French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston rahbarlaridan kimlar Stalin qabulida bo‘lgan?
20:07 / 2022-05-05

Tarixning biz bilmagan sahifalari

Andijon davlat universiteti professori, tarix fanlari doktori Rustambek Shamsiddinov tomonidan olib borilgan tadqiqotlar, o‘rganishlar natijasida yurtimizning sovet davridagi tarixi, ayniqsa, qatag‘on qurbonlari hayoti va taqdiriga oid juda ko‘p ma’lumotlar jamlandi.

Olimning Rossiya Federatsiyasi Prezidenti arxivida olib borgan o‘rganishlari natijasida 1924-1953 yillarda sobiq Sovet ittifoqi rahbari Iosif Stalin qabulida bo‘lgan O‘zbekiston rahbarlari haqida ma’lumotlar aniqlandi. Bu haqda Stalin qabulida bo‘lgan va davlat rahbari qabulxonasi navbatchi kotiblari tomonidan qayd etib borilgan ro‘yxat asosida Moskvadagi “Novыy xronograf” nashriyotida chop etilgan “Stalin qabulida” (“Na priyome u Stalina”) nomli kitobda ham ma’lumotlar keltirilgan.

Iosif Stalin 1922 yilning aprelida RKP(b) Markaziy Komitetining bosh kotibi lavozimiga saylangan. Ushbu vazifada ish boshlagan dastlabki yillardanoq, davlat ahamiyatiga molik biror bir masala Stalinning ishtiroki va roziligisiz amalga oshmagan. Qolaversa, Stalin mamlakatning turli hududlaridan kelgan juda ko‘p fuqarolarni qabul qilgan. Ayrim paytlarda u bir kunda 40 nafargacha kishini qabul qilganligi, hatto qabullar tonggacha davom etganligi manbalarda qayd etiladi.

Professor Rustambek Shamsiddinovning ta’kidlashicha, o‘z davrida O‘zbekistonda turli rahbarlik vazifalarida ishlagan 20 dan ortiq kishi turli masalalar yuzasidan Stalin qabulida bo‘lgan.

Taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, masalan, O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining birinchi kotibi bo‘lib ishlagan Akmal Ikromov eng ko‘p – 14 marta Stalin qabulida bo‘lgan O‘zbekiston rahbaridir.

Umuman, turli yillarda O‘zbekiston (Turkiston)da turli rahbarlik vazifalarida faoliyat yuritgan Turor Risqulov ikki marta, Fayzulla Xo‘jayev besh marta, Sultonbek Xo‘janov ikki marta, Abdujabbor Abdurahmonov ikki marta, Sulton Segizboyev bir marta, A. Rahimboyev bir marta, Usmon Yusupov 13 marta, Inomjon Xidiraliyev ikki marta turli masalalar yuzasidan Stalin qabulida bo‘lgan.

Iosif Stalin ittifoq tarkibidagi respublikalar rahbarlariga, milliy xodimlarga nisbatan talabchan va e’tiborli bo‘lganligi aytiladi. Masalan, u taniqli davlat arbobi Inomjon Xidiraliyevga alohida hurmat bilan qaragan.

Stalin Inomjon Xidiraliyev bilan birinchi bor 1921 yilda bo‘lib o‘tgan partiyaning X s’ezdida ko‘rishgan. O‘shanda Kronshtadtda aksilinqilobiy isyon ko‘tarilishi munosabati bilan uni bostirish uchun s’ezd delegatlaridan 300 nafari safarbar qilingan. Ular orasida I.Xidiraliyev ham bo‘lgan. Janglardan birida u chap oyog‘idan yaralangan, ma’lum vaqtdan keyin uning oyog‘i kesib tashlangan edi.

1922 yil oktyabrida aynan Stalinning taklifi bilan qo‘ltiqtayoqlik I.Xidiraliyev Butunturkiston Markaziy Ijroiya Komitetining raisi lavozimiga saylanadi.

I. Xidiraliyevning Stalin bilan navbatdagi uchrashuvi 1923 yil Moskvada RKP(b) Markaziy Komitetining milliy respublikalar va oblastlar mas’ul hodimlari bilan o‘tkazgan to‘rtinchi kengashida yuz bergan. O‘shanda I. Xidiraliyev kengashda ko‘rilgan masalalar, shuningdek, Turkiston Respublikasidagi harbiy harakatlar natijasida kelib chiqadigan ocharchilik oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha nutq so‘zlagan.

Keyinchalik Turkistonga markazdan kelgan ayrim rahbarlarning tashabbusi bilan I.Xidiraliyevni rahbarlik lavozimlaridan mahrum qilish uchun Markazqo‘mga ko‘p bor xat yuborilgan. Bundan xabar topgan Stalin 1924 yil 26 martida VKP (b) Markaziy Komiteti O‘rta Osiyo byurosi raisi, Turkiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining mas’ul sekretariga xat yuboradi. Xatda Turkistondagi “so‘llar” Inomjon Xidiraliyevni rahbarlik lavozimlaridan mahrum qilish masalasini qo‘yganini aytib, bunga aslo yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini, Inomjon Xidiraliyevdek bilimdon va tajribali hodimdan Turkistonda foydalanmaslik jinoyat, uni rahbarlik lavozimidan olish uchun qilinayotgan barcha harakatlarga chek qo‘yish kerakligi alohida ta’kidlangan edi.

Iosif Stalinning I.Xidiraliyevga bo‘lgan ishonchi va hurmatini yana bir hujjatda ko‘rish mumkin. 1924 yil aprel-avgust oylarida Londonda sovet-angliya diplomatik konferensiyasi o‘tkaziladi. Konferensiyada ishtirok etuvchi sovet delegatsiyasi tarkibiga Inomjon Xidiraliyev ham kiritilgan edi. Ammo Inomjon Xidiraliyev qo‘ltiqtayoqda yurishi hisobga olinib, unga protez oyoq qo‘yish, biroq o‘sha paytda ittifoqda protez yo‘qligi, uni faqat xorijdan olib kelish mumkinligi, protezni sotib olish uchun davlat tomonidan 500 rubl ajratilishi so‘rab yozilgan iltimosnoma ijobiy hal etiladi.. I. Xidiraliyev uchun xorijdan protez keltirilgan.

Andijon davlat universitetidagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyida O‘zbekiston rahbarlari qachon, qaysi vaqtda Stalin qabulida bo‘lganligi qayd etilgan hujjatlardan nusxalar saqlanmoqda.

Faxriddin UBAYDULLAEV, O‘zA