Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston razvedkachilari Pokistonda o‘tkazilgan xalqaro musobaqada rekord natija bilan g‘olib bo‘ldi
13:52 / 2022-03-11

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi terma jamoasi Pokiston Islom Respublikasi hududida o‘tkazilgan V Xalqaro “Jamoa ruhi” munosib musobaqasida ishtirok etdi.

Mazkur musobaqada O‘zbekiston razvedkachilari rekord natija bilan Vatanimiz bayrog‘ini baland ko‘tarishga muyassar bo‘lib, shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy oldi.

Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xabar berdi.

Xalqaro musobaqa Pokiston Islom Respublikasi Qurolli Kuchlariga qarashli 22 armiya korpusi Terrorizmga qarshi kurashish milliy o‘quv markazi (Pabbi sh.) bazasida o‘tkazildi. Unda 9 ta davlatdan Marokash, Iordaniya, Keniya, Saudiya Arabistoni, Turkiya, Shri-Lanka, Nepal va O‘zbekiston Respublikasi, shuningdek, Pokiston Islom Respublikasidan 8 ta razvedka guruhi, jami 16 ta razvedka jamoasi o‘zaro bellashishdi.

Musobaqa jarayonini Tojikiston, Qozog‘iston, Bahrayn va Xitoy davlatlarining Qurolli Kuchlari vakillari kuzatib bordi.

Xalqaro musobaqa shartlariga ko‘ra, jamoalar 80 kilometrgacha bo‘lgan marshrutning 6 ta nazorat nuqtasida azimut bo‘yicha harakatlandi. Nazorat nuqtalarida taktik-maxsus, otish, tibbiy, aloqa, muhandislik tayyorgarligi, ommaviy qirg‘in qurollaridan himoya va harbiy topografiyadan turli maxsus, shuningdek,  kutilmagan testlarni yechish mashqlari bajarildi.

Bellashuv davomida mamlakatimiz harbiy jamoasi o‘zining jipsligi va qo‘yilgan vazifalarni yuqori saviyada bajarishi bilan ajralib turdi. Ayniqsa, yakka tartibdagi mutaxassislik tayyorgarligi bo‘yicha o‘tkazilgan bellashuvlarda, ya’ni guruhning radiotelefonisti, muhandisi, mergani va feldsher kabi razvedkachilari yuqori natijalar ko‘rsatdi.

Ta’kidlash lozimki, mamlakatimiz Mudofaa vazirligi terma jamoasi qur’aga binoan birinchi nazorat nuqtasidan o‘ninchi bo‘lib harakatlanishni boshlagan bo‘lsa-da, jasorat va matonat bilan ushbu musobaqaning uchinchi nazorat nuqtasiga qolgan jamoalardan 6 soat oldin yetib bordi va eng yuqori (2 850) ballni qo‘lga kiritdi.

Musobaqa yakunida Pokiston Islom Respublikasi quruqlikdagi qo‘shinlar qo‘mondoni general-mayor Adnan O‘zbekiston Respublikasi harbiy xizmatchilarining jismoniy va professional tayyorgarligini alohida ta’kidlab, “Men O‘zbekiston jamoasi kuchli ekanligini bilardim va birinchi o‘rinni egallashiga shubham yo‘q edi”, – deb jamoaning turli ekstremal sharoitlardagi nostandart qaror qabul qilish kabi harakatlarini yuqori baholadi.

Musobaqa yakuni bo‘yicha:

1-o‘rin – O‘zbekiston Respublikasi jamoasi (2 850 ball);

2-o‘rin – Marokash jamoasi (1 860 ball);

3-o‘rin – Shri-Lanka (2 010 ball) va Saudiya Arabistoni (1 900 ball). Shri-Lanka va Saudiya Arabistoni jamoalariga jarima ballar belgilanganligi sabali 3- o‘rin berildi.

Xalqaro musobaqaning yopilishiga bag‘ishlangan tantanali marosimda g‘olib jamoa va sovrindorlarga mukofotlar topshirildi. O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi jamoasi oltin medal bilan taqdirlandi.

Mazkur musobaqada mamlakatimiz terma jamoasi a’zolari o‘zlarini Sohibqiron Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi kabi buyuk ajdodlarimizning munosib davomchilari ekanliklarini yaqqol namoyish etdi. Muxtasar aytganda, o‘zbek razvedkachilari o‘zlariga bildirilgan ishonchni to‘liq oqladi.

G‘alaba muborak, o‘zbek o‘g‘lonlari!

Z.JONIBEKOV, O‘zA