Vatanimiz tarixidagi 8 dekabr sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
872 yil (bundan 1152 yil oldin) – faqih va muhaddis olim Abu Hafs Umar Nasafiyning “Al-qand fi zikr ulamo Samarqand” (“Samarqand ulamolari haqida qand kitob”) asarida qayd etilishicha, Toxaristonning turli shahar va viloyatlarida to‘qqizinchi asr davomida hukm surgan turkiy Bonichuriylar (Abu Dovudiylar) sulolasining vakili Dovud ibn Abbos Samarqandni tark etdi.
Dovud Balx hokimi edi, Safforiylar sulolasi asoschisi Ya’qub ibn Lays unga qarshi chiqqanda, u shahardan qochib, Samarqand shahriga kelgandi. U vaqtda Samarqand hokimi Ismoil Somoniy bo‘lib, u akasi Nasr ibn Ahmadning voliysi edi. 872 yil 20 oktyabrda Nasr ibn Ahmad Dovudga maktub yo‘llab, u bilan uchrashish istagini, hurmatini va xayrixohligini bildirdi.
Shu tariqa Balxning sobiq hokimi biroz vaqt Samarqandda yashab, 872 yil 8 dekabr kuni Samarqandni tark etdi. Dovud vataniga qaytganda o‘zining saroyi xarob etilganini ko‘rdi. Abu Hafs Umar Nasafiyning ma’lumotiga ko‘ra, uning yuragi musibatdan ezilib u 17 kundan keyin vafot etdi.
1870 yil (bundan 154 yil oldin) – oldindan kelishilganiga asosan Turkiston general-gubernatori idorasi boshlig‘i general-mayor A.I.Gomzin Rossiya imperatorining xotiniga u olib kelishni buyurgan nodir buyumlarni taqdim etdi va uning mahramiga topshirdi.
Shu yili Peterburgda Butunrossiya Manufaktura ko‘rgazmasi tarkibida Turkiston bo‘limi ham tashkil qilingan edi. Ko‘rgazmani imperatorning xotini ham tomosha qildi. Turkiston bo‘limidagi ayrim nodir buyumlar unga ma’qul bo‘lib qoldi va xizmatchilariga shu buyumlarni olib berishini buyurdi. Bu buyumlar qimmatbaho marjon, Samarqandda ishlangan oltin, feruza, marvarid bilan bezatilgan bosh kiyim va Xo‘jandda tayyorlangan 40 dona gildan yasalgan shishalar edi. Bu to‘g‘risida ko‘rgazma boshlig‘i tomonidan Turkiston general-gubernatoriga xabar qilindi.
U, o‘z navbatida, Peterburgga xizmat safari bilan ketayotgan Turkiston general-gubernatori idorasi boshlig‘i general-mayor A.I.Gomzinga bu buyumlarni imperator xotiniga tortiq qilishni buyurdi. A.I.Gomzin Peterburgga yetib kelib ko‘rgazmadan imperator xotini aytgan buyumlarni olib, bu haqda Imperator saroyi xodimi P.A.Moritsga 1870 yil 4 dekabrda xabar qildi va qachon, qanday tartibda bu narsalarni topshirishni bildirishni iltimos qildi.
1885 yil (bundan 139 yil oldin) – Buxoro amiri Abdulahadxon Saroyi sangin (Tosh saroy)ni Oliy sangin madrasasi, Hazrati G‘o‘fron panoh mozori Shimoliy masjidining o‘n ikki nafar davraxon qorilari, shuningdek, Hazrati G‘o‘fron panoh qabrining besh nafar maqsuraxonasi foydasiga vaqf qildi (daromadidan foydalanib turish, ammo o‘zini sotmaslik sharti bilan xayriya qildi). Bu haqdagi vaqfnoma hijriy 1303 yil rabbiulavval oyining birinchi kuni (milodiy 1885 yilning 8 dekabri)da Buxoro shahri qozixonasida tuzildi. Uni tuzishda Buxoro amirining nomidan shar’iy vakil sifatida Muhammad Sharifbiy parvonachi ishtirok etdi.
