrosini ta’minlash hamda sportni yanada kengroq targ‘ib qilish maqsadida O‘zbekiston notariuslari o‘rtasida sport musobaqalari muntazam o‘tkazilib kelinmoqda. Shu yil fevral oyida notariuslar o‘rtasida mini-futbol turniri yuksak saviyada o‘tkazilgan edi.

May oyida esa O‘zbekiston Respublikasi Notarial palatasining kubogi uchun shaxmat-shashka turniriga start berilib, mamlakatimizning barcha hududlarida musobaqalarning ilk bosqichi o‘tkazildi.

Bugun Toshkent shahridagi “Xalqaro shaxmat akademiyasi”da turnirning respublika bosqichi o‘tkazildi.

– Notariuslar o‘rtasida shaxmat bo‘yicha musobaqa juda qizg‘in kechdi, ba’zi viloyatlar, jumladan, Farg‘ona, Buxoro, Surxondaryo viloyatlari vakillari o‘rtasidagi bahslar professional shaxmatchilarnikidan qolishmadi, – deydi O‘zbekiston Notarial palatasi raisi o‘rinbosari Jamshid Rahmonov. – O‘ylaymizki, notariuslar bilan o‘zaro muloqot juda foydali bo‘ldi. Qolaversa, aql gimnastikasi deb tan olingan shaxmatni o‘ynash har qanday kasb egasini chiniqtiradi.

–   Shunday sport musobaqalarini tashkil etgani uchun Notarial palata rahbariyatidan minnatdormiz, - deydi Nukus shahrida xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notarius Aruxan Ametova. – Rosti, turnirda ishtirok etganimdan juda  xursandman. Albatta, bu bellashuvlarda faxrli 3-o‘rinni egallash ham oson bo‘lmadi. 

 Turnirning yakuniy bosqichida jami 28 nafar havaskor shaxmat va shashkachi ishtirok etdi. Shaxmat bo‘yicha erkaklar, shashka bo‘yicha ayollar o‘zaro bahslashdi. To‘rt soat davom etgan turnir qizg‘in bahslarga boy kechdi. Musobaqa yakunida shaxmat bo‘yicha faxrli 1-o‘rin Farg‘ona shahrida xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notarius Davronbek Adhamovga, shashka bo‘yicha 1-o‘rin Namangan shahrida xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notarius Saodatxon Qo‘ziyevaga nasib qildi.

Shaxmat bo‘yicha 2-o‘rinni Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumanida xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notarius Alisher Abdinazarov, shashka bo‘yicha 2-o‘rinni Xiva tumanida xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notarius Gavharjon Sa’dullayeva egalladi.

Tadbir yakunida g‘oliblarga Notarial palataning diplomlari va esdalik sovg‘alari topshirildi. 

 

O‘zA