Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston rahbarining ochiq va pragmatik siyosati xalqaro maydonda teng va adolatli munosabatlarni shakllanishiga xizmat qilmoqda
19:28 / 2025-08-06

Inson bolasida kindik qoni to‘kilajak zamin – Vatan bilan Ota-Onani tanlash ixtiyori bo‘lmaydi. Vatan, Ota-Onani qanday bo‘lsa, shundayligicha qabul qilamiz, sevamiz va ardoqlaymiz.

Dunyo siyosiy xaritasida O‘zbekiston atalmish davlatning borligi, kun sayin rivojlanib, taraqqiy etib borayotgani chinakam baxt, mo‘’jiza. Gegrafiyadan xabardor o‘quvchi yaxshi biladiki, savdo-sotiq, har tomonlama iqtisodiy aloqalar uchun eng arzon va qulay yo‘l, bu – suv yo‘li. O‘zbekiston o‘z joylashuviga ko‘ra ancha ichkariga joylashgan davlat. Undan ochiq dengiz yoki ummonga chiqish uchun kamida dunyoning ikkita mamlakati hududini kesib o‘tishga to‘g‘ri keladi. 

Bunday geosiyosiy vaziyat bir qator davlatlar uchun o‘ziga xos iqtisodiy va infratuzilmaviy qiyinchiliklar tug‘dirayotgani turgan gap.

Xo‘sh, bu muammoning yechimi bormi?

Kuni kecha, aniqrog‘i, 2025 yilining 5 avgust kuni Turkmanistonning Kaspiy dengizi bo‘yidagi Avaza majmuasida Birlashgan Millatlar Tashkilotining dengizga chiqish yo‘liga ega bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha uchinchi Konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham ishtirok etdi va e’tiborli chiqish qildi.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning tashqi siyosatimiz konsepsiyasiga mos, ilg‘or taklif va tashabbuslarga boy nutqidan dunyoda bizga o‘xshash jami 32 ta mamlakat, shu jumladan, Yevropada 2 ta, Afrikada 16 ta, Janubiy Amerikada 2 ta, Osiyo qit’asida 12 davlat dengiz va ummondan uzoqda ekanligi haqida kerakli ma’lumotlarni oldik. 

Prezidentimizning Konferensiyada so‘zlagan nutqi keng jamoatchilik va BMT tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi. 

Xalqaro ekspert va mutaxassislar O‘zbekiston Prezidenti tashabbuslarini yuqori baholaganini alohida e’tirof etmoqchiman. 

Darhaqiqat, geosiyosiy nuqtai nazardan qaraganda, astoydil harakat qilinsa, har qachon muammolarga yechim topiladi. Bu aynan, muhtaram Prezidentimiz olib borayotgan pragmatik tashqi siyosatning negizini va maqsadini tashkil etadi, desak adashmagan bo‘lamiz. Hali hanuz yodimda, ko‘p yillar burun yurtboshimiz: “Agar kutib o‘tirsak, bizni oldimizdagi muammolarni birov chetdan kelib hal etib bermaydi. Shu bois birgalikda, bir yoqadan bosh chiqarib, oliy maqsad sari intilishimiz zarur” degandilar. Turkmanistonda bo‘lib o‘tgan ushbu Konferensiyada biz davlatimiz rahbarining nafaqat mamlakatimiz, qolaversa, mintaqa va dunyo miqyosida mavjud muammolarni hal qilish yo‘lidagi jonbozliklariga guvoh bo‘ldik.

Tan olish kerak, O‘zbekiston uchun dengizga chiqishning o‘zi bo‘lmaydi. Bu arzon bo‘lmagan noqulay va murakkab jarayon. Ammo shu bilan birga O‘zbekistonning Markaziy Osiyoning qoq yuragidagi joylashganini ham inobatga olish zarur. Bu degani, katta mamlakatlar va mintaqalar  o‘rtasida iqtisodiy, madaniy, ijtimoiy, savdo va boshqa resurslar alamishinuvi aynan bizning hududga ham bog‘liqligini, foydali transport-logistik ta’sirimiz borligini inkor etib bo‘lmaydi.

Shu ma’noda mamlakatimiz rahbari mezbon Turkmaniston davlati tomoniga alohida minnatdorchilik bildirib, ushbu forumning Turkmaniston tashabbusi bilan BMT tomonidan e’lon qilingan Xalqaro tinchlik va ishonch yilida, Kaspiy dengizi sohilidagi go‘zal Avaza shahrida o‘tkazilayotgani ramziy ma’noga ega, deb bejizga aytmadi. Shu bilan birga, mazkur anjuman ishida BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish janoblarini dengizga chiqish yo‘liga ega bo‘lmagan mamlakatlarning muammolarini ustuvor xalqaro masala sifatida ilgari surishga shaxsan e’tibor ko‘rsatgani ham alohida ta’kidlandi.

Darhaqiqat, Konferensiya muhokamasidagi masalalar hayotiy muhim ahamiyatga ega bo‘lib, O‘zbekiston dengiz kommunikatsiyalariga faqat bir necha davlatlar hududi orqali chiqishi mumkinligi, qolaversa, deyarli uch ming kilometr masofada joylashgan portlardan geografik olislik bir qator ob’ektiv muammolarni vujudga keltirayotgani ochiq o‘rtaga tashlandi. 

Bular – yuqori tariflar, transport yo‘laklari va infratuzilmalarning o‘tkazish imkoniyati cheklangani, shuningdek, boshqa davlatlarning bojxona-tranzit siyosatiga bog‘liqlikda namoyon bo‘layotgani aytildi.