Vaqfnomaga binoan Buxoro shahrining bosh qozisi – qozi ul-quzzoti ushbu vaqf mulkining mutavallisi (boshqaruvchisi) etib belgilandi. Mazkur saroydan olingan daromadni 400 qismga bo‘lib, 25 qismini madrasa mudarrislariga, 120 qismini yigirma nafar talabalarga, 144 qismini Shimoliy masjidning o‘n ikki nafar davraxon korilariga, 5 qismini bir nafar farroshga, 6 qismini mazkur madrasada yashovchilarning soch-soqollarini oluvchi sartaroshga, 100 qismini Hazrati G‘o‘fron panoh qabridagi beshta maqsuraxonaga berish belgilandi.
1912 yil (bundan 112 yil oldin) – Peterburgdagi Ipakchilik jamiyati majlisida Subuluvskiy Turkistonda ipakchilikning ahvoli to‘g‘risida ma’ruza o‘qidi. Subuluvskiy Moskva Ipakchilik jamiyati tomonidan Turkistonga ilmiy safarga jo‘natilgan bo‘lib, Sirdaryo, Samarqand va Farg‘ona viloyatlarida pilla yetishtirishning qay ahvoldaligini o‘rgangan. U ma’ruzasida Turkiston o‘lkasida 200 – 250 ming pud pilla mahsuloti olinayotganini, xorijdan keltirilayoggan pilla urug‘i odatda, nimjon va kasal bo‘lishi, mamlakatning o‘zidagi ikkita urug‘chilik korxonasini kuchaytirib, sog‘lom urug‘ tayyorlashni ko‘paytirish yulga quyilsa, yaqin kelajakda ipak yegishtirish hajmini o‘n baravargacha oshirish mumkinligini aytdi.
1915 yil (bundan 109 yil oldin) – tarixchi Otabek Nasirovning qayd etishicha, Pomir oltin ishlab chiqarish aksiyadorlik jamiyati ustav loyihasi tasdiqlandi. Uning asosiy kapitali 1 million 800 ming rubldan iborat bo‘lib, u har birining qiymati 100 rubllik 1 ming 800 ta aksiya chiqardi.
Oldinroq 1896–1913 yillar mobaynida Oloy tog‘ tizmalarida oltin qazish ishlarini olib borgan Pomir oltin sanoati shirkati vakili, zahiradagi shtabs-rotmistr V.V.Poklevskiy-Kozel 1913 yili Savdo va sanoat ministrligiga shirkatni aksiyadorlik jamiyati sifatida ta’sis etishga ruxsat so‘ragan edi. Aksiyadorlik jamiyati ikki yildan so‘nggina ta’sis etildi.
1991 yil (bundan 33 yil oldin) – Belorusning Belaya Veja qo‘riqxonasi (pushchasi)da Rossiya, Ukraina va Belorus raxbarlari Boris Nikolayevich Yelsin, Leonid Makarovich Kravchuk, Stapislav Stanislavovich Shushkevich o‘zaro bitim imzolab, SSSR tugagilganligi va Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) tashkil etilganligini rasman e’lon qildilar.
1992 yil (bundan 32 yil oldin) – o‘n ikkinchi chaqiriq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining o‘n birinchi sessiyasi bo‘ldi. Unda mamlakatning Asosiy Qonunini qabul qilish masalasi muhokama qilindi. Sessiyada deputatlar loyihaga 80 ga yaqin o‘zgartirish, qo‘shimcha va aniqliklar kiritdilar. Shu kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining o‘n birinchi sessiyasi “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasini qabul qilish to‘g‘risida”, “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi qabul qilingan kunni umumxalq bayrami deb e’lon qilish to‘g‘risida”gi qonunlarni qabul qildi.
Yurtimizda 2023 yil 30 aprel kuni o‘tkazilgan referendumda ishtirok etgan fuqarolarning 90,21 foizi tomonidan yoqlab ovoz berish orqali yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilindi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiya Yangi O‘zbekiston strategiyasini amalga oshirishning siyosiy-huquqiy asoslarini yaratib, milliy davlatchilik taraqqiyotining tarixiy muhim bosqichida davlat va jamiyatni yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi.
2018 yil (bundan 6 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “«Xalq ta’limi fidoyisi» ko‘krak nishonini ta’sis etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi