Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat qonunchiligida jinoyatlar qanday tasniflangan?
10:34 / 2021-08-23

«2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi»ga muvofiq Jinoyat va Jinoyat protsessual qonunchiligini takomillashtirish maqsadida 2018 yil 14 mayda O‘zbekiston Prezidentining 3723-qarori bilan «O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat va Jinoyat-protsessual qonunchiligini takomillashtirish Konsepsiyasi qabul qilindi.

Konsepsiyada jinoyat qonunchiligini takomillashtirishning asosiy yo‘nalishlari, jumladan, jinoiy qilmishning ijtimoiy xavflilik darajasi va xarakterini belgilovchi muqobil ko‘rsatkichlarni joriy etish orqali jinoyatlarni tasniflash tizimi va mezonlarini qaytadan ko‘rib chiqish vazifasi belgilandi.

O‘zbekiston Respublikasining amaldagi Jinoyat kodeksining 15-moddasiga ko‘ra jinoyatlar o‘z xususiyati va ijtimoiy xavflilik darajasiga ko‘ra: ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan; uncha og‘ir bo‘lmagan; og‘ir; o‘ta og‘ir jinoyatlarga bo‘linadi.

Ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyatlarga - qasddan sodir etilib, qonunda uch yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazo nazarda tutilgan jinoyatlar, shuningdek ehtiyotsizlik oqibatida sodir etilib, qonunda besh yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazo nazarda tutilgan jinoyatlar kiradi.

Hozirda Jinoyat kodeksi Maxsus qismida 587 ta jinoyat tarkibi mavjud bo‘lib, shularning 259 tasi ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyatlar sanaladi. Ushbu turdagi jinoyatlar umumiy jinoyatlar miqdorining 44,1 % ni tashkil etadi.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi yillarda respublikada sodir etilayotgan jinoyatlarning qariyb yarmini ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyatlar tashkil etmoqda.

Ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyatlarning 103 tasida yoki 17,5% da ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo turlari nazarda tutilgan. Shuningdek, ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyatlar uchun 2 ta norma sanksiyasida faqatgina ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan, qolgan 154 tasida alternativ jazo turlari keltirilgan.

Agarda sodir etilgan jinoyat uchun JK Maxsus qism moddasida ozodlikdan mahrum qilish yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazolar nazarda tutilmagan hamda boshqa turdagi jazolar nazarda tutilgan bo‘lsa, ushbu jinoyatlar ijtimoiy xavflilik darajasiga ko‘ra - ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyatlar turkumiga kiradi.

Uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlarga - qasddan sodir etilib, qonunda uch yildan ortiq, lekin besh yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazo nazarda tutilgan jinoyatlar, shuningdek ehtiyotsizlik oqibatida sodir etilib, qonunda besh yildan ortiq muddatga ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazo nazarda tutilgan jinoyatlar kiradi.

Jinoyat kodeksi Maxsus qismi normalarining 151 tasi yoki 33,7% uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlar ulushiga to‘g‘ri keladi.

Jinoyat kodeksi Maxsus qismidagi 27 ta jinoyat tarkibida yoki 6,3% holatda uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlar uchun sanksiyada faqat ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan bo‘lsa, 124 tasi yoki 93,6% hollarda esa alternativ jazo turlari ham tayinlanishi mumkinligi belgilangan.

Og‘ir jinoyatlarga – faqat qasddan sodir etilib, qonunda besh yildan ortiq, lekin o‘n yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan jinoyatlar kiradi.

Jinoyat kodeksi Maxsus qism normalarining 114 tasi yoki 19,4% ni og‘ir jinoyatlar tashkil etadi. Shulardan, 101 ta turdagi jinoyatlar (88,5%) sanksiyasida faqatgina ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan bo‘lsa, 13 turdagi jinoyatlar (11,4%) sanksiyalarida ozodlikdan mahrum qilish jazolari bilan birgalikda boshqa turdagi jazolar ham alternativ jazo turi sifatida tayinlanishi mumkinligi belgilangan.

O‘ta og‘ir jinoyatlarga – faqat qasddan sodir etilib, qonunda o‘n yildan ortiq muddatga ozodlikdan mahrum qilish yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan jinoyatlar kiradi.

Ushbu qoida talablaridan kelib chiqilsa, jinoyat kodeksida bugungi kundagi mavjud jinoyat tarkiblari umumiy sonining 63 tasi (10,7%) o‘ta og‘ir jinoyatларга to‘g‘ri keladi, shulardan 62 tasi yoki 98,4% uchun modda sanksiyasida faqat ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan bo‘lsa, 1 ta (1,5%) modda sanksiyasida ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan birgalikda alternativ jazo turlari ham tayinlanishi mumkinligi nazarda tutilgan.

Jinoyat qonunchiligi normalarini unifikatsiya qilish, uni yanada liberallashtirish, jinoiy javobgarlik va jazo tizimini takomillashtirish hamda jinoyatlar uchun sanksiyalarni qilmishlarning ijtimoiy xavflilik xususiyati va darajasiga qarab muvofiqlashtirish vazifalaridan kelib chiqib, muhokamaga qo‘yilgan Yangi tahrirdagi Jinoyat kodeksining 17-moddasiga ko‘ra jinoyatlar o‘z xususiyati va ijtimoiy xavflilik darajasiga ko‘ra: ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan; uncha og‘ir bo‘lmagan; og‘ir; o‘ta og‘ir jinoyatlarga bo‘linadi.

Ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyatlarga qasddan yoki ehtiyotsizlikdan sodir etilib, qonunda ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazo nazarda tutilmagan yoki uch yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazo nazarda tutilgan jinoyatlar kiradi.

Uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlarga qonunda uch yildan ortiq, lekin besh yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazo nazarda tutilgan jinoyatlar kiradi.

Og‘ir jinoyatlarga qasddan sodir etilib, qonunda besh yildan ortiq, lekin o‘n yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan, ehtiyotsizlik oqibatida sodir etilib, qonunda besh yildan ortiq muddatga ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazo nazarda tutilgan jinoyatlar kiradi.

O‘ta og‘ir jinoyatlarga qasddan sodir etilib, qonunda o‘n yildan ortiq muddatga ozodlikdan mahrum qilish yoxud umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan jinoyatlar kiradi.

Shuni ta’kidlash lozimki, amaldagi Jinoyat kodeksida og‘ir jinoyatlar ehtiyotsizlik orqasidan sodir etilmaydi. Taklif etilayotgan yangi tahrirdagi Jinoyat kodeksida og‘ir jinoyatlarga qasd aybi shakli bilan birga ehtiyotsizlikdan sodir etilib qonunda besh yildan ortiq muddatga ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazo nazarda tutilgan jinoyatlar kirishi belgilangan. Xo‘sh bu qanchalik asosli?

Bizning fikrimizcha bu o‘zgartirish rivojlangan xorijiy mamlakatlar diqqat markazida turgan O‘zbekistonning jinoyat qonunchiligida insonparvarlik, odillik, tamoyillari susaytiradi, Jinoyat kodeksida og‘ir jinoyatlarning soni keskin oshishiga olib keladi. Hozirgi kunda Jinoyat kodeksi Maxsus qism normalarining 114 tasi yoki 19,4% ni og‘ir jinoyatlar tashkil etadi. Jinoyat kodeksi Maxsus qismi normalarining 151 tasi yoki 33,7% uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlar ulushiga to‘g‘ri keladi. Mazkur o‘zgartirishni amalga kiritish orqali uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlarning katta qismi og‘ir jinoyatlar tarkibiga o‘tadi va bu amaliyot o‘z-o‘zidan Jinoyat qonunchiligini liberallashtirish tendensiyasini chetlab o‘tadi.

To‘g‘ri, JKning 266-moddasining ikkinchi va uchinchi qismida jinoiy oqibatda odam va odamlar o‘limi kelib chiqsada, 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan bo‘lsada, jinoyatlarni tasniflash qoidasiga asosan uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyat deb tasniflaymiz. Ushbu amaliyotni jabrlanuvchi tarafdan olib qaraydigan bo‘lsak adolatsizlik, chunki jinoyatchi shaxs uncha og‘ir bo‘lmagan qilmishni sodir etishi bilan unga Jinoyat kodeksining Umumiy qism qoidalari, xususan javobgarlikdan va jazodan ozod qilish masalalari og‘ir jinoyatlarga qaraganda kengroq va yengilroq qo‘llaniladi.

Yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori X.Karimovning fikricha jazoni miqdori jinoyatni ijtimoiy xavflilik darajasidan kelib chiqib belgilanishi kerak. Shu nuqtai nazardan X.Karimov tomonidan qasddan muayyan qoidalarni buzish natijasida ehtiyotsizlik orqasida sodir etilgan va jazosi besh yildan ortiq bo‘lgan va oqibati o‘lim yoki boshqa og‘ir oqibatlar bilan bog‘liq bo‘lgan jinoyatlarni og‘ir jinoyatlar tasnifiga kiritish taklifi bildiriladi.

Bizning fikrimizcha, X.Karimovning mazkur taklifi asosli, Jinoyat kodeksining taklif etilayotgan yangi tahririda belgilangan og‘ir jinoyatlar tushunchasidan farqli o‘laroq, og‘ir jinoyatlarga qasddan sodir etilib, qonunda besh yildan ortiq, lekin o‘n yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan, ehtiyotsizlik oqibatida sodir etilib, qonunda jazosi besh yildan ortiq bo‘lgan va oqibati o‘lim yoki boshqa og‘ir oqibatlar bilan bog‘liq bo‘lgan jinoyatlarni kiritish taklif etiladi. Buning natijasida uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlarning ko‘p bo‘lmagan ya’ni faqat oqibati o‘lim va boshqa og‘ir oqibatlar bilan bog‘liq qismi og‘ir jinoyatlar sirasiga kiradi. Shuningdek, mazkur amaliyot jinoyat sodir etilishi natijasida jiddiy ziyon ko‘rgan jabrlanuvchi yoki uning yaqinlariga (o‘lim yoki boshqa og‘ir oqibat kelib chiqqan hollarda) o‘z yo‘qotishlari uchun avvalgi tartibdan ko‘ra jiddiyroq kompensatsiya sanaladi.

Nargizaxon Raximjonova,
Toshkent davlat yuridik universiteti
Jinoyat huquqi, kriminologiya va korrupsiyaga qarshi kurashish kafedrasi o‘qituvchisi