«HSE Creative Open» mukofoti doirasida O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi huzuridagi Turizmni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti hamda Rossiyaning “Oliy iqtisodiyot maktabi” Milliy tadqiqot universiteti dizayn maktabi tomonidan “O‘zbekiston Respublikasi madaniyati zamonaviy dizaynda” maxsus nominatsiyasi joriy etildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Hukumat portalida xabar qilinadi.
Tashkilotchilarning so‘zlariga ko‘ra, ushbu maxsus nominatsiya O‘zbekistonning nomoddiy madaniy merosini aks ettiruvchi va uning jahon turizmidagi ahamiyatini ko‘rsatib beruvchi zamonaviy dizayn yechimlarini topishga yordam beradi.
Tanlovda butun dunyodan talabalar ishtirok etadi. Ular dastlab O‘zbekistonning nomoddiy madaniy merosi elementlari, ya’ni hunarmandchilik, musiqiy an’analar va raqslar, xalq og‘zaki ijodi, marosim va bayramlarni o‘rganishlari lozim bo‘ladi. Shu asosda ishtirokchi madaniy merosning O‘zbekiston va xalqaro maydondagi ahamiyatini ko‘rsatuvchi o‘ziga xos konsepsiya yaratadi. Ijodiy ishlar konsepsiyasi va grafik yechimlari bilan ajralib turishi kerak. Tanlovga amalga oshirib bo‘lingan loyihalar hamda hali hayotga tatbiq etilmagan konseptual g‘oyalar qabul qilinadi.
“HSE Creative Open” — bu dizayn, moda va zamonaviy san’at sohasidagi turli nominatsiyalarni o‘z ichiga olgan xalqaro ochiq onlayn-tanlov. Undan ko‘zlangan asosiy maqsad ushbu yo‘nalishlar bo‘yicha noyob g‘oyalar va samarali loyihalarni bir maydonga yig‘ish va ijodkorlar e’tiborini sohani rivojlantirishga jalb etishdan iborat. Tanlov ilk marotaba 2022 yilda tashkil etilgan.
Roman BONDARCHUK tayyorladi, O‘zA