Ushbu fikrga yaqqol dalil sifatida Jahon bankining hisob-kitoblariga ko‘ra, transport xarajatlarining kattaligi va tranzit tizimining beqarorligi tufayli Markaziy Osiyo mintaqasi har yili yalpi ichki mahsulotning ikki foizigacha yo‘qotishi, logistika xarajatlari mahsulotlar umumiy narxida 60 foizgacha yetgani aytildi. Bu ko‘rsatkich jahondagi o‘rtacha ko‘rsatkichlardan bir necha barobar yuqoriligiga urg‘u berildi. Ishonchli yangi tranzit yo‘laklari va logistika infratuzilmasi Markaziy Osiyoda barqaror taraqqiyotning muhim omili bo‘ladi.

Prezidentimiz o‘z nutqida an’anaviy tarzda nafaqat mamlakatimiz, balki barcha uchun manfaatli bo‘lgan qator taklif-tashabbuslarni ilgari surdi. Bunda “Bugun bizni birlashtirgan kun tartibi fundamental masala – adolat masalasiga daxldordir. Bu – dengizga chiqish yo‘liga ega bo‘lmagan davlatlarga jahon iqtisodiyotida teng sharoitlarda ishtirok etish imkoniyatini ta’minlashdir” deb aniq pozitsiyamizni bildirdi. Buning uchun  uchta prinsipial shartni bajarish: 

birinchisi – barqaror rivojlanish asosi sifatida infratuzilmani modernizatsiya qilish, 

ikkinchisi – tranzit  muammolarini bartaraf etish maqsadida o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish, 

uchinchisi – global teng huquqlilikning muhim elementi bo‘lgan rivojlanish huquqini ta’minlash zarurligi ta’kidlandi.

Ushbu nufuzli konferensiyada O‘zbekiston yetakchisi umumiy tahdid va muammolarni yengib o‘tish bo‘yicha aniq, amaliy va institutsional jihatdan ta’minlangan qarorlar o‘ta muhimligini aytib, O‘zbekistonning quyidagi takliflarini ilgari surdi:

Birinchidan, xalqaro transport yo‘laklari va infratuzilmasini jadal rivojlantirish uchun harakatlarni muvofiqlashtirish. O‘zbekiston – Afg‘oniston – Pokiston temir yo‘lini qurish loyihasini tayyorlash va amalga oshirishni tezlashtirish. Uni istiqbolli yo‘lak, ya’ni qurilayotgan Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘l magistrali bilan bog‘lash ta’kidlandi.

Ikkinchidan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida dengizga chiqish yo‘liga ega bo‘lmagan mamlakatlar uchun Tranzit kafolatlari to‘g‘risidagi global bitimni ishlab chiqishni taklif etildi.

Uchinchidan, yirik infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish uchun moslashuvchan investitsiya vositalariga bo‘lgan talabdan kelib chiqib, Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida Dengizga chiqish yo‘liga ega bo‘lmagan mamlakatlarning logistika integratsiyasiga ko‘maklashish jamg‘armasini ta’sis etishni taklif etildi.

To‘rtinchidan, dengizga chiqish yo‘liga ega bo‘lmagan mamlakatlarning Zaiflik global indeksini ishlab chiqish tashabbusi ilgari surildi.

Beshinchidan, O‘zbekistonda agrotarmoqni rivojlantirish uchun Innovatsion xabni yaratish bo‘yicha taklifi o‘rtaga tashlandi. Ushbu  xab moslashuvchan agrotexnologiyalarni tatbiq etish, suvni tejash va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga oid innovatsion loyihalarni ilgari surish, o‘zaro bilim va tajriba almashishga xizmat qilishini bildirdi.

Oltinchidan, umumiy tahdidlarni birgalikda bartaraf etish bo‘yicha aniq takliflar ishlab chiqishga mamlakatlarimiz yetakchi ekspertlari va “aql markazlari”ni faol jalb etish muhimligi, muntazam ravishda bu borada xalqaro anjuman va davra suhbatlari o‘tkazishni taklif qilindi.

Aytish kerakki, eng oliy darajada tashkil etilgan forumda BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish, qator xorijiy davlatlar va hukumatlar rahbarlari, xalqaro hamda mintaqaviy tashkilotlar rahbarlari bilan dengizga chiqish imkoniyati yo‘q rivojlanayotgan davlatlar (LLDC) uchun navbatdagi o‘n yillikni qamrab oluvchi yangi strategiya – Harakatlar dasturi qabul qilinishi kutilayotgan bir pallada O‘zbekistoning takliflari har tomonlama juda iliq kutib olindi. Bu an’anaviy O‘zbekiston va BMT o‘rtasidagi manfaatli hamkorlikni rivojlantirishda yangi qadam bo‘ladi.

Muxtasar qilib aytganda, Prezidentimizning mazkur anjumandagi ishtiroki O‘zbekistonning ochiq va pragmatik siyosatini yana bir bor namoyon qildi. Ikkinchi tomondan O‘zbekistonning BMT doirasidagi tuzilmalarda sobitqadamlik bilan amalga oshirayotgan proaktiv siyosatini ko‘rsatib, mintaqa va global miqyosda tinchlik va o‘zaro manfaatli hamkorlik uchun zamonaviy mexanizmlarni yaratish bo‘yicha real takliflar ilgari surilgani yuqori baholandi. Bularning tashqi siyosatda xalqimiz manfaati hamisha ustuvor ekanligini ko‘rsatadi. 

Akmal RAXMANOV, 

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi sudyasi, yuridik fanlari nomzodi.