Joriy yilning 4-12 oktyabr kunlari Buyuk Britaniyaning Brekon shahrida razvedka va maxsus bo‘linmalarning “Kembriya patruli” xalqaro musobaqasi bo‘lib o‘tdi.
Unda dunyoning 24 ta davlatidan 144 ta jamoa ishtirok etdi. Jumladan, mezbon Buyuk Britaniya, O‘zbekiston, Kosovo, Gretsiya, Irlandiya, Germaniya, Latviya, Fransiya, Gana, Italiya, Hindiston, Polsha, AQSH, Shveysariya, Litva, Niderlandiya, Uels, Nepal, Shotlandiya, Avstraliya, Pokiston, Meksika, Albaniya, Chili, Qozog‘iston, Yangi Zelandiya Qurolli Kuchlari razvedka va maxsus bo‘linmalari harbiy xizmatchilaridan iborat jamoalar o‘zaro bahs olib bordi.
Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xabar berdi.
Musobaqa yo‘nalishi 90 kilometr masofadagi turli darajadagi murakkab shartlardan iborat bo‘lib, har 8-10 kilometrda bir nechta jangovar topshiriqlar bajarildi.
Shuningdek, ommaviy qirg‘in qurollaridan himoyalanish vositalaridan foydalangan holda 3 kilometr masofadagi zararlangan hududdan o‘tish, joyni razvedka qilish va tog‘ daryosini kesib o‘tish, yaradorlarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish, ularni evakuatsiya qilish, mina to‘sig‘idan yakka va guruh tarkibida o‘tish, dushman ob’ektiga bosqin uyushtirish, garovga olinganlarni ozod qilish va harbiy asirlarni so‘roq qilish kabi shartlarda harbiy xizmatchilar o‘z mahoratlarini sinovdan o‘tkazishdi.
Bundan tashqari, jamoalarga 8 ta kutilmagan “test syurpriz” topshiriqlari ham berildi. Unga ko‘ra, xorijiy davlatlar qurol va harbiy texnikasi turlarini aniqlash, simulyatsiya va aloqa uskunalari yordamida artilleriya olovini yo‘naltirish, harbiy topografiya me’yorlarni bajarish, Jeneva konvensiyasi bo‘yicha test topshirish shartlari bajarildi. Razvedka bo‘yicha hisobotlarni tayyorlash va tuzish, aloqa tayyorgarligi bo‘yicha me’yorlarni bajarish jarayonlari ham qizg‘in kechdi.
Musobaqa natijalariga ko‘ra, birinchi o‘rinni mezbon davlat – Buyuk Britaniya jamoasi, ikkinchi o‘rinni katta davlatlar jamoalarini ortda qoldirgan O‘zbekiston Mudofaa vazirligi jamoasi qo‘lga kiritdi. Uchinchi o‘rin Pokiston jamoasiga nasib etdi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Mudofaa vazirligi jamoasi mazkur nufuzli musobaqaning 2019 yilgi bahslarida birinchi o‘rinni, 2020-2021 yillarda esa ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan.
Z.JONIBEKOV,
O‘zA