Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida prokuratura organlarining huquqiy maqomi
15:17 / 2022-12-06

Xalq manfaatlarini hamma narsadan ustun qo‘yish, odamlarni rozi qilish, xalqimizning farovon, tinch va osoyishta hayot kechirishini ta’minlash, mamlakatimizni har tomonlama taraqqiy ettirish barchamizning hozirgi kundagi eng muhim maqsadimizdir.

bugungi kunda mamlakatimizda qonun ustuvorligini ta’minlash, fuqarolar huquqlari va erkinliklarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Sud-huquq tizimini tubdan isloh qilish doirasida prokuratura organlari faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha bir nechta muhim normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.

Barchamizga ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi hududida qonunlarning aniq va bir xilda bajarilishi ustidan nazoratni O‘zbekiston Respublikasining Bosh prokurori va unga bo‘ysunuvchi prokurorlar amalga oshiradi.

Prokuraturaning ushbu konctitutsiyaviy maqomida davlat organi sifatida uning oldiga qo‘yilgan barcha vazifalar mujassamlashgan.

Huquqiy demokratik davlatning eng asosiy talablaridan biri qonunning ustuvorligi, unga itoat etish va uni hurmat qilish hisoblanadi. Shu bilan birga, normativ-huquqiy hujjatlarning Konstitutsiya va qonunlarga mosligini ta’minlashda davlat organlari, jamoat birlashmalari va jamoalar, mansabdorlarning Konstitutsiya va qonunlarga muvofiq faoliyat yuritishi muhim ahamiyatga ega.

Prokuratura aynan shu qoida va talablarning bajarilishini, ya’ni mamlakatimizda qonunlarning aniq va bir xil ijro etilishini nazorat qiladi. Prokuratura organlarining faoliyati mamlakat hududida qonunning ustuvor bo‘lishini, qonuniylikni ta’minlashni va uning barqaror bo‘lishini, fuqarolarning Konstitutsiya bilan kafolatlangan shaxsiy huquq va erkinliklari, siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy huquqlarini himoya qilishga qaratilgan.

Prokuratura organlarining har bir xodimi Konstitutsiyamizda belgilab berilgan ustuvor tamoyil va qoidalarning to‘liq ro‘yobga chiqishi uchun hissa qo‘shishni, el-yurtga sadoqat bilan xizmat qilishni o‘zining sharafli burchi deb biladi.

Prokuratura organlari qonun ustuvorligini ta’minlashda Konstitutsiyaning 18-moddasida belgilangan “O‘zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, qonun oldida tengdirlar” degan qoidaga amal qiladi.

Prokuratura organlari jamiyatda ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatning barqarorligini ta’minlar ekan, jinoyatchilikka qarshi kurashuvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtirish yo‘li bilan huquqbuzarliklarning oldini olish, fuqarolarning huquq va erkinliklari buzilishini aniqlash va bartaraf etishni nazarda tutadi.

O‘zbekistonda prokuratura o‘z vakolatlarini har qanday davlat organi, jamoat birlashmasi hamda mansabdor shaxsdan mustaqil ravishda, faqat qonunga bo‘ysungan holda amalga oshiruvchi davlat organidir. Prokuraturaga bunday konstitutsiyaviy maqomning berilishi prokuratura organlari samarali faoliyat yuritishining va ular mustaqilligining muhim omili hisoblanadi.

Prokuror nazorati – davlat faoliyatining shu davlat nomidan amalga oshiriluvchi alohida ko‘rinishi va prokuraturaning asosiy funksiyasi hisoblanadi. Mazkur funksiya prokuraturaning davlat organi sifatidagi o‘ziga xos maqomini, ijtimoiy-siyosiy ahamiyatini belgilab beradi. Davlat mamlakatdagi qonun ustuvorligini, qonuniylikning mustahkamligini aynan prokuror nazorati orqali ta’minlaydi.

Konstitutsiyada prokuratura organlari faoliyatiga aralashish taqiqlanishi alohida qoida sifatida belgilangan. Aynan ana shu mustaqillikda prokuror nazoratining o‘ziga xos xususiyati namoyon bo‘ladi. Uning o‘ziga xosligi shundaki, prokuror faoliyati na qonun chiqaruvchi, na ijro etuvchi va na sud hokimiyatiga daxldor, uning huquqiy mohiyatida hokimiyatning har uchala tarmog‘iga xos alomatlar bor. Prokuratura o‘z vazifalari nuqtai nazaridan hokimiyatning har bir tarmog‘i bilan bog‘liq bo‘lsa-da, lekin ularning birortasiga ham kirmaydi.

Prokuratura organlarining huquqiy maqomi ularning oldiga qo‘yilgan vazifalar, jamiyat taraqqiyoti, boshqaruv tizimining demokratlashuvi va erkinlashuvi bilan bog‘liq tarzda takomillashib bormoqda. Prokuratura organlari faoliyatining samaradorligini oshirish maqsadida milliy qonunchilikka prokuratura organlari faoliyatining huquqiy asoslarini takomillashtirish, uning vakolatlarini kuchaytirishga qaratilgan bir qator o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Prokuraturaning konstitutsiyaviy maqomida uning oldiga qo‘yilgan barcha vazifalar mujassamlashgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 28 noyabrdagi “Jinoyatlarni tergov qilish sohasida malakali kadrlarni tayyorlashning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi farmoni mamlakatimizda tergov faoliyatida “Inson qadri uchun” degan ezgu g‘oyani to‘liq ro‘yobga chiqarish, jinoyatlarni o‘z vaqtida fosh etishni tashkil etish tergov organlarining faoliyatini, qonun ustuvorligini va qilmish uchun jazo muqarrarligini ta’minlash tamoyili asosida takomillashtirishning muhim vazifalaridan biri bo‘ldi.

Yangi O‘zbekiston sharoitida jinoyatlarni tergov qilish sohasida malakali kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash amaliyotini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish, ushbu yo‘nalishga ilg‘or xalqaro standartlar va zamonaviy axborot texnologiyalarini keng joriy etish hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlarning yuqori malakali kadrlarga bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasini tashkil etilmoqda.

Prokuratura organlari faoliyatiga oid qonunchilikka kiritilgan o‘zgartishlarning tahlili shundan dalolat beradiki, bu o‘zgartishlar birinchi navbatda fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va manfaatlarini, davlat va jamiyat manfaatlarini himoya qilishga, mamlakatda qonun ustuvorligini ta’minlash, qonuniylikni va huquq-tartibotni mustahkamlashga yo‘naltirilgan.

Prokuratura organlarining har bir xodimi buni chuqur his qilgan holda, mamlakatimiz Prezidenti ta’kidlaganidek, olijanob xalqimizning haqiqiy himoyachisi, adolat va qonuniylik posboni bo‘lib qoladi hamda faqat xalq manfaati yo‘lida og‘ishmay xizmat qiladi.

 

Kamol MARDONOV,

Toshkent davlat yuridik universiteti

Sud, huquqni muhofaza qiluvchi

organlar va advokatura kafedrasi katta o‘qituvchisi

O‘zA