English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksida konstitutsiyaviy huquq va erkinliklar himoyasi
17:11 / 2021-12-08

Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi Xalqaro Paktning 26-moddasida «barcha shaxslarning qonun oldida tengligi, har bir shaxsning huquq va manfaatlari qonun bilan himoya qilinishi» ustuvor qoida sifatida o‘z aksini topgan.

 O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 18-moddasida «O‘zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar qonun oldida tengligi» e’tirof etilgan.

Ushbu konstitutsiyaviy norma barcha shaxslarni har qanday kamsitishlardan himoya qilishga qaratilgan. Fuqarolarning mazkur huquqlarining har qanday ko‘rinishda buzilishi jinoyat hisoblanadi va Jinoyat kodeksining 141-moddasi, ya’ni fuqarolarning teng huquqliligini buzish bilan javobgarlikning kelib chiqishiga asos bo‘ladi.

Konstitutsiyaning 27-moddasida «Har kim o‘z sha’ni va obro‘siga qilingan tajovuzlardan, shaxsiy hayotiga aralashishdan himoyalanish va turar joyi daxlsizligi huquqiga ega» ekanligi belgilangan. Shaxsiy va oilaviy hayot to‘g‘risidagi sir saqlanishi lozim bo‘lgan ma’lumotlarni shaxsning ruxsatisiz yig‘ish, tarqatish, foydalanish qonun bilan taqiqlanadi.

Ushbu harakatlarni amalga oshirish Jinoyat kodeksining 1411-moddasi bilan shaxsga javobgarlik belgilashga asos bo‘ladi. Ushbu konstitutsiyaviy qoida yuqoridagi Paktning 17-moddasida hech kimning shaxsiy va oilaviy hayotiga o‘zboshimchalik bilan yoki noqonuniy tarzda aralashish mumkin emas, deb mustahkamlab qo‘yilgan.
 
Fuqarolarning turar joyi daxlsizligi Konstitutsiyaning 27-moddasida «hech kim qonunda nazarda tutilgan hollardan va tartibdan tashqari birovning turar joyiga kirish, tintuv o‘tkazish va ko‘zdan kechirish mumkin emas», deb qat’iy belgilangan.

Ushbu qoida Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 17-moddasini o‘zida ifoda etgan. Jinoyat protsessual qonun normalarida turar joyga kirishning, tintuv va ko‘zdan kechirishning qoidalari yoritilgan,ushbu qoidalardan chetga chiqish esa Jinoyat kodeksining 142-moddasi, ya’ni fuqarolarning daxlsizligini buzish sifatida jinoiy javobgarlikni keltirib chiqaradi.

Xulosa qilib aytish mumkinki, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi xalqaro huquqning umume’tirof etilgan barcha normalarini o‘zida aks ettirgan, Jinoyat kodeksida konstitutsiyaviy huquqlari va erkinlarining buzilishi uchun javobgarlik belgilovchi normalar alohida VIII bobda joy olgan. Bu esa mamlakatimizda har bir shaxsning huquqlari to‘liq kafolatlanishidan dalolatdir, ushbu konstitutsiyaviy huquqlar har bir qonun hujjatida o‘z ifodasini topgan. 
 

Ziyoda To‘rabayeva,  
TDYU Jinoyat huquqi, kriminologiya va korrupsiyaga qarshi kurashish kafedrasi o‘qituvchisi

Qunduz Rozimova,  
TDYU Jinoyat huquqi, kriminologiya va korrupsiyaga qarshi kurashish kafedrasi dotsent v.b, y.f.f.d. (PhD). 

O‘zA